ENSA PAROKSIZMLARI BILAN KEChUVChI BOLALAR EPILEPSIYaSI
Xavfsiz kechuvchi ensa epilepsiyasi – optik fenomenlar bilan namoyon bo‘luvchi idiopatik fokal epilepsiya. Kasallik bolalik davrida, ya’ni 3-12 yoshlarda boshlanadi. Ushbu epilepsiya ham xuddi rolandik epilepsiya (RE) kabi ko‘p uchraydi.
Klinikasi. Asosiy klinik simptomlari ko‘rish funktsiyasining buzilishi bilan namoyon bo‘luvchi oddiy fokal xurujlar, ya’ni ko‘ruv gallyutsinatsiyalari, fotopsiyalar, makropsiya va mikropsiyalar. Ba’zida xuruj paytida ko‘rish pasayadi yoki ko‘ruv maydoni qisqaradi. Ko‘z olmasida nistagmga o‘xshash titroqlar kuzatilishi mumkin. Xurujlar, asosan, uyquda yoki endi uyg‘onganda ro‘y beradi. Bu paytda kuchli bosh og‘rig‘i va qusish ham kuzatiladi. Dastlab xurujlar tez-tez kuzatiladi, keyinchalik ularning soni kamayib boradi.
Ensa sohasida paydo bo‘lgan paroksizmlar chakka va peshona sohalariga tarqalsa, bemor hushidan ketadi va murakkab fokal hamda ikkilamchi-tarqalgan xurujlar rivojlanadi. Kasallikning murakkab fokal xurujlar bilan kechadigan turida ensa va chakka sohasida xurujsimon (migrensimon) bosh og‘riqlar, bosh aylanishlari, ko‘ngil aynish va qusish, qizib ketish, to‘satdan holdan toyish va epigastral sohada og‘riqlar vujudga keladi. Ushbu simptomlar paydo bo‘ladi-yu, bemor hushini yo‘qota boshlaydi. Bu paytda bemorning ko‘zi va boshi yon tomonga qayrilib ketadi. Xurujlar, odatda, 3-5 daqiqa davom etadi. Nevrologik status o‘zgarmaydi. Intellekt saqlanib qoladi.
Elektroentsefalografiya. EEG tekshiruvlarida ensa sohasida bir yoki ikki tomonlama yuqori amplitudali pik-to‘lqinli epileptik faollik aniqlanadi. Bu to‘lqinlar shakli RE da kuzatiladigan komplekslarga o‘xshab ketadi. Asosiy bioelektrik faollik saqlanib qoladi. Bemorning ko‘zini ochiq holatda EEG olinsa, ensa sohasidagi epileptik faollik yo‘qoladi.
Ensaning idiopatik epilepsiyasini ensaning simptomatik epilepsiyasi bilan, albatta, qiyoslash kerak. Ensaning simptomatik epilepsiyasi har qanday yoshda rivojlanadi va ensa sohasida joylashgan patologik jarayonlar natijasida (jarohat, o‘sma, insult) vujudga keladi. Simptomatik epilepsiyada murakkab fokal va ikkilamchi-tarqalgan tutqanoq xurujlar ko‘p kuzatiladi. EEG dagi o‘zgarishlar ensa sohasining zararlanganlik darajasiga ko‘proq bog‘liq. O‘tkir to‘lqinlar ko‘zni ochganda yo‘qolmaydi.
Prognoz. Pubertat davrga kelib xurujlar butunlay yo‘qoladi.
Manba: ©Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b.
©Z. Ibodullayev. Nevrologiya. Qo`llanma., Toshkent, 2017., 404 b.
©Z. Ibodullayev. Epilepsiya. Qo`llanma., Toshkent, 2018., 128 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi ©asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha