Gallyutsinatsiya


Gallyutsinatsiya deb, aslida bemor oldida mavjud bo‘lmagan ob’ekt va hodisalarni idrok qilishga aytiladi. Gallyutsinatsiyalar bosh miya po‘stlog‘ida inert qo‘zg‘alishning paydo bo‘lishi va uning dominantlik vazifasini bajarib turishi bilan tushuntiriladi. Inert qo‘zg‘alish bosh miya po‘stlog‘ining umumiy tormozlanishi oqibatida yuzaga keladi. Bosh miyada moddalar almashinuvi buzilishi ham gallyutsinatsiyaga olib kelishi mumkin. Ko‘rish, eshitish, hid va ta’m bilish hamda umumiy sezgi bilan bog‘liq bo‘lgan gallyutsinatsiyalar farqlanadi.

Gallyutsinatsiyalar soxta tasavvur hisoblanadi. Chunki ular atrof-muhitda mavjud bo‘lmasa ham bemor xayolida paydo bo‘laveradi. Ba’zan bemorga o‘zi idrok qilayotgan narsa, hodisalar haqiqatan ham bordek tuyuladi. O‘zi ham bunga ishonadi. Gallyutsinatsiyalar shizofreniya kasalligida ko‘p kuzatiladi. Nevroz bilan xastalangan va tez-tez affekt holatiga tushib turadigan bemorlarda ham gallyutsinatsiyalar bo‘lib turadi. Gallyutsinatsiyalar sog‘lom odamda ham kuzatilishi mumkin. Masalan, sahroda adashib qolib bir o‘zi ketayotgan odamga suv, qishloq, daraxtzor yoki u tomonga yurib kelayotgan odam ko‘rinadi. Ko‘ruv gallyutsinatsiyasida bemorning ko‘z oldida aslida yo‘q bo‘lgan narsalar namoyon bo‘ladi. Narsalar yo katta (makropsiya), yo kichik, (mikropsiya) bundan tashqari, bu narsalarning shakli ham qiyshiq va noaniq bo‘lib ko‘rinadi. Gallyutsinatsiyalar nafaqat psixoz yoki nevrozlarda, balki bosh miya po‘stlog‘ini ta’sirlantiruvchi organik kasalliklarda (masalan, o‘smalarda) ham kuzatilib, muhim diagnostik ahamiyatga ega.

Eshitish gallyutsinatsiyalari ham turli-tuman bo‘ladi. Eshitish gallyutsinatsiyasi deb, aslida yo‘q bo‘lgan tovushlar (gap, so‘z)ning bemor qulog‘iga eshitilishiga aytiladi. Tovushlar jarangdor, bo‘g‘iq, uzoq yoki yaqindan, pastdan yoki tepadan kelgandek bo‘lib tuyuladi. Shunga yarasha bemor boshini tovush kelgan tomonga buradi yoki yurib boradi. Verbal gallyutsinatsiyalar, ayniqsa, bemor uchun xavflidir. Har tomondan keluvchi ovozlar bemorga tahdid soluvchi, buyruq beruvchi tarzda bo‘lib, bemorni yurib borayotgan avtomobil tagiga tashlashni, tomdan sakrashni, o‘ziga yoki birovga pichoq sanchishni, sevimli farzandini o‘ldirishni buyuradi. Bular imperativ gallyutsinatsiyalardir. Bunday ovozlar hadeb takrorlanaversa, bemor uni bajarib qo‘yishi mumkin. Bu ovozlar tanish yoki notanish odamning, ayol yoki erkak kishining ovozi sifatida namoyon bo‘ladi. Ovozlar bir marta paydo bo‘lib, to‘xtab ham qoladi. Bemorning qilgan ishlarini ma’qullovchi yoki tanqid qiluvchi ovozlar ham eshitiladi. 

Taktil gallyutsinatsiyalarda bemor xuddi terisida biror narsa o‘rmalab yurgandek ust-boshini qoqaveradi. Hid va ta’m bilish gallyutsinatsiyalarida bemor badbo‘y narsalar hidi va ta’mini sezadi. Gipnogogik gallyutsinatsiyalar bemor ko‘zini yumib uxlamoqchi bo‘lganda kuzatiladi. Bunda uning ko‘z oldida har xil qo‘rqinchli narsalar, hayvonlar, yomon odamlar paydo bo‘ladi. Ko‘zini ochsa yo‘qoladi. Bu holat qo‘rqoq bolalarda ko‘p uchraydi.

Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.  
           © Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y;
              ©asab.cc)

Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив