QIZILChADA ENTsEFALIT
Qizilcha – terida rozeolali va papulyoz toshmalar, engil intoksikatsiya va gipertermiya bilan namoyon bo‘luvchi o‘tkir virusli kasallik. Kasallik 9 yoshgacha bo‘lgan bolalarda uchraydi.
Etiologiyasi. Kasallikni togaviridae oilasiga mansub RNK saqlovchi virus chaqiradi.
Klinikasi. Entsefalit belgilari terida toshmalar toshgandan so‘ng 3–5 kun o‘tgach paydo bo‘ladi. Entsefalit rivojlanishi qizilchaning og‘irlik darajasiga bog‘liq emas, ya’ni entsefalit engil kechadigan qizilchada ham rivojlanishi mumkin. Kasallik o‘tkir boshlanadi. Tana harorati ko‘tariladi, kuchli bosh og‘rig‘i va qusishlar vujudga keladi. Psixomotor qo‘zg‘alishlar, asosan, gallyutsinatsiya va deliriyalar bilan namoyon bo‘ladi. Keyinroq bola hushini yo‘qota boshlaydi, sopor va koma holatiga tushadi.
Nevrologik buzilishlar meningeal simptomlar, epileptik xurujlar, gemiparez, giperkinez, koordinator buzilishlar va kranial nevropatiyalar (shu jumladan, bulbar falajlik belgilari) bilan namoyon bo‘ladi. Bu simptomlarga mielitik belgilar ham qo‘shilishi mumkin.
Tashxis. Kasallikning klinik belgilari xuddi qizamiqda kuzatiladigan entsefalitga o‘xshab ketadi. Qizilchada nevrologik buzilishlar topografiyasiga qarab, meningoentsefalit, entsefalit va entsefalomielit tashxislari qo‘yiladi. Tashxis epidemiologik anamnez, klinik simptomlar va serologik tekshiruvlar yordamida aniqlanadi.
Davolash. Davolash muolajalari xuddi qizamiqda kuzatiladigan entsefalitning davolash usullariga o‘xshaydi.
Prognoz. To‘la va qisman tiklanish deyarli 80%, o‘lim holatlari 20% ga teng.
Manba: © Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi
© asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha