Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi VESTIBULYaR ANALIZATOR

VESTIBULYaR ANALIZATOR


 Vestibulyar analizator markazi (20 – 21-maydonlar) o‘rta va pastki chakka pushtalarda joylashgan. Hidlov va ta’m bilish analizatori filogenetik nuqtai nazardan miyaning eng keksa qismlari – uncus va ammon shoxida (11-maydonlar) joylashgan. Ta’m bilish uchun shuningdek, g. postcentralis ning eng pastki qismi (43-maydon) va orolcha (uncus) javob beradi. Vernike markazi og‘zaki nutqni tushunish va xotirada saqlashni ta’minlaydi. G.temporalis  superior ning o‘rta qismida (22-maydon) musiqal tovushlarni anglash markazi joylashgan.
   Eshituv agnoziyalari. Eshituv analizatorining birlamchi maydoni, ya’ni 41-maydon zararlansa, markaziy karlik rivojlanmaydi, chunki eshituv apparatidan kelayotgan signallar ikkala yarim sharda ham qabul qilinadi. Bemor tovushlarning baland-pastligini eshitadi, biroq tovush nimaga taalluqli (suv shildirashi, qo‘ng‘iroq jiringlashi, eshiq g‘ichirlashi) ekanligini anglamaydi. Agar suvni shirillatib oqizib qo‘yib, bemordan bu nimaning tovushi deb so‘ralsa, bu suvning tovushi ekanligini ayta olmaydi. 
         Shu erda eshituv analizatorining o‘ziga xos xususiyatini aytib o‘tish joiz. Neyropsixologiyada nutq tovushlari va nutqqa aloqador bo‘lmagan tovushlar farqlanadi.
      1)    Nutq tovushlarini analiz va sintez qilish – harflar, so‘zlar va iboralar bilan bog‘liq tovushlar bo‘lib, ular asosida inson o‘zining va o‘zgalar nutqini tahlil qiladi. Bunga chap chakka bo‘lagi javobgar.
     2)    Nutqqa aloqador bo‘lmagan (turli shovqinlar va musiqali tovushlar) – atrof-muhitdagi va inson nutqiga aloqador bo‘lmagan tovushlar. Bunga o‘ng chakka bo‘lagi javobgar.
        Chap va o‘ng chakka bo‘laklari zararlanganda bir-biridan farq qiluvchi simptomlar rivojlanadi. Chap chakka bo‘lagi zararlanganda nutq tovushlarini analiz va sintez qilish buziladi, nutqqa aloqador bo‘lmagan (shovqin va musiqa) tovushlarni tahlil qilish esa o‘ng chakka bo‘lagi zararlanganda izdan chiqadi. Chakka bo‘lagi zararlangan bemorlar tovushlar turini ham, sonini ham farqlab aytib bera olmaydi. Bu holatni A.R. Luriya aritmiya deb atagan. Chap chakka bo‘lagi zararlanganda sensor afaziya (akustik-gnostik afaziya), o‘ng chakka bo‘lagi zararlanganda amuziya kuzatiladi. Sensor afaziya negizida fonematik eshituv buzilishi yotadi. Fonematik eshituv – bu nutq tovushlarini farqlay olishdir. Sensor afaziyaning asosiy belgisi – bu nutqni tushunmaslik. Sensor afaziyada bemor o‘z fikrini turli xil  mimik harakatlar bilan ifodalashga urinadi. Ko‘p so‘zlaydi (logorreya). 
    Amuziya – musiqal tovushlarni anglay olmaslik, bilmaslik. Ushbu sindrom o‘ng chakka bo‘lagi zararlanishi uchun xos.
   Akustik-mnestik afaziya – nutqqa aloqador bo‘lgan so‘zlar va iboralarni eslab qolish buzilishi sababli rivojlangan afaziya. Chunki har qanday nutq xotirada saqlab qolingan so‘zlar asosida tuziladi. Bunday bemorlarda ushbu xotira jarayoni izdan chiqqanligi bois bemorda afaziya rivojlanadi. Bunday afaziya chap chakka bo‘lagining mediobazal qismi zararlanganda paydo bo‘ladi. 
     Emotsional buzilishlar. Chakka bo‘lagining mediobazal qismi limbik sistemani tashkil qiluvchi tuzilmalar tarkibiga kiradi. Limbik sistema esa emotsional reaktsiyalar uchun mas’ul. Shu bois ham chakka bo‘lagining mediobazal tuzilmalari zararlansa, turli toifadagi emotsional buzilishlar rivojlanadi. Bular – qo‘rquv, xavotir, depressiya, ba’zida eyforiya, kardiofobiya va boshqa vegetovistseral paroksizmlar. 

Manba:  © Z. Ibodullaev. Umumiy nevrologiya. Darslik. Toshkent, 2021.,312b
               © Ibodullaev entsiklopediyasi   
               © asab.cc

Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив