GERPETIK ENTsEFALIT
Gerpetik entsefalit birlamchi entsefalitlarga kiruvchi kasallik bo‘lib, uni oddiy gerpes virusi chaqiradi. Gerpetik entsefalit mavsumiy entsefalitlar guruhiga kirmaydi va epidemik tarzda uchramaydi. Bu kasallik yil bo‘yi deyarli bir xil tarqalgan va u barcha davlatlarda kuzatiladi. Gerpetik entsefalit bilan kasallanish 1 000 000 aholiga 2–4 kishini tashkil qiladi. Bu kasallik turli yoshda uchraydi.
Etiologiyasi va patogenezi. Barcha virusli entsefalitlarning deyarli 20% gerpetik infektsiyalar orqali chaqiriladi. Kasallanish, asosan, 5–30 yoshlarda uchraydi. Kam hollarda 50 yoshdan oshganlar kasallanishadi. Ma’lumki, oddiy gerpes virusining (OGV) 2 tipi farqlanadi: OGV-1 va OGV-2. Gerpetik entsefalitning deyarli 95% ini OGV-1 chaqiradi. Ekzogen tarzda tushgan virus MNS ga gematogen va perinevral yo‘llar orqali etib boradi va hidlov piyozchasi (bulbus olfactorius) orqali miyaga o‘tadi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, gerpetik entsefalitda bosh miya chakka bo‘lagining ikkala tomoni ko‘p zararlanadi. Gerpetik entsefalitlarda miya ustuni kam hollarda zararlanadi.
Klinikasi. Kasallik juda o‘tkir boshlanadi. Tana harorati 39–40°C ga ko‘tarilib, o‘tkir respirator infeksiya belgilari paydo bo‘ladi. Oradan 2–3 kun o‘tar-o‘tmay meningeal simptomlar rivojlanadi, bemor hushini yo‘qota boshlaydi. Ketma-ket tonik-klonik epileptik xurujlar va psixomotor qo‘zg‘alishlar paydo bo‘ladi. Gerpetik entsefalitning o‘tkir davridayoq o‘choqli nevrologik simptomlar, ya’ni monoparez, gemiparez, giperkinez va nutq buzilishlari rivojlana boshlaydi.
Tserebrospinal suyuqlikda yallig‘lanish reaktsiyalari aniqlanadi: limfotsitlar soni juda oshib ketadi, shuningdek, oqsil miqdori ham ko‘tariladi, biroq pleotsitoz ustunlik qiladi. Demak, gerpetik entsefalit uchun likvorda hujayra-oqsil dissotsiatsiyasi xos.
Tashxis. Yig‘ilgan anamnez klinik simptomlar va laborator tekshiruvlarga asoslanib qo‘yiladi. Immunoferment analiz (IFA), polimeraz zanjirli reaktsiya (PZR) va elektron mikroskopiya usullari keng qo‘llaniladi. Kasallikning o‘tkir davridayoq MRT da bosh miyaning turli sohalarida, ayniqsa, ichki kapsula va ekstrapiramidal yadrolar atrofida zichligi past patologik o‘choqlar paydo bo‘ladi.
Kechishi va prognoz. Kasallik juda og‘ir kechadi. Bir necha kun ichida bemor komaga tushadi. Bemor komada yotganda ham tana harorati yuqori bo‘ladi. Bu holat o‘tkir virusli infektsiyalar uchun xosdir. Kasallik 70–80% holatlarda o‘lim bilan tugaydi. Biroq antivirusli terapiya o‘z vaqtida va etarli miqdorda o‘tkazilsa, bemorning hayoti saqlab qolish mumkin. Antibiotiklar yordam bermaydi. Ular faqat ikkilamchi bakterial infektsiyalarning oldini olish yoki bartaraf etish uchun qo‘llaniladi. Ba’zida bemorlar hech qanday asoratsiz tuzalib ketishadi.
Ba’zan gerpetik entsefalitning nevrologik simptomlari surunkali tarzda namoyon bo‘la boshlaydi. O‘choqli nevrologik simptomlarning asta-sekin paydo bo‘lishi va MRT da patologik o‘choqlarning yuzaga kelishi gerpetik entsefalitni MNS o‘smalari bilan qiyoslashni talab etadi.
Asoratlari. Gerpetik entsefalit o‘tkazganlarda, ayniqsa, bolalarda turli darajada ifodalangan nevrologik va psixoorganik buzilishlar saqlanib qoladi, intellekt pasayadi. MRT da patologik o‘choqlarning hammasi ham so‘rilib ketmaydi, ya’ni nekrotik o‘choqlar saqlanib qoladi. EEG da katta amplitudali delta to‘lqinlardan iborat bioelektrik faollik aniqlanadi.
Manba: © Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b.
© Z. Ibodullayev. Umumiy nevrologiya. Darslik. Toshkent, 2021., 312 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi
© asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha