Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi Verterbrobazillyar sistemada qon aylanishi buzilishlari

Verterbrobazillyar sistemada qon aylanishi buzilishlari


Dastlab vertebrobazilyar sistema arteriyalari anatomiyasi va topografiyasi bilan tanishib chiqamiz. Vertebrobazilyar sistemaga ikki juft umurtqa arteriyasi (a. vertebralis)  va ularning qo‘shilishidan paydo bo‘lgan bazilyar arteriya (a. basilaris) kiradi. Bu yirik tomirlardan boshlanuvchi arteriyalar miya ustuni, miyacha, talamus, chakka bo‘lagining mediobazal sohasi va ensa bo‘lagining katta qismini qon bilan ta’minlaydi.
Umurtqa arteriyalari o‘mrov osti arteriyalaridan boshlanadi. Bu soha CVII bo‘yin umurtqasining ko‘ndalang o‘siqchasi sohasiga to‘g‘ri keladi. A. vertebralis bo‘yin umurtqalarining ko‘ndalang o‘siqchalari orasida joylashgan umurtqa kanaliga (canalis vertebralis) kiradi va yuqoriga ko‘tariladi. Canalis vertebralis CVII bo‘yin umurtqasidan SII bo‘yin umurtqasigacha davom etadi.
A. vertebralis umurtqa kanalidan chiqib, yuqoriga ko‘tariladi va qattiq pardani teshib o‘tib, ensaning katta teshigi (foramen magnum) orqali kalla suyagi ichiga kiradi. Kalla suyagi ichida umurtqa arteriyalaridan oldingi va orqa spinal arteriyalar (aa. spinales anterior et posterior ) va miyachaning orqa pastki arteriyasi (a. cerebelli inferior posterior) ajralib chiqadi.
Oldingi spinal arteriyalar uzunchoq miyaning pastki qismida qo‘shilib, orqa miyaning oldingi toq arteriyasini (a. spinalis anterior) hosil qiladi. Bu arteriya uzunchoq miyaning pastki va orqa miyaning yuqori qismini qon bilan ta’minlashda ishtirok etadi. Oldingi arteriyalardan sal pastroqda ajralib chiqqan orqa spinal arteriyalar esa bir-biri bilan qo‘shilmaydi.
Miyachaning orqa pastki arteriyasi (a. cerebelli inferior posterior) esa umurtqa arteriyasidan yanada pastroqda ajralib chiqadi va miyachaning pastki qismini qon bilan ta’minlaydi. Uzunchoq miya bilan Varoliy ko‘prigi chegarasida ikkala umurtqa arteriyasi qo‘shilib, a. basilaris ni hosil qiladi. A. basilaris ko‘prikning old qismidagi egatchada yotadi. A. basilaris dan miyachaning oldingi pastki arteriyasi (a. cerebelli inferior anterior), miyachaning yuqori arteriyasi (a. cerebelli superior) va bir qator ko‘prik arteriyalari (a. pontinii) ajralib chiqadi. Ko‘prikning oldingi qismida a. basilaris ikkita arteriyaga, ya’ni miyaning orqa arteriyalari (a. cerebri posterior) ga ajralib ketadi.
Hali tug‘ilmagan bolada miyaning orqa arteriyasi qonni, asosan a. communicans posterior orqali ichki uyqu arteriyasidan oladi. Bu holat 7-10% holatlarda kattalarda ham saqlanib qoladi va ularda, ko‘pincha umurtqa arteriyasi aplaziyasi aniqlanadi. Shuning uchun ham bunday bemorlarda ichki uyqu arteriyasi trombozida a. cerebri posterior sohasida infarkt ro‘y berib turadi. Bu patologik holatni MRA va dupleks tekshiruvlari yordamida aniqlab olish mumkin.
Vertebrobazilyar sistema arteriyalari va uyqu arteriyalari tarmoqlari miya asosida kollateral qon aylanish sistemasini hosil qiladi. O‘ta muhim ahamiyatga ega bo‘lgan bu kollateral qon aylanish sistemasi Villiziy aylanasi deb ataladi. Ichki uyqu arteriyasi (a. carotis interna) orqa biriktiruvchi arteriya (a. communicans posterior) yordamida a. cerebri posterior bilan birlashadi. Shu yo‘l bilan Villiziy aylanasining orqa qismi hosil bo‘ladi. Ikkala a. cerebri anterior oldingi biriktiruvchi arteriya (a. communicans anterior) yordamida o‘zaro birlashib, Villiziy aylanasining oldingi qismini hosil qiladi. Villiziy aylanasi, odatda, rombsimon shaklga ega, biroq uning juda ko‘p anomaliyalari mavjud. Villiziy aylanasini hosil qilishda a. cerebri media ishtirok etmaydi.
Vertebrobazilyar sistemada qon aylanishi buzilishiga sabab bo‘luvchi patologik holatlar va kasalliklar. Bu sohada qon aylanishi buzilishiga qon tomirlarning tug‘ma va orttirilgan anomaliyalari (miya tomirlari ichida eng ko‘p anomaliyalar vertebrobazilyar sistemada uchraydi), ateroskleroz, arterial gipertoniya, bo‘yin umurtqalari osteofitlari, disk churrasi, vaskulitlar sababchi bo‘ladi. Shuningdek, qon tomirlar o‘zgarishiga sabab bo‘luvchi bir qator omillar (diabet, alkogolizm, leykoz, kollagenozlar) ham vertebrobazilyar sistemada qon aylanishining o‘tkir va surunkali buzilishlariga olib keladi. Juda yaxshi rivojlangan kollateral sistemaga ega bo‘lganligi uchun ham vertebrobazilyar sistemada qon aylanishning o‘tkir buzilishlari kam uchraydi. Masalan, barcha ishemik insultlarning bor-yo‘g‘i 15-20% vertebrobazilyar, qolgan 80-85% karotid sistemada ro‘y beradi.
Vertebrobazilyar sistemada qon aylanish buzilishlari ko‘proq surunkali ko‘rinishda namoyon bo‘ladi. Bu holat umurtqa arteriyalari va bazilyar arteriyada kuzatiladigan distsirkulyatsiyalar sababli yuzaga keladi. Klinik simptomlar qay tarzda namoyon bo‘lishi vertebrobazilyar sistemaning qaysi qismida ishemiya kuzatilganligi bilan bog‘liq. Asosan quyidagi klinik belgilar paydo bo‘ladi: bosh aylanishi, quloqda shovqin, uyqu buzilishi, ko‘ngil aynishi, gandiraklab yurish (ataksiya), diplopiya, qon bosim «o‘ynab» turishi va vegetativ paroksizmlar. Nevrologik status tekshirilganda, asosan, nistagm, diplopiya, Romberg sinovida chayqalish, dismetriya kabi vestibulo-koordinator buzilishlar aniqlanadi. Shuningdek, pay reflekslari oshishi, o‘tkazuvchi tipda sezgi buzilishlari, engil bulbar simptomlar ham rivojlanadi.
Vertebrobazilyar sistemada qon aylanishning o‘tkir buzilishlari a. basilaris va a. vertebralis yoki ulardan ajralib chiqqan arteriyalar trombozida kuzatiladi. Umurtqa arteriyasi trombozi har doim ham klinik simptomlar bilan namoyon bo‘lavermaydi. Chunki kollateral qon aylanish karotid sistemadan orqa biriktiruvchi arteriya va qarama-qarshi tomondagi umurtqa arteriyasi orqali saqlanib qoladi. Biroq bu holat sekin rivojlanuvchi okklyuziyalar uchun xos. O‘tkir rivojlanuvchi trombozda kasallik sopor va koma bilan o‘tkir boshlanadi, alternirlashgan sindromlar rivojlanadi. Umurtqa arteriyasi trombozida o‘tkir ishemik infarkt, asosan, a. spinalis anterior va a. cerebelli inferior posterior qon bilan ta’minlaydigan sohalarda kuzatiladi. Oldingi spinal arteriyada qon aylanish kamdan-kam buziladi. Bazilyar arteriya trombozida yurak va nafas olish faoliyati keskin buziladi, AQB tushib ketadi, sopor va koma rivojlanadi, turli-tuman alternirlashgan sindromlar vujudga keladi.
Vertebrobazilyar sistemada qon aylanishning buzilishlari uchun alternirlashgan sindromlar juda xosdir. Ular haqida to‘xtalib o‘tamiz.
Alternirlashgan Veber sindromi – miya oyoqchasining bazal qismi infarktida rivojlanadi. Bunda zararlangan tomonda III nerv falajligi, qarama-qarshi tomonda markaziy gemiparez kuzatiladi.
Alternirlashgan Benedikt sindromi – miya oyoqchasining qora modda sohasi infarktida rivojlanadi. Bunda zararlangan tomonda III nerv falajligi, qarama-qarshi tomonda giperkinezlar (xoreoatetoz, gemitremor) kuzatiladi.
Alternirlashgan Klod sindromi – miya oyoqchasining qizil yadro joylashgan sohasi infarktida rivojlanadi. Bunda zararlangan tomonda III nerv falajligi, qarama-qarshi tomonda intentsion gemitremor, gemiataksiya va mushaklar gipotoniyasi kuzatiladi. Agar ishemik jarayon to‘rt tepalikning oldingi ikki tepaligi sohasida joylashsa, Parino sindromi rivojlanadi. Bu sindromning asosiy belgisi – nigohning vertikal falaji.
Alternirlashgan Miyar-Gubler sindromi o‘choq tomonda VII nervning periferik falajligi va qarama-qarshi tomonda markaziy gemiparez bilan namoyon bo‘ladi. Bu sindrom Varoliy ko‘prigining pastki qismi infarktida rivojlanadi.
Alternirlashgan Fovill sindromi ko‘prikning ventral qismi ishemiyasida ro‘y beradi. O‘choq tomonda VII va VII nervlarning periferik falajligi va qarama-qarshi tomonda markaziy gemiparez rivojlanadi.
Alternirlashgan Raymon-Sestan sindromida o‘choq tomonda miyacha ataksiyasi, xoreoatetoz, nigoh falajligi, qarama-qarshi tomonda gemianesteziya va gemiparez rivojlanadi. Bu sindrom a. cerebelli superior trombozida kuzatiladi. Bunda infarkt ko‘prikning spinotalamik yo‘llar o‘tadigan tom qismi va miyachaning yuqori oyoqchasida ro‘y beradi.
Alternirlashgan Avellis sindromida o‘choq tomonda yumshoq tanglay, ovoz pardasi va tilning yarmida periferik falajlik (IX, X, XII nervlar), qarama-qarshi tomonda markaziy gemiparez rivojlanadi.
Alternirlashgan Shmidt sindromida o‘choq tomonda ovoz par­dasi, yumshoq tanglay, trapesiyasimon va to‘sh-o‘mrov-so‘rg‘ichsimon muskullar falajligi (IX, X va XI nervlar), qarama-qarshi tomonda markaziy gemiparez rivojlanadi.
Alternirlashgan Jekson sindromida o‘choq tomonda tilning periferik falajligi (XII nerv), qarama-qarshi tomonda markaziy gemiparez rivojlanadi.
Alternirlashgan Vallenberg sindromi miyachaning orqa pastki arteriyasi (a. cerebelli inferior posterior) trombozida kuzatiladi. Bu arteriya umurtqa arteriyasining intrakranial qismidan ajralib chiqadi. U miyachaning pastki-medial yuzasi va uzunchoq miyaning dorsolateral qismini qon bilan ta’minlaydi. Arteriyaning topografik anomaliyasi ko‘p uchraganligi bois Vallenberg sindromi turli klinik ko‘rinishlarga ega. Uning asosiy klinik belgilari – alternirlashgan gemianesteziya (o‘choq tomonda yuzda, qarama-qarshi tomonda tanada), o‘choq tomonda ataksiya, Gorner sindromi, yumshoq tanglay, halqum va ovoz pardasi falajligi hamda turli darajadagi vestibulo-koordinator buzilishlardan iborat. Alternirlashgan gemianesteziya uzunchoq miyada joylashgan nucleus spinalis n. trigemini va shu erdan o‘tuvchi sezgi yo‘llari ishemiyasi sababli ro‘y beradi.
Vertebrobazilyar arteriyalar trombozi faqat Gorner sindromi bilan namoyon bo‘lishi ham mumkin. Gorner sindromi (ptoz, mioz, enoftalm) uzunchoq miyaning lateral qismi zararlanganda kuzatiladi. Bu sindrom, asosan umurtqa arteriyasi va miyachaning pastki orqa arteriyasi trombozi yoki uyqu arteriyasining simpatik chigallari ta’sirlanishi (ichki uyqu arteriyasi trombozi) natijasida ro‘y beradi. Demak, yurak-qon tomir kasalliklari bilan og‘rigan yoshi katta bemorlarda Gorner sindromi paydo bo‘lsa, intrakranial arteriyalar tekshirib ko‘rilishi (dupleksli skanirlash, tserebral angiografiya) kerak.


Manba:  ©Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b.
              ©Z. Ibodullayev. Nevrologiya. Qo`llanma., Toshkent, 2017., 404 b.
              ©Z. Ibodullayev. Insult va koma, Toshkent, 2013., 193 b.
              © Ibodullayev ensiklopediyasi 
              ©asab.cc





Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив