Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi EHTIYoT BO‘LING, DORI!

EHTIYoT BO‘LING, DORI!


EHTIYoT BO‘LING, DORI!

Savol: Zarifboy Rajobovich! Dori reklamasining miyaga qanday ta’siri bor?
Javob: Dorilarni hadeb reklama qilish, albatta ularni qabul qiluvchilar sonini ko‘paytirmoqda. Inson miyasi yangi axborotga juda o‘ch. Agarda qaysidir ma’lumot hadeb takrorlanaversa, miya ushbu ma’lumotni to‘g‘ri deb qaror qabul qiladi. Qaror qabul qilingandan so‘ng miya uni bajarishga majbur. Miyaning ushbu xususiyatini yaxshi tushungan reklama kompaniyalari undan o‘z maqsadlarida unumli foydalanishmoqda. Shu bois, eng ko‘p reklama qilingan vositalar har bir odamda katta qiziqish uyg‘otadi.
Savol: Qaysi dori qachon reklama qilinadi?
Javob: Qishda tana haroratini tushiruvchi va og‘riq qoldiruvchi dorilar, bahorda allergiyaga qarshi dorilar, yozda esa ich ketishni to‘xtatuvchi dorilar ko‘p reklama qilinadi. Buning sababini tushunayotgandirsiz. Ovqatni hazm qildiruvchi dorilar esa har doim reklama qilinayapti. Bu o‘ta xavfli! Dorilarning har qanday ko‘rinishda reklamasini to‘xtatish zarur deb hisoblayman. 
Savol: Dori reklamasi oqibati yomon tugagan holatni o‘zingiz kuzatganmisiz?
Javob: Ko‘p bora! Mana, bir misol. Meni shahar yuqumli kasalliklar shifoxonasiga 12 yoshli bolaning ko‘rigiga chaqirib qolishdi. Unda meningit rivojlangan ekan. Meningitda tez yordam ko‘rsatmasa, bemor o‘ladi yoki umrbod nogiron bo‘lib qoladi. Voqea bunday sodir bo‘lgan. Bola sochini yuvib, ko‘chaga chiqib ketadi. Kechasi tana harorati ko‘tariladi. O‘sha paytda televizorda tana haroratini darrov tushiruvchi dorining reklamasi ko‘rsatilayotgan bo‘ladi. Ona bolaga o‘sha doridan beradi. Bola dorini ichib, uxlab qoladi. Ertalab bolaning yoniga kirishsa, u alahsirab yotgan va butun tanasiga toshmalar toshib ketgan edi. Bolaning ota-onasi qo‘rqib ketib, “Tez yordam” chaqirishadi. Doktorlar uni darrov yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib kelishadi. Unda meningit rivojlangan edi. Bolaning hayoti zo‘rg‘a saqlab qolinadi. 
Savol. Dori kasalligidan qanday qutulish mumkin?
Javob: Shunday odamlar borki, dorini doktor ruxsatisiz aslo qabul qilmaydi. Bundaylar dunyoqarashi keng, kitob va gazetalarni ko‘p mutolaa qiladigan odamlardir. Ular har doim sog‘lom turmush tarziga rioya qilishadi. Bir kuni qabulimga er-xotin ko‘ringani kelishdi. Ularning yonida 5 yashar bolasi ham bor edi. Men bolaning ota-onasini tekshirib, zarur dori-darmonlarni yozib berdim. Ota-ona rahmat aytib xonamdan chiqib ketishayotganida haligi 5 yashar bola: “Doktor amaki, bu dorilar adam va oyimga zarar qilmaydimi?” – deb so‘rab qoldi. Jajji bolaning bu savolidan hamma kulib yubordi. U esa jiddiy turardi. “Bolam, sen dorining zararli ta’sirini qaerdan eshitgansan”, – deb so‘radim. Bola jiddiy ohangda “Axir dori kasal odamga beriladi-ku, demak, u yomon bo‘lsa kerak”, – deb javob qaytardi. Keyin bilsam, ushbu bola buvisi bilan ko‘p bo‘larkan. Buvisi unga nima yomon-u, nima yaxshi ekanligi haqida ko‘p so‘zlab berarkan. Bu voqeadan hamma o‘ziga kerakli xulosani chiqarib oladi degan umiddaman. Biz oila davrasida shu kabi suhbatlarni o‘tkazib tursak, turli yomon odatlardan, shu jumladan, dori kasalligidan o‘zimizni asragan bo‘lamiz.

Manba: © Z. Ibodullayev. Asab va ruhiyat., 4-nashr. Ilmiy-ommabop risola. T, 311 b. 
             © Ibodullayev ensiklopediyasi
                 © asab.cc

Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив