Id yoki instinktlar
Z. Freydning fikricha, evolyutsiyaning dastlabki bosqichida o‘zini himoya qilish va ovqat izlash instinkti odamning xulq-atvorini belgilab bergan. Shu bilan parallel holda yoki birozdan so‘ng ularga seksual instinkt qo‘shilgan. Bu instinktlarni Freyd «Id» deb atagan. «Id» ongda aks etmaydi. U ong ostida joylashgan, to‘g‘rirog‘i, ong ostiga tiqishtirilgan. «Id» qoniqish printsiplariga asoslanib faoliyat ko‘rsatadi. Bu erda jinsiy qoniqish alohida o‘rin tutadi.
Dastlab Freyd barcha instinktlar ichida seksual instinktga katta urg‘u beradi va odamning xatti-harakatlarini seksual qoniqmaslik bilan bog‘laydi. Uning fikricha, aynan ushbu instinkt odamning xulq-atvorini tug‘ilganidan buyon boshqarib keladi. Z.Freyd qondirilmagan his-tuyg‘u yoki jinsiy maylning ruhiy quvvati ong ostida to‘planib boradi va o‘z ifodasini topishga urinadi, deb fikr yuritadi. Shuning uchun ham uni panseksualizmda ayblashadi.
«Id» doimo «Men» va «Super-men» bilan murosasiz jang olib boradi, chunki ular «Id»ni tinimsiz nazorat qilishga intiladi. «Id» kuchli energiyaga ega bo‘lsa-da, «Men» uni ong ostidan suzib chiqishiga yo‘l qo‘ymaydi. Shuning uchun ham «Id» tajovuzkordir.
«Men» nazoratni to‘la qo‘lga olgunga qadar instinktlar go‘yoki odamning hayot tarzini, ya’ni xulq-atvorini belgilab bergan. «Men» rivojlanishi odamning hayot tarzini o‘zgartirib yubordi va uning xulq-atvorini nazorat ostiga oldi. O‘sha paytda ham, hozirda ham psixoanalitiklar «Id» – bu odamning hayot tarzini belgilab beruvchi asosiy manba deb hisoblashadi.
«Id» o‘zgarmas, «Men» esa o‘zgarib, rivojlanib boradi. Odam boshqa jonzotlardan aql-zakovat, ya’ni ongning borligi bilan farq qiladi. Demak, ong – bu «Men» demakdir. Agar odam faqat «Id»ga bo‘ysunib yashaganida edi, uning hayot tarzi hayvonlarnikiga o‘xshab qolardi. Vaholanki, odam faoliyati ongli jarayondir va u o‘z xatti-harakatlarida ham, asosan ongga tayanadi.
Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.
©Z. Ibodullayev. Asab va ruhiyat. 4-nashr., T.; 2019., 312b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y;
©asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha