Yuz nervi
Nerv haqida qisqacha ma’lumot. Yuz nervi (n.facialis, VII nerv) harakat nervi hisoblanadi. Bu nervning asosiy vazifasi – mimik muskullarni innervatsiya qilish. Uning yadrosi Varoliy ko‘prigida yotadi. Yadroning ustki qismi yuqori mimik muskullarni, pastki qismi esa pastki mimik muskullarni innervatsiya qiladi. Yadroning yuqori qismi ikki tomonlama, pastki qismi qarama-qarshi tomondan bir tomonlama kortiko-nuklear innervatsiyaga ega (27-rasm).
27-rasm. Yuz nervi (VII nerv). 1 – Fallopiy kanali; 2 – yuz nervi yadrosining pastki qismi; 3 – kortikonuklear yo‘l; 4 – oldingi markaziy pushta; 5 – yuz nervi yadrosining ustki qismi. Yadroning ustki qismi ikki tomonlama innervatsiya olishiga e’tibor qarating. |
Shu bois kortiko-nuklear yo‘llar zararlanganda yuqori mimik muskullar falajlanmay qoladi. Yuz nervi Fallopiy kanali orqali kranial bo‘shliqdan tashqariga chiqib ikkita yirik shoxga bo‘linadi va mimik muskullarga boradi. Fallopiy kanali ichida yuz nerviga n. intermedii Wrisbergii (XIII nerv) yo‘ldosh bo‘ladi. Uning tarkibida ko‘z yoshi beziga (gl. lacrimalis), uzangisimon muskulga (m.stapedius), nog‘ora pardaga (chorda tympani), tilning oldingi 3/2 qismiga (ta’m sezish) va so‘lak bezlariga boruvchi tolalar mavjud.
Tekshirish usullari
1.Umumiy ko‘rik. Dastlab yuzning simmetrik tuzilishiga e’tibor qaratiladi. Normada yuz va ko‘z yoriqlari, lab burchaklari simmetrik bo‘ladi. Biroq yuzning simmetrikligi haqida darrov xulosa chiqarishga shoshilmaslik kerak. Chunki yuz muskullarining engil falajligi mimik sinamalarni bajargan paytda ma’lum bo‘ladi. Shuningdek, turli xil giperkinezlar (masalan, tiklar) bor-yo‘qligiga ham e’tibor qaratish lozim.
- Mimik sinamalar. Mimik sinamalar – yuz nervi falajligini aniqlab beruvchi asosiy sinamalardir. Yuqori va pastki mimik sinamalar farqlanadi (28-rasm).
28-rasm. Yuz nervi funktsiyasini tekshirish uchun mimik sinamalar
Yuqori mimik sinamalar – bular peshonani tirishtirish, qoshlarni chimirish va ko‘zlarni chirt yumish. Pastki mimik sinamalar – bular lunjni havoga to‘ldirish, lablarni cho‘chchaytirish va tishlarni ko‘rsatish. Normada mimik sinamalar simmetrik bajariladi.
- Mimik muskullar kuchini tekshirish. Buning uchun bemordan galma-gal bir nechta mimik harakatlarni bajarish so‘raladi. Masalan, bemorning chirt yumilgan ko‘zlarini vrach barmoqlari bilan ochishga harakat qiladi, lunjini havoga to‘ldirib shishirganda uning ikkala tomonidan barmoqlar bilan bosib havoni chiqarishga urinadi va h.k. Muskullar kuchi ikkala tomonda bir xil bo‘lsa, ya’ni pastki mimik muskullarda falajlik bo‘lmasa, bemor ro‘parada turgan shahamni to‘g‘ri puflab o‘chira oladi.
- Ta’m bilishni tekshirish. Ta’kidlab o‘tilganidek, tilning oldingi 3/2 qismida ta’m bilishni V va VII nervlarning parasimpatik yadrolari ta’minlaydi. Ta’m bilishni tekshirish usuli yuqorida yoritilgan.
- Reflekslarni tekshirish. Aytib o‘tganimizdek, korneal refleks bilan qosh usti refleksining efferent (harakat) qismini VII nerv ta’minlaydi. Shu bois bu reflekslar V nerv zararlanganda ham, VII nerv zararlanganda ham yo‘qoladi. Eslatib o‘tamiz mandibulyar refleksning VII nervga aloqasi yo‘q. Bu reflekslarni tekshirish usullari yuqorida yoritilgan.
Yuz nervi patologiyasi
- Yuz nervining markaziy falajligi VII nerv yadrosiga keluvchi kortiko-nuklear yo‘llar zararlanganda kuzatiladi. Bunda yuqori mimik sinamalar saqlanib qoladi, pastki sinamalar bir tomonda, ya’ni qarama-qarshi tomonda bajarilmaydi. Bu holatni Siz insult o‘tkazgan bemorlarda ko‘p ko‘rgansiz. Ularning og‘iz atrofi muskullari bir tomonda falajlangan bo‘ladi.
- Yuz nervining periferik falajligi VII nerv yadrosi va undan chiquvchi tolalar zararlanganda ro‘y beradi. Bunda ham yuqori, ham pastki mimik sinamalar bajarilmaydi, ya’ni bir tomonda (o‘choq tomonda) mimik muskullar to‘la falajlanadi, yuz qiyshayib qoladi. Bu holatni Siz yuz nervi nevropatiyasida ko‘p ko‘rgansiz (29-rasm).
29-rasm. Yuz nervining markaziy va periferik innervatsiyasi va patologiyasi |
Eslab qoling. Uch shoxli nerv (V nerv) zararlanishi uchun kuchli sanchuvchi og‘riqlar xos bo‘lsa, yuz nervi (VII nerv) zararlanishi uchun mimik muskullar falajligi, ya’ni yuzning qiyshayib qolishi xos.