Insomniya
Insomniya – uyqu yo‘qolishi yoki qochishi degani. Insomniya belgilari uyquga ketishning qiyinligi, tez uyg‘onib ketaverish, erta uyg‘onish va uzoq uxlasa-da uyquga to‘ymaslik hissi bilan namoyon bo‘ladi. Bunday holatni bemor oddiy so‘z bilan “uyqusizlik” deb baholaydi. Tunda uxlay olmagan bemorni kunduz kuni uyqu bosadi, o‘zini lohas sezadi va natijada uning ish faoliyati sustlashadi. U iloji boricha biror joy topib, uxlab olishga harakat qiladi. Agar buning imkoni topilsa, bemor yana tetiklashadi. Kunduz kuni uxlaydigan ba’zi odamlar tunda uxlay olmaydi. Shu bois ular kunduzi uxlamaslikka harakat qilishadi. Albatta, tungi uyqu kunduzgi uyquga qaraganda kishiga ko‘proq orom beradi. Shu bois tunda uxlay olmaydiganlar ertasi kuni bezovta bo‘lib yurishadi. Uyquning bu tarzda buzilishiga psixofiziologik insomniya deb ataladi. Bunday holat har qanday sog‘lom odamda uchrashi mumkin.
Psixofiziologik insomniyaning sabablari bir nechta. Ular – nevrasteniya, psixasteniya, stress, uzoq joyga borish, tunda ishlash va h.k. Psixofiziologik insomniya, odatda, uzoq davom etmaydi va bir necha kundan so‘ng tungi uyqu qayta tiklanadi. Agar bu holat uzoq davom etaversa, insomniyaning boshqa sabablarini izlash kerak. Hech qanday sababsiz uzoq yillar (ba’zida umrining oxirigacha) davom etadigan uyqusizlik idiopatik insomniya deb nomlanadi. Bunday odamlarni halq tilida “uxlamaydigan odamlar” deb atashadi. Ular bolalik davridan buyon uyqu nimaligini bilishmaydi, kunduz kuni ham tetik yurishadi va ish qobiliyatini yo‘qotishmaydi. Ular haqida halq orasida turli afsonalar yuradi. Buyuk xoqonlar sira uxlamaydigan odamlarni izlab topishga farmonlar chiqarishgan va ularni o‘zlariga tansoqchi qilib qo‘yishgan ekan. Somnologlar fikricha, sira uxlamaydigan odamlar bo‘lmaydi, ular qisqa muddat bo‘lsa-da, mizg‘ib olishadi.
Uzoq muddat, ya’ni bir necha hafta yoki oylab uyquning yo‘qolishi surunkali davom etuvchi jiddiy kasalliklarda kuzatiladi. Bunday bemorlar uxlashni xohlashadi, biroq mavjud kasallik bunga yo‘l qo‘ymaydi. Tanadagi doimiy og‘riqlar bilan kechuvchi kasalliklarni bunga misol qilib ko‘rsatish mumkin. Ular og‘riq qoldiruvchi va uxlatuvchi dorilar ichgandagina uxlaydi. Yana bir qator patologik holatlar va kasalliklar surunkali uyqusizlikka sabab bo‘ladi. Bular – maniakal-depressiv psixozning maniakal bosqichi, xavotirli-fobik sindrom, tunda qo‘zg‘aydigan “bezovta oyoqlar” sindromi, nevrogen qichima, astma, yo‘tal, buyrak va jinsiy a’zolar kasalliklari va h.k. Tungi uyqusizlik bemorni juda holsiz qilib qo‘yadi, u parishonxotir, jizzaki va o‘ta lohas bo‘lib qoladi. Bu holat, albatta, asosiy kasallikning kechishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Surunkali tarzda uyquni qochiruvchi dorilarni (psixostimulyatorlar, kofein) iste’mol qilganlarda ham insomniya kuzatilishini esda tutish lozim. Tamaki chekadiganlar ham doimo uyqu buzilishidan aziyat chekishadi. Ayniqsa, sigaretni kechqurunlari chekish tungi uyquni yo‘qotadi. Chunki tamaki tarkibidagi nikotin tungi uyquga salbiy ta’sir etadi.
Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y;
©asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha