Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi Qadoqsimon tana va uning patologiyasi

Qadoqsimon tana va uning patologiyasi


Corpus callosum chap va o‘ng yarim-sharlarni bog‘lovchi zich joylashgan tolalardan tashkil topgan. Ularga komissural tolalar deyiladi. Qadoqsimon tananing oldingi, o‘rta va orqa qismlari farqlanadi.
Chap va o‘ng tomondagi peshona po‘stlog‘ini bog‘lovchi tolalar qadoqsimon tananing oldingi, ya’ni tizza qismidan o‘tadi. Parietal po‘stloqni bog‘lovchi tolalar qadoqsimon tananing markaziy qismidan o‘tsa, chakka va ensa bo‘laklarini bog‘laydigan tolalar uning orqa qismidan o‘tadi.
Qadoqsimon tana zararlanishi
Qadoqsimon tananing oldingi, o‘rta va orqa qismlari zararlanishi simptomlari bir-biridan farq qiladi. 
Oldingi qismi zararlanishi. Qadoqsimon tananing oldingi qismidan chap va o‘ng peshona bo‘laklarini o‘zaro bog‘lovchi komissural yo‘llar o‘tganligi bois, ushbu soha zararlanishi belgilari xuddi peshona sindromiga o‘xshaydi. Bular – astaziya-abaziya, retsiprok koordinatsiya buzilishi, akineziya, chap qo‘l apraksiyasi, tajovuzkorlik, apatiya, abuliya, xotira va tafakkur buzilishlari. Kortikonuklear yo‘llar zararlanishi sababli psevdobulbar sindrom (disfagiya, dizartriya, disfoniya) rivojlanadi. Tos a’zolari sfinkteri disfunktsiyasi ham aniqlanadi. 
O‘rta qismi zararlanishi. Bu qismidan ikkal tomondagi parietal pushtalarni bog‘lovchi yo‘llar o‘tganligi uchun, bu soha zararlanganda yuzaga keladigan simptomlar parietal sindromga o‘xshab ketadi. Bular tana sxemasi buzilishi, chap qo‘l apraksiyasi, astereognoziya, optik-fazoviy buzilishlar, amnestik sindrom, “avval ko‘rganlik va hech qachon ko‘rmaganlik” fenomeni. Ruhiy buzilishlar sustroq ifodalangan bo‘ladi.
Orqa qismi zararlanishi. Ikkala ensa bo‘lagini bog‘lovchi ushbu soha zararlanishida ko‘ruv agnoziyasi, akalkuliya, aleksiya, diskopiya-disgrafiya sindromi, ya’ni chap qo‘l bilan yoza olmaslik va o‘ng qo‘l bilan chiza olmaslik fenomeni.


Manba:  © Z. Ibodullaev. Umumiy nevrologiya. Darslik. Toshkent, 2021.,312b
               © Ibodullaev entsiklopediyasi    
               © asab.cc

Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив