GIPERAKTIV SINDROM


Bola xulq-atvori buzilishi bilan namoyon bo‘ladigan bir qancha neyropsixologik va psixoemotsional buzilishlar majmuasiga giperaktiv sindrom deb aytiladi. Giperaktiv sindrom, ayniqsa, erta  maktab yoshidagi bolalarda ko‘p uchraydi. Ota-onalar bolasining bebosh bo‘lib qolgani, bir joyda o‘tira olmasligi, gapga quloq solmasligi, qo‘lidagi narsalarni hadeb tushirib yuborishi, sergapligi va uni hech tarbiyalab bo‘lmayotganligidan shikoyat qilishadi. Ular aksariyat hollarda bolani psixologga ko‘rsatmasdan tarbiyaning qattiq usullarini ishga solib «mayib» qilib qo‘yishadi.

Etiologiyasi. Homiladorlik davridagi turli kasalliklar, ya’ni o‘tkazilgan kuchli stresslar, anemiya, avitaminoz, virusli infektsiyalar homila rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shuningdek, tug‘ish paytidagi asoratlar, ilk bolalik davridan boshlab noto‘g‘ri tarbiya va, albatta, er-xotin orasidagi doimiy kelishmovchiliklar giperaktiv sindromning asosiy sabablari hisoblanadi.

Klinikasi. Giperaktiv sindromning asosiy belgilari bola irodasi, his-tuyg‘ulari va xulq-atvori buzilishlaridan iborat: 1) impulsiv harakatlar; 2) bir joyda tinch o‘tira olmaslik; 3) boshlagan o‘yinni oxiriga etkazmaslik; 4) birovning gapiga quloq solmaslik; 5) o‘z bilganidan qolmaslik, qaysarlik; 6) diqqatning pasayishi, uquvsizlik; 7) atrofdagilar ishiga va boshqa bolalar o‘yiniga aralashish, ularga xalaqit berish; 8) tez-tez janjal chiqarish, ukalariga azob berish yoki ularga butunlay befarqlik; 9) o‘zining narsalarini bog‘chada, maktabda yoki boshqa joyda unutib qoldirish; 10) berilgan savolga shoshib javob berish; 11) tez xafa bo‘lish, yig‘loqilik; 12) enurez; 13) boshi og‘rib turishi; 14) fikrining tez chalg‘ishi; 15) sergaplik.

Giperaktiv bolalarning aksariyati o‘z tengqurlaridan ilmi bo‘yicha ustunligi bilan ajralib turadi. Shunday bo‘lsa-da, ular darslarda yaxshi nutqqa ega bo‘lmasliklari, nozik harakatlar talab qiluvchi ishlarni bajara olmasliklari, yangi mashg‘ulotlarni o‘zlashtira olmasliklari mumkin. Ularning ba’zilari, umuman, rasm solishga no‘noq bo‘lsa, boshqa birlari (ayniqsa, chapaqaylari) juda kuchli rassom bo‘lishadi. Yuqorida sanab o‘tilgan simptomlarning 70 foizi aniqlangan bolalarga giperaktiv sindrom tashxisi qo‘yiladi.

Oila a’zolarining bunday bolalar bilan to‘g‘ri munosabatda bo‘lishi juda katta ahamiyatga ega. Giperaktiv boladagi ortiqcha impulsiv harakatlarni pasaytirish va ularni bir maromga keltirish ota-onadan sabr-toqatni talab qiladi. Ularning tarbiyasida bir tomondan keraksiz qattiqqo‘llikni, ikkinchi tomondan esa ortiqcha rahmdillikni kamaytirish lozim. Chunki o‘ta qattiqqo‘llik bolani battar qaysar va o‘jar qilib qo‘ysa, o‘ta rahmdillik undagi yig‘loqilik va erkalikni kuchaytiradi. Bolaga qo‘yilgan talab uning yoshiga mos bo‘lishi kerak. Undan o‘zi bajara olmaydigan ishlarni talab qilmaslik lozim. Bolani qanday tarbiyalash kerakligi to‘g‘risidagi bahslar uning yonida olib borilmaydi. Tarbiya faqat tanbehdan iborat bo‘lmasligi va boladagi har bir kamchilik unga yotig‘i bilan tushuntirilishi zarur.
Tibbiy psixolog ota-onaga giperaktiv bolani davolash uzoq vaqt davom etishini tushuntirishi va aniq ko‘rsatmalar berishi zarur. Bolaning xulq-atvoridagi o‘zgarishlarni faqat so‘zlar bilan emas, balki uning fikrini chalg‘ituvchi yumushlar, topshiriqlar bilan davolash o‘ta muhim. Buning uchun bola turli to‘garaklar va sportning o‘zi xohlagan turiga (suzish, gimnastika, tennis, futbol va h.k) qatnashi lozim. Sport bolaning xulq-atvoriga keskin ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Bolani sportga berishdan oldin uni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va aniqlangan kasalliklarni o‘z vaqtida davolash zarur. Chunki ko‘p hollarda giperaktiv sindrom boladagi bosh miya kasalliklari va turli surunkali infektsiyalar (tonzillit, gaymorit, otit va h.k) asorati ham bo‘ladi. 

Nevrolog olimlar boladagi giperaktiv sindromning asl sababi bosh miya  ba’zi to‘qimalarining tug‘ma etishmovchiligi va notekis rivojlanishi sababli deb ham qaramoqdalar. Bunday paytlarda, odatda, miyaning minimal disfunktsiyasi tashxisi qo‘yiladi. Ammo psixologlar bu fikrni inkor qilmagan holda giperaktiv sindromning asl sabablaridan yana  biri, noto‘g‘ri tarbiya deb hisoblashadi. Psixologlar og‘ir nevrologik va somatik kasalliklar bilan xastalangan, lekin giperaktiv sindrom aniqlanmagan bolalarni bunga misol qilib ko‘rsatishadi. Demak, tibbiy tomondan sog‘lom bo‘lgan bolalarda  ham giperaktiv sindromni kuzatish mumkin. 

Tibbiy-psixologik yordam ko‘rsatish. Giperaktiv bolalarni davolashda  ota-onalar faol ishtirok  etishlari va quyidagi maslahatlarga amal qilishlari zarur. Birinchidan, ota-ona bolaning «yomon qilig‘idan» so‘ng jahliga erk bermay va bolani urishib tashlamay, nima bo‘lganini aniqlab, bolani qo‘llab-quvvatlab, uning xatosini tushuntirib beradi. Ba’zan bu shart ham emas, chunki har gal uning xatosini tushuntiraverish teskari natija beradi. Xatoni tuzatishdan ko‘ra, uning oldini olish oson. Chunki biror narsaga intilgan bola xato qiladi. Shuning uchun ham uning intilishlarini rag‘batlantirish kerak. Ikkinchidan, ota-ona bolaga nisbatan qattiq va keskin iboralar, qo‘rqitishlardan o‘zini tiyishi, bolaga zarda qilmasligi va g‘azab bilan gapirmasligi kerak. Har qanday holatda ham uni kamsitmaslik kerak. «Yo‘q!», «Mumkin emas!», «Hali mendan ko‘rasan!», «Bas qil!» kabi iboralarni ko‘p ishlatmaslik lozim. Bolaga bu so‘zlar ta’sir qilmay, uni o‘jar qilib qo‘yadi. Ba’zi hollarda bola depressiyaga tushib, gapirmay qo‘yadi. 

Bu holat, ayniqsa 3-5 yosh bolalarda ko‘p kuzatiladi. Uchinchidan, iloji boricha bolaga alohida xona qilib berish va uni turli narsalar (o‘yinchoqlar, qiziqarli kitoblar, «lego» va shunga o‘xshash moslamalar) bilan boyitish zarur. Bolaning xonasidagi narsalar yaltiroq va qizil rangli bo‘lmagani ma’qul. Bolani uzoq davom etuvchi multfilmlar va kattalar ko‘ruvchi kinofilmlardan asrash kerak. Televizor oldida ko‘p o‘tirish va va kompyuter bilan ko‘p qolib ketish asab sistemasi va ruhiyatiga yomon ta’sir ko‘rsatadi. Bolani sport va musiqa to‘garaklariga berish va uning muvaffaqiyatlarini rag‘batlantirib borish zarur. 

Profilaktikasi. Shu erda mutafakkirlar tomonidan yozib qoldirilgan o‘gitlarni keltirib o‘tamiz.

Bolalar yashashni hayotdan o‘rganadilar. Agar bola tanqid qilinaversa, u nafratlanishni o‘rganadi, bola adovatda yashasa,  tajovuzkor, masxara qilinsa, indamas, odamovi bo‘lib qoladi,  hadeb tanqid qilinaversa, o‘zini gunohkor his qilib o‘sadi. Agar bola sabr-toqat, xotirjamlik bilan o‘stirilsa, u boshqalarni tushunishni o‘rganadi, qo‘llab-quvvatlansa, u o‘z kuchiga ishona boshlaydi, maqtalsa, u minnatdor bo‘lmoqlikni o‘rganadi. Agar bola vijdoniylik va halollikda ulg‘aysa, u adolatli inson bo‘lib etishadi, agar xavfsizlikda yashasa, u insonlarga ishonishni o‘rganadi. 

Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.  
           © Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y; 
             ©asab.cc

Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив