GERPETIK MENINGIT


Etiologiyasi. Gerpetik infektsiyalarda kuzatiladigan meningit chaqiruvchilari 2-tipga kiruvchi oddiy gerpes virusi (OGV-2), suvchechak va belbog‘ gerpes viruslaridir. Asosan, jinsiy a’zolarning shilliq qavatini zararlovchi OGV-2 seroz meningit rivojlanishiga sababchi bo‘ladi. Seroz meningit rivojlanishi uchun gerpetik infektsiya avj olishi kerak. Bu infektsiyaning qo‘zg‘alganligini jinsiy a’zolar sohasida pufakchali toshmalar va yarachalar toshganidan, bel-dumg‘aza sohasida radikulyar og‘riqlar paydo bo‘lganidan bilib olish mumkin. OGV-1 ko‘pincha uch shoxli nerv gangliyasini zararlaydi yoki entsefalit sababchisi bo‘ladi, OGV-2 esa orqa miyaning bel-dumg‘aza sohasi gangliyalarini zararlaydi.

Klinikasi. Kasallik klinikasi barcha o‘tkir seroz meningitlarga o‘xshab tez rivojlanadi. Tana harorati 39-40°C gacha ko‘tariladi. Kuchli bosh og‘rig‘i, ketma-ket qusish va meningeal simptomlar paydo bo‘ladi. Bemor hushini yo‘qota boshlaydi va komaga tushadi. Likvorda limfotsitar pleotsitoz aniqlanadi. Kuchli og‘riqlar fonida aseptik meningit belgilari o‘tkir tarzda paydo bo‘ladi. Genital toshmalar bel-dumg‘aza sohasida radikulyar og‘riqlar va meningeal simptomlar bilan birgalikda paydo bo‘lsa, gerpetik meningit rivojlanganlik ehtimoli juda yuqori.

Suvchechak va belbog‘ gerpes viruslari chaqirgan seroz meningitlar klinikasi ham OGV-2 chaqirgan meningit klinikasiga o‘xshab kechadi. Tashxis qo‘yish uchun meningitni qaysi virus chaqirganligini likvorda PZR usuli orqali tekshirib aniqlash mumkin. Asosiy davolash vositasi antivirus dorilarni tavsiya etishdan iborat. Bu maqsadda atsiklovirni 250 mg dan kuniga 4 mahal bir hafta mobaynida ichish buyuriladi. Shuningdek, simptomatik davolash muolajalari ham o‘tkaziladi.


Manba: © Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b. 
             © Z. Ibodullayev. Umumiy nevrologiya. Darslik. Toshkent, 2021., 312 b. 
             © Ibodullayev ensiklopediyasi
              © asab.cc

Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив