TsEREBROVASKULYaR KASALLIKLAR ETIOLOGIYaSI
Ma’lumki, kasallik rivojlanishiga bevosita aloqador bo‘lgan patologik holatlarga etiologik omillar deb aytiladi. Ishemik insultning asosiy etiologik omillari – bular hafaqon kasalligi (arterial gipertoniya), ekstra- va intrakranial tomirlar aterosklerozi, kardiogen omillar (miokard infarkti, yurak klapanlari etishmovchiligi, hilpillovchi aritmiyalar), qandli diabet va vaskulitlar. Insult rivojlanishida kam ahamiyatli bo‘lgan etiologik omillarga leykoz, polisitemiya, anemiya, trombotsitoz, antifosfolipid sindrom, migren, infektsion arteriitlar va kollagenozlar kiradi.
Arterial gipertenziya (AG). AG arteriyalar ichki bosimining oshishi bo‘lib, u ishemik insult rivojlanishida etakchi etiologik omillardan biri sanaladi. AQB darajasi bilan insult rivojlanish xavfi orasida bevosita bog‘liqlik bor. Yosh o‘tgan sayin AG bilan kasallanganlar soni osha boradi. Fremingem tadqiqot markazi ma’lumotlariga ko‘ra, rivojlangan davlatlarda arterial gipertenziya 50 yoshgacha – 45%, 60 yoshgacha – 60%, 70 yoshgacha – 70% holatlarda aniqlanadi. AQB 139/89 mm sim. ust. dan oshib turuvchilar xavfli guruhga kiradi va ular doimiy tarzda vrach nazoratida turadi.
Ateroskleroz (AS). AS arteriyalarning ichki devoriga lipidlar to‘planishi, fibroz to‘qima va pilikchalar paydo bo‘lishi bilan kechuvchi patologik jarayon bo‘lib, arteriyalar stenozi va deformatsiyasini yuzaga keltiradi. AS aorta, uyqu arteriyalari, ayniqsa, bifurkatsiya sohasi, intratserebral arteriyalar va yurak arteriyalarida ko‘p kuzatiladi. AS xuddi AG kabi ishemik insultning asosiy etiologik omili hisoblanadi. AS bilan kasallanganlar soni yosh oshgan sayin ko‘paya boradi. Giperlipidemiya, gipodinamiya, chekish, arterial gipertoniya va qandli diabet AS rivojlanishiga olib keluvchi xatarli omillardir. AS jinsga bog‘liq kasallik bo‘lib, erkaklarda ko‘p uchraydi. O‘zbekistonda insult etiopatogenezi, diagnostikasi, zamonaviy davolash usuli va profilaktikasiga oid ishlarga akademik A.Rahimjonov salmoqli hissa qo‘shgan.
Aterosklerotik pilikchalar, ko‘pincha, arteriya tarmog‘i boshlangan joyda ko‘p kuzatiladi. Umumiy uyqu arteriyasi bifurkatsiyasini bunga misol qilib ko‘rsatish mumkin. Arteriyaning bu qismida aterosklerotik pilikchalar yaqqol ko‘zga tashlanadi. Aterosklerotik pilikchalarga trombotsitlar yopishgan sayin tromblar paydo bo‘lish xavfi osha boradi. Arteriyaning pilikchalar paydo bo‘lgan qismiga kaltsiy tuzlari to‘planadi va yarachalar ham paydo bo‘ladi. Buning oqibatida tromblar bo‘yiga ham, eniga ham kattalasha boradi va stenoz rivojlanadi. Keyinchalik arteriya butunlay tiqilib qoladi, ya’ni okklyuziya shakllanadi. Bu jarayon aterogenez jarayoni deb ataladi. Paydo bo‘lgan pilikchalar esa aterotrombotik pilikchalar deyiladi. Arteriya teshigi toraygan sayin uning periferik qismida perfuzion bosim pasayib, qon aylanishi buzila boshlaydi. Arteriya teshigi 70-75% ga toraysa, bu holat gemodinamik ahamiyatli stenoz deb yuritiladi. Bunday vaziyatlarda ishemik insult rivojlanish xavfi juda yuqori bo‘ladi. Aterotrombotik jarayon asta-sekin rivojlana boshlasa, miyada kollateral qon aylanish sistemasi ham asta-sekin faollashib boradi va kasallik simptomsiz kechadi. Tez sur’atlarda shakllangan trombozda insult o‘tkir tarzda ro‘y beradi. Aterotrombotik insult shu tarzda rivojlanadi.
Arteriyalardagi tromblar emboliya manbai hamdir, ya’ni tromblarning bir bo‘lagi ajralib chiqib, ushbu arteriyaning tarmoqlari bo‘ylab miyaga etib boradi va miya ichidagi arteriyalarni tiqib qo‘yadi. Bu jarayon arterio-arterial emboliya deb ataladi. Ishemik insultning bu turi avval tromboembolik insult deb yuritilgan. Hozirda tromboembolik insult alohida ajratilmaydi. Bu tarzda kechuvchi ishemik insultlar umumiy nom bilan aterotrombotik ishemik insult deb aytiladi.
Kardiogen omillar. Yurak kasalliklari, ya’ni klapanlar etishmovchiligi, hilpillovchi aritmiya, endokardit va yaqinda rivojlangan miokard infarkti kardioembolik insultlar sababchisidir. Barcha ishemik insultlarning 15-30% kardioembolik insult hisoblanadi. Bu insultlarning ko‘p kuzatilishi yurak kasalliklarining ko‘p uchrashi bilan bog‘liq. Shuningdek, yurakning sun’iy klapanlari ham etiologik omillar sirasiga kiradi. Bu kasalliklar va patologik holatlar yurak klapanlarida mayda tromblarning paydo bo‘lishiga olib keladi. Ushbu mayda tromblar o‘rnidan ajralib chiqib, qon oqimi bo‘ylab miya tomirlariga etib boradi va ularni tiqib qo‘yadi. Ayniqsa, hilpillovchi aritmiyalar klapanlardan tromblarning ajralib chiqishini tezlashtiradi. Bu jarayonga, shuningdek, revmatik endokardit, arterial gipertoniya, ateroskleroz va turli virusli infeksiyalar ham turtki bo‘ladi.
Qandli diabet (QD). QD ishemik insult rivojlanish xavfini 2-4 barobarga oshiradi. AS rivojlanishida ham ushbu kasallik etakchi o‘rinlarni egallaydi. QD da rivojlanadigan tserebral mikroangiopatiya bosh miyada qon aylanishining surunkali etishmovchiligini yuzaga keltiradi va o‘tkir TsVK rivojlanishiga mezon yaratadi. QD da kuzatiladigan ekstra- va intratserebral arteriyalar aterosklerozi va tserebral mikroangiopatiya miyada kollateral qon aylanishini ham izdan chiqaradi. Shuningdek, QD uchun xos bo‘lgan dismetabolik jarayonlar ham miya to‘qimalarida o‘z aksini topadi. Tez-tez kuzatilib turadigan gipo- va giperglikemik holatlar miyada o‘tkir va surunkali ishemiyalarni yuzaga keltiradi. Shu bois, QD bilan kasallanganlarda ishemik insult rivojlanish xavfi ham, insult rivojlangandan so‘ng nogironlik va o‘lim xavfi ham juda yuqoridir.
Arteriya qatlanishi. Ma’lumki, arteriya devori 3 qavatdan iborat. Arteriyaning ichki qavati (intima) uning o‘rta qavatidan ajralib qolishiga arteriya qatlanishi, ya’ni arteriya dissektsiyasi deb aytiladi. Buning natijasida ichki va o‘rta qavatning orasida uzun bo‘shliq paydo bo‘ladi. Bu bo‘shliq intimal qavatda paydo bo‘lgan yoriqlar orqali arteriyaning ichiga ochiladi. Natijada, arteriyaning haqiqiy teshigidan yangi paydo bo‘lgan bo‘shliq ichiga qon o‘tadi va arteriyaning shu qismi kengaya boshlaydi. Bu esa qopsimon anevrizma paydo bo‘lishiga olib keladi. Shu erda tromb ham shakllana boshlaydi. Arteriyaning qatlanishi uning torayishiga ham sabab bo‘ladi. Buning natijasida stenoz va okklyuziya rivojlanadi, arteriyaning distal qismida perfuzion bosim pasayadi. Bu vaziyat o‘ta xavfli bo‘lib, aterotrombotik, arterioembolik va gemodinamik insultlarni yuzaga keltiradi. Arteriya qatlanishi yoshlar va o‘rta yoshdagilarda ko‘p kuzatiladi. Arteriya qatlanishi 80% hollarda uyqu arteriyalari, 20% hollarda umurtqa arteriyalarida uchraydi. Arteriya qatlanishining asosiy sabablari – o‘smirlik davridan buyon davom etayotgan AG, kraniotserebral jarohatlar, fibromuskulyar displaziya, Marfan sindromi, vaskulopatiya va o‘tkazilgan virusli infektsiyalardir.
Boshqa sabablar. Ishemik insult rivojlanishida kam ahamiyatli bo‘lgan omillar bir qanchadir. Bular – kraniotserebral jarohatlar, arteriyalar dissektsiyasi, fibromuskulyar displaziya, vaskulitlar, moya-moya sindromi, migren, infeksiyalar, giyohvandlik, metabolik sindrom, xirurgik operatsiyalar, intoksikasiyalar, o‘smalar, genetik omillar. Insult etiologiyasi 5-10% holatlarda aniqlanmay qoladi.
Manba: © Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b.
© Z. Ibodullayev. Nevrologiya. Qo`llanma. Toshkent, 2017., 404 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi © asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha