INSON NEGA O‘Z JONIGA QASD QILADI?
Aholi orasida suitsidning ko‘payib borayotganligi har birimizni xavotirga soladi. Ushbu dolzarb ijtimoiy-psixologik muammoni faqat suitsidologlarga yuklab qo‘yish bilan uning echimini topish ancha mushkul. Hammamiz birgalikda harakat qilishimiz kerak. Sotsiologlar, umumiy psixologlar, tibbiy psixologlar va psixoterapevtlar bir yoqadan bosh chiqarib suitsidga olib keluvchi sabablarni bartaraf etishlari lozim. Biroq suitsid ildizlari qayoqqa borib taqalishini bir tahlil qilib chiqsak degandim. Men ushbu maqolani 2013 yili nashrdan chiqqan “Asab va ruhiyat” nomli kitobimda chop qilgan edim. Intervyu tipidagi bu maqola o‘sha paytlari “Shifo-info” gazetasida ham chop qilingan, yaqinda radioda ham ochiq muloqot qilgandik. Chunki shu masalani yoritib berishni so‘rab ko‘p xatlar kelgan. Hozirda bu materialni birmuncha o‘zgartirib feysbukka joylayapman. Biroz bo‘lsa-da, bu material suitsidni bartaraf etishga yordam bersa degan umiddaman.
Savol: Zarifboy Rajabovich. Suitsid o‘zi nima? Bu kasallikmi yoki bir yomon odat? Nima uchun odam o‘z joniga qasd qiladi?
Javob: Savol ichida javobi ham bor. Demoqchimanki, bilib turib o‘z joniga qasd qilishga suitsid deb aytiladi. O‘z joniga qasd qilish “sog‘lom” odamlarda ham, ruhiy bemorlarda ham ro‘y berib turadi. Biroq “sog‘lom” odamlarda kuzatiladigan suitsidga ham nimadir sababchi bo‘ladi, masalan, qattiq ruhiy zarba. Ko‘p hollarda o‘z joniga qasd qiluvchi shaxs uzoq vaqt, ba’zan yillab bu ishni amalga oshirish uchun reja tuzib yuradi. U o‘z joniga qasd qilish uchun bir necha bor uyidan chiqib, turli joylarga boradi yoki oila a’zolari ishga ketgach, uyda yolg‘iz qolib, o‘sha yomon niyatni amalga oshirmoqchi bo‘ladi. Bunday paytlarda hattoki uyda telefon jiringlab qolishi, eshik taqillashi yoki qo‘shnining devor orqalab: “He qo‘shni, kim bor uyda, sigirim bo‘shalib ketib ekinlarni payhon qilayapti! Iltimos, arqon bo‘lsa olib keling! Uni bog‘lashib yuboring!” deb baqirishi hozirgina o‘z joniga qasd qilish uchun arqonni o‘z bo‘yniga osishga tayyorgarlik ko‘rayotgan odam arqonni olib, qo‘shnining sigirini bog‘lash uchun devordan oshib o‘tishi mumkin.
Savol: Demoqchisizki, bir necha oylab rejalashtirib yurilgan niyat bir fursatda puchga chiqishi va bitta odamning hayoti saqlanib qolishi mumkin ekan-da?
Javob: Xuddi shunday! Biroq bu vaqtincha bo‘lib, u yana suiqasd rejasini tuzib yuraveradi. Bu fikr uning miyasiga shu qadar joylashib oladiki, u oxir-oqibat o‘z joniga qasd qiladi. Odatda, irodasiz, kuchsiz va ta’sirchan odam o‘z joniga qasd qiladi. “Hayotdan yutqazgan odam o‘z joniga qasd qiladi” deyishadi. Bu noto‘g‘ri fikr! Chunki hayot bu lotereya emas, u yutish uchun chiqarilmagan. Hayot Olloh tomondan berilgan ne’mat! Umuman olganda, o‘z joniga qasd qilishni din ham qoralaydi. Ularga janoza o‘qilmaydi! Ular do‘zaxga tushishadi.
Savol: O‘smirlar orasida ham suiqasd ko‘p uchraydi. Axir o‘smir yoshdagilar hali hayot nimaligini yaxshi bilishmaydi-ku!? Ular nega o‘z joniga qasd qilishadi?
Javob: Umuman olganda, o‘z joniga qasd qiluvchilarning barchasi hayot nimaligini bilishmaydi. Bilishganida o‘z joniga qasd qilmagan bo‘lishardi...
Savol: Agar odam umuman ketma-ket dardli voqealarga uchrayversa-chi? Uning boshqalarga o‘xshab yaxshi yashashi amalga oshmasa-chi? Uydagilar ham, ishda ham uni qiynayverishsa-chi? Unda nima qilish kerak? Balkim mana shu azoblardan qutulish uchun odam o‘z joniga qasd qilar?
Javob: Mana, dard haqida gapirdingiz! Dard nima o‘zi? Keling, shu savolga bir aniqlik kiritaylik. Dard – kim uchundir ushalmagan orzu yoki etilmagan sevgi, kim uchundir ota-onasi yoki suygan yorining vafot etishi, suyukli farzandidan judo bo‘lish, kimgadir og‘ir kasallikka uchrash, kimgadir katta miqdorda pul yo‘qotish, kimgadir mansabdan ketish va h.k. Axir bular barchamizda ro‘y berib turadigan voqealar-ku?! Buning uchun o‘z joniga qasd qilish shartmi? O‘z joniga qasd qilishni rejalashtirib yurgan odam bir narsani yaxshilab o‘ylab ko‘rishi kerak. Axir baxtsiz voqealar faqat u bilan ro‘y bermayotgandir! Undan boshqa hamma baxtiyor-u, faqat uning ishi yurishmayaptimi? Hech qachon bunday bo‘lmaydi! Hayot uchun kurashish kerak! Hech bo‘lmaganda voqea va hodisalar qanday ro‘y berayotgan bo‘lsa, uni shundayligicha qabul qilish yoki biroz kutish va kuzatish kerak. Vaqti kelib hammasi joy-joyiga tushib ketadi. Chunki hamma vaqt ham qor yog‘ib turmaydi yoki har doim quyosh charaqlab turmaydi. Bu dunyoda hamma narsa vaqtincha va o‘zgaruvchandir.
Savol: Suitsid dunyo bo‘ylab qanday tarqalgan?
Javob: Dunyo bo‘ylab har yili 1 mln. odam suitsid orqali hayotdan ko‘z yumadi (Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlari, 2016 yil). Bu ko‘rsatkich 100 000 aholiga o‘rtacha 16 kishini tashkil qiladi. Dunyo miqyosida suitsid bo‘yicha eng oldinda borayotgan davlatlar – bular Rossiya (26,5), Litva (25,7) va Qozog‘iston (22,8). Taqqoslash uchun Janubiy Koreyada 20,2, Belgiyada 15,7, Yaponiyada 14,3, AQShda 13,7, Frantsiyada 12,1, Shveytsariyada 11,3, Germaniyada 9,1, Isroilda 5,2 suitsid kuzatiladi. Ushbu ko‘rsatkichlar har yili o‘zgarib turadi. Masalan, 2012 yili Janubiy Koreyada suitsid darajasi 28,9 ni tashkil qilgan. E’tibor qilinadigan bo‘lsa, hayot darajasi yuqori bo‘lgan davlatlarda suitsid darajasi ham yuqori bo‘lib qolmoqda.
Musulmon davlatlarida suitsid darajasi ancha past hisoblanadi (Qozog‘iston bundan istisno). Masalan, 100 000 aholiga Qirg‘izistonda 9,1, O‘zbekistonda 7,4, Turkiyada 7,2, Turkmanistonda 7,2, Bahraynda 5,7, Saudiya Arabistonida 3,4, Tojikistonda 3,3, Birlashgan Arab Amirliklarida 2,7, Ozarbayjonda 2,6, Quvaytda 2,2 suitsid ro‘y beradi (JSST, 2016 yil). Yillab urush girdobida qolgan davlatlarda suitsid kam uchrashi e’tiborni tortadi. Masalan, Afg‘onistonda bu ko‘rsatkich 6,4, Iroqda 4,1, Livan 3,2, Suriyada 2,4 suitsid ro‘y beradi. Karib dengizi davlatlari va Bagam orollarida suitsid juda kam uchraydi.
Suitsidologlar fikricha, ushbu ko‘rsatkichlar turli davlatlarda rasmiy statistikada ko‘rsatilgan ma’lumotlardan ancha yuqori bo‘lishi mumkin. Chunki baxtsiz hodisa bilan suitsidni har doim ham farqlash oson emas va ba’zi davlatlarda suitsidning haqiqiy ko‘rsatkichi yashiriladi.
Savol: Suitsid boylarda ko‘p uchraydimi yoki kambag‘allarda?
Javob: Suitsid boy va kambag‘alni tanlamaydi! Ko‘rib turganingizdek, biz havas qiladigan rivojlangan davlatlarda suiqasd juda ko‘p uchraydi. Xabaringiz bor, 2009 yilda barcha davlatlarda iqtisodiy-moliyaviy inqiroz kuzatilgan. Germaniyada 1 mlrd. evroga zarar ko‘rgan ishbilarmon o‘zini poezd tagiga tashlab jon berdi. Biroq bundan 10 barobar ko‘p zarar ko‘rgan milliarderlar ham ko‘p bor edi-ku?! Nega ular ham o‘z joniga qasd qilishmadi? Demak, suitsid – atrof-muhitda ro‘y berayotgan falokatli voqealarga shaxsiy reaksiya. Siz 2 xonalik tor joyda oila a’zolaringiz bilan karam sho‘rva ichib baxtli hayot kechirishingiz va kitob mutoala qilib zavqlanishingiz mumkin. Biroq boshqa birov 2 qavatli dang‘illama imoratda yashab, eng qimmat mashinalar minib, hayotdan qoniqmay yashashi mumkin. Sizni farzandingizning maktabdan 5 baho olib quvonib kelgani xursand qilsa, boshqa birov dunyoni kemirsa ham qoniqmaydi. Demak, hamma narsa shaxsning o‘ziga va uni o‘rab turgan muhitga bog‘liq. Qanday yashash Sizning o‘zingizga bog‘liq! Birov bilan ishingiz bo‘lmasin, ularning xatosini qaytarmaslikka harakat qiling. XX asr boshida buyuk psixoanalitik Zigmund Freyd “Hayot qoniqishdan iborat” degan edi. Demak, har bir inson hayotdan qoniqib yashashi kerak! Hayotdan qoniqmagan odamning miyasiga turli yomon fikrlar kelaveradi.
Savol: Depressiya bilan suitsid orasida qanday bog‘liqlik bor? Shu haqida ma’lumot bersangiz.
Javob: Depressiya – uzoq vaqt mobaynida o‘ta tushkun kayfiyat, fikrlar karaxtligi va har qanday ongli faoliyatga bo‘lgan intilishning so‘nishi bilan kechuvchi kasallik. Ayollar erkaklarga qaraganda 2 barobar ko‘proq depressiyaga tushishadi. Afsuski, depressiyada o‘z joniga qasd qilish boshqa kasalliklarga qaraganda haqiqatan ham ko‘proq. Ayniqsa, ruhiy kasalliklar negizida rivojlangan depressiyada suitsid ko‘p uchraydi. Ma’lumotlarga ko‘ra, depressiyaga chalinganlarning 50 foizi vrachga umuman murojaat qilishmaydi va o‘z bilganicha dori ichib yurishadi. Depressiyaga uchragan bemor nima uchun o‘zini-o‘zi juda yomon ko‘radi, faqat o‘z joniga qasd qilishni xayoliga keltiraveradi? Bu og‘ir savolga fan to‘la javob topganicha yo‘q. Masalan, shizofreniyaga chalingan bemor birov bilan janjallashsa, o‘sha odamni o‘ldirishga intilsa, depressiyada xuddi shunday janjalli vaziyat ro‘y bersa, u o‘zini o‘ldirishga intiladi. Demak, depressiyaga chalingan bemor birovni o‘ldira olmaydi. Rivojlangan davlatlarda depressiya − suitsidning asosiy sabablaridan biri. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra (2017), dunyo bo‘yicha depressiya bilan ro‘yxatga olinganlar soni 300 mln. kishiga etdi. 2020 yilga kelib depressiya rivojlangan davlatlarda tarqalish darajasi bo‘yicha birinchi o‘ringa chiqib olishi taxmin qilinmoqda. Har besh bemorning birida depressiya surunkali tus oladi va og‘ir kechadi, yillab davom etadi. O‘z joniga qasd qiluvchilar ichida depressiya eng oldingi o‘rinlardan birini egallagan. Bu kasallikda har yili 20 mln. kishi o‘z joniga qasd qilishga urinadi va shulardan 1 millioni o‘z niyatiga erishadi. Yana shuni aytish lozimki, turli tashxislar bilan shifoxonalarda davolanayotgan bemorlarning 30 %, onkologik kasalliklarning 40 %, insult va infarkt o‘tkazganlarning 45 %, parkinsonizm kasalligi aniqlanganlarning 35 % ida depressiya aniqlanadi.
Savol: Suitsidni oldini olishda tibbiy psixologning o‘rni nimadan iborat?
Javob: Suitsidni oldini olish bilan, asosan, tibbiy psixologlar shug‘ullanishadi. Biroq bu muammo bilan umumiy psixologlar, sotsiologlar va psixiatrlar ham shug‘ullanishadi. Suitsidologlar esa, asosan, suitsidga urinishlar ro‘y berib tirik qolganlar bilan ishlashadi. Suitsidologning o‘zi ham kuchli psixolog bo‘lishi kerak. Psixiatrlar ruhiy kasalliklarni (12-18 %) davolab suitsidning oldini olsa, tibbiy psixologlar nevroz, depressiya va fobiyani (72-80 %) davolab suitsidning oldini oladi. Bu raqamlardan ko‘rinib turganidek, suitsidning oldini olishda asosiy yuk tibbiy psixologlar va psixoterapevtlarga tushadi. Shu bois ham sog‘liqni saqlash vazirligi barcha davolash-profilaktika muassasalari va ayniqsa poliklinikalarda tibbiy psixologlar shtatini keskin oshirishlari kerak. Barcha tibbiyot institutlarida kechiktirmasdan “Tibbiy psixologiya va psixoterapiya” kafedralarini tashkil etishlari lozim bo‘ladi. Bizga bu borada juda ko‘p tibbiy psixologlar kerak. Shu sohada magistratura va klinik ordinaturaga kvotalar sonini keskin oshirish kerak. Hozirda faqat Toshkent tibbiyot akademiyasi va Toshkent tibbiyot pediatriya instituti “Tibbiy psixolog” kadrlarni tayyorlamoqda. Bu ishga barcha tibbiyot institutlarini jalb qilishimiz kerak!
Ko‘rib turganingizdek, depressiya juda keng tarqalgan kasallik bo‘lib, har bir shifokor undan voqif bo‘lishi kerak. Demak, har bir shifoxonaga tibbiy psixolog-psixoterapevt kerak. Hozirda O‘zbekistonda suitsidologiya xizmati ham yo‘lga qo‘yilgan. Yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, suitsidning oldini oladigan mutaxassis – bu tibbiy psixologdir. U ham depressiyani davolab, ham xarakter o‘zgarishlarini korrektsiya qilib, suitsidga olib keluvchi kasalliklarni faol bartaraf etadi. Hech qachon bemor “Men o‘z jonimga qasd qilmoqchi edim” deb suitsidologga bormaydi, biroq boshqa kasalliklarni ro‘kach qilib, tibbiy psixologga keladi. Masalan, psixiatrga bemorni zo‘rlab olib borasiz, psixologga esa har bir inson o‘z xohishi bilan boradi, hech bo‘lmaganda o‘zini-o‘zi anglashi uchun.
Savol: O‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘lib yurgan odamni oldindan bilib olish mumkinmi? Agar mumkin bo‘lsa, uning yo‘llari qanday?
Javob: Suitsidni shartli ravishda 2 guruhga ajratish mumkin: birinchisi − tantanovor suitsid, ya’ni o‘z joniga qasd qilishni oshkor qilib yuradiganlar; ikkinchisi − yashirin suitsid, ya’ni hech kimga bildirmasdan o‘z joniga qasd qiluvchilar. Tantanavor suitsid ko‘pincha o‘smirlarda kuzatiladi, agar ular ota-onasi bilan urishib qolsa, “Mana ko‘rasizlar, o‘zimni o‘ldiraman-u, mendan qutulasizlar” deb yurishadi. Odatda, o‘smirning bu gapiga e’tibor qilishmaydi yoki kulib qo‘yishadi. O‘z joniga qasd qiluvchi o‘smir go‘yoki shu yo‘l bilan ota-onasidan alamini olmoqchi bo‘ladi. Agar u biror-bir odamning janozasiga borib qolsa, “Men o‘lsam ham ota-onam va qarindosh-tuqqanlar shunaqa ayuhannos solib yig‘lashadi, meni qiynaganlarini eslab bolamga e’tibor qilsam bo‘larkan, nega aytganlarini qilmadim” deb kuyib-yonishadi degan fikrga qiladi va tezroq o‘z joniga qasd qilishga intiladi. Shuning uchun ham ba’zan o‘z joniga qasd qilishlar ketma-ket ro‘y beradi.
O‘z joniga qasd qilishga jazm qilgan odam odamovi bo‘lib qoladi, kam gapiradi, yolg‘izlikka intiladi, xulq-atvori ham o‘zgarib boraveradi. U to‘y va tug‘ilgan kun kabi o‘yin-kulgili joylarga bormay qo‘yadi, biroq janoza va marakalarga, albatta, borishga harakat qiladi. Chunki u erda odam o‘lgandan keyin bo‘ladigan voqealar aks etadi-da. U o‘zini shu o‘lgan odam o‘rnida tasavvur qilib ko‘radi. Hali aytganimdek, bu holat o‘z joniga qasd qilishni yanada tezlashtiradi.
Yashirin suitsid, ko‘pincha, yoshi kattalar uchun xos. Ba’zan bola-chaqali, nevara-evarali bo‘lib ketgan yoshi ulug‘lar ham o‘z joniga qasd qilishadi. Bu, ayniqsa, qariganida doimo uning yonida bo‘lguvchi umr yo‘ldoshi vafot etgandan keyin ro‘y beradi. Farzandlari ishga, nevaralari maktabga ketgandan keyin eng yaqin sirdoshidan ayrilgan keksa doimo uyda yolg‘iz yashay olmaydi. Uning miyasiga “Farzandlarim menga e’tibor qilmay qo‘yishdi, hammasi o‘zi bilan o‘zi ovora, menga bu hayotda yashashning ne keragi bor, men ham o‘lsam bo‘lmasmidi” degan fikrlar kelaveradi. Uyda yolg‘iz qolib, yig‘lab ham oladi. Albatta, yolg‘iz qolgan keksalarga e’tibor zarur, ular bilan suhbatlashib turish kerak. Ularni dam olish sihatgohlariga yuborish, holidan xabar olib turish, hech bo‘lmaganda nevaralarning bittasini doimo buvisi yoki buvasi yonida yotib-turishga o‘rgatish maqsadga muvofiq. Boz ustiga, buvi yoki buvadek tarbiyachi kam hollarda topiladi. Keksalarni yolg‘iz qoldirib, ko‘nglini o‘ksitish yaxshi emas. Albatta, katta yoshga etgan farzandlar ularni shu darajaga etkazgan ota-onasini xafa qilishni xohlashmaydi, otam yoki onam uyda mazza qilib dam olib yotibdilar-ku deb o‘ylab, ularni e’tiborsiz qoldirishadi. Biroq noxush voqealar doimo e’tiborsizlik sababli ro‘y berishini ham unutmaylik.
Hurmatli keksalar! Farzandlaringiz muvaffaqiyatlaridan quvonib yashang! Ulardan xafa bo‘lmang. Siz farzandlaringizni qanday yaxshi ko‘rsangiz, bilingki, ular ham Sizni shunday hurmat qilishadi, e’zozlashadi, ularning Sizlarga bo‘lgan hurmati qalbining to‘rida joylashgan.
Savol: O‘z joniga qasd qiluvchilar har xil yo‘llarni tanlashadi: o‘zini osib o‘ldirish, uksus ichish, katta miqdorda dori ichish va h.k. Har kim turli yo‘lni tanlashini qanday tushuntirish mumkin?
Javob: Bu savolga aniq javob berish mushkul. Biroq statistik ma’lumotlarga ko‘ra, erkaklar orasida o‘zini osib o‘ldirish ko‘p kuzatilsa, ayollar orasida ko‘p miqdorda dori yoki uksus ichib, o‘z joniga qasd qilish ko‘p uchraydi. Aksar hollarda qaysi usulni tanlash odamning qaerda yashayotganiga ham bog‘liq. Masalan, qishloqda yashaydiganlar orasida o‘zini osish ko‘p kuzatilsa, katta shaharda yashaydiganlarda baland binolardan tashlab o‘lish ko‘p uchraydi. Uksus ichib, o‘z joniga qasd qiluvchilar ham ko‘p. Shuning uchun oila zarurati uchun olingan uksusni ishlatib bo‘lgandan keyin to‘kib tashlash yoki suv qo‘shib qo‘yish kerak. Shuningdek, uyi temir yo‘llarga yaqin joyda joylashganlar o‘zini poezd tagiga tashlashi, daryoga yaqin joyda yashaydiganlar baland qoyalardan o‘zini suvga tashlashi orqali o‘z joniga qasd qilishadi. Masalan, Yaponiyada dengiz bo‘yida katta qoya bor. U “O‘z joniga qasd qiluvchilar qoyasi” deb nom olgan. Chunki o‘sha qoyadan o‘zini pastga tashlab jon beruvchilar ko‘p. 2009 yili ularning soni ko‘payib ketgani uchun odamlarning hayotini saqlab qolish maqsadida bitta otaxon o‘sha erga kelib o‘tirib olgan va o‘z joniga qasd qilish maqsadida kelganlar bilan suhbatlashib, ularni o‘z fikridan qaytarishga muvaffaq bo‘lgan. Bu haqda o‘sha paytlari “Evronevs” kanali ham ko‘rsatuv tayyorlagan edi.
Savol: Aholi orasida suitsid ko‘payishiga TV, radio, internet yoki gazeta va jurnallar sababchi bo‘lishi mumkinmi?
Javob: Radioni bilmadim-u, qolganlari sababchi bo‘lish mumkin. Masalan, o‘z joniga qasd qilish XX asrning 60-yillari ko‘paya boshlagan. Chunki bu davrda insonlar hayotiga televidenie jadal kirib kela boshladi. Televizor orqali doimiy ravishda har xil melodramalar ko‘rayotgan yoshu qarilar orasida ushbu ko‘rsatuvlar suiqasdning ko‘payishiga ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa, ajab emas. Internetning hayotimizga jadal kirib kelishi ham yoshlar orasida suiqasdning ko‘payib ketishiga sababchi bo‘ldi. Internet qaysi davlatda oldinroq va kuchliroq rivojlangan bo‘lsa, o‘sha davlatlarda o‘z joniga qasd qiluvchilar soni ham ko‘p. Afsuski, internetda o‘z joniga qasd qilish yo‘llarini o‘rgatuvchi saytlar ham ko‘paygan. Ularga qarshi OAVda chiqishlar yoki psixologlar intervyulari esa barmoq bilan sanarli. Shuni esda tuting: o‘z joniga suiqasd qilishga intiluvchi shaxsning fikri kimgadir oshkor bo‘lib qolsa, u bu fikridan qaytadi. Bundaylar esa ular orasida 70 foizdan oshiq. Ko‘z oldingizga keltiring, agar faol ishlansa, qanchadan-qancha insonlarning hayotini saqlab qolish mumkin. Afsuski, bu muammoni oshkor muhokama qilishdan hanuzgacha qo‘rqamiz. Oqibatini ko‘rib kuzatuvchi bo‘lib turaveramizmi? Omma bilan ishlash kerak!
Savol: Kino va teleseriallar o‘z joniga qasd qilishga turtki bo‘ladi deyishadi. Bunga qanday qaraysiz?
Javob: Afsuski, hozirgi kunda ishlanayotgan ba’zi kinolar nafaqat o‘zining sifatsizligi, balki sayoz syujetlari bilan ham kishini ranjitadi. Menimcha, ssenariy yozuvchining o‘zi kuchli psixolog bo‘lishi kerak. Yaxshilab e’tibor qilsangiz, ushbu filmlarning ba’zilarida o‘z joniga suiqasd qilishga chorlovchi syujetlar ko‘p. Ularda film qaxramonlarining his-tuyg‘ulari va aslida ro‘y berishi mumkin bo‘lgan voqelik orasida nomutanosiblik bor. Filmda ro‘y berayotgan voqealar kulminatsion nuqtaga etmasdan turib yigit yoki qiz o‘z joniga qasd qilishga urinadi yoki shu ishni amalga oshiradi ham. “Hozir qiz o‘z yoriga etishi uchun kurashsa kerak” deb kinoni ko‘rib o‘tirgan tomoshabinning ta’bi xira bo‘ladi-qoladi. Chunki qiz yoki yigit o‘z baxti uchun kurashish o‘rniga boshqa yo‘lni tanlaydi. Menimcha, rejissyor shu yo‘l bilan tomoshabinni to‘lqinlantiraman deb o‘ylasa, u adashadi. Aslo unday emas. E’tibor bering-a, hanuzgacha kishini to‘lqinlantirib kelayotgan “O‘tgan kunlar” filmida Kumush o‘zi zahar ichib o‘lmaydi-ku, balki uni Zaynab zaharlaydi. Ushbu filmda na Kumush zahar ichadi, na alamzada Zaynab. Bundoq qarasangiz Kumush yoki Zaynab zahar ichib o‘z joniga qasd qilishlari mumkin edi-ku?! Agar shunday bo‘lganida film bunchalar shuhrat qozonmagan bo‘lur edi. Film boshidan oxirigacha yigit va qizni o‘z baxti uchun kurashishga chorlaydi. O‘z joniga qasd qilishni targ‘ib qiluvchi badiiy asarlar va filmlar kishi g‘azabini qo‘zg‘atadi. “O‘tkan kunlar”dan o‘rnak olish kerak.
Hozirgi kunda namoyish qilinayotgan xorij teleseriallarining aksariyati ham hissiyotga boy bo‘lib, 13-14 yashar yigit-qizlarning fikrlash doirasini 17-19 yasharlik yigit-qizlarnikiga o‘xshatib qo‘ymoqda. Demoqchimanki, ularning fikrlash doirasi patologik tarzda kengayib, film qahramonlariga taqlid qilish odat tusiga kirmoqda. Bu filmlarni hadeb ko‘raverish yoshlarni real hayotdan uzoqlashtiradi, ular zombiga aylanadi, hissiyotga boyib, aqli torayib boraveradi. Hissiyotga beriluvchan odam aql bilan ish ko‘rmaydi.
Savol: Gazetalarda yoritilayotgan hikoyalar ham bundan mustasno bo‘lmasa kerak.
Javob: To‘g‘ri! Afsuski, gazeta va jurnallardagi aksariyat ma’lumotlar mutaxassislar tomonidan tayyorlanmaydi. Ularning ko‘pchiligi internet yoki xorij gazetalaridan ko‘chirilgan ma’lumotlar. Hikoya, qissa va romanlarda o‘z joniga qasd qilishni targ‘ib qiluvchi joylari ko‘p. Demak, yozuvchi o‘zi bilmagan holda birovning hayotiga zomin bo‘lishi mumkin. Yozuvchi o‘zi tayyorlagan asarining ushbu joyini eng zo‘r qismi deb o‘ylasa kerak. Aslo unday emas! Afsuski, asar yozayotgan yozuvchi o‘z qaxramonini ro‘shnolikka chiqarish o‘rniga uni o‘ldirish yo‘llarini izlaydi. Tayyor bo‘lgan ushbu asarni o‘qiyotgan o‘quvchi ham ro‘shnolikka erishish o‘rniga o‘zini o‘ldirishni fikr qilsa-chi? Hikoya yoki katta asar yozayotganlar buni bir o‘ylab ko‘rishsa yaxshi bo‘lardi! Hamma melodrama yozish bilan ovora. Buning oqibati yaxshilikka olib kelmaydi! Neyropsixolog sifatida shuni alohida ta’kidlashim lozimki, hissiyotga emas, fikrlashga majbur qiladigan asar kishini to‘lqinlantiradi va uzoq vaqt eslab qolinadi. Uilyam Shekspir, Agata Kristi, O‘tkir Xoshimov va Sharof Boshbekovning asarlari bunga misol bo‘la oladi. Qiziq, Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan yozuvchilarning asarlari bundoq qarasangiz, go‘yoki oddiydek tuyuladi. Masalan, “Chol va dengiz” asari. Unda nega ular barcha davlatlar va elatlarda ulkan olqishlarga sazovor bo‘lishgan. Chunki bunday asarlar har qanday davrda yashagan insonlar qalbini zabt etgan va hech qachon o‘lmaydigan asarlar!
Savol: O‘z joniga qasd qilish yaqin qarindosh-tuqqanlar orasida ko‘p kuzatilgani va ushbu holat nasldan-naslga o‘tish-o‘tmasligi haqida so‘rashgan. Bu savolga qanday javob bergan bo‘lar edingiz?
Javob: Umuman olganda, insonda mavjud bo‘lgan har qanday holat nasldan-naslga o‘tishi mumkin. Odamning ovozi, xulq-atvori va h.k. Suitsidga moyillik odamning temperamentiga ham bog‘liq. Masalan, melanxoliklar (jur’atsiz, birovga qaram odamlar) suiqasdga moyil bo‘lishadi. Lekin ular er sharida kam tarqalgan, ya’ni 3-5 % xolos. Anavi odamning otasi yoki onasi o‘z joniga qasd qildi, endi uning farzandlari ham shu yo‘ldan boradi degan fikr paydo bo‘lmasligi kerak. Chunki suiqasd ko‘pincha taqlid ko‘rinishda ham ro‘y beradi. Yaqinidan judo bo‘lgandan keyin u ham “Men nima qilaman yashab” deb o‘z joniga qasd qilib qo‘yishi mumkin.
Savol: Stress bilan suiqasd orasida qanday bog‘liqlik bor? Ba’zan qattiq stressga uchrab o‘zini-o‘zi o‘ldirib qo‘yibdi deb eshitib qolamiz.
Javob: Juda to‘g‘ri savol berdingiz! Hali aytib o‘tganimdek, “sog‘lom” odamlarda uchraydigan suitsidlar o‘tkir yoki doimiy stresslar natijasida ro‘y beradi, ya’ni stress o‘z joniga qasd qilishga turtki bo‘ladi. Umuman olganda, aksariyat kasalliklarning boshlanib ketishiga asosiy turtki bo‘ladigan omil ham stress. Masalan, gipertoniya kasalligi bilan xastalanganlarning barchasida ham insult yoki infarkt rivojlanavermaydi-ku?! Biroq o‘tkir stress insult va infarktga turtki bo‘ladi.
Savol: Hozirda o‘z joniga qasd qilishni xayol qilib yurganlar bo‘lsa, ularni ushbu yo‘ldan qaytarish uchun qanday maslahatlar bergan bo‘lardingiz?
Javob: Demak, hali aytib o‘tganimdek, suitsid “sog‘lom” kishilarda ham, depressiya kasalligida ham kuzatilishi mumkin. O‘zi sog‘lom bo‘lsa-da, o‘z joniga qasd qilishga urinib yurganlarga quyidagi maslahatlarni bergan bo‘lur edim:
O‘ta o‘jarlar uchun maslahat: “Men hech qanday maslahatga yurmayman, baribir o‘z jonimga qasd qilaman, bu fikrimdan hecham qaytmayman” deguvchilar bo‘lsa, o‘sha fikringizni tibbiy psixolog va psixoterapevtga albatta ayting. Balkim vaziyat Siz o‘ylagancha og‘ir emasdir.
Ikkilanib yurganlar uchun maslahat: “Men o‘z jonimga qasd qilmoqchi emasdim, hammasiga boshqalar aybdor” deb yurayotganlar, ya’ni vaziyat yaxshi bo‘lsa, suitsidni amalga oshirmaydiganlar uchun maslahat. O‘z joniga qasd qiluvchilar ichida sizlar ko‘pchilikni tashkil qilasiz. Demak, shunday ekan, dardingizni yaqinlaringiz bilan baham ko‘ring, muammoni ota-onangiz bilan hal qilishga harakat qiling, ular Sizni tushunishmasa, Sizni yaxshi ko‘radigan ammangiz, xolangiz, tog‘angiz, akangiz yoki opangizga maqsadingizni ayting. Siz ota-onangizga tushuntirib bera olmagan dardingizni o‘sha qarindon-tuqqanlar albatta echimini topib beradi. Chunki kattaning tilini katta tushunadi. Eng yaxshi ko‘rgan va o‘zingiz ishonadigan do‘stingiz oldiga boring, psixologga murojaat qiling. Chunki vaziyat yaxshi tomonga o‘zgarsa, o‘z joningizga qasd qilmoqchi emassiz-ku.
Men o‘zim ishlab chiqqan va o‘zim har doim amal qiladigan bitta qoida haqida “Madaniyat va ma’rifat” kanalida aytuvdim: “Shunday bo‘lishi kerak edi, shunday bo‘lmasligi mumkin edi” degan qoida. Ya’ni Siz bilan biror bir yomon voqea ro‘y bersa – “Shunday bo‘lishi kerak edi” deb o‘sha noxush voqeani unutishga harakat qiling. Ushbu qoidaning “Shunday bo‘lmasligi mumkin edi” degan qismi Siz bilan bo‘lgan voqeani tanqidiy tahlil qilishga undaydi va shunga o‘xshash holatning qaytalanishining oldini oladi!
Manba: © Z. Ibodullayev. Asab va ruhiyat., 4-nashr. Ilmiy-ommabop risola. T, 311 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi
© asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha