Gemodinamik insult
Gemodinamik insult – AQB va miya tomirlarida perfuzion bosimning keskin tushib ketishi sababli rivojlanadigan ishemik insultning asosiy sabablari – miokard infarkti, yatrogen arterial gipotenziya va gipovolemiyadir. Gemodinamik insult rivojlanishida ekstra- va intrakranial arteriyalarning stenotik zararlanishlari o‘rni ham katta. Bunday holatlarda miya tomirlarida perfuzion bosim past bo‘ladi va AQB tushib ketishi miya autoregulyatsiyasini izdan chiqarib, gemodinamik insult rivojlanishiga turtki bo‘ladi. Miokard infarktida yurakning zarbali hajmi (YuZX) kamayishi hisobiga yurakning daqiqali hajmi (YuDX) ham kamayadi va AQB keskin pasayadi. Bu esa ekstra- va intrakranial tomirlarda stenotik o‘zgarishlar bo‘lgan bemorlarda darrov gemodinamik insult rivojlanishiga sababchi bo‘ladi. Miokard infaktida har doim ham gemodinamik insult rivojlanavermaydi. Buning asosiy sabablaridan biri – miyani qon bilan ta’minlovchi arteriyalarda ateroskletik o‘zgarishlarning bo‘lmasligidir.
Ekstrakranial tomirlarning king-king, koyling va halqali buralishlari tipidagi anomaliyalar, Villiziy aylanasi yopilmay qolishi va arteriyalar gipoplaziyasi ham gemodinamik insult rivojlanishi sababchisidir. Shu bois, AQB, YuDX va YuZX kabi gemodinamik ko‘rsatkichlar keskin pasayib yoki kamayib ketishi gemodinamik insult rivojlanishiga turtki bo‘ladi. Gemodinamik insult, shuningdek, AQB ning fiziologik pasayib ketishlarida ham rivojlanadi. Bu holat ko‘pincha uyqu paytida, issiq vanna qabul qilganda, to‘yib ovqatlanganda va shu kabi boshqa holatlarda ro‘y beradi. Bunday bemorlarda ko‘pincha miyada qon aylanishning surunkali ishemiyasi va miya autoregulyatsiyasi sustligi aniqlanadi. Demak, tunda ro‘y bergan va ertalab uyg‘onganda bir tomoni falajlanib qolgan bemorda, odatda, gemodinamik insult rivojlangan bo‘ladi. Stenoz qaysi tomonda ko‘proq rivojlangan bo‘lsa, gemodinamik insult ham o‘sha tomonda ro‘y beradi va ishemik jarayon arteriyalarning terminal qismlaridan boshlanadi. Chunki perfuzion bosimning tushib ketishi dastlab arteriyalarning chekka qismlarida aks etadi. Bu sohalar miyaning oldingi, o‘rta va orqa arteriyalari tarmoqlari tutashadigan joylar, ya’ni ushbu arteriyalar hamkorlikda qon bilan ta’minlaydigan sohalardir.
Manba: © Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b.
© Z. Ibodullayev. Insult va koma. Qo`llanma. Toshkent, 2013., 193 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi
© asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha