Vegetativ nerv sistemasi
Anatomiyasi va topografiyasi. VNS funktsional jihatdan simpatik va parasimpatik nerv sistemalariga, topografik jihatdan markaziy va periferik qismlarga ajratiladi.
VNS ning markaziy qismi quyidagi bo‘limlardan iborat:
- Mezentsefal – o‘rta miyada joylashgan ikkita parasimpatik yadro. Bular III nervning juft (Edinger-Vestfal) va toq (Perlia) yadrolari;
- Bulbar – ko‘prikda va uzunchoq miyada joylashgan uchta parasimpatik yadro. Bular: 1) nucleus salivatorius superior (VII nerv); 2) nucleus salivatorius inferior (IX nerv); 3) nucleus dorsalis (X nerv).
- Torakolyumbal – C8, Th1-Th12, L1-L2 spinal segmentlarning yon shoxlarida joylashgan simpatik yadrolar;
- Sakral – S2-S4 spinal segmentlarning yon shoxlarida joylashgan parasimpatik yadrolar.
Simpatik nerv sistemasi ham, parasimpatik nerv sistemasi ham ikki neyronli tuzilishga ega. Birinchi neyron MNS da, ya’ni bosh miya va orqa miyada yotadi va unga preganglionar neyron deyiladi. Ikkinchi neyron periferik vegetativ tugunlarda (shu jumladan, truncus sympathicus da) joylashadi va unga postganglionar neyron deb aytiladi. Preganglionar tolalar mielin parda bilan qoplangan va shu bois oq rangga ega. Postganglionar tolalar esa mielin parda bilan qoplanmagan va shu bois kulrang tusga ega.
VNS ning periferik qismiga vegetativ tugunlar, nervlar, simpatik poya (truncus sympathicus), vegetativ chigallar va ularning periferik tolalari kiradi.
Simpatik nerv sistemasi
Yuqorida qayd qilinganidek, simpatik nerv sistemasining markaziy va periferik qismlari farq qilinadi.
A. Simpatik nerv sistemasining markaziy qismi
Simpatik nerv sistemasining markaziy qismi S8, Th1-Th12, L1-L2 spinal segmentlarning yon shoxlarida joylashgan. Bular barchasi birgalikda simpatik markaz yoki torakolyumbal sistema deb aytiladi.
V. Simpatik nerv sistemasining periferik qismi
Simpatik nerv sistemasining periferik qismi chap va o‘ng tomondagi simpatik poya (truncus sympathicus), undan chiquvchi nervlar, ichki a’zolar yonida va ichida yotgan simpatik tugunlardan iborat. Har bir simpatik poya vegetativ tugunlardan (ganglia trunci sympathici) tashkil topgan bo‘lib, ular tugunlararo tarmoklar (rr. interganglionares) bilan o‘zaro bog‘langan.
Simpatik poyalar umurtqa pog‘onasining ikkala yon tomoni, ya’ni paravertebral yo‘nalish bo‘ylab joylashgan. Bir-biriga simmetrik ravishda joylashgan simpatik poyalarning ustki qismi birinchi bo‘yin umurtqasi (atlas), pastki qismi dum suyagi (os coccygis) sohasiga to‘g‘ri keladi.
Har bir simpatik poya 4 qismdan iborat:
- bo‘yin – 3 ta tugun (ganglia cervicalia);
- ko‘krak – 9–12 ta tugun (ganglia thoracica);
- bel – 4–5 ta tugun (ganglia lumbalia);
- dumg‘aza – 4 ta tugun (ganglia sacralia).
Ko‘zning simpatik innervatsiyasi. Ko‘zning simpatik innervatsiyasi S8-Th1 spinal segmentlarning yon shoxlari bilan bog‘liq. Bunga tsiliospinal markaz deyiladi.
Ushbu markazda 1-neyron tanasii yotadi. Ularning aksonlari yuqori bo‘yin tugunida (ganglion cervicale superius) to‘xtaydi. Unda 2-neyron tanasi yotadi. Uning postganglionar tolalari ko‘z kosasi ichiga kirib ganglion ciliare da to‘xtaydi. Tsiliar tugunda 3-neyron tanasi joylashgan bo‘lib, uning aksonlari qorachiqni kengaytiruvchi muskulga (m. dilatator pupillae) boradi.
Simptomlari. Ko‘zni innervatsiya qiluvchi simpatik yadro va yo‘llar zararlansa, Klod Bernar-Gorner sindromi rivojlanadi. Uning simptomlari quyidagilar: 1) m. dilatator pupillae falajlanishi hisobiga mioz; 2) m. tarsalis superior zararlanishi hisobiga ko‘z yorig‘i torayishi (ptoz); 3) m. orbitalis falajlanishi hisobiga ko‘z olmasi o‘tirishi (cho‘kishi) enoftalm.
Parasimpatik nerv sistemasi
Parasimpatik nerv sistemasi ham markaziy va periferik qismlardan iborat. Markaziy qismi mezentsefal, bulbar va sakral qismlarga ajratiladi. Periferik qismi esa preganglionar va postganglionar parasimpatik tolalar, vegetativ tugunlar, chigallar va uning tarmoqlaridan iborat. Simpatik nerv sistemasi tarkibiga kiruvchi vegetativ tugunlardan farqli o‘laroq, parasimpatik nerv sistemasi tarkibiga kiruvchi vegetativ tugunlar innervatsiya qilinuvchi a’zolarga yaqin joylashgan.
III nervning parasimpatik qismi. Mezentsefal sohada yotgan parasimpatik yadrolardan iborat bo‘lib, ular qorachiqni toraytiruvchi va akkomodiatsiyaga mas’ul kiprik muskulini innervatsiya qiladi.
Ko‘zning parasimpatik innervatsiyasi. Edinger-Vestfal va Perlia yadrolaridan boshlangan tolalar fissura orbitalis superior orqali ko‘z kosasi ichiga kirib tsiliar tugunga (ganglion ciliare) boradi. Tsiliar tugundan boshlangan postganglionar tolalar ko‘z olmasi ichiga kirib quyidagi ikkita yumshoq muskulga boradi: Edinger-Vestfal yadrosidan kelayotgan tolalar qorachiqni toraytiruvchi muskul (m.sphincter pupillae), Perlia yadrosidan kelayotgan tolalar akkomodatsiya funktsiyasini ta’minlovchi kiprik muskulini (m.ciliaris) innervatsiya qiladi.
Eslatib o‘tamiz, qorachiq reflektor yoyining afferent qismi II nerv tarkibida o‘tsa, efferent qismi III nerv tarkibida o‘tadi. Bunda Edinger-Vestfal yadrosi bilan bog‘liq yo‘llar qorachiq reflektor yoyining efferent qismi hisoblanadi. Efferent yo‘llar orqali o‘tuvchi motor impulslar m.sphincter pupillae tomon yo‘naladi.
Simptomlari. Qorachiqni toraytiruvchi muskul falajlanishi va simpatik innervatsiya oluvchi m. dilatator pupillae funktsiyasi kuchayishi hisobiga o‘choq tomonda midriaz rivojlanadi. Qorachiq reflektor yoyining efferent qismi izdan chiqqanligi bois, o‘sha tomonda qorachiq fotoreaktsiyasi so‘nadi. Kiprik muskuli falajlanishi hisobiga, akkomodatsiya funktsiyasi izdan chiqadi.
VII nervning (aniqrog‘i n. intermedius, XIII nerv) parasimpatik qismi. Ko‘prikda joylashgan yuqori so‘lak ajratuvchi yadrodan (nucleus salivatorius superior) iborat.
IX nervning parasimpatik qismi. Uzunchoq miyada yotgan n. glossopharyngeus ning pastki so‘lak ajratuvchi yadrosidan (nucl. salivatorius inferior) preganglionar tolalar boshlanadi va quloq oldi so‘lak bezlarini innervatsiya qiladi.
X nervning parasimpatik qismi. Nucl. dorsalis nervi vagi dan boshlangan preganglionar tolalar X nerv tarkibida bosh, ko‘krak qafasi va qorin bo‘shlig‘ida joylashgan parasimpatik tugunlarga boradi. Ulardan boshlangan postganglionar tolalar yurak muskullari, qon tomirlar va ichki a’zolarning yumshoq muskullarini innervatsiya qiladi.
Parasimpatik nerv sistemasining dumg‘aza qismi. Ta’kidlab o‘tganimizdek, S2-S4 spinal segmentlarning yon shoxlarida joylashgan. Uning aksonlari preganglionar tolalarni tashkil qiladi va oldingi spinal ildizchalar tarkibida orqa miyani tark etadi. So‘ngra bu tolalar tosning ichki a’zolari nervlari (nn. splanchnici pelvini) sifatida sigmasimon ichak, to‘g‘ri ichak va qovuqni innervatsiya qiladi.
Vegetativ nerv sistemasi funktsiyasi
Simpatik va parasimpatik nerv sistemasi funktsiyasi bir-biriga qarama-qarshi faoliyatdan iborat (12.1-jadval).
12.1-jadval. Simpatik va parasimpatik nerv sistemasi funktsiyalari
Ichki a’zolar | Simpatik nerv sistemasi qo‘zg‘alishi | Parasimpatik nerv sistemasi qo‘zg‘alishi |
Qorachiqlar | Kengayadi | Torayadi |
Yurak urishlari | Tezlashadi | Sustlashadi |
AQB | Oshadi | Pasayadi |
Qon tomirlar | Torayadi | Kengayadi |
Bronxlar | Kengayadi | Torayadi |
Bezlar sekretsiyasi | Sustlashadi | Kuchayadi |
Ichaklar peristaltikasi | Sustlashadi | Tezlashadi |
Qovuq muskullari | Qisqaradi | Bo‘shashadi |
To‘g‘ri ichak sfinkteri | Qisqaradi | Bo‘shashadi |
Aytish joizki, teridagi umumiy sezgining segmentar innervatsiyasi, simpatik innervatsiya bilan mos kelmaydi. Buni bilish topografik tashxis qo‘yishda yordam beradi (12.2-jadval).
Tana sohalari | Segmentar innervatsiya | |
Umumiy sezgi | Simpatik innervatsiya | |
Bosh va bo‘yin | C1 – C3 | C8 –Th3 |
Qo‘llar | C5 – Th2 | Th4 –Th7 |
Tana | Th3 – Th12 | Th8 – Th14 |
Oyoqlar | L1 – S2 | Th14 – L2 |
Gipergidroz lokal va umumiy bo‘lishi mumkin. Lokal gipergidroz ko‘pincha idiopatik hususiyatga ega bo‘lib, kaft, bosh va qo‘ltig‘ostida ko‘p uchraydi. O‘smirlik yoshida boshlangan bunday terlash, odatda yosh o‘tgan sayin kamayib boradi.
Angidroz, ya’ni terlashning yo‘qolishi, asosan, simpatektomiyalar sababli ro‘y beradi. Masalan, bunday operatsiyalar Reyno kasalligida o‘tkaziladi. Kaftlar va qo‘ltig‘osti terlashidan aziyat chekadiganlar simpatektomiya operatsiyasiga murojaat qilishadi.
Zaxarin-Xed sohalari. Ichki a’zolarda kuzatiladigan og‘riqlar simpatik va parasimpatik yo‘llar orqali vegetativ markazlarga yo‘naltiriladi. Shuningdek, bunday og‘riqlar ichki a’zo joylashgan proektsiyada emas, balki undan chekkaroqlarda aks etadi. Teridagi bu joylarga Zaxarin-Xed sohalari deb aytiladi (14.10-rasm).
Yuqoridagi, ya’ni 12.3-jadvalda ko‘rsatib o‘tganimizdek, umumiy segmentar sezgi bilan vegetativ (simpatik) sezi innervatsiyasi aksariyat hollarda bir-biriga mos kelmaydi. Nafaqat nevrologiya amaliyotida, balki ichki kasalliklar, shu jumladan psixosomatik kasalliklarda Zaxarin-Xed sohalarini bilish katta diagnostik ahamiyat kasb etadi.
Vegetativ funktsiyalarni tekshirish
Aksariyat nevrologik va somatik kasalliklar VNS disfunktsiyasi bilan kechadi. Tekshiriladigan vegetativ funktsiyalar quyidagi jadvalda keltirilgan (12.3-jadval).
Vegetativ funktsiyalar va sinamalar |
|
Vegetativ buzilishlar. Ko‘p terlash (gipergidroz) yoki kam terlash (gipogidroz), so‘lak ajralishi kuchayishi (gipersalivatsiya), og‘iz qurishi (giposalivatsiya), ko‘z qurishi (kseroftalmiya), nafas ritmi buzilishi (bradipnoe, taxipnoe), yurak ritmi buzilishlari (taxikardiya, bradikardiya, aritmiya), yurak sanchishi, sinkopal holatlar, yuz va tananing qizib ketishi, ko‘ngil aynishi, jig‘ildon qaynashi, ich buzilishlari (qabziyat, diareya, meteorizm), tez-tez siyish (pollakuriya), libido susayishi, hayz tsikli buzilishi, semirish yoki ozib ketish, qon bosimning «o‘ynab turishi», oyoq-qo‘llar sovuq qotib muzlab yurishi, turli periferik shishlar paydo bo‘lishi, uyqu buzilishlari (ko‘p uxlash yoki uxlay olmaslik), tana harorati ko‘tarilishi (hech qanday infektsion omillarsiz), qo‘llarda titroqlar, fobiya va xavotir kabi simptomlar vegetativ markazlar disfunktsiyasi hisobiga ivojlanadi. Ushbu simptomlarning qay tarzda namoyon bo‘lishi simpatik yoki parasimpatik vegetativ markazlarning ustuvorligiga bog‘liq.
Albatta akrotsianoz, angionevrotik shish, Gorner sindromi (ptoz, mioz, enoftalm), trofik o‘zgarishlar va dermografizm bor-yo‘qligiga e’tibor qaratiladi. Vegetativ sinamalardan Danini-Ashnerning ko‘z-yurak refleksi va ortoklinostatik sinamalar o‘tkaziladi.
Danin-Ashnerning ko‘z-yurak refleksi. Sinaluvchi gorizontal holatda yotqiziladi. Uning ko‘z olmalariga ikkala barmoq bilan 20-30 soniya mobaynida sekin-asta sezilarli darajada bosib turiladi (12.6-rasm).
Normada puls bir daqiqaga 8-9 ta urishga kamayadi. Masalan, tomir urishi 80 bo‘lsa, u 70 ga tushadi. Bunday paytda ushbu refleks musbat hisoblanadi. | |
12.6-rasm. Danin-Ashner refleksini tekshirish usuli | |
Parasimpatik tonus ustuvorligida, ya’ni vagotonikda puls 16-20 urishga kamayadi, simpatik tonus ustuvorligida puls o‘zgarmasdan qoladi yoki biroz tezlashadi. Agar ushbu sinamada puls tezligi o‘zgarmasa, refleks manfiy deb yoziladi.
Solyar refleks. Sinaluvchi gorizontal holatda yotqiziladi (12.7-rasm).
So‘ngra quyosh chigaliga rasmda ko‘rsatilganidek ikkala qo‘l bilan 20-30 soniya mobaynida bosib turiladi. Normada AQB biroz pasayadi va puls 5-9 urishga kamayadi. | |
12.7-rasm. Solyar refleksni tekshirish usuli |
Klinostatik sinama. Sinaluvchi 5 daqiqa mobaynida tik holatda turadi. Bu paytda u tinch holatga moslashib oladi va uning pulsi sanaladi. So‘ngra unga gorizontal holatgda yotqiziladi va 15 soniya mobaynida tomir urishi sanaladi. Sog‘lom odamda puls 8-12 urishga kamayadi. Odam vertikal holatdan gorizontal holatga o‘tganda VNS ning parasimpatik qismi faollashadi va puls kamayad. Masalan, vertikal holatda turgan sinaluvchining tomir urishi 90 bo‘lsa, gorizontal holatga yotizilsa, uning pulsi 78-80 ga tushadi. Bu sog‘lom odamda kuzatiladigan normal holat. Vegetativ labillikda puls 12-15 dan oshiq tushib ketadi.
Ortostatik sinama. Gorizontal holatda yotgan sinaluvchining pulsi o‘lchanadi. So‘ngra undan vertikal holatga o‘tish so‘raladi. Normada puls 12-16 urishga tezlashadi. Tomir urishi bir daqiqaga 16-18 dan oshib ketsa, demak sinaluvchida simpatik qo‘zg‘aluvchanlik kuchli. Bu patologik holat. Demak, ortostatik sinama VNS ning simpatik qismi qo‘zg‘aluvchanligini baholaydi.
Mahalliy dermografizm. Tashqi ta’sirotlarga javoban teri rangi o‘zgarishiga dermografizm deyiladi. Mahalliy dermografizm terini o‘tmas narsa bilan chizib chaqiriladi. Bir necha soniyadan so‘ng chizilgan joyda oqimtir yoki qizil dog‘ paydo bo‘ladi (12.8 (a)-rasm). Simpatik tonus ustuvorlik qiluvchilarda chizilgan joy oqarib, vagotoniklarda qizarib qoladi. Bu sinamani bilak, ko‘krak sohasi yoki ikkala kurak orasida tekshirish mumkin. VNS ning kuchli disfunktsiyasida chizilgan joy qizarib bo‘rtib qoladi.
a | b |
12.8 (a)-rasm. Mahalliy dermografizm. Bolg‘achaning o‘tmas uchi bilan chizilgandan qolgan iz. | 12.8 (b)-rasm. Reflektor dermografizm. To‘g‘nog‘ichning o‘tkir uchi bilan chizilgandan qolgan iz. |
Reflektor dermografizm. To‘g‘nog‘ichning o‘tkir uchi bilan teriga chizib chaqiriladi. Bunga javoban biroz kengaygan qizil chiziq paydo bo‘ladi ((12.8 (b)-rasm). To‘g‘nog‘ichni kuchli bosish tavsiya etilmaydi! Reflektor dermografizmni tekshirish orqali spinal vegetativ tuzilmalar holati o‘rganiladi. Periferik kapillyarlar kengayishi uchun javob beradigan spinal vegetativ markazlarning organik zararlanishlarida reflektor dermografizm chaqirilmaydi. Kuchli vegetativ disfunktsiyalarda chizilgan joy ortiqcha qizarib bo‘rtib qoladi va uzoq saqlanadi.
Pilomotor refleks. Terining ma’lum bir joyiga (masalan, elkaga) efir yoki sovuq suv sepiladi. Bunga javoban g‘oz terisiga o‘xshash holat paydo bo‘ladi. Bu refleksni terini chimchillab ham chaqirish mumkin. Pilomotor refleks qattiq qo‘rqqanda va sovuq qotganda ham chaqiriladi. Bu refleks spinal reflekslar sirasiga kiradi. Shu bois orqa miya kasalliklarida ushbu refleks sustlashadi yoki so‘nadi.
Manba: © Z. Ibodullaev. Umumiy nevrologiya. Darslik. Toshkent, 2021.,312b
© Ibodullaev entsiklopediyasi
© asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha