Ekstramedullyar o‘smalar klinikasi
Ekstramedullyar o‘smalar ichida eng ko‘p uchraydigani – bular meningioma (araxnoidendotelioma) va nevrinomalar. Meningiomalar ekstramedullyar o‘smalarning deyarli yarmini (50%) tashkil qiladi va odatda, subdural joylashadi. Meningiomalar orqa miya pardasi yoki uning tomirlarida o‘suvchi o‘smalar bo‘lib, qattiq pardaga birikkan holda o‘sadi. Nevrinoma orqa miya ildizchalarining Shvann hujayralaridan o‘suvchi o‘sma bo‘lib, barcha ekstramedullyar o‘smalarning 40% ini tashkil qiladi. Nevrinoma parchalanib, unda kista hosil bo‘lib turadi.
Orqa miya o‘smalari 80% holatlarda ekstramedullyar, 20% - intramedullyar joylashadi. Demak, intramedullyar o‘smalar kam uchraydi. Intramedullyar o‘smalardan ependimomalar ko‘p, gliomalar (astrotsitomalar) esa kam uchraydi. Shuningdek, kam uchraydigan o‘smalar sirasiga gemangioma, sarkoma va granulemalar kiradi. Keksa yoshda esa orqa miya raki metastazi ko‘p uchraydi. Gliomalar (ependimoma, astrotsitoma, oligodendroglioma, multiform glioblastoma, medulloblastoma) barcha intramedullyar o‘smalarning 80% ini tashkil qiladi. Bunday o‘smalar ko‘pincha orqa miyaning kulrang moddasida paydo bo‘ladi va vertikal yo‘nalishda o‘sadi. O‘sma o‘sgan joyda orqa miya voronkaga o‘xshab kengayadi.
Ekstramedullyar o‘smalar orqa miyaga nisbatan quyidagicha joylashadi:
- ventral – orqa miyaning old qismida, ya’ni ikkala oldingi spinal ildizchalar orasida;
- ventrolateral – orqa miyaning yon tomonida, ya’ni tishsimon bog‘lam bilan oldingi ildizcha orasida;
- dorsolateral – orqa miyaning orqa tomoniga yaqin, ya’ni orqa spinal ildizcha va tishsimon bog‘lam orasida;
- dorsal – orqa miyaning orqa qismida, ya’ni ikkala orqa spinal ildizchalar orasida.
- ildizcha sindromi – radikulyar og‘riqlar bilan namoyon bo‘ladi (1-bosqich);
- orqa miya ko‘ndalangining yarmi zararlanishi – Broun-Sekar sindromi rivojlanishi bilan namoyon bo‘ladi (2-bosqich);
- orqa miya ko‘ndalangining to‘la zararlanishi – zararlangan joydan pastda to‘la falajliklar va sezgi buzilishlari paydo bo‘ladi (3-bosqich).
Ekstramedullyar o‘smaning dastlabki klinik belgisi – bu radikulyar og‘riqlar (1-bosqich). Ular irradiatsiya qilish xususiyatiga ega. Shuningdek, zararlangan sohada ildizcha (segmentar) tipida sezgi buzilishlari, pay, periostal va teri reflekslarining pasayishi yoki yo‘qolishi kuzatiladi. O‘sma kattalashgan sayin orqa miyaning ezilish simptomlari paydo bo‘la boshlaydi. Keyinchalik bunga o‘tkazuvchi tipda sezgi buzilishlari qo‘shiladi, ya’ni qarama-qarshi tomonda yuzaki, zararlangan tomonda chuqur sezgi buziladi. Shu bilan birga yon ustundan o‘tuvchi piramidal yo‘llar zararlanishi hisobiga o‘choq tomonda markaziy falajlik rivojlanadi. Simptomlarning bu tarzda namoyon bo‘lishi Broun-Sekar sindromi deb yuritiladi (2-bosqich). Keyinchalik orqa miya ko‘ndalangiga to‘la zararlanadi, ya’ni zararlangan joydan pastda to‘la falajlik va sezgi buzilishlari paydo bo‘ladi, tos a’zolari funktsiyasi buziladi (3-bosqich).
Manba: ©Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b.
©Z. Ibodullayev. Nevrologiya. Qo`llanma., Toshkent, 2017., 404 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi
©asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha