DEPRESSIV EPIZODLAR


KXT-10 bo‘yicha har bir depressiv epizodning tashxis qo‘yish algoritmi bilan tanishib chiqamiz. “Depressiv epizod” tashxisi qachon qo‘yiladi? Bemorda depressiya avval umuman kuzatilmagan va endi aniqlanayotgan bo‘lsa, “depressiv epizod” tashxisi qo‘yiladi.  
    F32 Depressiv epizod. KXT-10 bo‘yicha depressiv epizodning engil, o‘rta va og‘ir darajalari  farq qilinadi. Uning har birida tushkun kayfiyat, qiziqishlar so‘nishi, qoniqish hissi yo‘qligi, umumiy quvvat so‘nib, tez toliqib qolish kuzatiladi. Bemor o‘zini hech kimga kerak emasdek va aybdordek his qiladi. Kayfiyat kun bo‘yi o‘zgarib turadi, gohida ko‘tariladi, gohida pasayadi. Ertalab uyg‘onganda tushkun kayfiyat, kuchli xavotir, ishtaha yo‘q, fikrlar karaxt bo‘lsa, kechga yaqin kayfiyat ko‘tarilib, bu belgilar biroz barham topishi mumkin. Aqliy va jismoniy mehnat unumdorligi pasayadi. Bemor diqqatini bir joyga jamlab ishlay olmaydi. Oddiy jismoniy faollikdan ham tez charchab qoladi, toliqadi. Uyqu buziladi (insomniya yoki gipersomniya), ishtaha yo‘qoladi. O‘ziga ishonch kasallikning engil turida ham keskin pasayadi, o‘zini kamsitaveradi. Kayfiyat tushib ketgan paytlarda somatik simptomlar paydo bo‘ladi yoki kuchayadi. Yuqorida zikr etilgan barcha belgilar depressiya darajasiga bog‘liq bo‘lib, engil, o‘rta yoki og‘ir darajada namoyon bo‘ladi. 
    Endi KXT-10 talablariga binoan depressiya darajalari, turlari va affektiv buzilishlar bilan tanishib chiqamiz.
     F32.0 Engil darajali depressiv epizod. Yuqorida qayd etilgan asosiy simptomlardan 2 ta, qo‘shimcha simptomlardan 2-3 ta belgi kuzatiladi va ular bemorning kundalik turmush tarzi hamda kasbiy faoliyatiga ta’sir etmaydi. Bunda depressiya belgilari 2 haftadan oshmasligi lozim. Qisqa muddat davom etganligi bois buni reaktiv depressiya deyishadi. 
    F32.1 O‘rta darajadagi depressiv epizod. Yuqorida ko‘rsatilgan asosiy simptomlardan 2 ta, qo‘shimcha simptomlardan 3 tasi aniqlanadi. Ular o‘rta darajada ifodalangan bo‘lib, bemorning kundalik turmush tarzida qiyinchiliklarni yuzaga keltiradi va sotsial adaptatsiyani ancha murakkablashtiradi.
     F32.2 Og‘ir darajadagi depressiv epizod (psixotik buzilishlarsiz). Yuqorida zikr etilgan asosiy simptomlardan 3 ta, qo‘shimcha simptomlardan 4 yoki undan ko‘p belgilar aniqlanadi va yaqqol  ifodalangan bo‘ladi. Ushbu simptomlar bemorning turmush tarziga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi va sotsial adaptatsiyani izdan chiqaradi. Psixotik buzilishlar kuzatilmaydi. 
    F32.3 Og‘ir darajadagi depressiv epizod psixotik buzilishlar bilan. Ushbu depressiv epizod F32.2 da ko‘rsatilgan barcha simptomlar hamda gallyutsinatsiya, alahsirash, psixomotor qo‘zg‘alishlar, stupor  va o‘z joniga qasd qilishga urinishlar bilan kechadi. Bemor o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lib qoladi va sotsial adaptatsiya butkul izdan chiqadi.


Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.  
           © Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y; 
              ©asab.cc

Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив