Efferent motor afaziya
Bunda nutqning kinetik tarkibi (ya’ni harakat qismi) buziladi. Bemor bir so‘zdan ikkinchi so‘zga o‘ta olmay, dastlabki so‘zda to‘xtab qoladi. Sog‘lom odam gapirayotganda, dastlabki so‘zlar nutq uchun javob beruvchi miya strukturalari tomonidan tormozlanib, so‘nggi so‘zlarga yo‘l ochib beradi va ravon so‘zlashga imkon yaratiladi. Demak, EMA da birinchi artikulyator harakatdan ikkinchisiga o‘tish buziladi va natijada nutq perseveratsiyalari paydo bo‘ladi.
Ushbu afaziyada ekspressiv nutqning barcha turi va shakli buziladi: monolog, dialog, avtomatlashgan va hokazo. Ko‘proq ongli ravishda so‘zlash, ya’ni boshqa birovning ko‘rsatmasi bo‘yicha so‘zlash o‘zgarsa, beixtiyoriy so‘zlash esa kam buziladi. Bemor 1 dan 10 gacha bemalol sanashi mumkin, lekin 10 dan 1 gacha sanay olmaydi. Faol nutqda ham, takroriy nutqda ham bir bo‘g‘indan ikkinchi bo‘g‘inga yoki so‘zdan so‘zga bemalol o‘tish qiyinligi, ya’ni nutq perseveratsiyalari EMA ning asosiy klinik belgilaridan biridir.
Afaziyaning bu turida bemor ba’zi tovush va bo‘g‘inli so‘zlarni to‘g‘ri talaffuz qiladi, lekin ularni qo‘shib so‘z yasay olmaydi. Engil holatlarda esa bir nechta so‘zlardan jumlalar tuzish qiyinlashadi. Hattoki, o‘ta engil kechuvchi EMA da ham bemor qiyin artikulyator tuzilishga ega bo‘lgan so‘z va jumlalarni talaffuz qila olmaydi (masalan, tez aytishlarni). Shuning uchun ham EMA da agrammatizm ko‘p kuzatiladi.
Ma’lumki, Brok markazi miyaning chakka sohasi tuzilmalari bilan assotsiativ yo‘llar orqali bog‘langan. Shu bois EMA da nutq jarayoni karaxtligi sababli nutq faoliyatining boshqa turlari, ya’ni, yozish va o‘qish ham buziladi.
Shunday qilib, EMA boshqa afaziyalar kabi, nutq faoliyatining sistem buzilishi bilan kechadi va bunda kuzatiladigan asosiy kamchilik nutq kinetikasi etishmovchiligidir.
Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.
©Z. Ibodullayev. Umumiy nevrologiya. Darslik. T.; 2021., 312b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y;
©asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha