Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi INSULTDA BEMORLAR PSIXOLOGIYaSI

INSULTDA BEMORLAR PSIXOLOGIYaSI


Bosh miyada qon aylanishining o‘tkir buzilishiga insult deb aytiladi. Insultda nafaqat nevrologik buzilishlar (gemiparez, gemianesteziya), balki neyropsixologik (afaziya, apraksiya, agnoziya) va psixoemotsional (nevroz, depressiya, xavotir, fobiya) buzilishlar ham ko‘p uchraydi. Insultdan keyin bemorning psixologiyasi turli darajada o‘zgaradi: ba’zi bemorlar apatiya va depressiyaga tushib qolsa, boshqa birlarida kuchli xavotir va agressiv holatlar paydo bo‘ladi. Masalan, kechagina sog‘lom yurgan odamning bir necha soat ichida to‘satdan tildan qolishi va falajlik tufayli to‘shakka mixlanib yotishi har bir inson uchun kuchli psixologik zarbadir.
    Miya insultida kuzatiladigan patologik o‘zgarishlar ushbu kasallik bosh miyaning qaysi yarim sharida va miyaning qaysi sohasida rivojlanganiga hamda insult davriga bog‘liq. Miya insultining deyarli 70 % bosh miya tashqi yuzasining katta bir qismini qon bilan ta’minlovchi a. cerebri media sohasida kuzatiladi. Ushbu arteriya harakat, sezgi va nutq markazlarini qon bilan ta’minlaydi. Shuning uchun ham bu arteriyada qon aylanishining o‘tkir buzilishi oyoq-qo‘llar falajligi (gemiparez, monoparez), tananing bir tomonida sezgi (gemianesteziya, monoanesteziya) va nutq buzilishlari (motor va sensor afaziyalar) bilan namoyon bo‘ladi. 
    Agar insult bosh miyaning chap yarim sharida (ChYaSh) rivojlansa, tananing o‘ng tomonidagi gemiparez va gemianesteziya afaziyalar bilan birgalikda namoyon bo‘ladi. O‘ng yarim sharda (O‘YaSh) kuzatilgan insult esa tananing chap tomonida gemiparez va gemianesteziyalarni yuzaga keltiradi, biroq nutq buzilmaydi. Nutq buzilishi o‘naqaylarda ChYaSh, chapaqaylarda O‘YaSh, ambidekstrlarda esa ikkala yarim shar zararlanganda ham kuzatiladi. Ambidekstrlarda nutq buzilishi o‘naqaylarga qaraganda tezroq tiklanadi (Ibodullaev Z.R., 2005). Miya insultida kuzatiladigan psixoemotsional buzilishlar miyaning chap va o‘ng yarim sharlari zararlanganda turlicha namoyon bo‘ladi. 
Chap yarim shar insultida bemorlar psixologiyasi. Oyoq-qo‘llardagi falajlikning nutq buzilishi (motor va sensor afaziya) bilan birgalikda namoyon bo‘lishi bemor uchun og‘ir psixologik jarohatdir. Insult sababli nutqning to‘satdan buzilishi bemor psixologiyasini o‘zgartirib yuboradi, u yonidagilar gapini faqat tovush holatida eshitadi, ma’nosini anglamaydi, o‘zi ham fikrini tushuntirib bera olmaydi. Buning natijasida bemor jizzaki bo‘lib qoladi, yaqinlarini urishadi, hadeb gapirishga urinadi, biroq fikrini to‘g‘ri bayon qila olmay kiynalib ketadi. Boshqalar so‘zini tushunmaslikka sensor afaziya deb aytiladi. Ba’zan bemor indamay yotadi, yonidagilar savolini tushunadi-yu, biroq javob bera olmaydi, ya’ni gapira olmaydi. Bu holat motor afaziya uchun xos. 
Nutq funktsiyasi, odatda, falajliklarga qaraganda oldinroq tiklanadi, masalan, insultning o‘tkir davridayoq (21 kun ichida) nutq tiklana boshlaydi. Nutq tiklanishi insult turi, zararlangan joy hajmi va albatta davolash jarayoni qanday olib borilishiga ko‘p jihatdan bog‘liq. 
Agar insult uzoq paytdan buyon xafaqon kasalligi, ateroskleroz, qandli diabet va yurak kasalliklari bilan og‘riyotgan bemorda kuzatilsa, nutq tiklanishi qiyin kechadi. Surunkali alkogolizmdan aziyat chekayotgan bemorda insult nutq buzilishi, xulq-atvorning keskin o‘zgarishlari bilan namoyon bo‘ladi va nutq faoliyati kech tiklanadi. Bunday bemorlar bilan muloqot qilish juda qiyin bo‘lib, ular vrach va yaqinlarining aytganlarini bajarmaydi, tez urishib ketadi yoki yig‘layveradi, ovqat eyishdan bosh tortadi, tagini ho‘l qilib qo‘yadi. Uni parvarish qilishga (soch-soqolini olish, cho‘miltirish, to‘shak-ko‘rpani to‘g‘rilab qo‘yish) yo‘l qo‘ymaydi, davolash muolajalaridan voz kechadi. Tabiiyki, bunday bemorlarni davolash va parvarish qilish ancha qiyinchiliklar tug‘diradi. 
Nutqi buzilgan odamning xulq-atvori albatta o‘zgaradi. Chunki insonning biror bir faoliyatini nutqsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Nutqsiz hech qaysi oliy ruhiy funktsiya to‘laqonli faoliyat ko‘rsata olmaydi. Nutq stressni oluvchi vosita hamdir. Nutq orqali biz boshqalar bilan dardlashamiz, ichki kechinmalarimizni bayon qilamiz. Bu esa o‘ziga yarasha katarsis, ya’ni ruhiy poklanishni yuzaga keltiradi. Nutqi rivojlanmay qolgan bolani ko‘z oldingizga keltiring. Bunday bolalar xarakteri keskin o‘zgarib, ularni boshqarib bo‘lmay qoladi yoki bola ruhan so‘nadi. Demak, nutq xarakterni boshqaruvchi vosita hamdir. Shu bois ham nutqi tiklangan bolaning xulq-atvori ham yaxshilanib boradi.
Insult o‘tkazgan bemorlarda nutq tiklangandan so‘ng davolash jarayonidagi ba’zi qiyinchiliklar barxam topadi. Bemor endi o‘z tanasida kechayotgan kasallik alomatlarini yaqinlari va davolovchi vrachga bemalol aytib bera oladi, uning tavsiyasini bajara boshlaydi va natijada davolash jarayonida ijobiy natijalar yuz beradi. 
ChYaSh insultida psixoemotsional buzilishlar xavotirli-depressiv sindrom ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. Xavotirli-depressiv buzilishlarning mavjudligi  ChYaSh ni O‘YaSh insultida kuzatiladigan psixoemotsional buzilishlardan farqlovchi simptomlardan biridir. Xavotir qanday ko‘rinishda namoyon bo‘ladi? 
ChYaSh insultida bemor o‘zida ro‘y bergan kasallik alomatlaridan qattiq aziyat chekadi, vrachning har bir tashrifida nutqi va harakat faoliyatining tiklanib ketish-ketmasligidan xavotirga tushadi, vrachning har bir so‘zini ilinch va umid ila tinglaydi, uning tavsiyalarini so‘zsiz bajarishga intiladi, davolash natijasida ro‘y berayotgan ijobiy o‘zgarishlardan xursand bo‘ladi. Albatta, ChYaSh insulti uchun xos bo‘lgan xavotir bilan kechuvchi bunday simptomlar uning tezroq sog‘ayib ketishiga yordam beradi. Shuning uchun ham ChYaSh insultida buzilgan harakat funktsiyalarining qayta tiklanish O‘YaSh insultiga qaraganda tezroq kechadi. 
O‘ng yarim shar insultida bemorlar psixologiyasi. Yuqorida qayd qilinganidek, O‘YaSh insultida tananing chap tomonida harakat va sezgi buzilishlari kuzatiladi, ya’ni gemiparezlar, gemianesteziyalar. Nutq va u bilan bog‘liq bo‘lgan aksariyat oliy ruhiy funktsiyalar (o‘qish, yozish) saqlanib qoladi. Buning asosiy sababi – miyaning o‘ng yarim shari nutq uchun mas’ul emas (o‘naqaylarda). O‘YaSh, asosan, optik-fazoviy funktsiyalar, aniqrog‘i, o‘z tanasi va atrof-muhitning (fazoning) tuzilishi haqida miyaga kelayotgan ta’sirotlarni analiz va sintez qilish uchun javobgardir. Demak, O‘YaSh tana va fazo tuzilishini noto‘g‘ri qabul qilish simptomlarini yuzaga keltiradi. Bular – anozognoziya, autotopognoziya, psevdopolimeliya, optik-fazoviy agnoziyalar. Bu belgilar umumlashtirilib, tana sxemasi buzilishi deb  ataladi. 
Bemorning boshi yoki bir qo‘li kattalashib ketayotgandek, qo‘li yoki oyog‘i tananing boshqa qismlarida joylashgandek (autotopognoziya), tananing chap tomoni xuddi birovning tanasidek, chap qo‘li o‘ziniki emas, birovnikidek yoki yonida g‘o‘la yotgandek tuyuladi. Ba’zi hollarda bemorning yarim falajlangan chap qo‘li uni bo‘g‘moqchi bo‘lsa, o‘ng qo‘li esa bunga yo‘l qo‘ymaydi va chap qo‘lni itarib yuboradi. Ba’zan chap qo‘l xuddi kichik hayvon (mushuk, olmaxon, quyon) ko‘rinishida bemorga erkalanadi yoki bemor o‘ng qo‘li bilan chap qo‘lini silaydi. “Nimaga bunaqa qilyapsiz?” desa, u “Mushugimni erkalatyapman” deydi. Go‘yoki tana ikkiga bo‘linganu, uning har bir yarim tomoni o‘zicha faoliyat ko‘rsatyapti. 
Bemor insult oqibatida o‘z tanasida paydo bo‘lgan nuqsonlarni  (falajliklarni) inkor qiladi, mening oyoq-qo‘llarim ishlayapti deydi. Bunday holat anozognoziya deb ataladi. Bemor falajliklar sababli bir necha kundan buyon to‘shakka mixlanib qolgan bo‘lsa-da, “Men hozirgina hojatxonaga borib keldim, turib hovlida yurdim”, deydi. U kiyinayotganida ham chap tomonini to‘la inkor qiladi: ko‘ylagining o‘ng engini, oyoq kiyimining o‘ng tomondagisini kiyadi, lagandagi ovqatning (masalan, oshning) faqat o‘ng tomondagisini eydi, uyga kirayotganda chap elkasini eshikka urib kiradi. Soqol olayotganda yuzining chap tomoni qolib ketadi, tishini yuvayotganda faqat o‘ng tomonini yuvadi va h.k. Demak, chap tomon butunlay inkor qilinadi, go‘yoki fazoning chap tomoni yo‘qdek. Bemordagi bu holat nafaqat o‘z tanasiga nisbatan, balki tashqi olamga nisbatan ham kuzatiladi. Bemor fazodagi narsalarning ham bir tomonini inkor qiladi. Bunday buzilishlar O‘YaSh zararlanishida ko‘p kuzatilgani bois neyropsixologiyaga “fazoning bir tomonini inkor qilish” sindromi degan termin  kiritilgan.
O‘YaSh insulti uchun aynan xos bo‘lgan psixoemotsional buzilishlar –o‘z kasaliga bo‘lgan befarqlik, iroda so‘nishi va apatiya. Agar ChYaSh da depressiya kuchli ifodalangan xavotir bilan namoyon bo‘lsa, O‘YaSh insultida depressiya apatiya bilan birgalikda namoyon bo‘ladi. Agar bemorga joyingizdan turmang, sizga turib yurish mumkin emas, desa “Xo‘p bo‘ladi”, deb javob beradi-yu, baribir turib yuradi, vrach tavsiyasiga ko‘ra vaqtida bajarish lozim bo‘lgan jismoniy mashqlarni bajarmaydi, falajlangan tomondagi qo‘l-oyoqlari qanday holatda bo‘lsa, shu holatda yotaveradi, biroz bo‘lsa-da paydo bo‘lgan harakatlarni faollashtirishga urinmaydi. “Hozir qaerda yotibsiz” deb so‘ralsa, u “Men shifoxonada davolayapman” deb javob beradi yoki “Toshkentda davolanyapman”, deydi. Vaholanki, bu paytda u o‘z uyida yoki o‘zi yashayotgan viloyat shifoxonasida davolanayotgan bo‘ladi.
Aksariyat hollarda bemor juda so‘zamol, maslahatgo‘y bo‘lib qoladi, zarur bo‘lmagan masalalar ustida so‘z ochadi va yaqinlari yoki uni ko‘rgani kelgan begona odamlarni soatlab yonida olib o‘tiradi. Ertasi kuni bemordan “Kecha yoningizga kim keldi”, deb so‘ralsa, uning kimligi va qachon kelganini unutib qo‘yadi yoki “Bir oy oldin keldi”, deb javob beradi. Demak, O‘YaSh insultida vaqt va makonni to‘g‘ri baholash ham buziladi. 
Ba’zan bemor ovqatlanmoqchi bo‘lsa, qoshiqni sog‘lom qo‘li bilan ham kosaga to‘g‘ri olib bora olmaydi, og‘zini topa olmaydi, ovqatni yoqasiga to‘kib yuboradi va natijada ovqat eyishdan bosh tortadi, unga o‘z-o‘zidan yig‘i keladi. Buni zo‘raki yig‘i deyishadi va bu holat arzimagan narsaga kulish bilan almashinib turadi, ya’ni bemorga salbiy voqealar haqida gapirsangiz, darrov yig‘lab yuboradi, biroz hazil qo‘shib gapirsangiz, kulib yuboradi. Bu holat takroriy insultlar uchun xos, masalan, bir yil oldin ChYaSh, yaqinda esa O‘YaSh da kuzatilgan insultlarda zo‘raki yig‘lash va kulish simptomlari rivojlanadi. 
Bemorda o‘z tanasini idrok qilishning buzilishi atrof-muhitni idrok qila olmaslik bilan birgalikda namoyon bo‘ladi. Masalan, bemor uydan chiqib ketib, o‘z uyini to‘g‘ri topib kela olmaydi, ko‘chaning boshqa tomoniga ketib qoladi, avval tanish bo‘lgan do‘kon yoki bozor qaysi tomonda joylashganligini adashtiradi. U viloyatlararo qatnovchi avtobus haydovchisi bo‘lsa-da, Samarqand yoki Farg‘ona Toshkentga nisbatan qaysi tomonda joylashganini chalkashtiradi va h.k. Bunday holatlar har doim ham bo‘lavermaydi, faqat O‘YaSh ning katta qismini egallagan insultlarda ro‘y beradi. 
Umumlashtirib aytadigan bo‘lsak, O‘YaSh insultiga xos psixoemotsional passivlik harakat funktsiyalari tiklanishiga salbiy ta’sir etib sog‘ayish davri cho‘zilishiga sababchi bo‘ladi.
Insultda psixoreabilitatsiya. Insult rivojlangan zaxoti bemor zudlik bilan shifoxonaga yotqizilishi va tibbiy-psixologik yordam kasallikning dastlabki soatlaridanoq boshlanishi kerak. Bu erda ikkilanishga hech qanday o‘rin yo‘q! «Bemorni qo‘zg‘atmaslik kerak, biron soat uyda bo‘lsin, hozir mumkin emas» qabilidagi gaplar noo‘rin. Aksincha, insult rivojlangandan so‘ng 3-6 soat ichida ko‘rsatilgan malakali tibbiy yordam bemorning to‘la tuzalib ketishiga, endi boshlanayotgan falajliklarning oldini olishga, qolaversa, bemorning hayotini saqlab qolishga juda katta imkoniyat yaratib beradi. 
Odatda, 21 kungacha insultning o‘tkir davri hisoblanib, bu vaqtda bemor shifoxonada davolanadi. Kasallikning o‘tkir davrida aksariyat bemorlarning hushi turli darajada buzilgan bo‘lib, falajliklar, nutq va xulq-atvor buzilishlari bilan namoyon bo‘ladi. Bu davrda unga ruhiy tinchlik o‘ta zarurdir! Shuning uchun bemorni ko‘rishga kelayotganlar sonini keskin kamaytirish lozim, uning yonida turmush o‘rtog‘i yoki farzandlaridan biri parvarish qilish uchun qolishi mumkin. Chunki har qanday tashrif kechagina oyoq ustida yurgan, bugun esa to‘shakka mixlanib qolgan bemorga ruhiy jarohat etkazishi mumkin. Bunday holatlar, ayniqsa, birga ishlaydiganlar va qo‘ni-qo‘shnilar tashrif buyurganda ro‘y berishi ehtimoldan xoli emas. Agar bemor “Tanishlarim meni ko‘rgani kelishyaptimi?” deb so‘rasa, unga “Albatta kelishyapti, biroq doktorlar ularga ruxsat berishmayapti, biroz tuzalganingizdan so‘ng ularni yoningizga qo‘yishadi. Barcha kelib ketayotganlar sizni tezroq sog‘ayib ketsin deyishmoqda” qabilidagi so‘zlar bilan bemorni tinchlantirish lozim. Aks holda bemorning “Nega ular meni ko‘rgani kelishmayapti?” deb ortiqcha hayajonlanishi bemorning sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. 
Ayniqsa, nutqi buzilgan bemorlar yoniga keluvchilarni nutq tiklangunga qadar to‘xtatib turish lozim. Nutq esa aksariyat hollarda 2-3 hafta ichida tiklana boshlaydi. Davolash muolajalari to‘g‘ri va o‘z vaqtida olib borilsa, avval bemorning oyoqlarida harakat paydo bo‘ladi, qo‘lning tiklanishi esa biroz sust boradi. 
Bemor shifoxonadan har doim ham tuzalib chiqib ketavermaydi. Insultda buzilgan funktsiyalar, odatda, bir yil mobaynida tiklanadi, vaqt o‘tgan sayin bu jarayon sustlashib boradi. Shuning uchun ham ushbu davrda neyropsixoreabilitatsiya usullari o‘ta mohirlik bilan olib borilishi kerak. Afsuski, insult o‘tkazgan bemorda turli darajada ifodalangan nogironlik ko‘rsatkichlari juda yuqori bo‘lib, 80 foizgacha etadi. Hech qanday o‘tkir rivojlanuvchi kasallikda nogironlik bu darajada yuqori emas. Demak, bunday bemorni normal hayot tizimiga qaytarish lozim va bu yo‘nalishda bir qancha mutaxassislar, ya’ni reabilitolog, nevropatolog, neyropsixolog, psixoterapevt, logoped va terapevt ishtirok etishadi. Umumiy amaliyot shifokori esa ushbu mutaxassislarning ko‘rigini ta’minlaydi va ularning tavsiyalariga asoslanib, bemorni kuzatib boradi. 
Yirik shaharlarda reabilitatsiya markazlari mavjud bo‘lib, insultning tiklanish davrida davolashni ushbu markazlarda davom ettirish maqsadga muvofiq. Insultning og‘ir turini o‘tkazgan bemorni o‘z-o‘zini eplay olish, ya’ni ovqatlanish, yuvinish, cho‘milish, soqol olish, kiyinib-echinish, hojatxonaga borib kelish kabi kundalik yumushlarni  mustaqil ravishda bajara oladigan holatga keltirish neyropsixoreabilitatsiyaning asosiy vazifalaridan biridir.  Insult engil kechgan holatlarda esa mehnat qobiliyatining tiklanish darajasiga qarab, bemorni avval o‘zi faoliyat ko‘rsatgan kasbga yana jalb qilish maqsadga muvofiq. Insult o‘tkazgan bemorda mehnatga layoqatlilik darajasini aniqlash zarur bo‘ladi. Aksariyat bemorlarga nogironlikning birinchi yoki ikkinchi darajasi, engil holatlarda esa uchinchi darajali nogironlik belgilanadi.
Insult o‘tkazganlarda kuzatiladigan mushak-bo‘g‘im kontrakturalari, ayniqsa, qo‘l panjalari va tirsak bo‘g‘imida kuchli ifodalanadi. Bu tabiiyki, bemorga o‘zini eplash bilan bog‘liq bo‘lgan yumushlarni bajarish imkoniyatini chegaralaydi. Bu muammolarni bartaraf etish yoki oldini olish uchun turli jismoniy mashqlar mavjud. Mutaxassislar tavsiyasiga ko‘ra, bemor ushbu mashqlarni bajarishi, falajlangan oyoq-qo‘llarga nuqtali uqalashlar olishi, fizioterapevtik muolajalarni va spastik tonusni pasaytiruvchi dorilarni iste’mol qilishi zarur. 
Nutq buzilishlarini korrektsiya qilishda logopedik muolajalar o‘tkazish albatta o‘ta muhim. Odatda kasallik sababli paydo bo‘lgan nutq va xulq-atvor buzilishlarini neyropsixolog davolaydi. Ushbu mutaxassislar yo‘q joyda neyropsixologik muolajalarni yaxshi tushunadigan nevropatolog o‘tkazishi mumkin.
Insult o‘tkazgan bemorlarni jamiyatdan va oilada bo‘ladigan tadbirlardan chekkalab tashlash aslo mumkin emas. Aks holda ular psixologik izolyatsiyada qolishadi. Bemorni oilada va mahallada rejalashtirilayotgan ishlarga ularning imkon darajasiga qarab jalb qilish lozim. Aks holda ular o‘zlarini oilaga ham, jamiyatga ham keraksiz deb his qilib, chuqur depressiyaga tushishi mumkin. Ba’zi hollarda kasallik sababli ish joyini va yaqinlarining e’tiborini yo‘qotgan bemorda o‘z joniga qasd qilishlar ham ro‘y berib turadi.  Ularning hayot tajribasidan mahalla faollari, bemorning yaqin qarindoshlari va farzandlari unumli foydalanishlari lozim. 
Shunday qilib, insult o‘tkazgan bemorlarni davolash va ularni odatiy turmush tarziga  qaytarish uzoq davom etuvchi murakkab tibbiy-psixologik jarayon bo‘lib, uning muvaffaqiyatli tugashi o‘tkazilayotgan muolajalarining to‘g‘ri va o‘z vaqtida olib borilishiga bog‘liq.


Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b. 
              ©Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. Darslik., 2-nashr., T.; 2021., 960b. 
              ©Z. Ibodullayev. Asab va ruhiyat. T.; 2019., 312b. 
           © Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y; ©asab.cc



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив