EPILEPSIYaDA BEMORLARGA BERILADIGAN TAVSIYaLAR
Epilepsiya bilan kasallangan bemorlarni sog‘lom turmush tarziga o‘rgatish davolovchi vrachning bevosita vazifasidir. Bu qoidaga amal qilmagan vrach davolash qoidalarini qanchalik to‘g‘ri olib bormasin, u samarasiz tugayveradi. Davolash muolajalari uzoq yillar davom etgani uchun ham bemorni bitta vrach davolagani ma’qul. Bu vrach uchun ham yaxshi (chunki uning malakasi oshadi), bemor uchun ham yaxshi (davolashda uzilishlar bo‘lmaydi). Shu o‘rinda buyuk Gufelyandning quyidagi so‘zlari juda o‘rinlidir. “Bemorni bitta vrach davolasa yaxshi, ikkitasiga ham chidasa bo‘ladi, biroq uchta vrach davolashi – bu dahshat”. Deyarli 300 yil oldin aytilgan bu dono iboralar hanuz o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q. To‘g‘ri, vrach tashxis qo‘yishda qiynalishi mumkin. Qiyinchiliklar, hatto uzoq tajribaga ega vrachlarda ham ro‘y berib turadi. Bunday paytlarda hamkasblar bilan konsilium o‘tkazish lozim. Ammo muolajalarni davolovchi vrachning o‘zi olib borgani ma’qul. Hamkasblar bilan maslahatlashish vrachning malakasini ham oshirib boradi. Albatta, davolovchi vrachni bemorning o‘zi tanlaydi. Buning uchun bemorning ishonchini qozonishi o‘ta muhim.
Televizor va kompyuter. Hozirgi kunda aholining aksariyat qismi televizor va kompyuter monitori oldida kunini o‘tkazadi. Epilepsiya bilan kasallangan bemorlar bunday elektron uzatgich vositalaridan iloji boricha kamroq foydalanishlari kerak. Televizorni qorong‘i xonada emas, balki yorug‘ xonada ko‘rish tavsiya etiladi. Ungacha bo‘lgan masofa 2 m dan ortiq bo‘lishi lozim, teleko‘rsatuvlarni tomosha qilish davomiyligi 2 soatdan oshmasligi kerak. Fotosensitiv epilepsiyada televizor ko‘rish yoki kompyuter monitori oldida o‘tirish man etiladi.
Maktab va bog‘cha. Epilepsiya bilan kasallangan bolalarning deyarli barchasi boshqa bolalar singari maktab va bog‘chalarga qatnashlari mumkin. Ayniqsa, idiopatik epilepsiyalarda bolaning intellekti saqlangan bo‘lganligi bois ular umumta’lim maktablariga borishadi. Bola umumta’lim maktabida o‘qishi kerakmi yoki maxsus maktabdami, bu masalani faqat neyropsixologik testlar yordamida bolaning oliy ruhiy faoliyatini o‘rganib, bolalar psixologi yoki tibbiy psixolog hal qilishi lozim. Ba’zida maktabda epileptik xurujlar kuzatilgan bolani maktab o‘qituvchilari o‘qitishdan voz kechishadi. Hech qachon epileptik xurujning kuzatilishi bolani maxsus maktabga o‘tkazishga asos bo‘la olmaydi. Psixolog xulosasi asosida ruhiy o‘zgarishlar aniqlangan taqdirdagina bola maxsus maktablarga o‘tkazilishi mumkin. Agar epileptik xurujlar oligofreniya, bolalar tserebral falajligi, o‘tkazilgan meningoentsefalitlar va shu kabi bosh miyaning organik kasalliklari sababli rivojlangan bo‘lsa, bola maxsus maktabda ta’lim olishi kerak bo‘ladi.
Sport va jamiyat. Bemorni faqat tutqanoq xuruji borligi sababli jamiyatdan ajratib qo‘yish yoki alohida tarbiyalash noto‘g‘ri. Bunday qonunlar ham yo‘q. Aksincha, ularning to‘laqonli hayot kechirishlariga imkoniyat yaratib berish lozim. Agar bemor (bola) til o‘rganmoqchi, sport va jismoniy mashqlarga qatnashmoqchi bo‘lsa bunga ruxsat berish kerak. Biroq trenerni ogohlantirib qo‘yish zarur. Bemorning bunday tadbirlarda qatnashish yoki qatnashmasligi individual tarzda davolovchi vrach tomonidan hal qilinadi. Xuruj tez-tez kuzatiladigan holatlarda bemor davolash muolajalarini olishi lozim. Xuruj kam kuzatiladigan holatlarda bemor sportning engil turlariga (badantarbiya, stol tennisi, sekin yugurishlar va h.k.) qatnashishi mumkin. Sportning ba’zi turlari, ya’ni boks, shtanga ko‘tarish, kurash, suzish va tez yugurish mumkin emas. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, rejali tarzda sportning engil turlari bilan shug‘ullanish foydalidir. Chunki so‘nggi paytlarda mutaxassislar o‘smirlarda kuzatiladigan tutqanoq xurujlarining kompyuter monitori oldida uzoq o‘tirishlari oqibatida kuchayib ketayotganligini ta’kidlashmoqda.
Faol hayot va jismoniy mehnat. Amerikalik epileptolog V. Lennoksning “Faol hayot – xurujlar antagonistidir”, degan gapini yuqorida keltirgan edik. Epileptologlarning e’tirof etishlaricha, epilepsiya kasalligida xurujlar passiv hayot kechiruvchi bemorlarda ko‘p takrorlanadi. Faol aqliy va jismoniy mehnat bilan shug‘ullanuvchi bemorlarda esa bu holat kam kuzatiladi. Shu bois bemorlarni, ayniqsa, bolalar va o‘smirlarni jismoniy ishlardan, o‘qishdan chegaralab qo‘yish va ularning ko‘z o‘ngida oilaviy bo‘lib kasalligini muhokama qilaverish og‘ir ruhiy jarohatlarni yuzaga keltiradi. Bunday bolalarda melanxoliklarga xos bo‘lgan xulq-atvor shakllanadi, ular ruhiy jihatdan nogiron bo‘lib o‘sishadi. Biroq ortiqcha ruhiy va jismoniy zo‘riqishlar xurujlar sonini ko‘paytirishini ham unutmaslik kerak. Kuchli stress xurujlarni qo‘zg‘ab yuborishi mumkin. Bemorning hayot uchun xavfli bo‘lgan ishlar, ya’ni haydovchilik qilish, o‘t o‘chirish, militsiya, soqchilik va qutqaruvchilik kasblarida ishlashlariga yo‘l qo‘ymasligi kerak
. Shuningdek, kimyoviy vositalar mavjud joylarda yoki baland binolarda, jarohatlanish xavfi yuqori bo‘lgan zavod va fabrikalarda ishlash man etiladi. Tunda ishlash umuman mumkin emas. Chunki tunda uyquga to‘ymaslik xurujlarning takrorlanishi yoki ko‘payib ketishiga sababchi bo‘ladi.
Uy-ro‘zg‘or yumushlari va boshqa tadbirlar. Bemor dush qabul qilganida eshikni ichkaridan bekitmasligi, issiq yoki o‘ta sovuq dush qabul qilmasligi, saunalarga bormasligi, vannada uzoq vaqt qolib ketmasligi zarur. Tandirda non yopish, olov yonida katta qozonlarda ovqat tayyorlash, doimo o‘tkir narsalar bilan ishlashdan ehtiyot bo‘lish lozim. Bemorga fizioterapevtik muolajalar o‘tkazish ham mumkin emas. Ishxonada doimiy ishlovchilardan bir-ikkitasi kasallikdan voqif bo‘lishi maqsadga muvofiq. Shuningdek, bemor uzoq safarlarga yolg‘iz bormasligi va mehmonxonalarda yolg‘iz qolmasligiga e’tibor beriladi.
Tez yordam. Bemorning yaqinlari epileptik xurujlar paytida qanday tez yordam ko‘rsatishni bilishlari zarur. Shu bilan birga uyda tez yordam ko‘rsatish uchun zarur dorilar bo‘lishi kerak. Masalan, relanium (valium, sibazon), magniy sulfat va h.k.
Manba: ©Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b.
©Z. Ibodullayev. Nevrologiya. Qo`llanma., Toshkent, 2017., 404 b.
©Z. Ibodullayev. Epilepsiya. Qo`llanma., Toshkent, 2018., 128 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi ©asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha