Illyuziya
Illyuziya deb, atrof-muhitda aslida mavjud bo‘lgan narsa va hodisalarni yanglish idrok qilishga aytiladi. Demak, gallyutsinatsiyadan farqli o‘laroq, illyuziyada idrok etilayotgan narsalar mavjud, lekin ular noto‘g‘ri qabul qilinadi. Masalan, erga tushib yotgan qora chopon uzoqdan xuddi uxlab yotgan itdek, do‘ppi esa mushukdek, qorong‘i xonada mixga ilingan palto xuddi o‘g‘ri turgandek tuyuladi.
Illyuziyalar ham, xuddi gallyutsinatsiyalar singari ko‘ruv, eshituv, hid va ta’m bilish turlariga bo‘linadi. Illyuziyalar sog‘lom odamlarda ham uchrab turadi. Masalan, qurilish bo‘layotgan joyda yog‘ochlar uzoqdan xuddi egri joylashgandek, eshik va derazalar qiyshiq qo‘yilgandek, devordagi chiziqlar egri chizilgandek bo‘lib ko‘rinadi. Ba’zan, quruvchi bularning to‘g‘riligini maxsus elektron priborlar yoki dastgohlar orqali tekshirib ko‘radi. Illyuziyalar nevroz va psixozlarda ko‘p kuzatiladi.
Verbal illyuziyada bir nechta odamning suhbati bemor uchun uning ustidan g‘iybat qilayotgandek yoki fitna uyushtirish uchun reja tuzilayotgandek eshitiladi. Illyuziyalar shizofreniya kasalligi xuruj qilganda, delirioz va oneyroid holatlar bilan kechuvchi kasalliklarda ko‘p kuzatiladi.
Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y;
©asab.cc)
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha