ILMGA BAXShIDA UMR


(Zarifboy Ibodullaev haqida ustozlari va kasbdoshlari fikrlari)
Dilorom Mahmudova, Toshkent pedagogika universiteti amaliy psixologlar tayyorlash kafedrasi dotsenti: Biz bir necha bor kafedramiz o‘qituvchilari bilan professor Ibodullaevning ma’ruzalarida qatnashganmiz. Ayniqsa, u kishining “Freyd ta’limoti” va “Psixosomatik buzilishlar” haqidagi ma’ruzalari bizda doimo qiziqish uyg‘otgan. Z.Ibodullaevning “Tibbiyot psixologiyasi” hamda “Asab va ruhiyat” nomli asarlari talaba va o‘qituvchilarning sevimli kitoblariga aylangan (2015 y).
Ergash G‘oziev, psixologiya fanlari doktori, professor: Zarifboy izlanish ko‘lami keng, ham tibbiyot psixologiyasi, ham neyropsixologiya bo‘yicha qalam tebratuvchi olimdir. U psixologiyaning eng murakkab sohasiga dadil kirib keldi. Biz hamkorlik rishtalarini o‘rnatganimizga 20 yildan oshdi. Zarifboy meni psixologiya bo‘yicha ustozim deb ataydi. Uning “Tibbiyot psixologiyasi” darsligi menda juda katta qiziqish uyg‘otgan. Zarifboy O‘zbekistonda birinchi bo‘lib, 1998 yildayoq “Freyd nazariyasi”ni o‘zbek tiliga o‘girib, dars jarayoniga kiritdi. Shuning uchun ham olimni ko‘zga ko‘ringan psixoanalitik deb atagan bo‘lur edim.
Zarifboy iqtidorli yoshlarni o‘z atrofiga to‘plab, psixoanalitiklar maktabini yaratishini istardim. Psixoanaliz ta’limoti psixologiyaning eng murakkab va jumboqli yo‘nalishlaridan biri. Eng quvonchli ilmiy voqelik shuki, u bir qancha psixologik testlarni o‘zbek tiliga o‘girdi va modifikasiya qildi. Bu, albatta, juda murakkab jarayon. Chunki har bir ibora orqasida inson ruhiyati yotadi. Kelajakda teran fikrlovchi olimdan katta ijodiy mahsullar kutib qolaman (2015 y).
Ozod Xo‘jaev, tibbiyot fanlari doktori, professor: Men Zarifboyning nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalariga birinchi opponent bo‘lganman. U o‘zining o‘ta tirishqoqligi va ilmga chanqoqligi bilan tengdoshlaridan ajralib turgan. Zarifboy doimo fanda yangilik yaratishga intilgan. U 39 yoshida O‘zbekistonda neyropsixologiya bo‘yicha birinchi fan doktori bo‘ldi. Uning doktorlik dissertatsiyasida dunyo miqyosida birinchi bor ambidekstriya haqidagi kontseptsiya ilgari surilgan. Zarifboy Rajabovich ambidekstrlarda insult modelini yaratdi. Eng qizig‘i, u birinchi bo‘lib “Miyaning psixologik himoya kontseptsiyasi”ni ishlab chiqdi. Yosh tadqiqotchining ilmiy g‘oyalari xorijlik olimlarni juda qiziqtirib qo‘ygan (2015 yil). 
Shuhrat Boymurodov, Toshkent tibbiyot akademiyasi prorektori: Zarifboy Rajabovich nevrologiya va neyropsixologiya sohasida etuklikka intilayotgan professor. Olim 42 yoshida “Tibbiyot psixologiyasi” bo‘yicha dastlabki darslikni yaratdi. Bu asar 2009 yili “Yilning eng yaxshi darsligi” sovriniga sazovor bo‘ldi va uch marotaba qayta nashrdan chiqdi. Olimning sakkiz yillik mehnati evaziga yana bir yirik asar – “Asab kasalliklari” darsligi dunyo yuzini ko‘rdi. Bu kitob Evropaning nufuzli darsliklari asosida nevrologiya bo‘yicha yaratilgan dastlabki yirik darslikdir (2015 y). 
Sa’dulla Abdullaev, professor, reanimatolog: Zarifboy Rajabovichni men 1990 yillardan beri bilaman. U komada yotgan bemorlarni tekshirishga juda qiziqqan. Men unga orqa miya suyuqligini olib tekshirish sirlarini o‘rgatganman va bu usulni qisqa muddat ichida o‘zlashtirib oldi. U reanimatsiya bo‘limida deyarli 10 yildan oshiq konsultant-nevropatolog bo‘lib ishladi. Zarifboy institutni tugatganiga ikki yil ham o‘tmasdan Ahmad Vohidov degan matematik yigit bilan 14 ta komaga tashxis qo‘yish dasturini ishlab chiqqan. U paytlari “Iskra” degan kompyuter bo‘lardi. Bu ikkala yosh yigit ishlab chiqqan kompyuterlashtirilgan dastur asosida komada yotgan bemorga tashxis qo‘yish darajasi 86-90 % ga etkazilgan. Bir kuni u yonimga chiqib, “Endi biz koma prognoziga oid yangi dastur ishlab chiqdik. Unga asosan bemor yashab qoladimi yoki yo‘qmi, shuni aytib bera olamiz” dedi. Bu dasturni ham biz reanimatsiyada qo‘llab ko‘rdik. Natijasi juda yuqori bo‘ldi. Men tinib-tinchimas yosh doktorning har bir tashxisini diqqat bilan kuzatardim. Zarifboy 5-kursda o‘qib yurgan paytidayoq “Tez tibbiy yordam”ga ishga kirib, og‘ir bemorlar bilan ishlashni o‘zlashtirib olgan. U institutni tugatganidan so‘ng 3-4 yil o‘tmay, insult va koma haqida kitob yozaman deb yurardi. Ushbu kitob ham yaqinda nashrdan chiqdi (2015 y).
Zarif Ashurov, Toshkent tibbiyot akademiyasi psixiatriya va tibbiyot psixologiyasi kafedrasi mudiri, shogirdi: Ustoz Zarifboy Rajabovich menda miya va ruhiy jarayonlarga juda katta qiziqish uyg‘onishiga sababchi bo‘lgan inson. O‘z kasbiy yo‘nalishimni tanlashimda u kishining hissasi katta. Respublikamizda nevrologiya va psixologiyani bir-biriga uyg‘un tarzda olib boradigan olim bo‘lmasa kerak. Zarifboy aka 29 yoshidayoq talabalarga nevrologiyadan ma’ruzalar o‘qiy boshlagan. Ustoz 1995 yillari “Tibbiyot psixologiyasi” darsligini rivojlangan Evropa davlatlari darsliklari asosida tayyorlab boshladilar. Z.Ibodullaev deyarli 15 yillar oldin “Tibbiyot psixologiyasi”ni alohida fan sifatida ko‘rsatib bera oldi va respublikamizda ushbu fanni o‘qitish kontseptsiyasini ishlab chiqdi. Zarifboy Rajabovich rahbarligida tibbiyot psixologiyasidan Davlat ta’lim standarti, fan dasturlari ishlab chiqildi. Hozirda ustoz yozgan darsliklar va fan dasturlari asosida tibbiyot psixologiyasidan magistrlar va klinik ordinatorlar tayyorlanmoqda (2015 y).
Zulayho Boltaeva, shogirdi: Inson hayotida shunday tasodiflar ro‘y beradiki, bu uning hayotini butunlay o‘zgartirib yuboradi. Kursimizda haftaning bir kuni to‘la ma’ruzalarga bag‘ishlanardi, ya’ni kun bo‘yi turli fanlardan ma’ruzalar o‘qilardi. Tibbiy psixologiya eng so‘nggi ma’ruza edi. Hamma talabalar charchagan. O‘sha kuni dugonam: “Shu ma’ruzaga kirmay qo‘ya qolaylik, charchab ketdim, bu lektor baribir talabalarni yo‘qlama qilmas ekan” dedi. Men hayratlanib, to‘rt yildan buyon talaba bo‘lib hali bunday holatni ko‘rmaganman, yur, kirib ko‘raylik, oxirgi qatorda o‘tiramiz, yoqmasa chiqib ketamiz dedim. Biz ma’ruzaga kirdik. O‘rtadagi tanaffussiz 90 daqiqa qanday o‘tib ketganini bilmay qolibmiz. Ma’ruza tugagandan so‘ng ham talabalar ustozni qo‘yib yubormay savollarga ko‘mib tashlashdi. Ma’ruza olqishlar bilan tugadi. O‘sha kundan boshlab ustozga o‘xshab neyropsixolog bo‘laman deb qat’iy maqsad qo‘ydim (2015 y). 
Nodir Nurmetov, shogirdi: Ustoz Ibn Sino mavzesida joylashgan xususiy klinikaga haftada ikki marotaba bemorlarni ko‘rgani keladilar. Bemorga to‘g‘ri tashxis qo‘yilmaguncha bepul tekshiruv o‘tkazaveradilar. Bemor kelmay qolsa, telefon qilib chaqiring deydilar. Boshqa professorlarga yuborib, ularning fikri bilan albatta qiziqadilar. Katta shifoxonalarda yoki boshqa davlatlarda davolanib kelgan bemorlarni albatta sinchiklab o‘rganadilar. O‘zlari boshqarayotgan xususiy klinikada kasalligi jiddiy bemorlar soni kamayib ketganidan, hatto gazetada “Murakkab tashxisli bemorlar bepul ko‘riladi” deb e’lon berganlar. Ustoz nevroz va depressiyaga qarshi hamda xotirani yaxshilovchi dori yaratish ustida ishlamoqda. Mana, bir necha yildan buyon xususiy klinika joylashgan hududga qarashli mahalladagi kam ta’minlangan oilalar bepul qabul qilinadi (2015 yil). 
Dilshoda Abdullaeva, nevropatolog, rafiqasi: Turmush o‘rtog‘im nafaqat farzandlarim otasi, balki ustozim hamdir. Biz 3 nafar farzandni tarbiyalayapmiz. Ularning 2 nafari ota-ona kasbini, ya’ni tibbiyotni tanlashdi. 
U kishi o‘z kasbini juda sevadi. Biror kun yo‘qki kitob mutoala qilmagan bo‘lsalar. Men buni hech qanday mubolag‘asiz ayta olaman. Talabalik paytlaridayoq tibbiyotning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha 800 dan oshiq kitob to‘plaganlar. Hatto 3-kursda o‘qib yurganlarida jarrohlikka oid bir necha jildli kitobni Moskvadan oldirganlar. U paytlari kitoblar pochta orqali kelardi. 5-kursgacha kardioxirurg bo‘laman deganlar. So‘ngra nevrologiyaga qiziqib qolganlar. Chunki 5-kursda asab kasalligiga duchor bo‘lgan og‘ir bir bemorni davolaganlar. Shonazar ismli bu yigit hozir soppa-sog‘ yuribdi. O‘sha paytlari sotib olingan kitoblarning aksariyatini yaxshi o‘qiydigan talabalar va shogirdlariga sovg‘a qilib yuborganlar. Ularning o‘rnini zamonaviy yangi kitoblar bilan to‘ldirdilar. Biroq qiyin tashxislarga oid o‘tgan asrning 30-yillari yozilgan kitoblarni saqlab qolganlar. Ular kafedrada assistent bo‘lib, kunduz kuni talabalarga nevrologiya va psixologiyadan dars bergan bo‘lsalar, darsdan keyin kechgacha poliklinikada oddiy nevropatolog bo‘lib ishlaganlar, tunlari nevrologiya va reanimatsiya bo‘limlarida navbatchilik qilganlar. Shuning uchun ular har doim mukammal doktor uchta joyda shakllanadi deydilar: biri – poliklinika, u erda vrach endi murojaat qilgan bemorni mustaqil ravishda tekshirishni o‘rganadi, ikkinchisi – shifoxona, u erda bemorni davolanish jarayonini kuzatadi, uchinchisi – reanimatsiya, u erda o‘lim bilan olishayotgan bemorni davolaydi. 
Mendan ko‘pincha qizingizga o‘zi davolagan bemorning ismini qo‘yganlari rostmi deb so‘rashadi. Haqiqatan ham shunday. 1995 yil fevral oylari edi. Ikkala oyog‘i shol bo‘lib qolgan bir qizni davolay boshladilar. Unga endi sen tuzalmaysan deb aytishgan va to‘rt-besh oy samarasiz davolashgan. Xo‘jayinim ushbu bemorni davolashga shu qadar berilib ketdiki, hatto unga xotinim qiz tug‘sa, sening ismingni qo‘yaman deb va’da berganlar. Menga bu xabarni aytganlarida “Hali tug‘ilmagan bolamga kasal qizning ismini qo‘ymayman” deb qarshilik qilgandim. “U qiz albatta tuzaladi, hali o‘zi yurib oldinga keladi” deganlar. Haligi qiz haqiqatan ham bir oy ichida tuzalib ketdi. Biz 9 qavatli binoning 7-qavatida ijarada yashardik. Bir kun uyga xursand bo‘lib kirib keldilar va “Oyisi, mehmonlarni kutib ol” dedilar. Esimda, o‘sha kuni lift ham ishlamay turuvdi. Eshikdan chiroyli bir qiz onasi bilan kulib kirib keldi. U o‘z oyoqlari bilan 7-qavatga yurib chiqqan Dildora edi...
Turmush o‘rtog‘im bemorlarni konsultatsiya qiladigan kuni talaba va magistrlar atrofini o‘rab olishadi. U kishining har bir ko‘rigi maktabga aylanib ketadi. Har qanday bemorni sinchkovlik bilan tekshiradilar. Tashxis qo‘yishdan oldin shogirdlarining fikri bilan albatta qiziqadilar. 
Tashxis qo‘yish bilan bog‘liq g‘aroyib vaziyatlarning ko‘p guvohi bo‘lganman. Bir kuni qabulga doim boshim og‘riydi deb shikoyat qiladigan qizaloqni olib kelishdi. Ota-onasi uni turli klinikalarda davolatishgan. Biroq qizaloq boshim og‘rishi to‘xtamayapti deb shikoyat qilavergan. Qiz tsitramon ichishga o‘rganib qolgan. Zarifboy akam barcha tekshiruvlarni qaytadan o‘tkazdilar, ammo barcha xulosalar “toza” chiqqan edi, ya’ni bosh og‘riqqa olib keluvchi birorta sabab topilmadi. Magistrlar ham ustoz qanday tashxis qo‘yarkan deb kutib turishardi. U kishi o‘rnidan turib derazani ochdilar. O‘tgan-ketganlarga bir oz tikilib qarab turdilar. So‘ng joyiga qaytib o‘tirdi-da, haligi qizaloqdan “Sening buving bormi?” deb so‘radilar. U “ha” deb javob berdi. “Buvingning har doim boshi og‘riydi, to‘g‘rimi?” dedilar. Qizaloq “ha” deb boshini qimirlatdi. “Buvingga bosh og‘riq dorisini o‘zing berasan, o‘zing boshlarini silaysan, to‘g‘rimi?” Qizcha yana “ha” dedi. Domlaning bu sirli savollaridan biz hayron bo‘ldik. “Bu qiz soppa-sog‘, faqat biron oylar buvisidan uzoqroqda yashasin, so‘ngra menga telefon qilasiz”, dedilar. Biron hafta ham o‘tmay qizaloq bosh og‘rig‘iga umuman shikoyat qilmayotgani haqida bizga xabar keldi. Buning sababini qiziqib so‘raganimda Zarifboy akam: “Qizdagi bosh og‘riq psixogen xususiyatga ega. Doimo boshi og‘riydigan buvisining yonida bo‘lgan qizning botiniy ongiga bosh og‘riq singib qolgan. Aslida uning boshi og‘rimagan” dedilar. Kechqurun uyga kelganimizda “Adasi, nima uchun to‘satdan buvisi haqida so‘rab qoldingiz, axir ota-onasining ham boshi og‘rishi mumkin edi-ku” deb so‘radim. Ular kulib: “Bilmadim! Hali derazadan qarab turganimda bitta keksa ayol nevarasi bilan o‘tib borayotuvdi. Nevarasining qo‘lida shaffof salafan paketda bir qancha tsitramon ko‘rindi. Bilasanmi, qizaloq buvisiga nima dedi. “Buvijon, boshingiz nega og‘riyveradi?”. Shundan so‘ng psixoanalitik Freydning psixogen tipdagi bosh og‘riqlar ta’limoti hayolimdan o‘tdi. Qizga esa tavakkal qilib, shu savollarni beruvdim hammasi to‘g‘ri chiqdi” dedilar. Shundan so‘ng menga “Qizning ota-onasi bilan telefonda bog‘laning, uning buvisini tekshirib ko‘rishsin, bosh og‘rig‘i jiddiy kasallik bilan bog‘liq bo‘lmasin yana” dedilar. 
Tashxis qo‘yish bilan bog‘liq bunday qiziqarli vaziyatlar juda ko‘p bo‘lgan. Aksariyat hollarda bemor o‘z kasalligi bilan bog‘liq bitta belgini aytib bersa, qolgan 10-20 ta belgini o‘zlari bemalol topib aytib bera oladilar. Buning sirini so‘raganimizda: “Agar o‘sha belgi bo‘lmaganida qolganlari ham bo‘lmasdi” deb javob beradilar. Zarifboy akam har doim “Nevrologiya – bu tibbiyot matematikasi” deyishni xush ko‘radilar. Tibbiy fanlar ichida eng aniq fan bu – nevrologiya! Uning qoidalari xuddi matematik formulalarga o‘xshaydi. Matematik formulalarni o‘zlashtirgan odamgina har qanday masalani echa oladi” deydilar. Farzandlarimiz baxtiga sog‘ bo‘lsinlar! (2015 y) 

Manba: © Z. Ibodullayev. Asab va ruhiyat., 4-nashr. Ilmiy-ommabop risola. T, 311 b. 
             © Ibodullayev ensiklopediyasi
                 © asab.cc



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив