Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi YuZ SOHASIDAGI ATIPIK OG‘RIQLAR(ATIPIK PROZOPALGIYaLAR)

YuZ SOHASIDAGI ATIPIK OG‘RIQLAR(ATIPIK PROZOPALGIYaLAR)


Atipik prozopalgiyalar – yuzning bir yoki ikkala tomonida kuzatiladigan doimiy og‘riq va paresteziyalar. Kasallik 30–60 yoshlarda rivojlanadi va ayollarda ko‘p uchraydi. Atipik prozopalgiyalar stomatologik operatsiyalardan so‘ng paydo bo‘ladi. Bunday og‘riqlar, ko‘pincha, yuqori va pastki jag‘ tishlarini o‘zgartirgan va ularga protezlar qo‘ydirgan odamlarda ko‘p kuzatiladi. Atipik prozopalgiya klinikasi kranial nevralgiya yoki nevropatiyalar klinikasiga o‘xshasa-da, ob’ektiv nevrologik simptomlar (gipereste­ziya, gipesteziya) kuzatilmaydi. Yuzda trigger sohalar bo‘lmaydi. Stomatologik muolajalar o‘tkazilgan joylar chuqur tekshirilganda ham, ENMG tekshiruvlari o‘tkazilganda ham nervlarda organik buzilishlar aniqlanmaydi. Og‘riq va paresteziyalar nafaqat operatsiya o‘tkazilgan joyda, balki yuzning boshqa sohalarida ham kuzatiladi. Kasallik uchun qisqa muddatli og‘riq xu­rujlari xos emas, og‘riqlar goh zo‘rayib, goh kamayib turadi. Atipik prozopalgiya yuzning idiopatik og‘riqlari deb ham ataladi.

Atipik prozopalgiyaning yana bir klinik turi – bu atipik odontalgiya. Tish olingan joyda uzoq vaqt saqlanadigan og‘riqlarga atipik odontalgiya deyiladi. Atipik odontalgiyada ham ob’ektiv nevrologik simptomlar kuzatilmaydi. Bu sindrom tish oldirib, tish qo‘ydirgan bemorlar yoki uzoq vaqt davom etgan stomatologik muolajalarda ko‘p uchraydi. Tish olingan joyda kuydiruvchi va boshqa tishlarga irradiatsiya qiluvchi og‘riqlar bir oygacha, ba’zida undan ham ko‘p vaqt saqlanib qoladi. Bu og‘riqlar aksariyat bemorlarda ovqatlanayotgan paytda kamayadi, ruhiy-hissiy zo‘riqishlarda, sovuqda yoki yuziga biror narsa tegib ketsa kuchayadi. Atipik odontalgiya klinikasi dental pleksalgiya klinikasiga o‘xshab ketadi, biroq unga qaraganda engil kechadi.

Dental pleksalgiya – yuqori va pastki jag‘larning nerv chigallari ta’sirlantirilganda kuzatiladigan og‘riqlar. Dental pleksalgiyaning asosiy sabablari – bular yuqori va pastki jag‘ tishlarida o‘tkazilgan stomatologik muolajalar. Og‘riqlar vegetativ simptomlar bilan birgalikda namoyon bo‘ladi, chunki bu erdagi nerv chigallari vegetativ gangliyalar bilan chambarchas bog‘langan. Dental pleksalgiyada yuz sohasida og‘riqlar va dizesteziyalar bo‘lsa-da, ob’ektiv nevrologik simptomlar (gipesteziya, giperesteziya) kuzatilmaydi. Dental pleksalgiyalar, odatda, oylab davom etadi, ba’zida bir yildan oshadi. Uzoq davom etuvchi og‘riqlar reaktiv nevrotik buzilishlarga olib keladi. Bemorni tinchlantirish va bu belgilarning vaqtinchalik ekanligiga ularni ishontirish o‘ta muhim. Agarda vrach buni uddalay olsa, kasallik belgilari 1–2 oy ichida o‘tib ketadi.

Yuzning psixogen og‘riqlari. O‘tkir yoki doimiy ruhiy zo‘riqishlardan so‘ng yuzda paydo bo‘ladigan og‘riqlarga psixogen og‘riqlar deb aytiladi. Bunday og‘riqlar, asosan, depressiya, nevrasteniya va isteriyalarda kuzatiladi. Psixogen og‘riqlar nevralgiyadan farqli o‘laroq, yuzning ikkala tomonida ham uchraydi, nerv yo‘llari bo‘ylab irradiatsiya qilmaydi, trigger sohalar aniqlanmaydi (yuzning qaysi sohasini bossa, o‘sha joy og‘riyveradi). Bemor bir tomondan og‘riqni chidab bo‘lmas darajada kuchli deb ifodalaydi, ikkinchi tomondan qachondan buyon vrachga uchrashishga vaqt topa olmayotganini aytadi. Og‘riqlar nafaqat yuz sohasida, balki boshning boshqa sohalarida ham kuzatiladi. Nevralgiya bilan kasallangan bemor vrach bilan suhbatda iloji boricha kam gapirishga harakat qilsa, psixogen og‘riqlarda esa bemor so‘zamol bo‘ladi, og‘riq tafsilotlarini batafsil bayon qilishga intiladi. Ko‘p so‘zlash nevroz va isteriya uchun xos alomatlardan biridir.

Chakka arteriiti (Xorton sindromi). Chakka arteriyasi – tashqi uyqu arteriyasi (a.carotis externa) tarmoqlaridan biridir. Chakka arteriiti autoimmun kasallik bo‘lib, asosan, 50 yoshdan oshganlarda uchraydi. Chakka arteriiti klinikasi uch shoxli nerv nevralgiyasiga o‘xshab ketsa-da, uning farq qiluvchi klinik va paraklinik belgilari bir qancha. Chakka arteriitining asosiy belgisi ham chakka-peshona sohasida uchraydigan kuchli og‘riqlar hisoblanadi. Lekin bu og‘riqlar kam hollarda bir tomonda, ko‘p hollarda ikkala tomonda uchraydi. Surunkali kechuvchi og‘riqlar ba’zida kuchayib, chidab bo‘lmaydigan darajaga etadi. Ular ko‘pincha ovqat chaynaganda kuchayadi.

Ob’ektiv tekshiruvlar chakka arteriyasi qalinlashgani va qotishganini ko‘rsatadi. Arteriya juda qotishgan holatlarda uning urishi ham sezilmaydi. Kasallik nafaqat lokal og‘riqlar bilan namoyon bo‘ladi, ba’zida og‘riqlar boshning hamma joyida aniqlanadi. Shuningdek, tana harorati subfebril darajagacha oshadi, ko‘p terlash va umumiy holsizlik kuzatiladi. Bemor tez charchaydigan bo‘lib qoladi.

Chakka arteriiti umumiy autoimmun kasallikning klinik bir ko‘rinishi bo‘lganligi sababli boshqa tomirlarning zararlanishi ham aniqlanadi. Aksariyat hollarda ichki uyqu arteriyasi, aorta va koronar arteriyalar zararlanishi kuzatiladi. Retinal arteriyaning zararlanishi ko‘rishning susayishi bilan namoyon bo‘ladi. Shuningdek, ko‘ruv nervi va ko‘zni harakatlantiruvchi nervlar zararlanishini ham kuzatish mumkin. Qonda yallig‘lanish reaktsiyalari, ya’ni leykotsitoz, EChT va S-reaktiv oqsil miqdorining oshishi kuza­tiladi. Chakka arteriiti tashxisini qo‘yishda dupleksli skanirlash usuli va chakka arteriyasi biopsiyasi o‘rni juda katta.

 

YuQORI HIQILDOQ NERV NEVRALGIYaSI

 Yuqori hiqildoq nerv nevralgiyasi kam uchraydi. Hiqildoq sohasida bir tomonlama sanchuvchi og‘riqlar bilan namoyon bo‘ladi. Og‘riq xurujlari past­ki jag‘ sohasi va quloq orqasiga irradiatsiya qiladi. Yo‘talganda va yutish harakatlarini bajarganda og‘riq kuchayadi yoki paydo bo‘ladi.

 

QULOQ-ChAKKA NERVI NEVRALGIYaSI

 Quloq-chakka nervi nevralgiyasi kam uchraydi. Sanchuvchi og‘riqlar quloq suprasining oldingi qismi, ya’ni chakka sohasida kuzatiladi. Nevralgiya quloq oldi bezi yallig‘lanish kasalliklaridan (parotit) bir necha kun yoki bir necha hafta o‘tgach rivojlanadi. Ba’zida nevralgiya hech bir "sababsiz" to‘satdan paydo bo‘ladi. Ovqat chaynaganda, issiq yoki achchiq ovqat eganda quloq suprasining oldingi qismida achishtiruvchi og‘riqlar vujudga keladi, ushbu joyda qizarish va terlash kuzatiladi. Bu nevralgiyani ko‘pincha uch shoxli nervning 2- va 3-tarmoqlari nevralgiyasi bilan qiyoslashga to‘g‘ri keladi.

 

TIZZASIMON TUGUN NEVRALGIYaSI

(XANT SINDROMI)

 Fallopiy kanali ichida yuz nervi yonidan o‘tayotgan XIII nerv tolalari (sezgi va vegetativ) o‘z yo‘nalishini o‘zgartirib, tizzasimon tugunni (ganglion geniculi) hosil qiladi. Tizzasimon tugun nevralgiyasi turli virusli infektsiyalardan so‘ng rivojlanadi. Sanchuvchi va kuydiruvchi og‘riqlar quloq suprasining oldingi qismi, tashqi eshituv yo‘li, qattiq tanglay, yuqori jag‘ va so‘rg‘ichsimon o‘simta sohasida kuzatiladi. Kuchli sanchuvchi og‘riqlar tilning oldingi uchdan ikki qismida ta’m bilishning buzilishi va gipersali­vatsiya bilan namoyon bo‘ladi. Agarda tizzasimon tugun nevralgiyasini Herpes zoster virusi chaqirsa, kuydiruvchi og‘riqlar kuzatilgan joylarga gerpetik toshmalar toshadi. Buni Xant sindromi deb atashadi. Ba’zida yuz nervining engil falajligi ham kuzatiladi. Virus shu atrofda joylashgan bir nechta gangliyalarni zararlasa, kuydirguvchi og‘riqlar va gerpetik toshmalar yuz, peshona, chakka, ensa va bo‘yin sohalariga tarqaydi, og‘izdan so‘lak oqishi kuchayadi, nistagm va bosh aylanishi paydo bo‘ladi. Gerpetik nevralgiyaning bu turi kuchli og‘riqlar bilan og‘ir kechadi.

Davolash. Nevralgiyalar bilan kasallangan bemorlarni davolashda bugungi kungacha karbamazepin (finlepsin, tegretol) asosiy dori sifatida qo‘llab kelinmoqda. Hatto karbamazepinning tavsiya etilishi nevralgiyani boshqa turdagi og‘riqlar bilan qiyoslash uchun ham yordam beradi. Chunki karbamazepin boshqa turdagi og‘riqlarga qaraganda nevralgiyalarni davolashda juda samaralidir.

Karbamazepin 1957 yili Shindler tomonidan sintez qilingan va 1963 yili Blum tomonidan uch shoxli nerv nevralgiyasini davolash uchun qo‘llanilgan. Karbamazepinning og‘riq qoldirish xususiyati batafsil o‘rganilmagan. Uning og‘riq qoldirish mexanizmlaridan biri notsitseptiv reaktsiyalarda ishtirok etuvchi neyronlar membranasi o‘tkazuvchanligining pasayishi bilan bog‘liq. Buning natijasida uch shoxli nervning zararlangan qismida paydo bo‘lgan og‘riq impulslari yuqoriga, ya’ni V nervning spinal yadrosiga, undan esa talamusga tarqalishi keskin pasayadi. Karbamazepin gippokampning glutamatergik sistemasiga tormozlovchi ta’sir ko‘rsatadi. Bu esa nafaqat og‘riqlar, balki affektiv va vegetativ buzilishlarning hamda tutqanoq xurujlarining pasayishiga ham olib keladi.

Karbamazepin 200 va 400 mg li tabletkalarda ishlab chiqariladi. Karbamazepinni tavsiya etishda uning ta’sirini kuchaytiruvchi yoki pasaytiruvchi dorilarni e’tiborga olish zarur. Masalan, diltiazem, verapamil, nikotinamid, eritromitsin kabi dorilar karbamazepin ta’sirini kuchaytiradi, valproatlar, galoperidol, fenobarbital kabi dorilar esa pasaytiradi.

Karbamazepinni tavsiya etish tartibi:

  • davolashning 1-2-kunlari 100 mg dan kuniga 3 mahal;
  • 3-kundan boshlab 200 mg dan kuniga 2 mahal;
  • 5-kundan boshlab 200 mg dan kuniga 3 mahal;
  • 7-kundan boshlab 200 mg dan kuniga 4 mahal.

Dorini ichib boshlagan kundanoq og‘riq darrov kamaymaydi, u keyinchalik kamaya boshlaydi. Agarda doza ma’lum bir miqdorga etkazilganda og‘riqlar to‘xtasa yoki keskin pasaysa, uning kundalik dozasi ushbu miqdorda 4–6 hafta mobaynida ushlab turiladi va asta-sekin kamaytirib boriladi. Biroq, aksariyat hollarda karbamazepinni uzoq vaqt, ya’ni 6–12 oy mobaynida ichish tavsiya etiladi.

Tibbiy amaliyotda karbamazepinni asossiz ravishda kam dozada berish yoki uni erta to‘xtatish tez-tez uchrab turadi va bunga ko‘pincha dori sababli paydo bo‘ladigan bosh aylanishi ro‘kach qilinadi. Ba’zida vrach karbamazepinni 1 tabletkadan (200 mg) 3 mahal ichishni uzoq vaqt tavsiya etadi va dorining dozasini oshirmaydi. Bunday paytlarda bemorda og‘riq kamayadi, biroq butunlay yo‘qolmasligi mumkin. Bemorning nevralgiyadan uzoq vaqt tuzalmay yurishining asosiy sabablaridan biri – bu karbamazepinni kam dozada tavsiya etishdir. Bunday paytlarda dorining dozasini oshirib borish o‘rniga vrach "Sizga bu dori yordam bermadi" deb uni ichishni to‘xtatishni buyuradi yoki boshqa doriga o‘zgartiradi. Bu, albatta, noto‘g‘ri yo‘l. Chunki nevralgiyalarda etarli dozada berilgan karbamazepin, albatta, yuqori darajada sa­mara beradi. Zaruratga qarab dorining kundalik dozasini 2100 mg ga etkazish mumkin.

Karbamazepin bosh aylanishi, ataksiya, ko‘ngil aynishi, bosh og‘rig‘i, uyquchanlik va terida allergik toshmalar kabi nojo‘ya ta’sirlarga ega. Dorining dozasi asta-sekin oshirib borilganda uning nojo‘ya ta’sirlari kam kuzatiladi. Karbamazepin tavsiya etilgan bemorlarga har 2 haftada umumiy qon va jigar fermentlari tekshirilishi, EKG qilinishi kerak. Agarda leykopeniya, trombotsitopeniya, jigar zararlanishi belgilari, atrioventrikulyar qamal paydo bo‘lsa, bemorga dori ichishni to‘xtatish tavsiya etiladi.

Karbamazepindan tashqari bemorlarni davolashda gabapentin 400–600 mg dan kuniga 3 mahal, okskarbamazepin 200–400 mg dan kuniga 3 mahal, klonazepam 2 mg dan kuniga 4 mahal, fenitoin 100 mg dan kuniga 2–3 mahaldan qabul qilish tavsiya etiladi.

Og‘riq xurujlari kuchli va tez-tez kuzatilgan holatlarda tramal 100 mg dan kuniga 2–3 mahal, diklofenak (voltaren) 50 mg dan kuniga 2–3 mahal, ksefokam (lornoksikam) 8 mg dan kuniga 2 mahal tavsiya etiladi. Shuningdek, trigeminal og‘riqlarda kuzatiladigan psixoemotsional buzilishlarni bartaraf etish uchun antidepressantlar va trankvilizatorlardan foydalaniladi. Antidepressantlardan amitriptilin 25 mg dan kuniga 2–3 mahal yoki fluoksetin (portal, prozak) 20 mg dan kuniga 2–3 mahal, trankvilizatorlardan fenazepam 0,5 mg yoki nozepam (tazepam, oksazepam) 10 mg kuni­ga 1–2 mahal buyuriladi. Bu dorilar tavsiya etilganda, bemor karbamazepin (finlepsin, tegretol) ichishni to‘xtatmasligi kerak.

Gerpetik nevralgiyalarda antivirus dorilar (atsiklovir, amantadin, remantadin) buyuriladi. Og‘riq xuruji kuchayib ketsa, uni bartaraf etish uchun 20 % li 5 ml natriy oksibutirat 0,9 % li natriy xlor yoki 5 % li glyukoza eritmasiga qo‘shib venadan tomchilatib yuboriladi. Bemorlarni davolashda reflektor terapiya usullari (igna bilan davolash, gidrokortizon fonoforezi) ham qo‘llaniladi.

Xirurgik davolash usullari. Bugungi kunda uch shoxli nerv nevralgiyasini xirurgik yo‘llar bilan davolashning bir qancha usullari mavjud. Bu usullarni qo‘llashdan oldin neyrovizualizatsiya tekshiruvlari (MRT, MRA, PET) o‘tkaziladi. Arteriyalar uch shoxli nerv ildizchasini haqiqatan ham bosib qo‘yganligiga ishonch hosil qilgandan so‘ng xirurgik davolash usullari qo‘llaniladi.

Birinchi usul – uch shoxli nerv ildizchasining mikrovaskulyar dekompressiyasi. Bu usul miyacha arteriyalari (a. cerebelli superior, a. cerebelli inferior anterior) uch shoxli nerv ildizchasini ezib qo‘ygan holatlarda o‘tkaziladi. Buning uchun orqa kranial chuqurchaga trepanatsiya yo‘li orqali kiriladi. Miyacha arteriyalari bilan uch shoxli nerv ildizchasi bir-biridan ajratiladi va ularning orasiga maxsus to‘qimalardan tayyorlangan qatlam qo‘yiladi. Bu qatlam keyinchalik arteriyalar bilan nerv ildizchasini bir-biriga tegib qolishi va yana kompressiya holati yuzaga kelishining oldini oladi.

Ikkinchi usul – uch shoxli nerv ildizchasini radioto‘lqinlar yordamida termodestruktsiya qilish. Buning uchun tok generatoriga ulangan maxsus elektrod uch shoxli nerv ildizchasi yoniga olib boriladi. Bu elektrod elektr toki yordamida isitiladi va buning natijasida uch shoxli nerv ildizchasi destruktsiyaga uchraydi. Bu usul birinchi usulga qaraganda keng tarqalgan bo‘lib, og‘ir asoratlar bermaydi.

Uchinchi usul – stereotaksik radioxirurgiya (gamma-pichoq) usuli. Tig‘siz davolash usuli bo‘lib, gamma nurlar yordamida uch shoxli nerv ildizchasiga ta’sir o‘tkaziladi va uning destruktsiyasiga erishiladi.

To‘rtinchi usul – bosh miyaning motor po‘stlog‘ini neyrostimulyatsiya qilish. Kalla suyagining tagiga, ya’ni qattiq pardaning ustiga maxsus elek­trod o‘rnatiladi va u stimulyatsiya qilinadi. Og‘riq bir necha daqiqadan so‘ng to‘xtaydi va bir necha kungacha paydo bo‘lmay turadi. Xirurgik usullar konservativ davolash usullari samara bermagan hollarda o‘tkaziladi.



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив