VRACh, TABIB VA BEMOR
Savol: Zarifboy Rajabovich! Vrach qanday inson bo‘lishi kerak?
Javob: Vrach, avvalo, haqiqiy inson bo‘lmog‘i kerak. Men vrachni jang maydonidagi askarga o‘xshataman. Haqiqiy askar dushman bilan olishayotib, faqat vatani haqida o‘ylaydi. Vrachning ham fikri-xayoli unga shifo izlab kelgan bemorda bo‘ladi, uni oyoqqa turg‘azib yuborish haqida o‘ylaydi. Bunda u o‘z manfaatini emas, balki bemorning tezroq sog‘ayib ketishi haqida qayg‘uradi. Qadimda vrachni yonib turgan shamga o‘xshatishgan, u o‘zi yonib erib tugaguncha atrofga nur sochib, yorug‘lik taratib turadi. Shifokorlik kasbidan ulug‘ kasb bo‘lmasa kerak! Shuning uchun ham Gippokrat: “Barcha san’atlar ichida eng ulug‘i tibbiyotdir” deb xitob qilgan.
Savol: “Deontologiya va etika” so‘zlari nima ma’noni anglatadi? Bo‘lg‘usi vrachlarga shu haqda tushuncha bersangiz. Shu o‘rinda “shifokor” va “vrach” atamalariga izoh berib o‘tsangiz. Bu ko‘zlar sinonimmi?
Javob: Tibbiyot deontologiyasi vrach burchi, qiyofasi, obro‘si, nomusi va vijdoni haqidagi fan. Deontologiya – yunonchadan burch, etika – grekchadan axloq degan ma’noni anglatadi. Gippokrat qasamyodida tibbiyot deontologiyasi va etikasiga oid ko‘p iboralar keltirilgan. U “Axloqsiz vrachning bemorni davolashga haqqi yo‘q” deb xitob qilgan. Gippokrat qasamyodi tibbiyot etikasining rivojlanishiga katta ta’sir ko‘rsatdi. “Shifokor” atamasi “Vrach” so‘zining sinonimi emas. Bu savolga atoqli olim Erkin Qosimov 1998 yili quyidagicha oydinlik kiritganlar: “Shifokor” atamasi “Vrach” atamasiga qaraganda kengroq ma’no kasb etadi. Bemorni davolashda ishtirok etuvchi tibbiyot xodimlari, ya’ni vrach, hamshira va farmasevtlarni “Shifokor” deb atash lozim.
Savol: “Shu vrachga ixlos qo‘ydim”, “Ixlos – xalos” degan iboralarni ko‘p eshitamiz. Nima uchun odamlar davolanish haqida so‘z ketganda ixlos va ishonch haqida ko‘p gapirishadi?
Javob: To‘g‘ri qilishadi! Ustoz Erkin Qosimov deontologiyaga oid chiqishlarida shunday so‘zlarni ko‘p takrorlar edilar: “Davoning boshi ishonchdan boshlanadi, ya’ni bemor shifokorga ixlos qo‘yishi kerak. Bu ishonchni paydo qiladigan inson, albatta, shifokorning o‘zi va uning go‘zal nutqidir. Shifokor o‘zining xatti-harakatlari, shirin so‘zi va tashqi ko‘rinishi bilan bemor hurmatini qozonishi zarur”. Albatta, tibbiyotga pullik xizmatning kirib kelishi deontologiyaning ba’zi yo‘nalishlarini boshqacha tahlil qilishga undaydi. Bu endi deontologiyaning ahamiyati pasaydi degani emas. “Axir pul to‘lagandan so‘ng baribir yaxshi qaraydi-da”, degan fikr yanglish fikr. Vaholanki, bemorning tuzalib ketishi uning vrachga to‘lagan pulining miqdori bilan belgilanmaydi, balki uning bilimi, tajribasi va muomalasi bilan belgilanadi. Qolaversa, deontologiya degani bemorga shirin so‘zlab, unga kulib qarab turish degani ham emas. Deontologiyaning ustuvor yo‘nalishlaridan biri – bu ishonch. Ba’zan hadeb vahima qilaveradigan bemor
ni qattiqroq “koyib” qo‘yishga to‘g‘ri keladi. Ana shundagina u vrachga ishonadi. “Agar kasalim haqiqatan ham tuzalmas bo‘lganida, doktor meni urishib bermasdi” degan fikr xayolidan o‘tadi.
Savol: Ba’zi bemorlar to‘g‘ri davolanayotgan bo‘lishsa-da, olayotgan muolajalaridan qoniqishmaydi va u vrachdan bu vrachga, u shifoxonadan bu shifoxonaga sarson bo‘lib yurishadi. Shu to‘g‘rimi?
Javob: Bunday holatlarni men ham ko‘p kuzatganman. Haqiqatan ham, ba’zan bemorga berilayotgan davo usuli uni qoniqtirmaydi. Ko‘p dori-darmon yozilsa, “Shuncha dori shartmikan yoki kasalim og‘irmi, balki vrach tajribasizdir?” degan fikrga boradi. “Falonchi doktor falonchi bemorni ikkita dori berib tuzatib yuboribdi” deganga o‘xshash gaplarni ba’zan eshitib qolamiz. Bemorga kam dori yozsangiz, ozgina dori bilan ham tuzalamanmi deb vahima qiladi. Xo‘sh, bunday paytlarda qanday yo‘l tutish kerak? Aytish joizki, ba’zi kasalliklarni birmuncha uzoq davolashga to‘g‘ri keladi va berilayotgan davo choralari darrov natija beravermaydi. Bunday paytda kasallikning mohiyatini bemor tushunadigan tilda bayon etish lozim. Kerak bo‘lsa, bemor ko‘nglidagi g‘ulg‘ulani bartaraf etish va tashxisni yanada oydinlashtirish uchun vrach o‘zidan tajribaliroq hamkasblaridan maslahat so‘rashi zarur. Buning uyati yo‘q.
Shuni esda tutish lozimki, vrach bemorni tekshiradi, bemor esa vrachni. Bemorlarimiz shuni yodda tutishlarini juda hohlardim: “Avvalo, ko‘nglingizga yoqmagan vrachga hayotingizni ishonib topshirmang, agar unga ishondingizmi, sizni davolayotganda xalaqit bermang”.
Savol: Tibbiyotda zamonaviy tekshirish usullari ko‘payib bormoqda, yangi davolash usullari tatbiq qilinmoqda, biroq shunday bo‘lsa-da, nima uchun tabiblarga qiziqish katta? Bunga qanday izoh berasiz?
Javob: Avvallari vrachlar bilan tabiblarni doimo bir-biriga qarshi qo‘yishgan. Bu juda noto‘g‘ri yondashuv! Hatto tabiblarni “sharlatan” deb atashgan. Vrach tabibni yomonlagan, tabib esa vrachni! Qisman hozir ham shunday. Keyingi paytlarda tabiblarga ham katta imkoniyatlar yaratib berildi va to‘g‘ri ish qilindi. Chunki odamzod paydo bo‘libdiki, xalq tabobati hukm surgan. Ularni hech qachon bir-biriga qarshi qo‘yish kerak emas. Chunki ikkalasining ham maqsadi bitta: Bemorlarga shifo berish! Siz “tabiblarga qiziqish katta” deb aytdingiz. Xalq tabobatiga qiziqish katta deganingizda to‘g‘ri bo‘lardi. Tabiblar esa, asosan, xalq tabobati bilan shug‘ullanishadi. Vrachlar ham davolash jarayonida xalq tabobatidan foydalanishlari mumkin. Nimaga endi ming yillardan buyon qo‘llab kelinayotgan na’matak yoki moychechakni men inkor qilishim kerag-u, analginni butkul tan olishim kerak! Hech kim vrachga bemorni davolashda faqat farmakologik dorilardan foydalan, giyohlarni esa ishlatma degan ko‘rsatma bergan emas-ku!
Nima uchun shifoxonada davolanib yurgan bemor tabibga ham boradi yoki faqat tabibga qatnaydi? Bu savolga javoblarni quyidagicha yoritish mumkin. Birinchidan, afsuski, ko‘p kasalliklar surunkali turga o‘tib ketgan bo‘lib, bir marta emas, bir necha bor davolashni talab qiladi; ikkinchidan, bemorni davolashdagi izchillikning buzilishida, ya’ni bemor shifoxonadan chiqib poliklinikada, u erda davolanib bo‘lganidan so‘ng ko‘rsatilgan muddatlarda sanatoriyalarda davolanishi zarur. Hamma bemorlar ham bunga amal qila olmaydi; uchinchidan, inson paydo bo‘libdiki, antiqa narsalarga, mo‘’jizalarga intiladi, ko‘rmagan narsasini ko‘rgisi, emagan narsasini egisi, bormagan mamlakatiga borgisi keladi. Bular har bir inson uchun azaldan xos fazilatlar. Mana shu fazilatlar bor ekan, inson mo‘’jiza izlayveradi! Kimdan, nimadan va qaerdan izlashining farqi yo‘q, eng asosiysi “mo‘’jiza” topsa bo‘lgani! Odamlarning tabiblarga intilishini ham shunday izohlayman.
Shu o‘rinda, tabiblarni chetga surib, vrachlarni ulug‘lash niyatim ham yo‘q. Yuqorida keltirilgan mulohazalar tabiblarni emas, aynan vrachlarni o‘ylantirib qo‘ymog‘i kerak. Haqiqatan ham, ko‘p hollarda, vrach bemorning so‘zini oxirigacha tinglamaydi. Bunga sabab qilib, tashqarida kutib turgan bemorlarni va vaqti ziqligini ro‘kach qiladi. Lekin shuni unutmaslik kerakki, hozir yoningizga kirgan bemor tashqarida kutib o‘tirgan bemorlarning yoki vaqtingiz ozligining qurboni bo‘lmasligi kerak. Bu bemor sizdan shifo izlab kelganligini unutmaslik kerak. Bemorning dardini oxirigacha eshitish zarur. To‘g‘ri, ba’zan bemor bir oz gapirganidan so‘ng uning dardi doktorga ayon bo‘lib qolishi mumkin. Biroq bemor hali dardini oxirigacha aytib bo‘lgani yo‘q. U o‘zini bezovta qilayotgan barcha shikoyatlarini doktorga aytib bermasa, ko‘ngli joyiga tushmaydi. Gap shundaki, bemor dardini qancha to‘kib solsa, shuncha engillashadi. Buni psixonalizda katarsis, ya’ni ruhiy poklanish deb atashadi. Bemorning uzundan-uzoq so‘zlari dokto
rga tashxis qo‘yish uchungina emas, balki uning dardini engillashtirish uchun ham kerak. Demak, vrach bemorni eshitayotib nafaqat uning kasalini aniqlaydi, balki davolaydi ham! To‘g‘ri, bemor kasalligiga taalluqli bo‘lmagan ma’lumotlarni ko‘p so‘zlashi, doktorning vaqtini behuda o‘g‘irlashi mumkin. Bunday paytlarda, bemorga kasalligiga doir qo‘shimcha savollar berib, uni to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltirish lozim.
Ayniqsa, nevrozga chalingan bemor ko‘p so‘zlashni, shikoyatlarini rang-barang qilib aytishni xush ko‘radi, zamonaviy apparatlarda tekshiruvlardan o‘tishni xohlaydi. Bular shart bo‘lmasa-da, bemorning imkoniyatiga qarab, uning iltimosini bajarish kerak yoki bir-ikkita tekshiruvlar o‘tkazilgandan so‘ng “Bularning xulosasi yaxshi chiqdi, qolgan tekshiruvlar endi shart emas” deb uni tinchlantirish lozim.
Men vaziyatni to‘laqonli qilib yoritganim sababi, neyropsixolog sifatida bemorlardan sabr toqatli bo‘lishni so‘rardim. Sizni darddan xalos qilish
uchun butun vujudini berib davolayotgan vrachlarni hurmat qiling va davolash jarayoniga sabr toqatli bo‘ling demoqchiman, xolos.
Yana eng katta muammo shundaki, aksariyat bemorlar vrachlar tavsiyasiga yoki televizorda doktorlar tomonidan berilayotgan maslahatlarga quloq tutmay, tibbiy yordamga o‘z vaqtida murojaat qilishmaydi va o‘z hayotlarini xavf ostiga solib qo‘yishadi. Kasallikni o‘tkazib yuborib, vrachga murojaat qilishadi. Mening o‘zim bunday holatlarning juda ko‘p guvohi bo‘lganman. Bor yo‘g‘i uch oy oldin vrachga murojaat qilsa, oyog‘idagi falajlikning oldini olsa bo‘ladigan bemor bugun boraman, erta boraman deb vaqtni o‘tkazib yuradi va bir kun kelib nogironlik aravachasiga mixlanib qoladi. Bu juda achinarli hol!
Savol: Zarifboy Rajabovich! Vrach xatosi haqida nima deysiz? U xatoga yo‘l qo‘yishi mumkinmi? Agar vrach xatoga yo‘l qo‘ysa, u albatta jazoga tortilishi kerakmi? “Bemor doimo haq” degan naql to‘g‘rimi?
Javob: Vrach xatoga yo‘l qo‘yishi mumkin. Chunki u ham inson, har bir kasb egasi kabi u ham xatoga yo‘l qo‘yadi. “Bemor doimo haq” degan naql esa noto‘g‘ri. Haqligi isbot qilingan odam haq! Bilasizmi, hamma gap o‘sha xatoning oldini olishda yoki uni tezroq bartaraf etishda, uning og‘ir asoratlar bilan tugashiga yo‘l qo‘ymaslikda. Boshqa kasb egalariga qaraganda xalq orasida vrach xatosining ko‘p muhokama qilinishiga asosiy sabab – gap inson hayoti haqida ketayotganligida. Biz vrachlar, albatta, bu mas’uliyatni his qilib yashaymiz. To‘g‘ri, vrachning har bir xatosi orqasida bemorning hayoti yotadi. Bu xato sababli kimdir otasidan, kimdir onaizoridan, kimdir suyukli yoridan yoki farzandidan judo bo‘lishi mumkin. Vrach xatosining sabablarini 2 guruhga bo‘lish mumkin. Birinchisi, vrachning savodsizligi bo‘lsa, ikkinchisi, uning charchaganligidadir. Xo‘sh, vrach xatosini qanday aniqlash mumkin? U savodsizligidan xato qildimi yoki charchaganligidan? Ikkala holatda ham jazo bir xil bo‘lishi kerakmi?
Afsuski, ilmsizlik oqibatida vrachlar orasida xatolar ko‘p uchrab turadi. Lekin ba’zan tajribali vrach ham xatoga yo‘l qo‘yadi. Nomi chiqqan tajribali vrachga ko‘rinishni orzu qiladiganlar soni juda ko‘p. Shunday holatlar bo‘ladiki, bir kunda ko‘rinadigan bemorlar soni 30 nafardan oshib ketadi. Tajribali vrachga uyda ham, ishda ham, mehmondorchilikda ham, hattoki dam olish safarida ham tinchlik yo‘q. Albatta, bunday paytlarda uning ham xato qilmasligiga kim kafolat beradi! Bemorga “Yo‘q, men charchadim” deya olmaydi. “Hozir sizni ko‘ra olmayman” desa, vrach etikasiga to‘g‘ri kelmaydi. “Ko‘rib qo‘yaman” desa, vrach ham ruhan, ham jismonan charchagan. Shuni unutmaslik kerakki, ruhiy charchash ko‘p xatoliklarga sababchi bo‘ladi! Buning ustiga, to‘g‘ri kelgan joyda bemorni ko‘rib bo‘lmaydi. “Iltimos, doktor, menga besh daqiqa vaqt ajrating” deb vrachni hol-joniga qo‘ymaydigan bemor o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yadi. Bemorni ko‘rish uchun vrach ham ruhan, ham jismonan tayyor bo‘lishi kerak.
Vrach doimo izlanishda va o‘rganishda bo‘lishi lozim. Beshikdan qabrgacha ilm izla deb bekorga aytilmagan. O‘qimay, bir joyda to‘xtab qolgan vrach xuddi ko‘lmak suvni eslatadi. Uning yoniga hech qaysi jonzot yaqinlashmaydi, chunki bu suvdan iste’mol qilsa o‘ladi. Shifokor doimo ilm olishga intilishi kerak, chunki tibbiyot doimo rivojlanib boruvchi fan.
Manba: © Z. Ibodullayev. Asab va ruhiyat., 4-nashr. Ilmiy-ommabop risola. T, 311 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi
© asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha