EPIDEMIK TsEREBROSPINAL MENINGIT
Meningitning ushbu turini Neisseria meningitidis (meningokokk) chaqiradi. Kasallik sporadik holatda ham, epidemiya bo‘lib ham uchraydi. Meningokokk infektsiyasi odam organizmiga tushgach, engil bakteriemiya bilan chegaralanib qolishi yoki yashin tezligida rivojlanuvchi sepsis kabi og‘ir patologik holatni yuzaga keltirishi mumkin. Ba’zida sepsis bir necha soat ichida rivojlanib, bemorning o‘limiga sababchi bo‘ladi. Meningokokk o‘ta xavfliligi bilan boshqa infektsiyalardan ajralib turadi.
Epidemiologiyasi. Meningit bemor kishidan yoki meningokokk tashuvchisidan yuqadi. Meningit bilan kasallanish, asosan, kuz va bahor oylarida ko‘p uchraydi. Evropa davlatlarida kasallanish darajasi yiliga 100 000 aholiga 0,5–3 kishini tashkil etsa, Afrika davlatlarida bu ko‘rsatkich 100 000 aholiga 20–25 kishiga teng. Agar biror-bir hududda epidemik ko‘zg‘alishlar kuzatilsa, kasallanganlar soni 100 000 aholiga 600–800 kishini tashkil etadi. Sanitariya sharoiti kasallanish darajasiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
Meningokokk meningit bilan, asosan, 6 oylikdan 3 yoshgacha bo‘lgan bolalar kasallanishadi. Meningokokk infektsiyasi turli yoshda, ayniqsa, 14–20 yoshlarda ham qo‘zg‘alib turadi.
Meningokokkning dastlabki tushadigan va ko‘payadigan joyi bu – burun-halqum bo‘shligidir. Infektsiya havo-tomchi yo‘li orqali (aksirganda, yo‘talganda) yoki kontakt yo‘l bilan, masalan, o‘pishganda yuqadi. Meningokokk infektsiya o‘ta yuquvchan bo‘lib, namlik yuqori bo‘lgan yopiq va odam gavjum joylarda (bog‘cha va maktablarda) tez yuqadi. Bunday joylarda bir necha soat ichida meningit yuqqanlar soni 80% ga etishi mumkin. Albatta, ularning hammasida ham meningit rivojlanavermaydi, ya’ni ularning aksariyati bir necha oygacha meningokokk tashuvchiga aylanadi va infektsiyani odamlarga yuqtirib yurishadi.
Patogenezi. Meningokokk burun-halqum sohasiga tushib, u erda ko‘payadi va nazofaringit belgilarini yuzaga keltiradi. Ba’zida esa hech qanday kasallik alomatlari sezilmaydi. Meningokokk shilliq qavatdan qon tomirlarga o‘tib oladi, ya’ni bakteriemiya bosqichi boshlanadi. Qonga tushgan meningokokklar paydo bo‘lgan antitanachalar ta’siri ostida nobud bo‘la boshlaydi (autoliz) va buning natijasida qonga endotoksinlar ajralib chiqadi. Qonda meningokokklar juda katta tezlik bilan ko‘payadi va ularning autolizi tufayli kuchli endotoksemiya rivojlanadi.
Endotoksinlar qonning patologik ivishini kuchaytiradi va fibrinoliz, trombotsitlar agregatsiyasi, vazodilatatsiya, kapillyarlar o‘tkazuvchanligining oshishi kabi bir necha patologik jarayonlarni boshlab yuboradi. Bularning barchasi septik shok rivojlanishiga sabab bo‘ladi. Sepsisning qanday tezlikda rivojlanishi bakteriemiya darajasi va qon plazmasidagi endotoksinlar miqdoriga bog‘liq. Meningokokk inson organizmining deyarli barcha to‘qimalariga bemalol o‘ta oladi: miya pardalari, miya qorinchalari, subaraxnoidal bo‘shliqlar, sinovial pardalar, bo‘g‘imlar, teri, buyrakusti bezlari va h.k. Meningokokklar nafaqat qonda, balki likvorda ham tez ko‘payadi. Meningokokk meningit rivojlangan bemorning likvorida endotoksin miqdori uning qondagi miqdoridan 100 barobar, ba’zida esa 1000 barobar ko‘p bo‘ladi.
Meningokokk meningit xuddi boshqa etiologiyali meningitlar tsingari immuniteti past odamlarda rivojlanadi. Yuqori immunitetga ega odamlar infektsiya tashuvchi bo‘lishi va uni boshqalarga yuqtirishi, o‘zlari esa kasallanmay qolishlari mumkin yoki kasallik nazofaringit bilan chegaralanib qoladi. Immunitetni pasaytiruvchi omillar ko‘p bo‘lib, ularning ichida o‘tkir virusli respirator infektsiyalarning o‘rni juda katta.
Klinikasi. Kasallikning yashirin davri, odatda, 1–10 kunni tashkil etadi. Bu davr o‘tgach, kasallik belgilari quyidagi tartibda o‘tkir rivojlanadi: nazofaringit→sepsis→meningit. Demak, meningokokk infektsiyasi rivojlanishida 3 bosqich farqlanadi.
- Nazofaringit bosqichi. Burun-halqum sohasi meningokokk infektsiyaning kirish joyi hisoblanadi. Infektsiya bu sohaga tushgach, oddiy «shamollash» belgilari bilan namoyon bo‘ladi: burun bitadi va oqadi, tomoq qichiydi va achishadi, yo‘tal tutadi, bosh og‘riydi, tana harorati 38°S ga ko‘tariladi. Odatda, kasallikning bu bosqichi 3–4 kun davom etadi. Ba’zan kasallik shu bosqichda to‘xtab qoladi va bemor tuzalib ketadi. Agar infektsiya yanada avj olib, qonga o‘tsa, sepsis rivojlanadi. Bu kasallikning 2-bosqichidir.
- Sepsis bosqichi. Sepsis deyarli 40% bemorda rivojlanadi va, odatda, o‘tkir boshlanadi. Tana harorati 40–41°Sga ko‘tariladi, bemor titray boshlaydi, ko‘ngli aynib qusadi, butun tanasi qaqshab og‘riydi, ya’ni kuchli nevralgiya va mialgiyalar paydo bo‘ladi. Tez orada bemorning terisiga suvli va gemorragik toshmalar tosha boshlaydi, ular, ayniqsa, yosh bolalarda yaqqol ko‘zga tashlanadi. Sepsis yashin tezlikda rivojlansa, tana harorati ko‘tarilmasligi mumkin, ba’zida esa u gipotermiya bilan namoyon bo‘ladi.
- Meningit bosqichi. Bakteriemiya bosqichidan so‘ng yiringli meningit rivojlanadi. Bu esa meningokokklarning gematogen yo‘l bilan miya pardalariga o‘tganligini bildiradi. Meningit rivojlanishidan oldin har doim ham sepsis kuzatilavermaydi, ya’ni infektsiya qon orqali miya pardalariga darrov o‘tib birato‘la yiringli meningit rivojlanishi mumkin. Bunday paytda yiringli meningit alohida kasallik sifatida namoyon bo‘ladi.
Meningokokk meningitda buyrakusti bezi juda kuchli zararlanadi, uning parenximasida mayda nuqtasimon qon quyilishlar paydo bo‘ladi, katexolamin ishlab chiqarilishi izdan chiqadi. Buning natijasida buyrakusti bezining o‘tkir etishmovchiligi rivojlanadi. Yashin tezlikda rivojlanuvchi Uoterxaus-Frideriksen sindromini septik shok deb ham atashadi.
Septik shokning 4 darajasi farqlanadi.
- Birinchi darajasi. Bemor titray boshlaydi, yuzi pushti rang, tanasidagi teri qatlami esa oq tusga kiradi, oyoq-qo‘llarining uchi soviydi, kuchli ter bosadi. Ba’zan teri quruq va issiq bo‘ladi. Tana harorati 39–40°S ga ko‘tariladi. Yurak urishi va nafas olish tezlashadi. AQB normada qoladi yoki osha boshlaydi. Markaziy venoz bosim va diurez normada yoki pasayadi. Bemorning hushi joyida bo‘lib, uni xavotir va qo‘rquv bosadi. Pay reflekslari oshadi. Respirator alkaloz yuzaga keladi, birinchi darajali tarqalgan tomir ichi ivishi (TTII) sindromi (giperkoagulyatsiya) rivojlanadi. Metabolik atsidoz ham shakllana boshlaydi.
- Ikkinchi darajasi. Bemorning ahvoli og‘irlasha boradi, hushini yo‘qota boshlaydi. Yuzi va boshqa teri qatlamlari oqarib, kulrang tusga kiradi. Akratsionoz vujudga keladi, terisi nam va sovuq bo‘ladi. Tana harorati normada yoki biroz pasayadi. Metabolik atsidoz shakllanadi. Taxikardiya kuchayadi, nafas olishi tezlashadi (taxipnoe), tomir urishi sustlashadi, yurak tonlari bo‘g‘iqlashadi, AQB tushib ketadi. Markaziy venoz bosim ham pasayadi. Oliguriya paydo bo‘ladi. Ikkinchi darajali TTII sindromi rivojlanadi.
- Uchinchi darajasi. Bemorning ahvoli og‘irlasha borib, komaga tushadi. Teri rangi ko‘kimtir-kulrang tusga kiradi, ya’ni periferik vazokonstriktsiya hisobiga total tsianoz vujudga keladi, oyoq-qo‘llari nam va sovuq bo‘ladi. Terida, ayniqsa, oyoq-qo‘llarining distal qismida gemorragik va nekrotik o‘choqlar ko‘zga tashlanadi. Bunday o‘choqlarni murda doglari deb ham atashadi. Bu dog‘lar gangrena rivojlanayotganligidan dalolat beruvchi alomatdir. Qorachiqlar torayadi va ularning yorug‘likka sezgirligi keskin pasayadi yoki yo‘qoladi. AQB tushib ketadi, ba’zida aniqlanmaydi ham. Tomir bilinar-bilinmas uradi va buni ipsimon puls deb atashadi. O‘pka shishadi va nafas olish buziladi. Miokardit yoki endokardit rivojlanadi, doimiy taxikardiya paydo bo‘ladi, yurak indeksi pasayadi. Pay reflekslari diffuz tarzda oshadi, ikki tomonlama patologik piramidal simptomlar aniqlanadi. Tutqanoq xurujlari kuzatilishi mumkin. Leykopeniya va anuriya rivojlanadi va, nihoyat uchinchi darajali TTII sindromi shakllanadi.
- To‘rtinchi darajasi. Bu septik shokning terminal bosqichi bo‘lib, bemor chuqur komada, ya’ni agonal holatda yotadi. Yuqori qovoqni passiv ko‘tarsa, ikkala qorachiq ham kengaygan bo‘ladi (midriaz), ularning yorug‘likka sezgirligi butunlay yo‘qoladi. Mushaklarda tonik titrashlar paydo bo‘ladi. Reflekslar umuman chaqirilmaydi, ya’ni ikki tomonlama total areflektsiya kuzatiladi. Yurakning qisqarish faoliyati keskin buziladi, miya va o‘pka shishi belgilari kuchayadi. Qon sira ivimaydi va barcha ichki a’zolarga qon quyila boshlaydi, ba’zan bemorning burnidan qon ketadi. Bu shokning og‘ir darajasi bo‘lib, ko‘pincha o‘lim bilan tugaydi.
Deyarli barcha yiringli meningitlarda tanaga mayda gemorragik toshmalar toshadi va ularning paydo bo‘lishi bakteriemiya boshlanganidan dalolat beradi. Ammo gemorragik toshmalar yana bir qator kasalliklar, ya’ni virusli infektsiyalar, mikoplazmalar va gemorragik vaskulitlarda ham kuzatiladi. Bunday paytlarda infektsiyani teri bioptatida bakteriologik usul bilan aniqlash mumkin.
Yiringli meningitlar etiologiyasi turlicha bo‘lishiga qaramasdan, ularni aniqlashning yagona algoritmi ishlab chiqilgan. Meningit tashxitsini qo‘yish uchun zarur bo‘lgan tekshirish usullari haqida to‘xtalib o‘tamiz.
Lyumbal punktsiya (LP) – meningit chaqiruvchisini to‘g‘ri aniqlashning eng maqbul usuli. Meningit kasalligiga shubha paydo bo‘lgan har qanday holatda LP qilinishi shart. Chunki likvorda kasallik chaqiruvchisini hali meningit belgilari rivojlanmasdan turib aniqlab olish mumkin. Barcha yiringli meningitlarda kasallikning dastlabki kuniyoq LP paytida likvor bosimi oshganligi aniqlanadi. Likvor rangi loyqa suv rangiga o‘xshaydi. Neytrofillar soni juda oshib ketadi: 1 mkl likvorda ularning soni 3 000–10 000 taga etadi, neytrofillar likvordagi barcha hujayralarning 90% ni tashkil qiladi. Oqsil miqdori 1–3 g/l ga oshadi. Glyukoza va xloridlar miqdori keskin pasayadi. Laktat miqdori 10–20 mmol/l ga oshadi. rN 7,0 gacha tushadi, ya’ni atsidoz kuzatiladi.
Bakteriologik usul turli biologik suyuqliklar yoki ajratmalardan kasallik chaqiruvchisini aniqlash uchun o‘tkaziladi. Ushbu tekshiruvni antibakterial terapiyani boshlashdan oldin o‘tkazish maqsadga muvofiq. Meningokokklarni aniqlash uchun esa qon va likvorni ekish kifoya, ba’zida meningokokklar teri bioptati, plevral va sinovial suyuqliklarda ham aniqlanadi. Bu ish bilan vrach-laborant shug‘ullanishadi. Antibakterial terapiya boshlangandan so‘ng, bakteriologik usulning ahamiyati pasayadi. Bunday paytda immunologik usullardan foydalaniladi.
Immunologik, ya’ni serologik usul antitana va antigenlarni qon zardobi va likvorda aniqlash maqsadida o‘tkaziladi. Buning uchun serologik reaktsiyalardan foydalaniladi. Masalan, qon zardobi yoki likvorda meningokokk antigeniga antitana aniqlansa, serologik reaktsiya ijobiy, aniqlanmasa, manfiy hisoblanadi. Bular ichida PZR usulining diagnostik ahamiyati juda yuqori. Immunoferment analiz (IFA) ham eng sezgir diagnostik usullardan biridir. IFA har qanday bakterial va virusli infektsiyalarda kasallik qo‘zg‘atuvchitsini aniqlash uchun keng qo‘llaniladi.
Boshqa tekshiruv usullari kasallik sababini aniqlashda kam yordam beradi. Masalan, meningitda KT va MRT tekshiruvlari orqali miyada kechayotgan patologik o‘zgarishlarni aniqlash mumkin, ammo kasallik sababini bilib bo‘lmaydi. KT va MRT meningit tashxisini qo‘yishda kam informativ usullardir. O‘tkir meningitlarning qiyosiy tashxisi 2.2-jadvalda keltirilgan.
Qonda kuzatiladigan o‘zgarishlar. Kasallikning bakteriemiya bosqichida qonda kuchli patologik o‘zgarishlar ro‘y beradi. Neytrofil leykotsitoz juda yuqori bo‘ladi: ba’zida leykotsitlar soni 1 mkl qonda 40 000 taga etadi, leykotsitar formula chapga siljiydi, qonda mielotsitlar aniqlanib boshlaydi. Kasallik juda og‘ir kechayotgan paytlarda leykotsitoz emas, balki, leykopeniya, neytropeniya va trombotsitopeniya kuzatiladi. Leykopeniya va trombotsitopeniya – bular yomon prognostik belgilar.
Demak, qondagi ko‘rsatkichlar kasallikning og‘irlik darajasi va uning kechishiga bog‘liq. Uncha og‘ir bo‘lmagan holatlarda fibrinogen miqdori oshuvi va fibrinoliz susayishi hisobiga giperkoagulyatsiya kuzatilishi mumkin. O‘ta og‘ir holatlarda esa koagulopatiya rivojlanadi, fibrinogen va trombotsitlar miqdori keskin kamayadi, trombotsitar faollik sustlashadi. To‘qimalar ishemiyasi hisobiga metabolik atsidoz rivojlanadi, taxipnoe hisobiga RSO2 miqdori pasayadi. Bularning hammasi TTII sindromi rivojlanganligini ko‘rsatuvchi alomatlardir.
Siydikdagi o‘zgarishlar. Kasallikning engil turida siydikda sezilarli o‘zgarishlar aniqlanmaydi. Og‘ir holatlarda gematuriya va proteinuriya rivojlanadi.
Manba: © Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi
© asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha