Vagotoniklar
Sayyor nerv (n.vagus) miya ustunida joylashgan parasimpatik nerv sistemasi yadrolarining eng muhim qismidir. N.vagus tarmoqlari aksariyat ichki a’zolar va sistemalarni innervatsiya qiladi, ularning faoliyatini boshqarishda bevosita ishtirok etadi. Shuning uchun ham “parasimpatikotoniya” atamasi o‘rniga “vagotoniya” atamasi ko‘p qo‘llaniladi. Vagotoniklarda simpatikotoniklarga xos xulq-atvorning aksini ko‘rish mumkin. Ularda apatiya, asteniya va melanxoliya ustuvorlik qiladi. Ortiqcha hissiy va jismoniy zo‘riqishlar vagotoniklar ish faoliyatini susaytirib yuboradi.
Vagotoniklar ishtahasi sust bo‘lsa-da, semirishga moyil odamlar hisoblanadi. Buning asosiy sababi moddalar almashinuvi sustligidir. Ular “suv ichsam ham semiraman” deb shikoyat qiluvchilar toifasiga kiradi. Vagotoniklarning jahli chiqsa, qorachiqlari torayadi, yurak urishi sekinlashadi, AQB tushib ketadi, boshi aylanadi, ko‘ngli ayniydi va quloqlari shang‘illay boshlaydi. Bunday paytlarda sinkope rivojlanishi ham mumkin. Stress paytida havo etishmay qolishi, bo‘g‘ilish, tomoqda biror narsa turgandek kabi holatlari ham kuzatiladi.
Vagotoniklarda chuqur xo‘rsinib qo‘yishlar ko‘p uchraydi. Odamlar gavjum va havosi dimiqqan joylar ularga yomon ta’sir qiladi, sovuqqa ham chidamsiz bo‘lishadi. Shu bois vagotoniklar radikulalgiya va artralgiyalarga moyil kishilardir. Tunda kuzatiladigan “bezovta oyoqlar” hamda surunkali charchash sindromlari, akrotsianoz, terining marmar tusda bo‘lishi, kuchli qizil dermografizm, ko‘p terlash, terining yog‘li va nam bo‘lishi ham vagotoniklar uchun juda xos. Ertalab uyg‘onganda ularning yuz-ko‘zlari biroz shishgan va ko‘zlar tagi salqigan bo‘ladi. Chunki bu odamlarda suyuqlikning organizmda ushlanib qolishiga moyillik bo‘ladi. Ba’zida ayollar “shishib ketyapman” deb diuretiklar ichishni xush ko‘rishadi va nefrolog yoki endokrinolog qabuliga ko‘p qatnashadi. Vagotoniklarni gipersalivatsiya (ayniqsa, tunda), spastik kolit, ba’zida diareya, ovqatning qiyin hazm bo‘lishi va abdominalgiyalar ham bezovta qiladi. Bunday shikoyatlar bilan ular terapevtlarga tez-tez murojaat qilishadi.
Vagotoniklarda yurak muskullari tonusi pasaygan va yurak toni bo‘g‘iq bo‘ladi. EKG da sinusli bradikardiya (ba’zida, bradiaritmiya yoki ekstrasistoliya) aniqlanadi, R-Q intervali cho‘zilgan, ST segmenti izometrik chiziqdan yuqoriga siljigan va T tish ampitudasi kattalashgani aniqlanadi.
Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.
©Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. Darslik., 2-nashr., T.; 2021., 960b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y; ©asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha