Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi ENG BUYuK TARBIYaChI – BU HAYoT!

ENG BUYuK TARBIYaChI – BU HAYoT!


Savol: Zarifboy Rajabovich, aytingchi, ota-onalar orasidagi nizo va kelishmovchiliklar farzandlar tarbiyasiga qanday ta’sir ko‘rsatadi?
Javob: Juda jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Men bu haqda o‘z kitoblarimda, OAVga bergan intervyularimda ko‘p bora gapirganman, yozib o‘tganman. Hatto “Bebosh bola sindromi” ostida katta material ham berganman. Ushbu material “Asab va ruhiyat” nomli kitobimning barcha nashrlarida chop qilingan. Aynan ota-onalar uchun mo‘ljallangan ushbu maqolam bir nechta saytlarga ham qo‘yilgan. Uni yosh ota-onalar o‘qib ko‘rishlarini iltimos qilgan bo‘lar edim. 
Savol: “Asab va ruhiyat” kitobingizdan bir parcha keltirib o‘tsangiz, loaqal ot-onalarimiz uni olib o‘qishsa va o‘z farzandlariga bo‘lgan munosabatlarini o‘zgartirishsa.
     Javob: Albatta! Bir nechta tillarga tarjima qilingan ushbu misralar qadimda yashab o‘tgan buyuk mutafakkirga tegishli. “Bolalar yashashni hayotdan o‘rganadilar. Agar bola tanqid qilinaversa, u nafratlanishni o‘rganadi, bola adovatda yashasa, u tajovuzkorlikka o‘rganadi, masxara qilinsa, u indamas, odamovi bo‘lib qoladi, hadeb tanqid qilinaversa, o‘zini gunohkor his qilib o‘sadi. Agar bola sabr-toqat, xotirjamlik bilan o‘stirilsa, u boshqalarni tushunishni, qo‘llab-quvvatlansa, u o‘z kuchiga ishonishni o‘rganadi, maqtalsa, u minnatdor bo‘lmoqlikni o‘rganadi. Agar bola vijdoniylik va halollikda ulg‘aysa, u adolatli inson bo‘lib etishadi, agar xavfsizlikda yashasa, u insonlarga ishonishni o‘rganadi. 
Savol: Hozirda o‘z farzandi xarakteridan shikoyat qilib keluvchilar ko‘paymoqda? Buni hammamiz sezayapmiz va bilayapmiz. Neyropsixolog sifatida aytingchi, asosan, qaysi yoshdagi o‘g‘li yoki qizidan arz qilib keluvchilar ko‘p? 
Javob: Bu boradagi faktlar juda qiziq. Gap shundaki, 12 yoshdan oshgan o‘g‘li yoki qizidan shikoyat qilib keluvchi ota-onalar ko‘p. O‘sha ota-onalarning shikoyati deyarli bir xil: “Buni boshqarib bo‘lmay qoldi, o‘z bilganidan qolmaydi, aytganingni qilmaydi, injiq va gapga kirmas bo‘lib qolgan”. Nega shunday? Buning javobi diniy kitoblarda va so‘ngra bolalar psixologiyasiga oid adabiyotlarda yozilgan: “Bola 12 yoshgacha ota-onasi aytganini qiladi, undan keyin esa o‘z bilganidan qolmaydi”. Mana shu misralarni har bir yosh ota-ona, buvi va buvajonlar o‘z qalbiga yozib qo‘yishsin. Qissadan-hissa shuki, har qanday bolani 12 yoshgacha qanday tarbiyalasang, umrining oxirigacha shu tarbiya negizida shakllanadi. 
Savol: Bunga bir ilmiy asos bormi?
Javob: Ha bor! “Nega aynan 12 yosh” deb o‘zim ham qiziqib qolganman. Mashhur neyropsixolog Aleksandr Luriya 1973 yili shunday deb yozgan edi: “Peshona bo‘lagi – inson ruhiy faoliyatini boshqaruvchi, nazorat qiluvchi va kelajakka dasturlar tuzuvchi blok”. Mening deyarli barcha ilmiy ishlarim katta yoshdagilar neyropsixologiyasiga bag‘ishlangan. Bolalar doktori bo‘lmasam-da, ilk bolalik davridan oliy ruhiy funktsiyalar qanday rivojlanishini qiziqib o‘rganganman. Bu haqda “Tibbiyot psixologiyasi” darsligimning “Asab sistemasi filogenezi va ontogenezi”, “Bola ruhiyati shakllanishining asosiy bosqichlari” degan qismlarida yozganman. Eng qizig‘i shundaki, aynan 12 yoshga kelib “Men” ongi uchun mas’ul bo‘lgan tuzilma, ya’ni bosh miyaning prefrontal sohasi (bu miyaning oldingi qismida joylashgan) nazoratni o‘z qo‘liga olib boshlaydi va bolaga: “Endi seni men boshqaraman” deydi. Demak, 12 yoshgacha va undan keyingi davrda bola ruhiyati va xulq-atvori bilan bog‘liq holatlar ilmiy tomondan juda yaxshi isbot qilingan. Shuni bilingki, 12 yoshgacha miya hujayralariga qanday informatsiya yozilsa, ana shu axborotni keyinchalik miyadan o‘chirish o‘ta qiyin.
Savol: Axir bu xavfli-ku?! Bola 10 yoshda ham bola, 40 yoshda ham bola va tarbiya esa bir zum ham to‘xtamasin deyishadi-ku. 
Javob: To‘g‘ri! Bu xavfli va biz turli xil tarbiyaning oqibatlarini atrofimizda ko‘rib turibmiz. Baribir 10-12 yoshdan so‘ng bolani tarbiyalash juda qiyin va bolalar psixologi yordami kerak bo‘ladi. Bu sir emas. Ba’zida 20 yoshar bola 20 yildan buyon ichadigan 40 yoshli otasiga o‘git qilib, aroqxo‘rlikni tashlatadi. Tabiiyki, ichkilikni tashlagan otaning xarakteri ham o‘zgaradi. Chunki miya to‘g‘ri ishlay boshlaydi. Men “Asab va ruhiyat” kitobimda shunday bir hazilomuz aforizm berganman: “40 yoshgacha otam boqadi, 40 yoshdan so‘ng bolam”. 
Biz 10 yoki 40 yosh haqida so‘z yuritadigan bo‘lsak, ba’zi 40 yoshga kirgan “bolaga” 10 yoshda olmagan tarbiyani berishga to‘g‘ri keladi yoki ularni hayot zarbasi tarbiyalaydi. Buyuk mutafakkir Rudakiy shunday deb yozgan edi: “Gar kishi hayotdan olmasa ta’lim, unga o‘rgata olmas hech bir muallim”. Xalqimiz tabiblar haqida so‘z yuritsa, “Eng buyuk tabib – bu tabiat” deyishadi. Shu erda men tarbiya haqida so‘z yuritayotib “Eng buyuk tarbiyachi – bu Hayot” degan bo‘lar edim. 


Manba: © Z. Ibodullayev. Asab va ruhiyat., 4-nashr. Ilmiy-ommabop risola. T, 311 b. 
             © Ibodullayev ensiklopediyasi
                 © asab.cc

Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив