EShITUV NERVI NEVROPATIYaSI
VIII nerv (n.vestibulocochlearis) funktsional jihatdan 2 xil vazifani bajaruvchi, ya’ni eshituv (pars cochlearis) va vestibulyar qismlar (pars vestibularis) dan iborat. Aksariyat kasalliklarda faqat eshitish funktsiyasi buziladi. Eshitish funktsiyasi buzilishiga sabab bo‘ladigan kasalliklarni shartli ravishda, tug‘ma (nasliy) va orttirilgan turlarga ajratish mumkin. Ularning aksariyati, ayniqsa, tug‘ma karlik bilan namoyon bo‘luvchi kasalliklar otorinolaringologiya darsliklarida batafsil bayon qilingan. Biz eshituv nervi nevropatiyasiga olib keluvchi ba’zi kasalliklar (asosan, orttirilgan) haqida to‘xtalib o‘tamiz.
Eshituv nervi nevropatiyasi virusli infektsiya, ayniqsa, gerpetik infektsiyalar (herpes zoster oticus), parotit, suvchechak, infektsion mononukleaz, bakterial meningit, o‘rta yiringli otit, xolesteatoma, zahm, borrelioz, Refsum kasalligi, eshituv nervi nevrinomasi, paraneoplastik sindromlar, labirint arteriyasi zararlanishi, migren, otoskleroz, kollagenozlar, chakka suyagi piramidasi jarohatlari, akustik travma, toksik zararlanishlar (aminoglikozidlar, tsitostatiklar, salitsilatlar, xinin, kimyo sanoatida ishlatiladigan vositalar), arterial gipertoniya, ateroskleroz, qandli diabet sababli rivojlanadi.
Vestibulyar neyronit. Vestibulyar nervning zararlanishiga vestibulyar neyronit yoki vestibulyar nevrit deb aytiladi. Kasallik turli yoshda uchraydi. Biroq u, asosan, yoshi kattalarda kuzatiladi. Vestibulyar neyronit o‘tkir virusli infektsiyalardan so‘ng rivojlanadi. Ko‘p hollarda uning sababi aniqlanmay qoladi. Vestibulyar neyronit uchun sistem bosh aylanishi, ataksiya va nistagm juda xosdir. Bosh aylanishi ko‘pincha ko‘ngil aynish, qusish va ko‘z oldi qorong‘ilashib ketishi bilan namoyon bo‘ladi. Bosh aylanishi, asosan, xurujsimon tarzda kechadi va to‘satdan paydo bo‘ladi. Bemorga go‘yo uning atrofidagi barcha buyumlar muayyan yo‘nalishda soat strelkasiga qarshi yoki soat strelkasi bo‘yicha aylanayotgandek, er chayqalayotgandek tuyuladi. Bunday bosh aylanishi sistem bosh aylanishi deb aytiladi. Bosh aylanish yuqoriga qaraganda yoki boshni yon tomonga burganda kuchayadi. Gorizontal holatdan vertikal holatga o‘tganda ham bosh aylanishi kuchayib ketadi. Shuning uchun ham sistem bosh aylanishlarda bemor tik tura olmaydi yoki biror narsaga suyanib turadi. Ba’zida boshni yon tomonga sal bursa ham bosh aylanishi kuchayib ketadi, bemor o‘qchib qusadi. Bunday bemorlar iloji boricha boshini yon tomonlarga burmaslik va o‘rnidan turmaslikka harakat qilishadi. Kuchli shovqin ham vestibulyar bosh aylanishni kuchaytiradi. Uni kamaytirish uchun bemor quloqlarini kaftlari bilan yopib oladi va boshini qimirlatmay ushlab yotadi.
Vestibulyar neyronitda doimo nistagm kuzatiladi va u faqat bir tomonga qaraganda vujudga keladi. Bir tomonlama gorizontal nistagm rotator komponent bilan namoyon bo‘ladi. Gorizontal nistagm zararlangan tomondan qarama-qarshi tomonga qaraganda kuzatiladi: vestibulyar nerv chap tomonda zararlansa – gorizontal nistagm o‘ng tomonga qaraganda, o‘ng tomonda zararlansa – chap tomonga qaraganda ro‘y beradi. Vestibulyar nerv ta’sirlanishlarida esa (bu ko‘pincha o‘smalarda kuzatiladi) gorizontal nistagm ta’sirlangan tomonga qaraganda ro‘y beradi.
Eslatma. Ikki tomonlama nistagm vestibulyar neyronit uchun xos emas, uning mavjudligi ushbu tashxisni inkor qiladi.
Bosh aylanish xuruji kuchayganda, ko‘zni yumganda va bosh holatini o‘zgartirganda, nistagm kuchayadi. Bemor bir nuqtaga qarab tursa, nistagm yo‘qoladi. Bosh aylanishi pasaya borgan sayin gorizontal nistagm ham sustlashib boradi. Bemor tuzalib ketsa, nistagm yo‘qoladi.
Vestibulyar neyronitda eshitish funktsiyasi pasaymaydi, audiometrik tekshiruvlar natijasi ham o‘zgarmay qoladi. Agarda eshitish funktsiyasi pasaygan bo‘lsa, demak, parallel tarzda eshituv nervi ham zararlangan. Vestibulyar neyronit uchun boshqa nevrologik simptomlar xos emas, ularning mavjudligi bu tashxisni inkor qiladi.
Vestibulyar neyronitda koordinator buzilishlar yaqqol ko‘zga tashlanadi. Vestibulyar ataksiya, asosan, bir tomonlama, ya’ni zararlangan tomonda kuzatiladi. Romberg sinamasida bemor zararlangan tomonga og‘adi, o‘sha tomonda barmoq-burun sinamasini intensiya bilan, tovon-tizza sinamasini ataksiya bilan bajaradi. Ataksiya bosh va tana holatini o‘zgartirganda va hatto ko‘zni yon tomonga bursa ham kuchayadi. Ko‘zni yumganda kuchayadigan ataksiya sensitiv ataksiya darajasida bo‘lmaydi. Mushaklar tonusi o‘zgarmaydi.
Tashxis va qiyosiy tashxis. Vestibulyar bosh aylanish vestibulyar apparatning periferik qismi (ichki quloqdagi yarim aylana kanallar va vestibulyar nerv) va uning markaziy qismi (miya ustunidagi vestibulyar nerv yadrosi va uning yo‘llari) zararlanganda rivojlanadi.
Periferik vestibulopatiya, asosan, labirintit, vestibulyar neyronit va Men’er sindromida kuzatiladi. Shuningdek, bir qator boshqa kasalliklar ham vestibulyar apparatning periferik qismini zararlashi mumkin.
Markaziy vestibulopatiya esa miya ustunida rivojlangan ishemik insult, o‘sma, bazilyar migren va tarqoq sklerozda rivojlanadi. Demak, markaziy vestibulopatiya rivojlanishi uchun patologik jarayon vestibulyar nerv yadrosi va uning markaziy yo‘llarini zararlashi kerak (1-jadval).
1-jadval
Markaziy va periferik vestibulopatiyalarning qiyosiy belgilari
Belgilar | Markaziy vestibulopatiya | Periferik vestibulopatiya |
Asosiy sabablari | Vertebrobazilyar sistemada qon aylanishning surunkali etishmovchiligi. Miya ustuni infarkti va o‘smalari. Bazilyar migren. Tarqoq skleroz. Siringobulbiya. Kiari anomaliyasi | Mener kasalligi. Vestibulyar neyronit. Labirintit. Miyacha-ko‘prik burchagi kasalliklari va jarohatlari. Antikonvulsantlar, antibiotiklar, diuretiklar qabul qilish |
Bosh aylanishi | Odatda, engil, biroq doimo | Juda kuchli va o‘tib ketuvchi xususiyatga ega |
Ko‘ngil aynish va qusish | Kam kuzatiladi | Ko‘p kuzatiladi |
Nistagm | Asosan, vertikal-rotator, kam hollarda gorizontal. Nistagm yo‘nalishi nigoh yo‘nalishiga bog‘liq. Zararlangan tomonga qaraganda kuchayadi | Gorizontal-rotator. Zararlangan tomondan qarama-qarshi tomonga, ya’ni sog‘lom tomonga qaraganda kuchayadi |
Miya ustuni belgilari | Ko‘p aniqlanadi | Kuzatilmaydi |
Quloqda shovqin | Bo‘lmaydi | Ko‘p kuzatiladi |
Koordinator buzilishlar | Asimmetrik tarzda ikkala tomonda ham namoyon bo‘ladi | Zararlangan tomonda kuzatiladi |
Kechishi. Vestibulyar neyronit, odatda, o‘tkir rivojlanadi. To‘satdan paydo bo‘lgan sistem bosh aylanish bir necha soatdan so‘ng o‘zi o‘tib ketadi. Biroq yurganda chayqalish belgilari oz bo‘lsa-da, saqlanib qoladi. Ba’zida kasallik bir necha oy yoki yildan so‘ng yana qo‘zg‘aydi.
Manba: © Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b.
© Z. Ibodullayev. Umumiy nevrologiya. Darslik. Toshkent, 2021., 312 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi
© asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha