Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi QUYMICh NERVI NEVROPATIYaSI

QUYMICh NERVI NEVROPATIYaSI


Quymich nervi (n. ischiadicus) L4–L5, S1–S3 segmentlar ildizchalaridan tashkil topgan. Quymich nervi organizmning eng yo‘g‘on va uzun nervi hisoblanadi. U harakat, sezgi va vegetativ tolalardan iborat. Quymich nervi lyumbosakral chigaldan kichik tos bo‘shlig‘ida shakllanadi. Nerv noksimon muskulning (m. piriformis) pastki qismida joylashib, quymich suyagining katta teshigi orqali tos bo‘shlig‘idan chiqadi. U sonning orqa tomoni bo‘ylab muskullar orasidan pastga tushib keladi va tizzaosti chuqurchasiga yetmasdan ikki tarmoqqa – boldirning kichik (n.peroneus) va katta (n. tibialis) nervlariga ajraladi.

Etiologiyasi. Quymich nervi, asosan, chanoq suyagi jarohatlari, kichik tos bo‘shlig‘i o‘smalari, abstsessi, turli infektsion kasalliklar, OITS, dumba sohasi in’eksiyalaridan so‘ng zararlanadi. Noksimon muskul sindromida bu nervning tunnel nevropatiyasi rivojlanadi. Quymich nervi nevropatiyasi kam uchraydi.

Klinikasi. Quymich nervi o‘tadigan joylar bo‘ylab og‘riq kuzatiladi. Quymich nervi va uning tarmoqlari bo‘ylab bosganda kuchli og‘riq aniqlanadi. Laseg simptomi musbat bo‘ladi. Boldir va oyoq panjasi muskullari atrofiyaga uchraydi. Oyoq panjasi pastga osilib va biroz ichkariga buralib qoladi, uni yuqoriga bukib bo‘lmaydi. Oyoqni tizza bo‘g‘imida bukish ham qiyinlashadi. Bemor o‘rnidan turganda va qadam tashlaganda qiynaladi. Axill refleks pasayadi va so‘nadi. Sonning orqa tomoni, boldirning orqa-lateral yuzasi va oyoq panjasining ustki qismi bo‘ylab gipesteziya kuzatiladi.

Oyoqda vegetativ-trofik o‘zgarishlar yaqqol namoyon bo‘ladi. Oyoq terisi harorati pasayib, u marmar tusga kiradi. Gipergidroz, tsianoz, giperkeratoz ham kuzatiladi. Oyoq panjasida trofik yarachalar paydo bo‘lishi mumkin.


Manba: © Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b. 
             © Z. Ibodullayev. Umumiy nevrologiya. Darslik. Toshkent, 2021., 312 b. 
             © Ibodullayev ensiklopediyasi
              © asab.cc

Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив