O‘ng yarim shar insultida bemorlar psixologiyasi
Miya insultida kuzatiladigan patologik o‘zgarishlar ushbu kasallik bosh miyaning qaysi yarim sharida va miyaning qaysi sohasida rivojlanganiga hamda insult davriga bog‘liq. Miya insultining deyarli 70 % bosh miya tashqi yuzasining katta bir qismini qon bilan ta’minlovchi a. cerebri media sohasida kuzatiladi. Ushbu arteriya harakat, sezgi va nutq markazlarini qon bilan ta’minlaydi. Shuning uchun ham bu arteriyada qon aylanishining o‘tkir buzilishi oyoq-qo‘llar falajligi (gemiparez, monoparez), tananing bir tomonida sezgi (gemianesteziya, monoanesteziya) va nutq buzilishlari (motor va sensor afaziyalar) bilan namoyon bo‘ladi.
Agar insult bosh miyaning chap yarim sharida (ChYaSh) rivojlansa, tananing o‘ng tomonidagi gemiparez va gemianesteziya afaziyalar bilan birgalikda namoyon bo‘ladi. O‘ng yarim sharda (O‘YaSh) kuzatilgan insult esa tananing chap tomonida gemiparez va gemianesteziyalarni yuzaga keltiradi, biroq nutq buzilmaydi. Nutq buzilishi o‘naqaylarda ChYaSh, chapaqaylarda O‘YaSh, ambidekstrlarda esa ikkala yarim shar zararlanganda ham kuzatiladi. Ambidekstrlarda nutq buzilishi o‘naqaylarga qaraganda tezroq tiklanadi (Ibodullaev Z.R., 2005). Miya insultida kuzatiladigan psixoemotsional buzilishlar miyaning chap va o‘ng yarim sharlari zararlanganda turlicha namoyon bo‘ladi.
O‘YaSh insultida tananing chap tomonida harakat va sezgi buzilishlari kuzatiladi, ya’ni gemiparezlar, gemianesteziyalar. Nutq va u bilan bog‘liq bo‘lgan aksariyat oliy ruhiy funktsiyalar (o‘qish, yozish) saqlanib qoladi. Buning asosiy sababi – miyaning o‘ng yarim shari nutq uchun mas’ul emas (o‘naqaylarda). O‘YaSh, asosan, optik-fazoviy funktsiyalar, aniqrog‘i, o‘z tanasi va atrof-muhitning (fazoning) tuzilishi haqida miyaga kelayotgan ta’sirotlarni analiz va sintez qilish uchun javobgardir. Demak, O‘YaSh tana va fazo tuzilishini noto‘g‘ri qabul qilish simptomlarini yuzaga keltiradi. Bular – anozognoziya, autotopognoziya, psevdopolimeliya, optik-fazoviy agnoziyalar. Bu belgilar umumlashtirilib, tana sxemasi buzilishi deb ataladi.
Bemorning boshi yoki bir qo‘li kattalashib ketayotgandek, qo‘li yoki oyog‘i tananing boshqa qismlarida joylashgandek (autotopognoziya), tananing chap tomoni xuddi birovning tanasidek, chap qo‘li o‘ziniki emas, birovnikidek yoki yonida g‘o‘la yotgandek tuyuladi. Ba’zi hollarda bemorning yarim falajlangan chap qo‘li uni bo‘g‘moqchi bo‘lsa, o‘ng qo‘li esa bunga yo‘l qo‘ymaydi va chap qo‘lni itarib yuboradi. Ba’zan chap qo‘l xuddi kichik hayvon (mushuk, olmaxon, quyon) ko‘rinishida bemorga erkalanadi yoki bemor o‘ng qo‘li bilan chap qo‘lini silaydi. “Nimaga bunaqa qilyapsiz?” desa, u “Mushugimni erkalatyapman” deydi. Go‘yoki tana ikkiga bo‘linganu, uning har bir yarim tomoni o‘zicha faoliyat ko‘rsatyapti.
Bemor insult oqibatida o‘z tanasida paydo bo‘lgan nuqsonlarni (falajliklarni) inkor qiladi, mening oyoq-qo‘llarim ishlayapti deydi. Bunday holat anozognoziya deb ataladi. Bemor falajliklar sababli bir necha kundan buyon to‘shakka mixlanib qolgan bo‘lsa-da, “Men hozirgina hojatxonaga borib keldim, turib hovlida yurdim”, deydi. U kiyinayotganida ham chap tomonini to‘la inkor qiladi: ko‘ylagining o‘ng engini, oyoq kiyimining o‘ng tomondagisini kiyadi, lagandagi ovqatning (masalan, oshning) faqat o‘ng tomondagisini eydi, uyga kirayotganda chap elkasini eshikka urib kiradi. Soqol olayotganda yuzining chap tomoni qolib ketadi, tishini yuvayotganda faqat o‘ng tomonini yuvadi va h.k. Demak, chap tomon butunlay inkor qilinadi, go‘yoki fazoning chap tomoni yo‘qdek. Bemordagi bu holat nafaqat o‘z tanasiga nisbatan, balki tashqi olamga nisbatan ham kuzatiladi. Bemor fazodagi narsalarning ham bir tomonini inkor qiladi. Bunday buzilishlar O‘YaSh zararlanishida ko‘p kuzatilgani bois neyropsixologiyaga “fazoning bir tomonini inkor qilish” sindromi degan termin kiritilgan.
O‘YaSh insulti uchun aynan xos bo‘lgan psixoemotsional buzilishlar –o‘z kasaliga bo‘lgan befarqlik, iroda so‘nishi va apatiya. Agar ChYaSh da depressiya kuchli ifodalangan xavotir bilan namoyon bo‘lsa, O‘YaSh insultida depressiya apatiya bilan birgalikda namoyon bo‘ladi. Agar bemorga joyingizdan turmang, sizga turib yurish mumkin emas, desa “Xo‘p bo‘ladi”, deb javob beradi-yu, baribir turib yuradi, vrach tavsiyasiga ko‘ra vaqtida bajarish lozim bo‘lgan jismoniy mashqlarni bajarmaydi, falajlangan tomondagi qo‘l-oyoqlari qanday holatda bo‘lsa, shu holatda yotaveradi, biroz bo‘lsa-da paydo bo‘lgan harakatlarni faollashtirishga urinmaydi. “Hozir qaerda yotibsiz” deb so‘ralsa, u “Men shifoxonada davolayapman” deb javob beradi yoki “Toshkentda davolanyapman”, deydi. Vaholanki, bu paytda u o‘z uyida yoki o‘zi yashayotgan viloyat shifoxonasida davolanayotgan bo‘ladi.
Aksariyat hollarda bemor juda so‘zamol, maslahatgo‘y bo‘lib qoladi, zarur bo‘lmagan masalalar ustida so‘z ochadi va yaqinlari yoki uni ko‘rgani kelgan begona odamlarni soatlab yonida olib o‘tiradi. Ertasi kuni bemordan “Kecha yoningizga kim keldi”, deb so‘ralsa, uning kimligi va qachon kelganini unutib qo‘yadi yoki “Bir oy oldin keldi”, deb javob beradi. Demak, O‘YaSh insultida vaqt va makonni to‘g‘ri baholash ham buziladi.
Ba’zan bemor ovqatlanmoqchi bo‘lsa, qoshiqni sog‘lom qo‘li bilan ham kosaga to‘g‘ri olib bora olmaydi, og‘zini topa olmaydi, ovqatni yoqasiga to‘kib yuboradi va natijada ovqat eyishdan bosh tortadi, unga o‘z-o‘zidan yig‘i keladi. Buni zo‘raki yig‘i deyishadi va bu holat arzimagan narsaga kulish bilan almashinib turadi, ya’ni bemorga salbiy voqealar haqida gapirsangiz, darrov yig‘lab yuboradi, biroz hazil qo‘shib gapirsangiz, kulib yuboradi. Bu holat takroriy insultlar uchun xos, masalan, bir yil oldin ChYaSh, yaqinda esa O‘YaSh da kuzatilgan insultlarda zo‘raki yig‘lash va kulish simptomlari rivojlanadi.
Bemorda o‘z tanasini idrok qilishning buzilishi atrof-muhitni idrok qila olmaslik bilan birgalikda namoyon bo‘ladi. Masalan, bemor uydan chiqib ketib, o‘z uyini to‘g‘ri topib kela olmaydi, ko‘chaning boshqa tomoniga ketib qoladi, avval tanish bo‘lgan do‘kon yoki bozor qaysi tomonda joylashganligini adashtiradi. U viloyatlararo qatnovchi avtobus haydovchisi bo‘lsa-da, Samarqand yoki Farg‘ona Toshkentga nisbatan qaysi tomonda joylashganini chalkashtiradi va h.k. Bunday holatlar har doim ham bo‘lavermaydi, faqat O‘YaSh ning katta qismini egallagan insultlarda ro‘y beradi.
Umumlashtirib aytadigan bo‘lsak, O‘YaSh insultiga xos psixoemotsional passivlik harakat funktsiyalari tiklanishiga salbiy ta’sir etib sog‘ayish davri cho‘zilishiga sababchi bo‘ladi.
Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y;
©asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha