Gemoreologik insult
Gemoreologik insult – qonning reologik xususiyatlari buzilishi sababli rivojlanadigan ishemik insult. Uning asosiy sabablari – politsitemiya, trombotsitoz, fibrinoliz, disproteinemiya, antifosfolipid sindrom, ayollarda uzoq davom etuvchi disgormonal qon yo‘qotishlar. Gemoreologik insult rivojlanishida AS (ateroskleroz), AG (arterial gipertenzia), QD (qandli diabet) va aritmiya kabi kasalliklar ahamiyatli emas. Gematologik buzilishlar, ayniqsa, koagulopatiyalar gemoreologik insult rivojlanish xavfini bir necha barobarga oshiradi. Politsitemiya (gematokrit ko‘rsatkichi 0,47-0,5 dan oshsa) qonning yopishqoqligi oshishi va trombotsitlar agregatsiyasi bilan namoyon bo‘ladi. Antifosfolipid sindrom ham gemoreologik insult rivojlanishida etiologik omillardan biri sanaladi. Bu sindrom, ayniqsa, immun sistema buzilishi bilan kechadigan kasalliklar va patologik holatlarda ko‘p aniqlanadi. Bular revmatoid artrit, Shegren sindromi, Takayasu arteriiti va h.k. Antifosfolipid sindrom trombotsitopeniya, gemolitik anemiya va shu kabi boshqa koagulopatiyalar bilan kechadi.
Gemoreologik insultda qon yopishqoqligi va fibrinogen miqdori oshadi, trombotsitlar agregatsiyasi kuzatiladi, eritremiya paydo bo‘ladi, gomeostaz sistemasi izdan chiqadi. Gemoreologik insult miyada kichik ishemik o‘choqlar bilan namoyon bo‘ladi, ya’ni bu insult uchun katta o‘choqli ishemiyalar xos emas. Neyrovizualizatsiya tekshiruvlariga qaraganda, laborator tekshiruvlar gemoreologik insult etiologiyasini aniqlashda ko‘proq yordam beradi.
Manba: ©Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b.
©Z. Ibodullayev. Nevrologiya. Qo`llanma., Toshkent, 2017., 404 b.
©Z. Ibodullayev. Insult va koma, Toshkent, 2013., 193 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi ©asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha