Uch shoxli nerv ShAMOLLASA NIMA BO‘LADI?
Uch shoxli nerv (n. trigeminus) – aralash nerv.
V nervning sezgi yo‘llari. Gasser tugunida (ganglion trigeminale) I neyron (psevdounipolyar xujayra) tanasi yotadi. Uning dendritlari periferiyaga qarab yo‘nalib 3 shoxga ajraladi: 1-ko‘z nervi (n. ophthalmicus); 2-yuqori jag‘ nervi (n.maxillaris); 3-pastki jag‘ nervi (n. mandibularis) 6.25-rasm.
6.25-rasm. Uch shoxli nerv: 1 – radix sensoria; 2 – nucl. pontinus n. trigemini; 3 – nucl. motorius n. trigemini; 4 – nucl. spinalis n. trigemini; 5 – nucl. tractus mesencephali n. trigemini.
I neyron aksonlari birlashib yirik sezgi ildizchasini (radix sensoria) hosil qiladi va ko‘prikning o‘rta qismidan ichkariga kiradi. Ushbu tolalarning katta qismi V nervning ko‘prik yadrosida tugaydi. Qolgan tolalarning bir qismi yuqoriga yo‘nalib mezentsefal, ikkinchi qismi pastga tushib spinal yadroga boradi. Ko‘prik va mezentsefal yadrolarda proprioretseptiv va taktil, spinal yadroda esa og‘riq va harorat sezgisini o‘tkazuvchi yo‘llar tugaydi.
Miya ustunida II neyron yotadi. Uning aksonlari kesishib qarama-qarshi tomonga o‘tadi. Qarama-qarshi tomonga kesishib o‘tgan yo‘llarga trigeminal halqa (lemniscus trigemini) deyiladi. Bu yo‘llar talamusga borib tugaydi.
Talamusda III neyron yotadi. Uning aksonlari ichki kapsulaning orqa sonidan o‘tib orqa markaziy pushtaning pastki qismiga borib tugaydi. Shunday qilib, uch shoxli nervning sezgi yo‘llari ham umumiy sezgi yo‘llari kabi 3 neyronli.
V nervning harakat yo‘li. Ko‘prikdagi nucl. motorius n. trigemini dan boshlanadi. Uning ingichka aksonlari harakat ildizchasini (radix motoria) hosil qilib bevosita radix sensoria tagida joylashib ko‘prikdan chiqadi.
V nerv yadrolari topografiyasi
Sezgi yadrolari. Ular 3 ta: 1) mezentsefal yadro (nucl. tractus mesencephali). Funktsiyasi – proprioretseptiv va taktil impulslarni qabul qilish. 2) Ko‘prik yadrosi (nucl. pontinus n. trigemini). Funktsiyasi – proprioretseptiv va taktil impulslarni qabul qilish. 3) Cpinal yadro (nucl. spinalis n. trigemini). Uzunchoq shaklga ega. Funktsiyasi – og‘riq va harorat sezgisini qabul qilish.
Harakat yadrosi. Bitta harakat yadrosiga (nucl. motorius n. trigemini). Ikki tomonlama kortikal innervatsiyaga ega. Funktsiyasi – chaynov muskullarini innervatsiya qilish.
Uch shoxli nervning periferik qismi 3 tarmoqdan iborat.
- Ko‘z nervi (n. ophthalmicus) – sezgi nervi. Kalla suyagi ichidan fissura orbitalis superior orqali ko‘z kosasiga o‘tadi. U erdan foramen supraorbitale orqali tashqariga chiqadi. N. ophthalmicus tolalari boshning oldingi sochli qismi, peshona terisi, ko‘z, burun, frontal sinus va g‘alvirsimon suyak kovaklarini innervatsiya qiladi (6.26-rasm).
6.26- rasm. Yuzning nevral (a) va segmentar (b) innervatsiyasi / - n. ophthalmicus; II - n.maxillaris; III - n.mandibulars. Zeldeming ichki (1), o'rta (2) va tashqi (3) aylanasi.
- Yuqori jag‘ nervi (n.maxillaris) – sezgi nervi. Kalla suyagi ichidan yumaloq teshik (foramen rotundum) orqali chiqadi. Yuqori jag‘ terisi, tishlari va sinuslari va miya pardalarini innervatsiya qiladi.
- Pastki jag‘ nervi (n.mandibularis) – aralash nerv. Oval teshik (foramen ovale) orqali chiqib ikkiga bo‘linadi. Sezgi tolalari pastki jag‘ terisi, tishlari va tilni, harakat tolalari chaynov muskullarini (m. masseter et temporalis) innervatsiya qiladi. Yuz terisini innervatsiya qiluvchi tolalar foramen mentale orqali tashqariga chiqadi.
Uch shoxli nervni tekshirish usullari
6-21-rasm. Uch shoxli nervning birinchi (a-rasm), ikkinchi (b-rasm) va uchinchi (v-rasm) shoxchalari chiqadigan nuqtalarni, ya’ni Valle nuqtalarini bosib tekshirish. | 6-22-rasm. Uch shoxli nervning 1- shoxchasi (a-rasm), 2-shoxchasi (b-rasm) va 3-shoxchasi (v-rasm) innervatsiya qiladigan sohalarda og‘riq sezgisini tekshirish. |
Bu maqsadda quyidagi funktsiyalar tekshiriladi: 1) sezgi, shu jumladan og‘riqlar; 2) ta’m bilish; 3) harakat; 4) reflekslar.
- Umumiy sezgi va og‘riqlarni tekshirish. Dastlab bemordan og‘riqlar bor-yo‘qligi so‘rab-surishtiriladi. Odatda, bu nerv zararlanishi uchun tok urgandek bir zumda o‘tib ketuvchi og‘riqlar xos. Kuchli og‘riq kuzatiladigan nuqtaga trigger soha deyiladi. So‘ngra for. supraorbitale, infraorbitale va mentale nuqtalari bosib tekshiriladi. Og‘riq, harorat va taktil sezgilar avval V nerv shoxchalari sohasida (nevral innervatsiya), so‘ngra yuzning ichki, o‘rta va tashqi aylanasida (segmentar innervatsiya) tekshiriladi (6.27 va 6.28-rasmlar).
- Ta’m sezgisini tekshirish. Avval qog‘ozga nordon, shirin, sho‘r va achchiq degan so‘zlar katta harflar bilan yozib qo‘yiladi. Bemordan tilini chiqarib turish so‘raladi. So‘ngra tilning oldingi 2/3 qismining bir tomoniga tomizg‘ich orqali ma’lum ta’mga ega modda tomiziladi (6.29-rasm). Bemor tilini ichkariga tortmay turib qog‘ozda yozilgan ta’mlardan birini ko‘rsatib berishi kerak. Keyin bemor og‘zini suv bilan chayib tashlaydi. So‘ngra tilining ikkinchi tomoniga boshqa ta’mga ega modda tomizib ta’m sezish yana tekshiradi.
6.23-rasm. Ta’m sezishni tekshirish usuli |
- Harakat (chaynov) funktsiyasini tekshirish. Bemordan pastki jag‘ni chap va o‘ng tomonlarga harakatlantirish va og‘izni ochib-yumish so‘raladi. So‘ngra ikkala tomonda m. temporalis va m. masseter tarangligi tekshiriladi. Buning uchun vrach barmoqlarini ushbu muskullar ustiga qo‘yib turadi va bemordan chaynov harakatlarini bajarish so‘raladi. Iyagning pastiga vrach kaftini qo‘yib turadi va bemordan og‘zini ochishni so‘raydi. Vrach bunga qarshilik ko‘rsatadi va shu yo‘l bilan pastki jag‘ kuchi tekshiriladi.
- Reflekslarni tekshirish
- Shox parda (korneal) refleksi. Buning uchun bemordan yuqoriga va chetga qarab turish so‘raladi. So‘ngra buralgan toza qog‘ozning uchi shox pardaga (qorachiqqa emas) tegiziladi. Bunga javoban ko‘z yumiladi. Bu refleks normada har doim chaqiriladi. Korneal refleksning afferent qismini n.ophthalmicus (V nerv), efferent qismini n. facialis (VII nerv) ta’minlaydi. Shuning uchun ikkala nerv patologiyasida ham korneal refleks pasayadi yoki so‘nadi.
6.24-rasm. Korneal refleksni tekshirish usuli |
- Kon’yuktival refleks. Vrach bemorning pastki qovog‘ini biroz ochib toza qog‘oz uchi bilan kon’yutivani ta’sirlantiradi. Bunga javoban ko‘z yumiladi. Tekshiruv paytida bemor yon tomonga qarab turishi kerak. Refleksning afferent qismini n.ophthalmicus (V nerv), efferent qismini n. facialis (VII nerv) ta’minlaydi.
- Qosh usti refleksi. Sinaluvchi ochiq turgan ko‘zlari bilan chekkaga qarab turadi. Tekshiruvchi nevrologik bolg‘achani boshni tepasida ushlab turib qosh ustining ichki tomonidan sekin uradi (6.31-rasm). Bunga javoban o‘sha tomonda yuqori va pastki qovoqlar qisqaradi. Agar nevrologik bolg‘acha bilan peshonaning o‘rtasiga ursa, qovoqlar qisqarishi ikkala tomonda ham ro‘y beradi. Refleksning afferent qismini n.ophthalmicus (V nerv), efferent qismini n. facialis (VII nerv) ta’minlaydi.
6.25-rasm. Qosh usti refleksini tekshirish usuli |
- Pastki jag‘ (mandibulyar) refleksi. Buning uchun bemordan og‘zini biroz ochib turish so‘raladi. So‘ngra iyag ustiga nevrologik bolg‘acha bilan sekin uriladi. Bunga javoban chaynov muskullari qisqarib pastki jag‘ biroz ko‘tariladi. Bu refleks normada har doim chaqirilavermaydi. Mandibulyar refleksning afferent qismi ham, efferent qismi ham V nerv faoliyati (ramus mandibularis) bilan bog‘liq. Demak, mandibulyar refleksning yuz nerviga aloqasi yo‘q. Psevdobulbar falajlikda bu refleks oshadi.
6.27-rasm. Mandibulyar refleksni tekshirish usuli |
Uch shoxli nerv tarmoqlari zararlansa, ular innervatsiya qiluvchi sohalarda quyidagi simptomlar rivojlanadi: 1) barcha sezgilarning periferik tipda buzilishi; 2) kuchli sanchuvchi og‘riqlar, ya’ni nevralgiyalar; 3) reflekslar (qosh usti, korneal, kon’yuktival va mandibulyar) pasayishi yoki so‘nishi; 4) chaynov muskullarining periferik falajligi. Yuzda trigger nuqtalar paydo bo‘lishini alohida ta’kidlab o‘tish lozim.
Har bir nerv va yadroning zararlanish simptomlari bilan tanishib chiqamiz.
- Ko‘z nervi zararlanishi. Boshning oldingi sochli qismi, peshona sohasi va burunning ustki qismida sezgi buziladi, nevralgiyalar kuzatiladi, qosh usti, korneal va kon’yuktival reflekslar so‘nadi. Foramen supraorbitale bosib tekshirilsa, og‘riq yanada kuchayadi. Bu og‘riqlar supraorbital nevralgiya nomini olgan.
- Yuqori jag‘ nervi zararlanishi. Yuqori jag‘ terisi sohasida sezgi buziladi, nevralgiya kuzatiladi. Foramen infraorbitale bosib tekshirilsa og‘riqlar kuchayadi. Og‘riq va dizesteziya ko‘zning pastki qismi va yuqori jag‘ning shilliq qavatida ham paydo bo‘ladi.
- Pastki jag‘ nervi zararlanishi. Pastki jag‘ terisi sohasida sezgi buziladi, nevralgiya kuzatiladi. Foramen mentale bosib tekshirilsa, og‘riqlar kuchayadi. Mandibulyar refleks so‘nadi. Tilning oldingi 2/3 qismida ta’m sezish buziladi.
- Gasser tuguni zararlanishi. O‘ta og‘ir holat. Yuzning bir tomonida barcha sezgilar buziladi, kuchli nevralgiya paydo bo‘ladi, supra-, infraorbital va mental nuqtalarda trigger sohalar shakllanadi. Yuz terisida vegetativ-trofik o‘zgarishlar paydo bo‘ladi, nevralgiyaga simpatalgiya qo‘shiladi (chunki bu sohada simpatik chigallar ko‘p), keratit va kon’yuktivit rivojlanadi. Gasser tuguni gerpetik infektsiyada ko‘p zararlanadi.
- Nerv ildizchasi (radix sensoria) zararlanishi. Yuzda radikulyar tipda sezgi buziladi. Qolgan barcha simptomlar Gasser tuguni zararlanishi belgilariga o‘xshaydi. Biroq vegetativ-trofik o‘zgarishlar bo‘lmaydi.
- Spinal yadro zararlanishi. Spinal yadro zararlanganda yuzning yarmida dissotsiatsiyalashgan tipda sezgi buziladi: og‘riq va harorat sezgilari buzilib, chuqur va taktil sezgilar saqlanib qoladi. Yadroning oral qismi zararlansa Zelderning ichki (ya’ni og‘iz-burun atrofi), o‘rta qismi zararlansa – o‘rta, kaudal qismi zararlansa – tashqi aylanasida (quloq oldi sohalari) sezgi buziladi. Og‘riqlar bo‘lmaydi.
- Ko‘prikdagi sezgi yadrosi zararlanishi. Yuzning yarmida chuqur va taktil sezgilar buziladi. Yuzaki va harorat sezgilari saqlanib qoladi. Oqriqlar bo‘lmaydi.
- Ko‘prikdagi harakat yadrosi yoki uning ildizchasi zararlanishi. O‘choq tomonda chaynov muskullarining periferik falajligi rivojlanadi. Chakka va chaynov muskullari tarangligi sustlashadi, atrofiya paydo bo‘ladi. Og‘izni ochganda pastki jag‘ zararlangan tomonga og‘adi. Mandibulyar refleks so‘nadi. Agar ushbu yadroga keluvchi kortikonuklear yo‘llar ikki tomonda ham zararlansa, mandibulyar refleks oshadi, biroq atrofiya kuzatilmaydi.
- Trizm. Chaynov muskullarining tonik qisqarishi natijasida jag‘larning bir-biriga qattiq qisilib qolishiga trizm deyiladi. Trismus – lotinchadan tonik spazm degani. Trizm bosh miya va uning pardalarida kuchli qo‘zg‘alishlar (subaraxnoidal qon quyilish, qoqshol, epilepsiya) ro‘y bersa kuzatiladi.
- Alternirlashgan sindromlar. Agar patologik o‘choq V nervning sezgi yadrolari bilan birgalikda shu erdan o‘tuvchi spinotalamik yo‘llarni qamrab olsa, alternirlashgan tipda sezgi buzilishlari rivojlanadi: zararlangan tomonda yuzda, qarama-qarshi tomonda esa tanada gemianesteziya kuzatiladi.
Manba: © Z. Ibodullaev. Umumiy nevrologiya. Darslik. Toshkent, 2021.,312b
© Ibodullaev entsiklopediyasi
© asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha