Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi DISK ChURRASI ShU QADAR XAVFLIMI?

DISK ChURRASI ShU QADAR XAVFLIMI?


“Disk churrasi” tashxisi so‘nggi yillarda shu qadar ko‘payib ketdiki, oxir-oqibat bu tashxis ko‘plarni tashvishga solib qo‘ydi. Rostdan ham bu kasallik ko‘p uchraydimi yoki oddiy radikulitni ham “disk churrasi” deb o‘ylashayaptimi? Shu kabi savollarni menga juda ko‘p berishadi. O‘ylaymanki, bunday savollar bilan boshqa nevropatologlarga ham ko‘p murojaat qilishadi. Bu jumboqli savolga oydinlik kiritishga harakat qilamiz. 
        Umurtqalar orasidagi diskning o‘z joyidan siljishiga disk churrasi deb aytiladi. Disk o‘z joyidan bir oz siljisa, u hech qanday og‘riq bermaydi. Biroq uning siljishi davom etaversa, buning oqibatida orqa miya va undan chiquvchi nervlar bosilib qoladi va kuchli og‘riq yuzaga keladi. Disk churrasi ko‘pincha bo‘yin va bel-dumg‘aza umurtqalari sohasida paydo bo‘ladi. 
        Bo‘yin umurtqalari disk churrasi qanday namoyon bo‘ladi? Sabablari quyidagicha: bir xil tarzda ishlayverish, boshga og‘ir narsaning tushib ketishi, balanddan yiqilib tushish, yo‘l-transport hodisalarida bo‘yin umurtqalarining keskin qayrilishi kabi jarohatlar. 
        Bo‘yin umurtqalari orasida paydo bo‘lgan disk churralari ensa va bo‘yin-elka sohalariga og‘riqlar beradi, qo‘llarni ko‘targanda, orqaga qayirganda og‘riqlar kuchayadi, harakat qilish chegaralanadi, qo‘llarda holsizlik paydo bo‘ladi. Ba’zida bosh miya tomon yo‘nalgan umurtqa tomirlari siqilishi sababli bosh aylanishi va yurganda gandiraklab ketishlar hamda quloqda shovqin kuzatiladi. 
         Bel-dumg‘aza sohasi umurtqalari disk churrasi. Sabablari quyidagicha: og‘ir narsalar ko‘tarish, jismoniy harakatlarsiz bir xil tarzda ko‘p ishlash, yo‘l-transport hodisalari, balanddan yiqilish kabi jarohatlar. Bu sohadagi disk churrasi bel va oyoqlarga og‘riqlar beradi, bemor o‘tirib-turganda qiynaladi, oqsoqlanib yuradi, oyoqlardagi har qanday harakatlar og‘riqni yuzaga keltiradi. Og‘riqlar ko‘pincha bitta oyoqda kuzatiladi. Ba’zida og‘riqlar shu qadar kuchli namoyon bo‘ladiki, bemorning beli qiyshayib qoladi (biroq bu holat o‘tkir radikulitda ham bo‘lishini unutmang).
        Tashxis qanday qo‘yiladi? Nevropatolog ko‘rigi va MRT tekshiruvlari asosida qo‘yiladi. Bo‘yin va bel sohasidagi har qanday kuchli og‘riqni MRT tekshiruvisiz disk churrasi deb baholash aslo mumkin emas. Chunki bel sohasidagi kuchli og‘riqlar orqa miya nervlari va pardalarining kuchli shamollashlarida ham kuzatiladi. Ularning disk churrasiga aloqasi yo‘q. 
       Ba’zi odamlarda kichik hajmdagi disk churrasi aniqlanadi va ular o‘zlaridagi og‘riqlarni ushbu kichik disk churrasi bilan bog‘lashadi. Bu ham noto‘g‘ri. Kichik hajmdagi disk churrasi (masalan, 2-3 mm) kuchli og‘riqlar bera olmaydi. Bunday holatlarda og‘riqning boshqa sabablarini izlash lozim. 
       Kuzatuvlarim bo‘yicha bel og‘riqlaridan shikoyat qilib kelgan 10 nafar bemordan faqat bittasida og‘riqlar disk churrasi bilan bog‘liq bo‘lib chiqayapti. Demak, og‘riqlarni har doim ham disk churrasi bilan bog‘layverish kerak emas. 
       Operatsiya qilib, davolashni kim hal qiladi? Neyroxirurg hal qiladi. Odatda, nevropatolog kattaroq hajmdagi disk churrasini aniqlasa va shu bois turli asoratlar xavfi tug‘ilsa, bemorni neyroxirurg maslahatiga yuborish kerak. Operatsiyadan so‘ng bemor, albatta, nevropatolog nazoratida turishi lozim.

Manba: © Z. Ibodullayev. Asab va ruhiyat., 4-nashr. Ilmiy-ommabop risola. T, 311 b. 
             © Ibodullayev ensiklopediyasi
              © asab.cc



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив