ENTsEFALITLAR


Bosh miyaning yallig‘lanishiga entsefalit deb aytiladi. Entsefalitni nafaqat viruslar yoki mikroblar yuzaga keltiradi, balki uning alllergik va toksik etiologiyali turlari ham mavjud. Bunday paytlarda allergik va toksik entsefalitlar haqida so‘z boradi. Demak, entsefalit – bu bosh miyaning infektsion, infektsion-allergik, allergik va toksik zararlanishlari sababli yuzaga keladigan kasallik.
Entsefalitning umum qabul qilingan tasnifi yo‘q. Klinik amaliyotda birlamchi va ikkilamchi entsefalitlar farqlanadi. Patogen omil (virus yoki bakteriya) bevosita bosh miyani zararlasa – birlamchi, entsefalit organizmdagi boshqa kasalliklar sababli rivojlansa – ikkilamchi entsefalit deyiladi. Yallig‘lanish jarayoni bosh miyaning barcha qismini egallasa – diffuz entsefalit, uning ma’lum bir sohasini egallasa – o‘choqli entsefalit deb aytiladi. O‘choqli entsefalitda patologik jarayon ko‘proq po‘stlog‘osti tugunlari, mezentsefal soha, dientsefal soha, miya ustuni va miyachada joylashadi.
Yallig‘lanish jarayoni bosh miyaning ham oq, ham kulrang moddasini egallasa, bunga panentsefalit deb aytiladi. Yallig‘lanish jarayoni ko‘proq bosh miyaning oq moddasida kechsa – leykoentsefalit, bosh miyaning kulrang moddasida kechsa – polioentsefalit deb ataladi. Yallig‘lanish jarayoni bosh miya va uning pardalarida namoyon bo‘lsa – meningoentsefalit, bosh miya va orqa miya birgalikda yallig‘lansa – entsefalomielit, bosh miya, orqa miya va ularning pardalari yallig‘lansa – meningoentsefalomielit deb nomlanadi. Shuningdek, ekssudat xususiyatiga qarab yiringli (bakteriyalar, viruslar) va yiringsiz (toksinlar va h.k.) entsefalitlar farqlanadi.
Etiologiyasi. Entsefalitni juda ko‘p neyrotrop viruslar va mikroorganizmlar chaqiradi. Neyrotrop viruslar sababli rivojlanadigan entsefalitlar uchun yuqori darajada yuquvchanlik, mavsumiylik, tez tarqalish va ob-havo sharoitlariga qarab o‘zgaruvchanlik xos. Entsefalit yosh bolalarda ko‘p uchraydi.
    Birlamchi entsefalit etiologiyasi
  • Ko‘p mavsumli viruslar: gerpes, enteroviruslar (Koksaki, ESNO), tsitomegaloviruslar, quturish va b.q.
  • Arboviruslar (transmissiv): kana, chivin (yapon), Avstraliya virusi, Amerikaning Sent-Luis virusi.
  • Noma’lum tabiatga ega viruslar: Ekonomo virusi va b.q.
  • Mikroblar va rikketsiyalar: zahm, borellioz, toshmali tifda va b.q.
   Ikkilamchi entsefalit etiologiyasi
  • Postekzantem omillar: qizamiq, qizilcha, suvchechak.
  • O‘tkazilgan emlashlar: qizamiq, qizilcha, tepki va boshqa emlashlardan so‘ng.
  • Turli bakteriya va parazitlar sababli, ya’ni stafilokokk, streptokokk, sil, toksoplazmoz, xlamidiya, bezgak va b.q.
Patogenezi. Entsefalit ko‘p etiologiyali bo‘lgani uchun uning patogenezi ham turlichadir. Entsefalitni yuzaga keltirgan infektsiyaning turi, yuqish yo‘llari va bemorning immuniteti kasallik patogenezining qay yo‘sinda rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatadi.
Entsefalitni chaqiruvchi viruslar MNS ga quyidagi yo‘llar bilan etib keladi: yuqori nafas yo‘llari, teri, ko‘z shilliq pardasi, oshqozon-ichak sistemasi, urogenital a’zolar, yo‘ldosh va boshqa yo‘llar. Virus organizmga tushganidan so‘ng ko‘paya boshlaydi va gematogen, limfogen hamda perinevral bo‘shliqlar orqali MNS ga etib oladi. Limfogen yo‘llar deganda, kranial nervlarning limfatik tomirlari ko‘zda tutiladi. Virus organizmga tushdi degani, albatta, entsefalit rivojlanadi, degani emas. Ularning ba’zilari organizm­da avvaldan mavjud bo‘ladi. Entsefalit rivojlanishi uchun immunitet sust va GEB o‘tkazuvchanligi yuqori bo‘lishi kerak.
Arboviruslar chaqiradigan entsefalitlar hashoratlar chaqishi sababli transmissiv yo‘l orqali yuqadi, masalan, chivin va kana entsefalitlari. Ular chaqqanidan so‘ng viruslar teri ostida ko‘paya boshlaydi va lokal yallig‘lanish reaktsiyasini yuzaga keltiradi. Ko‘payib rivojlangan viruslar qonga va limfa yo‘llariga tushadi. Viruslarning qonga o‘tishi uchun bir necha daqiqaning o‘zi etarli xolos. Buni birlamchi virusemiya bosqichi deb atashadi. Viruslar qon bo‘ylab barcha a’zolarga tarqay boshlaydi, ular jigar, taloq va mushaklarga o‘tadi. Viruslar ushbu a’zolarda yana ko‘payib “yangi organizmda” yashashga moslashib oladi. O‘zgarib yangi tusga kirgan viruslar yana qon tomirlar tomon intiladi va qon oqimi bo‘ylab boshqa to‘qimalarga tarqala boshlaydi. Bu ikkilamchi virusemiya bosqichidir. Viruslar qon tomirlar orqali tarqalayotib ularni ham zararlab boradi. Buning oqibatida qon tomir devorlari mo‘rtlashadi, endoteliya qavati shishadi. Shu bilan inkubatsiya davri tugaydi.
Viruslar gematogen va limfogen yo‘llar orqali MNS tomon yo‘naladi va gematoentsefalik bar’erdan o‘tib, bosh miya to‘qimalarida ko‘paya boshlaydi. Bu davrda nevrologik belgilar vujudga keladi. Ba’zi viruslar MNS ning barcha to‘qimalariga o‘ta olsa (panentsefalit), boshqa birlari o‘tolmay qoladi. Viruslar bosh miyaning qaysi to‘qimasida qo‘nim topsa, o‘sha to‘qimani zararlaydi. Entsefalitning lokal turlari ana shunday tarzda yuzaga keladi. Masalan, po‘stlog‘osti entsefaliti, miya ustuni entsefaliti va h.k. Ba’zi viruslar faqat bir xil neyronlarni zararlaydi. Masalan, poliomielit virusi asosan orqa miyaning motor neyronlarini zararlasa, quturish virusi limbik sistemaga kiruvchi tuzilmalarni zararlaydi.
Patomorfologiyasi. Entsefalitning deyarli barcha turida bosh miyada yallig‘lanish-degenerativ jarayonlari kuzatiladi. Neyronlar atrofiyaga uchrab, yo‘qola boshlaydi, ularning o‘rnini astrotsitlardan iborat tugunlar egallaydi. Shuningdek, glial to‘qima proliferatsiyasi, vaskulitlar, mikrogemorragiyalar, perinevral va perivaskulyar shishlar vujudga keladi. Miya pardalarida esa fibroz chandiqlar shakllanadi. Keyinchalik ushbu patologik jarayonlar miya to‘qimalarida turli xil ishemik, mikrogemorragik  va  degenerativ o‘choqlar hamda kistalar paydo bo‘lishiga olib keladi. Shuning uchun bosh miyani MRT qilganda bir qator boshqa kasalliklarga xos, xususan, lakunar insult, striopallidar degeneratsiya, toksik entsefalopatiya va parazitar kasalliklarga xos belgilarni ko‘rish mumkin.
Klinikasi. Birlamchi va ikkilamchi entsefalitlar bir-biriga o‘xshash klinikaga ega. Entsefalit, odatda, o‘tkir boshlanadi, ya’ni bemorning tana harorati ko‘tariladi, boshi qattiq og‘riydi, ko‘ngli ayniydi va qusadi. Ko‘ngil aynish va qusish ketma-ket ro‘y beradi. Buni tserebral qusish deb atashadi. Bemorning tanasi qaqshab og‘riydi, bo‘yin sohasi, beli va oyoq-qo‘llarida kuchli og‘riqlar paydo bo‘ladi va u holsiz bo‘lib qoladi. Bu simptomlarning paydo bo‘lishi bevosita nerv tuzilmalarining zararlanishi bilan ham, umumiy intoksikatsiya bilan ham bog‘liq. Bemorda turli darajada ifodalangan es-hush buzilishlari, ya’ni somnolentsiya, deliriya va sopor holatlari kuzatiladi. Meningeal simptomlar, epileptik xurujlar va ruhiy buzilishlar paydo bo‘ladi. Ruhiy buzilishlar kuchli psixomotor qo‘zg‘alishlar va deliriya bilan namoyon bo‘ladi. Bemorni boshqarib bo‘lmay qoladi, u oyoq-qo‘llarini har tomonga yozib baqiraveradi, o‘z yaqinlarini tanimaydi, alahsiraydi, savollarga tushunar-tushunmas javob qaytaradi.
Kasallikning dastlabki kunlari oyoq-qo‘llarda falajlik kuzatilmaydi. Ammo bir hafta o‘tib-o‘tmay monoparez, gemiparez va tetraparezlar paydo bo‘lishi mumkin. Falajliklarning qay tarzda vujudga kelishi entsefalit turiga bog‘liq. Masalan, ba’zi entsefalitlar uchun gemiparez, Ekonomo entsefaliti uchun pallidar falajliklar, kana entsefaliti uchun bo‘yin va elka mushaklari falajligi xos. Davolash zudlik bilan boshlanmagan holatlarda falajliklar kuchayib, plegiyaga o‘tadi. Shuningdek, entsefalitning o‘tkir davri uchun sezgi buzilishlari, kranial nervlar patologiyasi va vegetativ buzilishlar ham xos. Aksariyat entsefalitlarda po‘stlog‘osti tuzilmalari zararlanib ekstrapiramidal simptomlar shakllanadi.
Kechishi. Entsefalitlarning 5 xil kechishi farqlanadi: 1) yashin tezlikda; 2) o‘tkir; 3) nimo‘tkir; 4) surunkali; 5) qaytalanuvchi. Entsefalitning qay darajada og‘ir kechishiga qarab 3 xil turi farqlanadi: 1) o‘rtacha; 2) og‘ir; 3) juda og‘ir.
Klinik simptomlar shakllanishiga qarab, entsefalitning quyidagi bosqichlari farqlanadi: 1) umuminfektsion belgilar, ya’ni subklinik davr; 2) nevrologik simptomlar shakllanishi; 3) kasallikning rivojlanishdan to‘xtashi; 4) rekonvalentsensiya; 5) asoratlar davri.
Entsefalitning qay tarzda kechishi va og‘irlik darajasi kasallik etiologiyasi, bemorning yoshi, umumiy ahvoli, immuniteti va yo‘ldosh kasalliklar bor-yo‘qligiga ko‘p jihatdan bog‘liq. Ba’zi entsefalitlar (arbovirusli, gerpetik) juda og‘ir, boshqa birlari esa (tepki, enterovirusli) biroz engil kechadi.

Manba:  ©Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b.
              ©Z. Ibodullayev. Nevrologiya. Qo`llanma., Toshkent, 2017., 404 b.
              © Ibodullayev ensiklopediyasi 
              ©asab.cc




Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив