Epilepsiyada bemorlar psixologiyasi
Epilepsiyada bemor xulq-atvori turli darajada o‘zgaradi. Ushbu kasallikda shaxs o‘zgarishlari o‘ziga xosligi bilan ajralib turadiki, buning natijasida tibbiy amaliyotda epileptik xarakter degan ibora paydo bo‘ldi. Bunday bemorlar juda ezma, qaysar, besabr, tez xafa bo‘ladigan, kayfiyati o‘zgaruvchan, arzimagan mayda ishlarga o‘ralashib yuradigan, o‘ta jizzaki va janjalkash bo‘lishadi. Albatta, bu belgilar turli darajada ifodalangan bo‘lishi mumkin. Ularning qay darajada namoyon bo‘lishi epileptik xurujlarning turi, sabablari, qanchalik ko‘p kuzatilishi va bemorning davolanish tarziga bog‘liq.
Epilepsiya bilan kasallangan aksariyat bemorlarning xarakteri beqaror bo‘ladi. Yaxshi kayfiyatda yurgan bemor birdan o‘zgarib qolishi va qo‘pol so‘zlar bilan yaqinlarini haqorat qila boshlashi mumkin. Bunday holat har qanday vaziyatda ro‘y berishi mumkin. Masalan, u biror narsasini topa olmasa, qilayotgan ishiga kimdir aralashib xatosini ko‘rsatsa, unga zid fikr bildirilsa, tezda janjal ko‘taradi. Ba’zan arzimagan narsadan ko‘tarilgan janjal affekt darajasigacha etadi va bemor o‘ziga yoki atrofdagilarga tan jarohati etkazib qo‘yadi. Shu bois bunday bemorni davolayotgan vrach uni psixiatrga albatta ko‘rsatishi kerak.
Bemorda xulq-atvor o‘zgarishlari yaqqol namoyon bo‘lib, affektiv buzilishlar tez-tez ro‘y beraversa, bu bemorni davolashni psixiatr davom ettiradi. Epilepsiya bilan kasallangan “muloyim” bemorning ham jahlini chiqarish juda oson. Agar uning ko‘ngliga yoqmaydigan so‘z aytilsa yoki tanbeh berilsa, bemor o‘zgarib, qaysar va o‘jar bo‘lib qoladi. Bemor biror odamdan qattiq ranjisa, u bilan mutlaqo gaplashmay qo‘yishi mumkin.
Xulq-atvor o‘zgarishlari ba’zida “ijobiy” tus oladi. Masalan, bemor begona odamlarga o‘ta mehribon, muloyim va har qanday ishga bel bog‘lab kirishib ketadigan shaxsga aylanadi. Shunday bo‘lsa-da, bunday mehribonlik o‘z yaqinlariga ko‘rsatilmaydi, ya’ni bemor o‘z yaqinlari bilan doimo janjallashib, ota-onasining aytganini qilmaydi. Shunday holat shizofreniyada ham uchraydi. Shizofreniyada bemorning butun qahr-g‘azabi oila a’zolariga qaratilgan bo‘ladi, begonalar bilan tezda til topishib oladi, hatto do‘st tutinadi.
Fikrlar karaxtligi bemorning nutqida ham aks etadi. Bemor berilgan savollarga lo‘nda javob bera olmaydi, bir aytgan gapini bir necha bor takrorlayveradi yoki suhbat boshida tushunarli bo‘lib qolgan voqeani yana so‘zlab beradi. Ular, odatda, hissiyotga berilib so‘zlashadi, goh kamgap, goh sergap bo‘lib qolishadi. Ba’zida asossiz ko‘tarinki kayfiyat, ya’ni eyforiya kuzatiladi. Bemor begona odam bilan ham bo‘lar-bo‘lmasga hazillashaveradi, masxarabozlik qiladi, kulgili voqea, uyatsiz latifalar o‘ylab topadi, gap orasida hadeb kechirim so‘rayveradi. Bemor tanishini uchratib qolsa, unga dardini aytib yig‘lab ham oladi. Ba’zi bemorlarda, ayniqsa, prefrontal epilepsiyada jinsiy faollik oshib ketadi, ya’ni giperseksual holat vujudga keladi.
Ba’zi bemorlar yolg‘onga juda o‘ch bo‘lishadi. Bunday bemorlarni psevdolog deb atashadi. Boshqa birlari esa juda haqiqatparvar bo‘lib, adolatsizlikka chiday olmaydi. Uning uchun begona bo‘lgan odam nohaqlikdan aziyat cheksa, uzoq vaqt u haqida gapirib yuradi, qo‘lidan kelsa yordamga shoshadi. Ba’zi bemorlar uyi va ishxonasini juda saranjom va sarishta tutishadi, ozoda yurishadi, chiroyli kiyinishadi, ya’ni ular tartibga qattiq rioya qilishadi.
Epilepsiyada kleptomaniya ham uchrab turadi, ya’ni bunday bemorlar keraksiz narsalarni o‘g‘irlab yashirib yurishadi. Masalan, bemor unga kerak bo‘lmasa-da, doktorning bolg‘achasini unga bildirmasdan uyiga olib ketishi mumkin. O‘sha kechasi bu qilgan ishidan “vijdoni qiynalib” ertasi kuni vrachga olib kelib beradi ham. Frantsuz qiroli Lyudovik XIV ham kleptomaniya bilan kasallangan. Qirol saroy mulozimlari va o‘ziga tegishli narsalarni turli joylarga yashirib qo‘yar va ularni izlab yurganlarga qarab lazzatlanar edi.
Epilepsiyada kuzatiladigan shaxs buzilishlari darajasi kasallikning qaysi yoshda boshlangani, bosh miyaning qaysi sohasi zararlanganligi, xurujlar soni va turi, o‘tkazilayotgan davolash muolajalari qanday olib borilayotganiga uzviy bog‘liq. Kasallik qanchalik erta yoshda boshlansa va xurujlar ko‘p takrorlanaversa (ayniqsa, hushning yo‘qolishi bilan), bemor shaxsidagi patologik o‘zgarishlar shunchalik tez rivojlanadi va og‘ir kechadi.
Ba’zi yoshi katta bemorlarda, ayniqsa ayollarda, puerilizm, ya’ni bolalarga xos xulq-atvor kuzatiladi. Ularning nafaqat xatti-harakatlari, balki fikrlash doirasi ham yoshiga mos kelmaydi. Ba’zan esa 5–7 yashar bolada kattalarga xos aql-zakovat xislatlarini ko‘rish mumkin. Ular xuddi kattalardek fikr yuritishadi, foydali maslahatlar berishadi. Bolaning ota-onasi bunday “qobiliyat”dan qo‘rqib ketib, uni psixiatrga ko‘rsatishadi. Ba’zilari esa bolasidagi bu “noyob qobiliyat”dan faxrlanib yurishadi. Shunga oid bitta voqeani keltirib o‘taman. Men epilepsiya bilan kasallangan 3 yoshga to‘lgan bolani ko‘rikdan o‘tkazib, uning otasiga zarur dorini yozib berdim. Bola dori yozilgan qog‘ozni qo‘liga olib, unga tikilib qaradi-da, mendan so‘radi: “Doktor bu dorilarni ovqatdan oldin ichaymi yoki keyinmi?” Albatta, 3 yashar bolaning bu so‘zlari meni hayratda qoldirdi. Men unga: “Bolam, o‘qishni bilasanmi?” dedim. U “Yo‘q” deb javob berdi. “Axir hozir o‘zing qaragan qog‘ozda dorini qachon ichish yozilgan-ku”, dedim. Shunda u
“Men o‘qishni bilmasam ham, dorini qachon ichishni bilaman”, deb javob berdi. Keyinchalik men bolaning tafakkur darajasini baholovchi bir qator neyropsixologik testlar o‘tkazib ko‘rdim. Uning fikrlash qobiliyati kamida 7 yashar bolanikidek edi.
Epilepsiya bilan kasallangan bemorning tafakkur doirasi yillar davomida torayib boradi va fikrlash karaxtligi rivojlanadi. Bemor diqqatini bir joyga jamlay olmaydi, fikrlar teranligi buziladi va buning oqibatida diqqat-e’tibor talab qiluvchi ishlarni bajara olmaydi. Bemor bir ishni boshlasa, uni oxiriga etkazmay tashlab qo‘yadi. Fikrlar karaxtligi va xulq-atvor beqarorligi sababli bemor birinchi va ikkinchi darajali ishlarni ajrata olmaydi. Ular keraksiz ishlar bilan o‘ralashib yurishadi.
Epilepsiyada tafakkur buzilishi ba’zida og‘ir darajaga etadi va epileptik dementsiya rivojlanadi. Ayniqsa, organik etiologiyali va kichik yoshda boshlangan tonik-klonik xurujlarda aqliy zaiflik tez shakllanadi. Uzoq yillar mobaynida benzonal ichib yurish ham bolaning aqliy rivojlanishdan orqada qolishiga sabab bo‘ladi. Bolalarda epileptik xurujlarning aqliy rivojlanishga ta’sir qilishi, hali ularda oliy ruhiy funktsiyalarning to‘la shakllanmaganligi bilan bog‘liq. Shuning uchun ham, bolalik davrida rivojlangan bosh miyaning har qanday og‘ir kasalligi oliy ruhiy funktsiyalarning u yoki bu darajada buzilishlari bilan kechadi. Keyinchalik bosh miyaning turli kasalliklari (bosh miya jarohati, meningit, qon tomir kasalliklari, ichkilikbozlik) rivojlansa, tutqanoq xurujlari qayta qo‘zg‘ab, ruhiy buzilishlar yanada kuchayadi. Avvalgi bo‘limlarda ta’kidlab o‘tilganidek, idiopatik epilepsiyada kognitiv buzilishlar kuzatilmaydi.
Epilepsiyada ruhiyat buzilishlari yaqqol ifodalangan sindromlar bilan namoyon bo‘ladi. Bular disforiya, deliriya, oneyroid, gallyutsinatsiya, epileptik stupor, amneziya, patologik uyqu va h.k. Bularning ichida eng ko‘p uchraydigani disforiya bo‘lib, u bemorda arzimagan bir sabab tufayli paydo bo‘ladi. Disforiya nafaqat kayfiyat buzilishi, balki sababsiz xavotir, siqilish, qo‘rquv, gumonsirash, miyaga turli fikrlarning yog‘ilib kelishi: suitsidal, birovni o‘ldirish, o‘g‘rilikka intilish kabi alomatlar bilan ham namoyon bo‘ladi.
Epilepsiyada stupor ham kuzatiladi. U turli darajada ifodalanadi: oddiy kam harakatlikdan tortib, to qotib qolishgacha. Qotib qolgan bemorda mutizm paydo bo‘ladi, biroq u birovning so‘zi va harakatini takrorlayveradi. Odatda, stupor bir necha daqiqadan bir necha soatgacha davom etadi. Stupor to‘satdan barham topib, faol harakatlar yana paydo bo‘lishi ham kuzatilib turadi. Bunday paytda bemor atrofdagi narsalarni otib yuborib, yonidagilar bilan urishib ketishi mumkin. Stupor, odatda, ba’zi epileptik xurujlardan so‘ng vujudga keladi. Bunda to‘la va qisman amneziya kuzatiladi.
Epilepsiyada to‘satdan paydo bo‘luvchi depersonalizatsiya, derealizatsiya, katapleksiya va anozognoziyalar ham kuzatiladi. Alahsirash bilan kechuvchi ruhiy buzilishlar, odatda, o‘tkir va surunkali ko‘rinishda namoyon bo‘ladi. O‘tkir psixotik buzilishlarda bemorni birov ta’qib qilayotgandek, zaharlamoqchidek, og‘ir tan jarohati etkazmoqchidek tuyuladi. Bu holat epileptik paranoyya deb ataladi. Epileptik paranoyya bir necha kundan bir necha oygacha cho‘ziladi. Odatda, disforiya bilan paydo bo‘lgan o‘tkir ruhiy buzilishlar qisqa vaqt davom etadi. Bu buzilishlar to‘satdan ro‘y berishi, yo‘qolib ketishi, pasayishi va bir necha kunlardan so‘ng yana paydo bo‘lishi mumkin.
Surunkali psixotik buzilishlar ko‘pincha paranoid va parafrenik belgilar bilan namoyon bo‘ladi va ular epileptik oneyroid, deliriy yoki boshqa psixopatologik holatlardan so‘ng rivojlanadi. Surunkali psixotik buzilishlar klinikasida alahsirash asosiy belgilardan biridir va u tez-tez takrorlanib turadi.
Epileptik xurujlar butunlay to‘xtagan taqdirda ham yuqorida ko‘rsatilgan barcha alomatlardan iborat epileptik xarakter bemor hayotining oxirigacha saqlanib qolishi mumkin. Epileptik dementsiya rivojlangan bemorlarda xurujlar soni keskin kamayadi yoki butunlay to‘xtaydi. Buning asosiy sababi po‘stloqning kuchli atrofiyasidir. Bunday bemorlarni tibbiy psixolog yoki psixiatr nazoratga olishi kerak.
Bemor va uning yaqinlariga beriladigan tavsiyalar. Epilepsiya bilan kasallangan bemorni sog‘lom turmush tarziga o‘rgatish davolovchi vrachning bevosita vazifasidir. Bu qoidaga amal qilmagan vrach davolash qoidalarini qanchalik to‘g‘ri olib bormasin, u samarasiz tugayveradi. Davolash muolajalari uzoq yillar davom etgani uchun ham, bemorni bitta vrach davolagani ma’qul. Bu vrach uchun ham yaxshi (chunki uning malakasi oshadi), bemor uchun ham yaxshi (davolashda uzilishlar bo‘lmaydi). Shu o‘rinda buyuk Gufelyandning quyidagi so‘zlari juda o‘rinlidir. “Bemorni bitta vrach davolasa yaxshi, ikkitasiga ham chidasa bo‘ladi, biroq uchta vrach davolashi – bu dahshat”. Deyarli 300 yil oldin aytilgan bu dono fikr hanuzgacha o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q. To‘g‘ri, vrach tashxis qo‘yishda qiynalishi mumkin. Qiyinchilik va xatolar hatto katta tajribaga ega vrachlarda ham ro‘y berib turadi. Bunday paytlarda hamkasblar bilan konsilium o‘tkazish lozim. Ammo muolajani davolovchi vrachning o‘zi olib borgani ma’qul. Hamkasblar bilan maslahatlashib turish vrachning malakasi oshib borishiga turtki bo‘ladi. Albatta, davolovchi vrachni bemorning o‘zi tanlaydi. Buning uchun bemorning ishonchini qozonish ham o‘ta muhim.
Televizor va kompyuter. Hozirgi kunda aholining aksariyat qismi televizor va kompyuter monitori oldida kunini o‘tkazadi. Epilepsiya bilan kasallangan bemorlar bunday elektron uzatgich vositalaridan iloji boricha kamroq foydalanishlari kerak. Televizorni qorong‘i xonada emas, balki yorug‘ xonada ko‘rish tavsiya etiladi. Ungacha bo‘lgan masofa 2 m dan ortiq bo‘lishi lozim, teleko‘rsatuvlarni tomosha qilish davomiyligi 2 soatdan oshmasligi kerak. Fotosensitiv epilepsiyada televizor ko‘rish yoki kompyuter monitori oldida o‘tirish man etiladi.
Maktab va bog‘cha. Epilepsiya bilan kasallangan bolalarning deyarli barchasi boshqa bolalar singari, maktab va bog‘chalarga qatnashlari mumkin. Ayniqsa, idiopatik epilepsiyada bolaning intellekti saqlangan bo‘lganligi uchun ular umumta’lim maktablarida o‘qishadi. Bola umumta’lim maktabida o‘qishi kerakmi yoki maxsus maktabdami? Bu masalani faqat neyropsixologik testlar yordamida bolaning oliy ruhiy faoliyatini o‘rgangach, bolalar psixologi yoki tibbiy psixolog hal qilishi lozim. Ba’zida maktabda epileptik xurujlar kuzatilgan bolani maktab o‘qituvchilari o‘qitishdan voz kechishadi. Hech qachon epileptik xurujning kuzatilishi bolani maxsus maktabga o‘tkazishga asos bo‘la olmaydi. Psixolog xulosasi asosida ruhiy o‘zgarishlar aniqlangan taqdirdagina bola maxsus maktablarga o‘tkazilishi mumkin. Agar epileptik xurujlar oligofreniya, bolalar tserebral falajligi, o‘tkazilgan meningoentsefalitlar va shu kabi bosh miyaning organik kasalliklari sababli rivojlangan bo‘lsa, bola maxsus maktabda ta’lim olishi kerak.
Sport va jamiyat. Bemorni faqat tutqanoq xuruji borligi sababli jamiyatdan ajratib qo‘yish yoki alohida tarbiyalash noto‘g‘ri. Aksincha, bunday bemorlarning to‘laqonli hayot kechirishlariga imkoniyat yaratib berish lozim. Agar bemor (bola) til o‘rganmoqchi, sport bilan jiddiy shug‘ullanmoqchi va jismoniy mashqlarga qatnashmoqchi bo‘lsa, bunga ruxsat berish kerak. Biroq trenerni ogohlantirib qo‘yish zarur. Bemorning bunday tadbirlarda qatnashish yoki qatnashmasligi individual tarzda davolovchi vrach tomonidan hal qilinadi. Xuruj tez-tez kuzatiladigan holatlarda bemor davolash muolajalarini olishi lozim. Xuruj kam kuzatiladigan holatlarda bemor sportning engil turlariga (badantarbiya, stol tennisi, sekin yugurish va h.k.) qatnashishi mumkin. Sportning ba’zi turlari, ya’ni boks, shtanga ko‘tarish, kurash, suzish va tez yugurish mumkin emas. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, rejali tarzda sportning engil turlari bilan shug‘ullanish foydalidir. Chunki so‘nggi paytlarda mutaxassislar o‘smirlarda kuzatiladigan tutqanoq xurujlarining kompyuter monitori oldida uzoq o‘tirishlari oqibatida kuchayib ketayotganligini ta’kidlashmoqda.
Faol hayot va jismoniy mehnat. Yirik amerikalik epileptolog V. Lennoksning “Faol hayot – xurujlar antagonistidir” degan gapini yuqorida keltirgan edik. Epileptologlarning e’tirof etishlaricha, epilepsiya kasalligida xurujlar passiv hayot kechiruvchi bemorlarda ko‘p takrorlanadi. Faol aqliy va jismoniy mehnat bilan shug‘ullanuvchi bemorlarda esa bu holat kam kuzatiladi. Shu bois bemorlarni, ayniqsa, bolalar va o‘smirlarni jismoniy ishlardan, o‘qishdan chegaralab qo‘yish va ularning ko‘z o‘ngida oila davrasida kasalini muhokama qilaverish og‘ir ruhiy jarohatlarni yuzaga keltiradi. Bunday bolalarda melanxoliklarga xos bo‘lgan xulq-atvor shakllanadi, ular ruhiy jihatdan nogiron bo‘lib o‘sishadi. Biroq ortiqcha ruhiy va jismoniy zo‘riqishlar xurujlar sonini ko‘paytirishini ham unutmaslik kerak. Kuchli stress xurujlarni qo‘zg‘ab yuborishi mumkin. Bemorning hayot uchun xavfli, ya’ni haydovchilik, o‘t o‘chirish, militsiya, soqchilik va qutqaruvchilik kasblarida ishlashlariga yo‘l qo‘yilmaydi. Shuningdek, kimyoviy vositalar mavjud joylarda yoki baland binolarda, jarohatlanish xavfi yuqori bo‘lgan zavod va fabrikalarda ishlash man etiladi. Tunda ishlash umuman mumkin emas. Chunki tunda uyquga to‘ymaslik xurujlar takrorlanishi yoki ko‘payib ketishiga olib keladi.
Uy-ro‘zg‘or yumushlari va boshqa tadbirlar. Bemor dush qabul qilganida eshikni ichkaridan bekitmasligi, issiq yoki o‘ta sovuq dush qabul qilmasligi, saunalarga bormasligi, vannada uzoq vaqt qolib ketmasligi zarur. Tandirda non yopish, olov yonida katta qozonlarda ovqat tayyorlash, doimo o‘tkir narsalar bilan ishlashdan ehtiyot bo‘lish lozim. Bemorga fizioterapevtik muolajalar ham man etiladi. Ishxonada doimiy ishlovchilardan bir-ikkitasi kasallikdan voqif bo‘lishi maqsadga muvofiq. Shuningdek, bemor uzoq safarga bir o‘zi bormasligi va mehmonxonada yolg‘iz qolmasligiga e’tibor berish zarur.
Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y;
©asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha