GEMOFIL TAYoQChALAR ChAQIRGAN MENINGIT
Gemofil tayoqchalar chaqirgan meningit bakterial meningitlar ichida uchrashi bo‘yicha 3-o‘rinda turadi. Meningitning bu turi ham o‘tkir yiringli meningitlar sirasiga kiradi.
Etiologiyasi. Meningit chaqiruvchisi – gemofil tayoqchalar (Haemophilus influenzae, Pfeyffer tayoqchalari). Pfeyffer tayoqchalari chaqirgan meningit 85–90% holatlarda 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarda kuzatiladi, shu jumladan, 1 yoshgacha bolalar 30% ni tashkil qiladi. Bular birlamchi meningitlar sirasiga kiradi. Bu meningit 5 yoshdan oshgan bolalarda ham uchraydi va, ko‘pincha, yiringli otit, sinusit, kalla suyagi sinishi sababli yuzaga keladi. Bu esa ikkilamchi yiringli meningit bo‘lib, 10–15% ni tashkil qiladi. Kasallik patogenezi boshqa o‘tkir yiringli meningitlar patogenezi kabi namoyon bo‘ladi.
Klinikasi. Kasallik, odatda, uncha o‘tkir boshlanmaydi. Tana harorati 38–39°S ga oshadi va O‘RI belgilari paydo bo‘ladi. Oradan 3–4 kun o‘tgach, tana harorati 41°S gacha ko‘tariladi, bosh og‘rig‘i kuchayadi va bola ketma-ket qusadi. Meningeal simptomlar va tutqanoq xurujlari vujudga keladi. Bemor hushini yo‘qota boshlaydi va koma rivojlanadi. O‘choqli nevrologik simptomlardan amavroz, g‘ilaylik, karlik, ataksiya va falajliklar ko‘p kuzatiladi.
Agar meningokokk va pnevmokokklar chaqirgan meningitlarda yaqqol ifodalangan meningeal simptomlar kasallikning birinchi kuniyoq paydo bo‘lsa, gemofil tayoqchalar chaqirgan meningitda ular biroz kech, ya’ni 1–2 kundan so‘ng namoyon bo‘ladi. Bu esa to‘g‘ri tashxis qo‘yishni biroz kechiktiradi.
Tashxis. Aniq tashxis qon va likvorda Haemophilus influenzae aniqlanishi orqali qo‘yiladi. Shuningdek, PZR usulidan ham foydalaniladi.
Prognoz. Tashxis kech qo‘yilgan paytlarda o‘lim darajasi juda yuqori, ya’ni 80% ga yetadi. Zudlik bilan erta boshlangan davolash muolajalarida o‘lim deyarli kuzatilmaydi. Ba’zida, ya’ni 10–20% holatlarda o‘choqli nevrologik va neyropsixologik asoratlar qoladi.
Manba: © Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b.
© Z. Ibodullayev. Nevrologiya. Qo`llanma. Toshkent, 2017., 404 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi
© asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha