VEGETATIV KRIZLAR
Vegetativ krizlar – to‘satdan ro‘y beruvchi va kuchli ifodalangan vegetativ buzilishlar bilan kechuvchi paroksizmlar bo‘lib, ular o‘rtacha 30–60 daqiqa davom etadi. Vegetativ krizning vagoinsulyar va simpatoadrenal tiplari farqlanadi:
- Vagoinsulyar kriz – AQB pasayib ketishi, rangning oqarib ketishi, ko‘ngil aynishi, qusish, gipotermiya, kardialgiya, abdominalgiya, nafas siqishi, ter bosish, umumiy titroq va ba’zida xushdan ketish kabi belgilar bilan namoyon bo‘ladigan holat.
- Simpatoadrenal kriz – AQB ko‘tarilishi, kuchli qo‘rquv va xavotir, o‘lib qolishdan qo‘rqish, bosh og‘riq, umumiy titroq, taxikardiya, kardialgiya, og‘iz qurishi, tana harorati oshishi va poliuriya bilan namoyon bo‘ladigan holat. Kuchli xavotir va qo‘rquv bilan kechuvchi vegetativ kriz psixovegetativ kriz deb ham ataladi. KXT-10 da vegetativ krizlar alohida ajratilmagan. Shunday bo‘lsa-da, bu atamadan klinik tibbiyotda foydalanishadi.
Kriz paytida obektiv tekshiruvlar o‘tkazganda quyidagi belgilar aniqlanadi: bemorning rangi oqarib ketgan, ko‘zlari katta-katta ochilgan va qorachiqlari kengaygan bo‘ladi (qattiq qo‘rqqan odamning yuz-ko‘zini ko‘z oldingizga keltiring). AQB oshadi (biroq juda baland emas), taxikardiya kuzatiladi, tanasi va barmoqlar uchi sovuq bo‘lib, tovuq terisi shaklini oladi. Bemorning temperamentiga bog‘liq bo‘lgan holda turli isterik reaktsiyalar ro‘y beradi. Xolerik va sangviniklarda giperaktiv holat ro‘y bersa, flegmatiklarda bu reaktsiyalar biroz sust ifodalanadi.
Melanxoliklar esa chuqur apatiya va depressiya holatiga tushib qoladi. Ularni o‘lib qolish qo‘rquvi bezovta qilaveradi va har gal yaqinlari bilan vidolashaveradi. Kriz 20-30 daqiqa davom etsa-da, tez-tez takrorlanib turish xususiyatiga ega. Ba’zilarda bir kunda bir necha bor kuzatilsa, boshqa birovlarda bir oyda bir necha marotaba ro‘y beradi. Bu bemorlarda bora-bora turli xil fobiya (agarofobiya, klaustrofobiya, kardiofobiya, lisofobiya) va insomniya (yoki uyquchanlik) rivojlanadi.
Tashxis va qiyosiy tashxis. Vegetativ kriz tashxisi yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan klinik simptomlar va ularning kechishi asosida qo‘yiladi. Shuningdek barcha zarur laborator va instrumental tekshiruvlar o‘tkaziladi. Vegetativ krizni bir qator nevrologik, endokrin, ruhiy va somatik kasalliklar bilan qiyoslashga to‘g‘ri keladi. Vegetativ krizni ayniqsa, mezotemporal epilepsiya (amigdalo-gippokampal sindrom), paroksizmal taxikardiya sindromi, sinkopal holatlar, migren xurujlari, bronxial astma xuruji, vestibulopatiya, shizofreniya, maniakal-depressiv psixoz, isteriya, depressiya, ipoxondrik nevroz, insulinoma, feoxromotsitoma bilan qiyoslash birmuncha qiyinchiliklar tug‘diradi. Ba’zi mutaxassislar fikricha, psixovegetativ paroksizm ruhiy kasalliklar (endogen depressiya, shizofreniya)ning boshlang‘ich davri bo‘lishi ham mumkin. Shu bois bunday bemorlarni psixiatr nazoratidan o‘tkazib turish lozim.
Davolash. Kriz paytida avvalambor bemor tinchlantiriladi va uning atrofida normal psixologik muhit yaratiladi.
Quyidagi dorilar tavsiya etiladi:
- Valokardin yoki korvalol 20 tomchi iliq suvga solib ichiladi (engil holatlarda).
- Diazepam (5 mg) yoki anaprilin (20 mg) til tagiga tashlab so‘riladi.
- Amitriptilin 25-75 mg/kun, melipramin 25-75 mg/kun, sertralin 50-100 mg/kun, alprazolam 1-2 mg/kun, fluvoksamin 20-40 mg/kun.
- Afobazol 10-30 mg/kun, ataraks 25-75 mg/kun, sanopaks 25-50 mg/kun, sulpirid 50-200 mg/kun, klonazepam 1-2 mg/kun, trazodon 25-50 mg/kun.
- Propranolol 20–40 mg/kun, nadolol (korgard) 40 mg/kun, trazikor 20-40 mg/kun, pirroksan 15-30 mg/kun.
Ba’zida bemor chuqur-chuqur, ravon nafas olsa ham kriz belgilari ancha pasayadi. Buning uchun bemorning qo‘liga salafan xalta tutqaziladi. Bemor salafan xalta ichiga bir necha marotaba nafas olib, chiqaradi. Natijada salafan ichida SO2 gazi to‘planadi. Bu gaz chiqib ketmasligi uchun salafan bo‘g‘zini germetik tarzda ushlash kerak. Bemor SO2 ga boy havo bilan ketma-ket nafas olsa, qo‘zg‘algan vegetativ markazlar sustlashadi va vegetativ simptomlar jadalligi pasayadi. Ba’zan vegetativ krizni ushbu yo‘l bilan bartaraf etish mumkin. Bemorni turli xil ukollarga o‘rgatib qo‘ymaslik kerak. Aks holda unda turli “najot beruvchi ukollarga” psixologik bog‘lanish shakllanadi. Aksariyat hollarda psixovegetativ krizni til tagiga tashlanadigan tinchlantiruvchi dorilar bilan barham toptirish mumkin.
Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y;
©asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha