DEONTOLOGIYa


«Barcha san’atlar ichida eng buyugi tibbiyotdir» degan edi Gippokrat. Vrachlik kasbini egallash uchun faqat shu sohaning bilimdoni bo‘lish etarli emas, albatta. Vrach avvalambor haqiqiy inson bo‘lmog‘i kerak. Vrachni jang maydonidagi askarga o‘xshatish mumkin. Askar dushman bilan olishayotib, faqat Vatan haqida o‘ylaydi. Vrach ham bemorni darddan xalos etib sog‘aytirib yuborish va uning hayotini saqlab qolish uchun qayg‘uradi, tinimsiz kurashadi.
    Bunda u o‘z manfaatini emas, faqat bemorning tezroq sog‘ayib ketishini o‘ylaydi. Shuning uchun ham, qadimda vrachni yonib turgan shamga o‘xshatishgan, u o‘zi erib tugaguncha atrofga nur sochib, yorug‘lik taratib turadi. 
   Tibbiyot deontologiyasi vrach burchi, qiyofasi, obro‘si, nomusi va vijdoni haqidagi fan. Deontologiya – yunonchadan burch degani bo‘lsa, etika –  grekchadan axloq degan ma’noni anglatadi. Gippokrat qasamyodida  tibbiyot deontologiyasi va  etikasiga  oid ko‘p iboralar keltirilgan. U «Axloqsiz vrachning bemorni davolashga haqqi yo‘q», deb xitob qilgan. Gippokrat qasamyodi tibbiyot etikasi rivojlanishiga katta ta’sir ko‘rsatdi.
   Hozirgi kunda shifokor (vrach va hamshira) bilan bemor orasidagi munosabatlar chuqur falsafiy mushohada yuritishni talab qiladi. Agar vrach bemor bilan til topishmasa, kuchli va foydali dorilar buyurilishidan qat’i nazar, bemorning tuzalib ketishi mushkullashadi, deb aytgan edi atoqli o‘zbek olimi Erkin Qosimov (1933 – 2007).«Davoning boshi ishonchdan boshlanadi, ya’ni bemor shifokorga va uning berayotgan dori-darmonlariga ixlos qo‘yishi kerak. Bu ishonchni paydo qiladigan inson, albatta, shifokorning o‘zidir, uning go‘zal nutqidir. Shifokor o‘zining xatti-harakatlari, shirin so‘zi va tashqi ko‘rinishi bilan bemorlarning hurmatini qozonishi zarur» (Erkin Qosimovning bo‘lajak shifokorlarga aytgan nutqidan).
    Tibbiyotda pullik xizmat paydo bo‘lgach, deontologiyaning ba’zi yo‘nalishlariga turlicha qarashlar shakllandi. «Axir pul to‘lagandan so‘ng baribir yaxshi qaraydi-da», degan fikr shular jumlasidandir. Vaholanki, bemorning tuzalib ketishi vrachga to‘lagan pulining miqdori bilan belgilanmaydi, uning bilimi, tajribasi va muomalasi bilan belgilanadi. Qolaversa, deontologiya degani, faqat bemorga shirin so‘z gapirib, unga kulib qarab turish degani emas, deontologiyaning ustuvor yo‘nalishlaridan biri, ta’kidlab o‘tganimizdek, ishonchdir. Ba’zan hadeb vahima qilaveradigan bemorni qattiqroq «koyib» qo‘yishga ham to‘g‘ri keladi. Ana shundagina u vrachga ishonadi. «Agar kasalim haqiqatan ham davosiz bo‘lganida, doktor meni urishib bermasdi», deb o‘ylaydi.
    Ba’zan bemorga berilayotgan davo usuli uni qoniqtirmaydi. Ko‘p dori-darmon yozilsa, «shuncha dori shartmikan yoki kasalim og‘irmi, yo vrach tajribasizmi?» degan ishonchsizlik paydo bo‘ladi. «Falonchi doktor falonchi bemorni ikkita dori berib tuzatib yuboribdi» degan so‘zlarni ba’zan eshitishga to‘g‘ri keladi. Xo‘sh, bunday paytlarda qanday yo‘l tutish kerak? Ayniqsa, ba’zi kasalliklarni birmuncha uzoq davolashga to‘g‘ri keladi. Berilayotgan davo choralari darrov natija beravermaydi. Bunday paytlarda kasallikning mohiyatini bemor tushunadigan tilda bayon qilish kerak. Kerak bo‘lsa, bemorni tinchlantirish uchun tashxisni yanada aniqlashtirish maqsadida, vrach o‘zidan tajribaliroq hamkasblaridan maslahat so‘rashi zarur. U bemor oldida aslo o‘zini yo‘qotib qo‘ymasligi kerak. Shuni esda tutish lozimki, vrach bemorni tekshiradi, bemor esa vrachni kuzatadi.
     Ko‘p hollarda vrach bemorning so‘zini oxirigacha tinglamaydi. Bunga sabab qilib, tashqarida kutib turgan bemorlarni va vaqti ziqligini ro‘kach qiladi. Lekin shuni unutmaslik kerakki, hozir yoningizga kirgan bemor tashqarida kutib o‘tirgan bemorlar yoki vaqtingiz ozligining qurboni bo‘lmasligi kerak. Bu bemor sizni deb kelganligini unutmang. Qolaversa, oq xalatga dog‘ tushiradigan ishni qilmang. Bemorning dardini oxirigacha eshiting. To‘g‘ri, ba’zan bemor bir oz gapirganidan so‘ng uning dardi doktorga ayon bo‘lib qolishi mumkin. Biroq, bemor hali so‘zini tugatgani yo‘q. U o‘zini bezovta qilayotgan barcha shikoyatlarini doktorga aytmoqchi. Gap shundaki, bemor dardini qancha ko‘p to‘kib solsa, shuncha engillashadi. Bemorning uzundan-uzoq so‘zlari doktorga tashxis qo‘yish uchungina emas, balki uning dardini engillashtirish uchun ham kerak. Demak, vrach bemorni eshitayotib nafaqat uning kasalini aniqlaydi, balki davolaydi ham! To‘g‘ri, bemor kasaliga taalluqli bo‘lmagan ma’lumotlarni ko‘p so‘zlashi, doktorning vaqtini behuda o‘g‘irlashi mumkin. Bunday paytlarda bemorga kasalligiga doir qo‘shimcha savollar berib, uni to‘g‘ri yo‘lga solish zarur.
    Ayniqsa, nevrozga chalingan bemor ko‘p so‘zlashni, shikoyatlarini rang-barang qilib aytishni xush ko‘radi. Yana u zamonaviy apparatlarda bir qancha tekshiruvlardan o‘tishni xohlaydi, bular bemorga shart bo‘lmasa-da. Imkoniyatga qarab uning iltimoslarini bajarish kerak yoki bemor bir-ikkita tekshiruvlardan o‘tgandan so‘ng «Bularning xulosasi yaxshi chiqdi, qolgan tekshiruvlar endi shart emas», deb uni tinchlantirish lozim. 
    Vrach xatosi to‘g‘risida nima deyish mumkin? Agar vrach xatoga yo‘l qo‘ysa, u albatta jazoga tortilishi kerakmi? Xatoning sabablari nimadan iborat? «Bemor doimo haq» degan naql to‘g‘rimi? Bu savollar o‘ta qiyin bo‘lib, ularga batafsil javob topish amrimahol. Vrachning har bir xatosi orqasida bemorning hayoti yotadi. Bu xato sababli kimdir otasidan, kimdir onasidan, kimdir suyukli yoridan yoki farzandidan judo bo‘ladi. 
   Vrach xatosining sabablarini shartli ravishda 2 guruhga bo‘lish mumkin. Birinchisi, vrach savodsizligi sababli ro‘y bersa, ikkinchisi, charchaganida ro‘y beradi. Xo‘sh, vrach xatosini qanday aniqlash mumkin? U savodsizligidan xato qildimi yoki charchaganligidan? Ikkala holatda ham jazo bir xil bo‘lishi kerakmi?
   To‘g‘ri, ilmsizlik oqibatida vrachlar orasida xatolar uchrab turadi. Lekin ba’zida tajribali vrach ham xatoga yo‘l qo‘yadi. Nomi chiqqan tajribali vrachga ko‘rinishni orzu qiladiganlar juda ko‘p. Shunday holatlar bo‘ladiki, bir kunda qabul qilingan bemorlar soni 20  nafardan oshib ketadi. Tajribali vrachga uyda ham, ishda ham, mehmondorchilikda ham, hattoki dam olish safarida ham tinchlik bo‘lmaydi. Albatta, bunday paytlarda tajribali vrachning xato qilmasligiga kafolat berish qiyin. Bemorga «Yo‘q, men charchadim» deya olmaydi. «Hozir men sizni qabul qila olmayman» desa, vrach etikasiga to‘g‘ri kelmaydi, «Ko‘rib qo‘yaman» desa, vrach ham ruhan, ham jismonan charchagan. Shuni unutmaslik kerakki, ruhiy charchash ko‘p xatoliklarga sabab bo‘ladi. Buning ustiga, to‘g‘ri kelgan joyda bemorni ko‘rish noto‘g‘ri. Ikki og‘iz so‘z bilan tashxis qo‘yib bo‘lmaydi. «Iltimos, doktor menga 5  daqiqa vaqt ajrating, meni ko‘rib qo‘ying» deb vrachni hol-joniga qo‘ymaydigan kishilar o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yishadi. Buning ustiga, bemorni ko‘rish uchun vrach ruhan tayyor bo‘lishi kerak. Vrach charchagan paytlari bemorni ko‘rib qo‘yishni boshqa kunga tayinlashi (agar ahvoli og‘ir bo‘lmasa) maqsadga muvofiq.
    Haqiqiy vrachning hayoti hech qachon oson va engil kechgan emas. U kundalik hayotiga reja ham tuza olmaydi. Dam olish kuni ham o‘zi xohlagandek kechmasligi mumkin: har daqiqa bemorni ko‘rsatish uchun chaqirib qolishlari mumkin. S.P. Botkin (1832–1889) shunday degan edi: «Vrach har qanday sharoitda ham o‘zini yo‘qotmasligi, muvaffaqiyatdan boshi gangimasligi, muvaffaqiyatsizlikdan esa tushkunlikka tushmasligi kerak». 
   Vrachlik kasbi haqida nima deyish mumkin? Bu haqda bizning fikrimiz quyidagicha: O‘qimay bir joyda to‘xtab qolgan vrach xuddi ko‘lmak suvni eslatadi. Uning yoniga hech qaysi jonzot yaqinlashmaydi, chunki bu suvdan iste’mol qilsa o‘ladi. Xaqiqiy vrach doimo ilm olishga intiladi, tinmay izlanadi, malakasini oshirish uchun tinim bilmaydi.
   Tib ilmining sultoni Ibn Sino hayotining so‘nggi daqiqalarida shunday degan ekan: «Hayotdan ko‘z yumayotib shunga amin bo‘ldimki, ilm sohasida hali hech narsani egallamagan ekanman». Hozir «Men u kasallikni davolayman, bu kasallikdan xalos qilaman», deguvchi vrachlar ko‘p. Bilimdon vrach hech qachon bemorni izlamaydi. Uni bemorning o‘zi izlab topadi. Vrach hech qachon bemor oldida o‘zini maqtamasligi kerak, bu faqat uning obro‘sini tushiradi. Vrachning qo‘lidan tuzalib, sog‘ayib ketgan bemorlar soni ko‘paygan sayin uning obro‘si oshib boraveradi.    Ayniqsa, ko‘p vrachlarga borib, shifoxonalarda yotib, dardiga shifo topa olmagan bemorni davolagan vrachning obro‘siga obro‘ qo‘shiladi.
    Tarixchilarning yozishicha, Ibn Sinoning xalq oldida obro‘si shu darajada yuqori bo‘lganki, uning bemor oldida paydo bo‘lishining o‘ziyoq ularga jon bag‘ishlagan. Bunga u albatta betinim mehnat, uyqusiz mutolaa qilish va ilm olishga o‘chligi sababli erishgan. Ibn Sinoning tarjimai holida shunday so‘zlar bor: «Men 15 yoshimdan boshlab Yunoniston, Rim, Misr va Hindistonlik mutafakkirlar asarlarini o‘rganishni boshladim». U o‘z ustozi Abu Abdulloh al-Qotiliy haqida shunday yozadi: «Ustozim qaysi muammoni ilgari surmasin, men uning mohiyati va sirini ochishga, nozik tomonlarini o‘rganishga intildim, nainki ustozning o‘zi bu muammolarning mag‘zini oxirigacha anglay olmas edi». Haqiqatan ham, yosh olim ustozidan ham o‘zib ketdi, tez orada uning nomi tillarda doston bo‘ldi. U yana o‘zi haqida shunday yozadi: «Men 19 yoshgacha ilm oldim, so‘ngra esa uni ishlatdim». «Bolalik davrida olingan ilm toshga o‘yib yozilgan harfga o‘xshaydi, kech olingan ilm muzga o‘yilgan harfga o‘xshaydi. Vaqt o‘tib muz erib, unga bitilgan harflar o‘chib ketadi, toshdagi so‘zlar esa umrbod qoladi».
    Ibn Sino kitobdan olgan bilimlarini bemorlarni davolab, boyitib borishning katta foydasi haqida shunday yozadi: «Men tib ilmini o‘rganish bilan birga biryo‘la bemorlarni ham doimo kuzatib bordim. Buning natijasida hali kitoblarda bitilmagan davolash usullarini o‘ylab topdim va amaliyotda ishlatdim». Ibn Sino 16 yoshga etmasdan nazariy va amaliy tibbiyotni juda puxta egallagan bo‘lib, nafaqat Buxoro, balki butun Sharqda mashhur bo‘ldi. Tarixchilarning yozishicha, Ibn Sinoning kuchli qobiliyat sohibi bo‘lishining asl sababi o‘z ustida tinmay ishlashidir. «Men, – deb yozadi Ibn Sino, – tunlari mijja qoqmay faqat ilm olish bilan shug‘ullandim. Dialektika, matematika va fizikani inson aql zakovati etadigan darajada o‘rganmaguncha tinchimadim. Keyin men Aristotelning «Metafizika» asariga murojaat qildim. Lekin uni ko‘p marotaba o‘qib chiqqan bo‘lsam-da, mag‘zini chaqa olmadim. Buxoro ko‘chalarini kezib yurganimda, qo‘limga ushbu kitobga Forobiy tomonidan yozilgan izoh tushib qoldi. Men uni bir marta o‘qib chiqqanimdan so‘ng, avval yod bo‘lib ketgan bo‘lsa-da, menga tushunarsiz bo‘lgan «Metafizika» asari mazmuni ayon bo‘ldi-qoldi. Ushbu bobda ulug‘ mutafakkir hayotidan lavhalar keltirishimizning boisi, o‘ta kuchli ilm sohibi bo‘lgan bu olimning deontologiya  tamoyillariga chuqur amal qilganligini yana bir bor ta’kidlash edi.
     Xulosa qilib aytganda, psixogigiena, psixoprofilaktika va deontologiya tamoyillariga rioya qilish psixoterapevtik muolajalarni o‘tkazishni osonlashtiradi. 


Manba:  ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.  
           © Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y; 
              ©asab.cc

Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив