QIBLAGOHIM OTAM
Ko‘pchilik mendan otangiz haqida nega yozmaysiz, deb so‘rashadi. Otam – mening qiblagohim! Bor mehru-muhabbatimni otamga har qancha bag‘ishlasam ham oz. Otamni ta’riflash uchun dunyodagi barcha go‘zal so‘zlaru iboralar etarmikan?! Albatta, otam haqida yozmoqchi bo‘lib bir necha bor qog‘oz qoralaganman. Ammo qancha yozmay, ularning biror bir sifatlarini to‘la-to‘kis, batafsil yoritolmayotgandek, yozganlarimdan ko‘nglim to‘lmagan. Keyinroq yozarman, deb ko‘nglimga tugib qo‘ygandim. Chunki men hayotim davomida otamni har kuni kashf qilaman.
Otamga bag‘ishlab maqola yozishga jur’at qilmagan bo‘lsam-da, ularning o‘gitlari va uyimizda otam yaratgan sharoit haqida maqolalarimda bot-bot eslatib o‘tganman. Hozir otam haqida qisqa ma’lumot berib o‘tishni joiz deb topdim.
Otam juda oilaparvar inson edilar! To umrlarining oxirigacha onamga bo‘lgan mehr-muhabbatlarini dildan sezib yashaganmiz. Biror marotaba na men, na aka-ukalarim ota-onam orasidagi janjalni ko‘rgan emasmiz. Qiziq, o‘sha paytlari biz farzandlar hamma ota-onalar shunday yashaydi, deb o‘ylaganmiz. Onam yoki sakkizta o‘g‘il-qizdan birortamiz kasal bo‘lsak, otam o‘zlarini qo‘yarga joy topa olmasdilar. Hatto hozir men og‘rib qolsam, albatta, bezovta bo‘lib tushimga kiradilar, qaerga borsam yonimda hoziru-nozirlar, go‘yoki meni himoya qilib yuradilar! Oilamda quvonchli kun bo‘lsa yoki qandaydir bir yaxshi tadbir rejalashtirsam, o‘sha kuniyoq chiroyli kiyingan otam tushimga kiradilar, yonimda yuradilar. Mana ular vafot etganlariga deyarli 20 yil bo‘ldi, biroq qiblagohim ruhlari hanuz men bilan. Shuning uchun aytishsa kerak, ruh – tirik deb.
Otam o‘ta sodda va sofdil inson bo‘lganlar. Otamning qalbini oppoq daftarga o‘xshatardim. Maktabda til va adabiyot o‘qituvchisi bo‘lgan otam shu qadar iqtidorli edilar-ki, bu donishmand insonning suhbatidan bahramand bo‘lish uchun qishlog‘imizdagilar ularga intilardi. Xorazmga borsam, shogirdlari hanuzgacha otam haqida to‘lqinlanib gapirishadi.
Esimda, bir kuni otamni izlab maktabga bordim. Qarasam, skameykada yig‘lab o‘tirgan bitta bola bilan nimalarnidir yozib o‘tiribdilar. Keyin bilsam, bu bolakay otamga umuman aloqasi bo‘lmagan fandan ikki baho olgan, ya’ni matematika o‘qituvchisi uni hammaning oldida izza qilgan. Otam unga uy vazifasini echishga yordam berayotgan ekanlar.
Otam yozda dam olmaganlar. Har yili yozgi ta’til paytida otam, akam va men maktab devorlarini oqlar edik, rom va pollarni bo‘yardik. Buning uchun otamga maosh ham berilardi. Buning natijasida yoz oylarida oilamiz qo‘shimcha mablag‘ bilan ta’minlanar edi.
1982 yil. Maktabni tugatgan yilim. Toshkentga o‘qishga hujjat topshirishim kerak edi. Oilamiz moddiy tomondan juda qiynalib qoldi. Maktab tugagan zahoti otam bir-ikki qarindoshlar bilan qo‘shni respublikaga ishlagani ketganlar. Men otam kelgunlaricha kolxozda ishlashni davom ettiraverdim. Otam bir oycha ishlab pul topib qaytganlar. Ushbu pullarning yarmini uyga xarajat qildik. So‘ngra ertasi kuniyoq institutga hujjat topshirishga kech qolmaylik, deb shosha-pisha poezdga chiqqanmiz.
Oilaga yordam bo‘ladi deb akam, opam va sakkizinchi sinfdan boshlab men maktabdan keyin kolxozda ishlar edik. Otamning dam olib yotganlarini sira ko‘rmaganman. Umrlari maktab va mehnatda o‘tdi.
Otam mahallada qisqa muddat rais bo‘lganlar. “Qani domla, bugungi to‘yni ochib bering”, deb otamga so‘z berishsa, to‘y bo‘layotgan yigit-qizning ism-sharifini o‘sha zahoti bilib olib, hammani hayratlantirib to‘rt qator she’r to‘qib tashlardilar. Ba’zida bu to‘rtliklar uzun she’rga aylanib ketardi. Hamma gulduros qarsak chalib yuborardi. Ming afsuski, men yoki akam ularni yozib yurmaganmiz. Otamning mahalliy gazetalarda she’rlari, hikoyalari chop etib turilardi. Kichkinagina yon daftarchalariga ham she’rlarini yozib yurganlarini ko‘p ko‘rganman. Biroq ular saqlanib qolmagan.
Uyimizda katta kutubxona bor edi. Otam deyarli barcha gazeta va jurnallarga obuna bo‘lganlar. Oilamizda iqtisodiy jihatdan etishmovchilik bo‘lsa-da, uyga yangi kitob kelmagan kun yo‘q edi. Otam o‘zlariga yoqqan kitobni albatta sotib olardilar. Qiziqarli maqola o‘qib qolsalar, bizni yonlariga chaqirib, uzoq suhbat qurardilar . O‘zimiz ham jurnal va kitoblarni talashib-tortishib o‘qirdik. Masalan, o‘sha paytlari “Diyonat” va “Girdob” romanlari “Sharq yulduzi” jurnalida birin-ketin chop etilardi. Uning har bir sonini intiqlik bilan kutardik. Pochtalonning xaltasi uyimizga kelib bo‘shab qolardi. Pochtalon “Rajabboy aka bor ekan, men ishsiz qolmayman” deb hazillashardi.
Esimda, o‘tgan asrning 50-yillaridan boshlab barcha gazeta va jurnallar uyimizda bo‘lar, sarg‘ayib ketgan 30-40 yillik gazetalar taxlamini ham saqlab qo‘yardik. Otam Navoiy g‘azallarini va juda ko‘p she’rlarni yod bilardilar.
Otam bizni mehr bilan tarbiyalaganlar. Biroq menga mehrlari o‘zgacha bo‘lgan va mendan umidlari kata ekanini doim sezib turardim…
Toshkentda yashayotganimga 40 yil bo‘lib qolgan bo‘lsa-da, Xorazmda qolgan aka-ukalarim bilan deyarli suhbatlashmagan kun yoki hafta yo‘q. Biz bir-birimizga juda mehribonmiz, bunga esa faqat ota-onam sababchi.
Avval opam, so‘ngra ukamning uzoq davom etgan og‘ir dardlari otamning ruhini cho‘ktirib, belini bukib qo‘ydi. Ollohning sinovlari shu ekan, deb taqdirga tan bergan otam oxir-oqibat o‘zlari og‘ir dardga yo‘liqdilar. Tinmay davolanishlar natija bermadi…
Bu dunyoda nimagaki erishgan bo‘lsam va mendagi bor yaxshi xislatlar uchun Otam va Onamdan minnatdorman! Joylari jannatda bo‘lsin!
Manba: © Z. Ibodullayev. Asab va ruhiyat., 4-nashr. Ilmiy-ommabop risola. T, 311 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi
© asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha