Ensa bo‘lagi o‘smalari
Ensa bo‘lagi o‘smalari nevrologik simptomlar eng kam uchraydigan o‘smalardan hisoblanadi. Bu sohada o‘sma juda kam uchraydi va uzoq vaqt ko‘ruv agnoziyasi, kvadrant gemianopsiya, skotoma, metamorfopsiya, aleksiya va ko‘ruv gallyutsinatsiyasi (ko‘pincha, fotopsiya) bilan namoyon bo‘ladi. Bu buzilishlarni maxsus neyropsixologik va oftalmologik tekshiruvlarsiz aniqlab bo‘lmaydi. Epileptik xurujlar juda kam uchraydi va ko‘ruv auralari bilan namoyon bo‘ladi.
O‘sma burchak pushtasi tomon qarab o‘sa boshlasa optik-fazoviy agnoziya rivojlanadi. Optik-fazoviy agnoziya ensa bo‘lagining ikkala tomonini egallagan o‘smada ham, qadoqsimon tananing orqa qismida joylashgan o‘smada ham ko‘p uchraydi. Ensa bo‘lagining pastki qismidagi o‘sma miyacha va miya ustunini bosib qo‘yadi va bu tuzilmalar o‘rnidan siljiydi, ya’ni dislokatsion sindrom shakllanadi. Buning natijasida likvor yo‘llari bekilib, IKG rivojlanadi. Ensa sohasi o‘smasida IKG erta shakllanadi va ko‘ruv nervi diski tez dimlanadi. O‘sma klinikasining bu tarzda namoyon bo‘lishi ba’zida subtentorial o‘smalar, ya’ni miyacha o‘smalari klinikasiga o‘xshab ketadi. Lekin miyacha o‘smasida gemianopsiya va ko‘ruv agnoziyasi kuzatilmaydi. Bunday paytda MRT tekshiruvisiz o‘sma lokalizatsiyasini to‘g‘ri aniqlash ancha mushkul.
Manba: ©Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi
©asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha