O‘TA SEZGIRLIK YoKI PSIXOGEN GIPERESTEZIYa
Psixogen giperesteziya – tananing turli sohalarida ruhiy-hissiy zo‘riqishlar sababli paydo bo‘ladigan yoqimsiz sezgilar, sanchuvchi yoki uyushtiruvchi og‘riqlar, qichimalar va h.k. Giperesteziya – ortiqcha sezgi degani. Bunday ortiqcha sezuvchanlik nevroz, isteriya, ipoxondriya, depressiya va psixasteniya kabi kasalliklarning asosiy belgisidir. Unga chalingan bemor tashqi odatiy ta’sirlarga shu qadar sezgir bo‘ladiki, uni quyoshning nuri, shamolning bir oz qattiq esishi, avtomobillar tovushi, telefon yoki eshikdagi qo‘ng‘iroq jiringlashi va bolalar shovqin-suroni ham juda bezovta qiladi. Odatda, bunday bemor har qanday tovushdan eti jimirlab ketishi, tanasini xuddi tok urgandek bo‘lishi va boshi qattiq og‘rib ketishini so‘zlaydi. Uning tanasiga qo‘l tekkizib bo‘lmaydi. Bemorni vrach tekshirayotganida doimo seskanib turadi, tanasiga qo‘l tekkizgani qo‘ymaydi, chunki og‘riq kuchayib ketishidan qo‘rqadi. Agar vrach: “Men tekshirmasdan turib sizga tashxis qo‘ya olmayman” desa, bemor vrachning qo‘lini o‘zi ushlab tanasining og‘riydigan joylariga olib boradi. Bunday bemorda tananing eng sezgir joylari, odatda, bosh va oyoqlardir.
Ichki a’zolar kasalliklarida ham tanada o‘ta sezgir sohalar vujudga keladi. Ular tananing hamma joyida emas, balki ma’lum bir sohasida namoyon bo‘ladi. O‘ta sezgir sohalar, ayniqsa, bosh terisida yaqqol ifodalangan bo‘ladi. Ular yozda ham bosh kiyimda yurishadi. Ana shunday tekshiruv paytida bemor vrachning qo‘lini itarib yuborgan. U boshida qattiq og‘riq paydo bo‘lganidan shikoyat qilib, doktor qabulida 10 daqiqagacha o‘tirib qolgan. Oradan 3-4 daqiqa o‘tgach, “Og‘riq o‘tib ketdimi yoki biror og‘riq qoldiradigan dori beraymi?” deb so‘ralganda, bemor: “Yo‘q, hozir o‘zi o‘tib ketadi, nega mendan so‘ramasdan boshimni bosib qo‘ydingiz” deb vrach yordamidan voz kechgan. Vrach bemorning tizzasiga bolg‘acha bilan urib tekshirganda ham o‘ta sezgirligidan u sakrab tushgan.
Davosi. Bunday bemorlarni davolash psixoterapevtik va fizioterapevtik muolajalar yordamida olib boriladi.
Manba: © Z. Ibodullayev. Asab va ruhiyat., 4-nashr. Ilmiy-ommabop risola. T, 311 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi
© asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha