Qattiq parda sinuslari
Qattiq pardaning ustki va pastki qatlamlari ba’zi joylarda bir-biridan ajralib uzoqlashadi. Buning natijasida bo‘shliqlar hosil bo‘ladi va ularga qattiq parda sinuslari (sinus durae matris) deyiladi. Sinuslar ichida venoz qon to‘planib oqadi. Shu bois ular venoz sinuslar deb ham ataladi. Ba’zi darsliklarda bosh miya sinuslari atamasi qo‘llaniladi.
Qattiq parda sinuslari
- Yuqori sagittal sinus (sinus sagittalis superior) – falx cerebri ning ustki qirrasi bo‘ylab joylashgan. Ensa tomonga tushayotib ko‘ndalang sinusga qo‘shilib ketadi.
- Pastki sagittal sinus (sinus sagittalis inferior) – falx cerebri ning pastki qirrasi bo‘ylab joylashgan va to‘g‘ri sinusga qo‘shilib ketadi.
- To‘g‘ri sinus (sinus rectus) – yuqori va pastki sagittal sinuslarning orqa uchlarini qo‘shib turadi va ko‘ndalang sinusga ochiladi.
- Ko‘ndalang sinus (sinus transversus) – miyacha chodirining orqa chekkasi bo‘ylab joylashgan yo‘g‘on sinus. Ensa suyagining ko‘ndalang egatida yotadi. Chap va o‘ng tomondagi ko‘ndalang sinuslar ensa suyagining ichki bo‘rtig‘i (rrotuberantia occipitalis interna) sohasida o‘zaro birlashadi.
- Sigmasimon sinus (sinus sigmoideus) – ikkala tomondagi ko‘ndalang sinuslarning S-simon shaklda egilib pastga tushib kelayotgan qismi. Chakka suyagining sigmasimon egatida yotadi. Bu sinus foramen jugulare dan o‘tgach ichki bo‘yintiriq vena (v. jugularis internus) nomi bilan davom etadi. Agar pastdagi rasmga e’tibor qilsangiz, v. jugularis internus sinuslarda to‘plangan venoz qonni kalla suyagi (cranium) ichidan olib chiqib ketuvchi eng yirik vena ekanligiga guvoh bo‘lasiz (13.2-rasm).
- Kavernoz sinus (sinus cavernosus) – kalla suyagining pastki qismida turk egari chekkalari bo‘ylab joylashgan. Bu sinus boshqa sinuslarga qaraganda katta klinik ahamiyatga ega. Chunki uning ichida simpatik tolalar bilan o‘ralgan a. carotis interna yotadi. Shuningdek, bu sinusning tashqi devori bo‘ylab III, IV, VI nervlar va V nervning 1-shoxi (ramus ophthalmicus) o‘tadi.
- Ensa sinusi (sinus occipitalis) – katta ensa teshigining yon tomonlarida joylashgan. Sigmasimon sinusga qo‘shilib ketadi.
- Yuqori toshsimon sinus (sinus petrosus superior) – kavernoz sinusdan boshlanuvchi sinus. Ikkala tomondagi chakka suyagining yuqori toshsimon egatida yotadi va ko‘ndalang sinusga qo‘shilib ketadi.
- Pastki toshsimon sinus (sinus petrosus inferior) – ensa va chakka suyaklari bo‘ylab o‘tuvchi pastki toshsimon egatda yotadi va sigmasimon sinusga qo‘shilib ketadi.
- Interkavernal sinus (sinus intercavernosi) – turk egari atrofida ikkala tomondagi kavernoz sinuslarni o‘zaro birlashtirib yopiq venoz aylana hosil qiluvchi sinus.
Manba: © Z. Ibodullaev. Umumiy nevrologiya. Darslik. Toshkent, 2021.,312b
© Ibodullaev entsiklopediyasi
© asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha