IPOXONDRIYa KASALLIGI HAQIDA YoHUD DOKTORLARNING JONIGA TEGDIM
Ipoxondriya – bu nevrozning eng injiq turi bo‘lib, bunday shaxslar juda ezma, tez va doimo xafa bo‘lib yuradigan, o‘ziga ham, doktorlarga ham, yaqinlariga ham ishonmaydigan va miyasini bema’ni fikrlar chulg‘ab olgan odamlardir. Ular “Men hech qachon tuzalmayman” deb o‘ylashadi, olgan davolash muolajalaridan norozi bo‘lib yurishadi, qandaydir antiqa davolash usullarini izlashadi va ularni o‘zida sinab ham ko‘rishadi. Bitta savolni yuz marotaba beraverib doktorlarning ham joniga tegib ketdim deb yurishadi.
Doimiy qo‘rquv (xuddi yurak to‘xtab qoladigandek), og‘ir kasallikni o‘zida izlash, o‘lib qolish kabi xayollar ularning doimiy hamrohidir. Ipoxondriyaga chalingan bemorning xayol surmagan kuni yo‘q: u kechasi xayol bilan uxlaydi, ertalab ham xayollar bilan uyg‘onadi.
Hamma gap shundaki, bu xayollar faqat o‘zining dardi yoki kimdandir xafa bo‘lgani bilan bog‘liq. Agar uning qaysidir a’zosida kasallik belgilari aniqlansa, uni hadeb o‘ylayveradi, davolash natijasida bu kasallik o‘tib ketgan bo‘lsa ham qayta-qayta tekshiruvlardan o‘taveradi.
Bunday shaxslar vrach qo‘ygan tashxisga va tekshiruv natijalariga gumon bilan qarashadi. Ular tuzalguncha o‘zlarining yaqinlarini kasal qilib qo‘yishadi. Ayniqsa, bunday shaxslarning yaqinlari, farzandlari undan ko‘p aziyat chekishadi. Ular yaqinlariga “Meni yaxshi doktorga ko‘rsatmayapsizlar, dardimni hech kim topa olmayapti” kabi shikoyatlar bilan arz qilib yurishadi.
Ipoxondriyaga, ko‘pincha, ayollar moyil bo‘lishadi. Agarda erkaklar ipoxondriyaga chalinsa, ularning xarakteri ayolsifat bo‘lib qoladi. Bu dunyoda ipoxondriyaga qarshi dori ishlab chiqilmagan. Chunki ipoxondriya kasallik emas, balki xulq-atvorning yomon bir ko‘rinishidir. Agar bu satrlarni o‘qiyotgan odamda haqiqatan ham ipoxondriya bo‘lsa, ushbu satrlarning o‘ziyoq uni bu qiynoqdan xalos etishi tabiiy. Chunki ipoxondriyaga chalingan odam o‘zida bo‘layotgan holatning sir-asroridan voqif bo‘lsa, u albatta tuzalib ketadi.
Manba: © Z. Ibodullayev. Asab va ruhiyat., 4-nashr. Ilmiy-ommabop risola. T, 311 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi
© asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha