ENSA NEGA OG‘RIYDI?


“Ensam tinmay og‘riydi, og‘riq bo‘ynimga ham beradi, bosh miyaga qarshi hech qanday dori naf bermayapti” deb shikoyat qilishadi ba’zi bemorlar. Ensa sohasidagi og‘riqni bosh miya kasalliklari bilan bog‘lash har doim ham haqiqatga to‘g‘ri kelavermaydi. Chunki boshning ensa sohasini yuqori bo‘yin umurtqalaridan chiquvchi nervlar boshqaradi. Demak, ensa sohasidagi og‘riqlar, (ayniqsa, sanchuvchi) va uvishishlarga shikoyat qilgan bemorda bo‘yin umurtqasi kasalliklarini ham izlash kerak. Bular bo‘yin osteoxondrozi, bo‘yin radikuliti, bo‘yin umurtqalari disk churrasi, ensa-bo‘yin sohasi nervlari shamollashi va h.k. Bemor ensa sohasidagi achishtiruvchi va sanchuvchi og‘riqlardan tashqari, bo‘yin umurtqalarining “qotib qolishi”, quloqda shovqin va uning bitib qolishi, bosh aylanishi, yurganda gandiraklab ketish kabi holatlardan ham shikoyat qiladi. Ularda ikkala elkani ko‘tara olmaslik, yurak sohasida sanchuvchi og‘riqlar, qo‘l barmoqlarining uvishib qolishi kabi belgilar ham kuzatiladi.

Tashxis qanday qo‘yiladi? Avvalombor , bo‘yin sohasi raqamli rentgen, kompyuter tomografiya yoki magnitli-rezonans tomografiya yordamida tekshiriladi. Bo‘yin umurtqalari orasidan o‘tuvchi qon tomirlarni tekshirish uchun ultratovush usullardan (doplerografiya yoki dupleks) foydalaniladi. 

Tashxis qo‘yish va davolashda qanday xatolarga yo‘l qo‘yiladi? Ensa sohasidagi og‘riqlar sababi faqat bosh miyada deb o‘ylashadi va shu bois faqat boshni tekshirishadi. Holbuki, bosh miya KT yoki MRT qilinadi, uning qon tomirlari tekshiriladi, EEG qilinadi. Buning natijasida eng ko‘p tarqalgan tashxislardan biri qo‘yiladi, ya’ni “bosh miyada qon aylanishi buzilgan”, “miya pardalari shamollagan”, “miyaning ichki bosimi oshgan”. Buning oqibatida aslida zarur bo‘lmagan dori-darmonlar tavsiya etiladi va ko‘zlangan natijaga erishilmaydi. Aslida esa bemorda bo‘yin umurtqalari patologiyasi bo‘lishi mumkin. 

Nima qilish kerak? Ensa sohasida og‘riq, bosh aylanishi va qulog‘ida shovqin bo‘lgan bemorda bosh miyani tekshirish bilan bir qatorda bo‘yin umurtqalarini ham tekshirish kerak.

Davolash muolajasi qanday o‘tkaziladi? Tashxis aniqlangach, nevropatolog davolash muolajalarini olib boradi. Buning uchun yallig‘lanish va osteoxondrozga qarshi dori vositalari, fizioterapevtik muolajalar, dorilar elektroforezi, igna bilan davolash va faqat vrach tomonidan o‘tkaziladigan maxsus davolash usullari qo‘llaniladi. 
Manual terapiya kabi muolajalardan ehtiyot bo‘lish zarur. Bo‘yin umurtqalarini rentgen qilmasdan turib manual terapiya o‘tkazish aslo mumkin emas. 

Yana qanday kasalliklarda ensa og‘riydi? Migren kasalligida (ensa migreni), nasl suruvchi bosh og‘riqlarda, arterial qon bosim oshganida, bo‘yin-ensa suyak bitishmalari patologiyasida hamda kam hollarda ensa sohasi o‘smalarida ensa og‘riydi. Agar ensa sohasidagi og‘riqlar to‘satdan tana harorati ko‘tarilishi bilan boshlansa, zudlik bilan vrach ko‘rigini tashkil qilish zarur.

Manba:   © Z. Ibodullayev. Asab va ruhiyat., 4-nashr. Ilmiy-ommabop risola. T, 311 b. 
           © Ibodullayev ensiklopediyasi
               © asab.cc



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив