Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi INSULTLAR TAShXISI VA QIYoSIY TAShXIS

INSULTLAR TAShXISI VA QIYoSIY TAShXIS


Insult tashxisini qo‘yish quyidagi 3 bosqichdan iborat:
  • I bosqich – bemorda insult bor-yo‘qligini aniqlash;
  • II bosqich – insult tipini (ishemik yoki gemorragik) aniqlash;
  • III bosqich – zararlangan tomir va insult lokalizatsiyasini aniqlash.

Tashxis qo‘yishning birinchi bosqichi. 1-bosqich “Tekshirilayotgan bemorda insult rivojlanganmi yoki boshqa kasallikmi?” degan savolga javob topishdan iborat. Insult uchun xos bo‘lgan asosiy simptomlarni bilish dastlabki tashxisni aniqlash uchun zarurdir. Insult uy, ko‘cha, ishxona, transport yoki boshqa joylarda rivojlanishi mumkin. Shuning uchun ham bemorga zudlik bilan tashxis qo‘yish va “Tez yordam” xizmatini chaqirish zarur. Bu esa bemorni dastlab tekshirayotgan har bir vrachning asosiy vazifasidir. Insult rivojlanishining asosiy belgilarini har bir vrach yaxshi bilishi kerak. Ayniqsa, UAV tashxis qo‘yishning birinchi bosqichini va insult aniqlangandan so‘ng qanday harakatlarni amalga oshirish kerakligini mukammal bilishi lozim.
Insult, odatda, 40-50 yoshdan oshganlarda rivojlanadigan o‘tkir kasallik. Insult psixoemotsional yoki ortiqcha jismoniy zo‘riqishlardan so‘ng o‘tkir rivojlanadi, nevrologik simptomlar (falajliklar, nutq buzilishlari va h.k.) bir necha soat ichida tez paydo bo‘ladi. Insult rivojlanganda bemor hushini yo‘qotishi, unda epileptik xurujlar yoki psixomotor qo‘zg‘alishlar kuzatilishi mumkin. Juda ko‘p hollarda AQB oshgan bo‘ladi, taxikardiya yoki aritmiya kuzatiladi. Og‘ir holatlarda bemorning nafas olishi buziladi. Ayniqsa, miyaga qon quyilganda Kussmaul yoki Cheyn-Stoks nafasi aniqlanadi. Meningeal simptomlar paydo bo‘ladi. Bemorning yuziga e’tibor qilinsa, u oqimtir-ko‘kish rangda (ishemik insult) yoki yuz-ko‘zlari qizarib shishgan (gemorragik insult) bo‘ladi. Bemorning og‘zi bir tomonga qiyshayib qoladi va uning bir burchagi bilan nafas olib chiqaradi. Bir tomondagi qo‘l va oyoq falajliklar sababli harakatlanmasligi va nutq buzilishlari aniqlanishi mumkin. Ushbu va shunga o‘xshash belgilarni aniqlagan vrach “Insult” tashxisini qo‘yishga haqlidir. Shu bilan “Insult” tashxisini aniqlashning birinchi bosqichi tugaydi. Bemor “Tez yordam” mashinasida zudlik bilan shifoxonaga olib boriladi.
“Tez yordam” mashinasi tez tibbiy yordam ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan barcha anjomlar va dorilarga ega bo‘lishi kerak.
Bemorni shifoxonaga olib borayotganda quyidagilarga amal qilish lozim: 
  1. bemorni faqat gorizontal holatda yotqizish va o‘tirgan holatda olib bormaslik;
  2. bemorning bosh qismi biroz ko‘tarilgan bo‘lishi; 
  3. AQB ni me’yorga keltirish; 
  4. yurak va nafas olish faoliyatini barqarorlashtirish; 
  5. psixomotor qo‘zg‘alishlar yoki epileptik xurujlarni bartaraf etish.
Demak, “Tez yordam” xizmatining asosiy vazifasi bemorga kechiktirib bo‘lmaydigan zarur tibbiy yordamlarni ko‘rsatib, ehtiyotkorlik bilan shifoxonaga eltishdan iborat. Bemor har qanday holatda ham shifoxonaga olib kelinishi kerak. Uni uyda qoldirish mumkin emas. Agar bemor og‘ir koma holatida bo‘lsa, uni maxsus reanimobillarda shifoxonaga olib kelish zarur. Insultning engil turlarida ham bemor zudlik bilan shifoxonaga yotqizilishi va zarur tekshiruvlar o‘tkazilib, davolash muolajalari boshlanishi kerak.
Tashxis qo‘yishning ikkinchi bosqichi. 2-bosqich insult tipini aniqlashdan iborat. Bu davrda bemorni qaysi bo‘limda davolash masalasi ham echilishi lozim. Qabul bo‘limiga olib kelingan bemor terapevt va nevropatolog tomonidan tekshiriladi. Shu erning o‘zida EKG qilinadi va boshqa laborator tekshiruvlar o‘tkaziladi. Agar bemorning ahvoli og‘ir bo‘lmasa, u nevrologiya bo‘limiga yotqiziladi.
Bemor koma holatida bo‘lsa, u zudlik bilan reanimatsiya bo‘limiga yuboriladi. Reanimatsiya bo‘limiga yuborishdan oldin bemorga tashxis qo‘yish uchun barcha zarur tekshiruvlar o‘tkaziladi. Buning uchun qabul bo‘limi yoki uning yonida joylashgan diagnostika bo‘limi barcha zamonaviy tekshiruv anjomlari bilan jihozlangan bo‘lishi kerak. Bu erda bemorga KT/MRT, dopplerografiya yoki dupleksli skanirlash tekshiruvlari qilinadi. Bu tekshiruvlarni o‘tkazishga monelik qiluvchi holatlar aniqlansa, ya’ni yurak va nafas olish faoliyati buzilishlari, psixomotor qo‘zg‘alishlar, epileptik xurujlar kuzatilsa, zarur tekshiruvlar ushbu buzilishlar bartaraf etilgach o‘tkaziladi. Bemor o‘tkazilgan bo‘limda unga LP ham qilinadi. Lyumbal punktsiya insult tipini aniqlash va uni boshqa kasalliklar bilan qiyoslash uchun zarur.
Tekshiruv natijalari tayyor bo‘lgach (ular qisqa muddat ichida tayyor bo‘lishi kerak), bemorni konservativ yoki xirurgik yo‘llar bilan davolash masalasi hal qilinadi. Buning uchun terapevt, nevropatolog, reanimatolog, angioxirurg va neyroxirurg ko‘rigi zarur. Zaruratga qarab, boshqa mutaxassislar (endokrinolog, okulist) ham chaqiriladi. Tashxis qo‘yishning barcha bosqichlarida simptomatik davolash muolajalari bir soniyaga ham to‘xtamasligi kerak! Endi ishemik va gemorragik insult tiplari bilan tanishib chiqamiz.
Aterotrombotik insult belgilari. Asosan, tunda yoki erta saharda sekin-asta rivojlanadi. Ertalab uyg‘ongan bemor tanasining yarmida falajlik paydo bo‘lgani yoki nutqi buzilgani guvohi bo‘ladi. Ko‘p hollarda bemor hushini yo‘qotmaydi yoki qisqa vaqtga yo‘qotadi. Kasallik boshlanishidan oldin to‘satdan bosh aylanib ketishi, gandiraklab ketish, birozga hushni yo‘qotish, o‘tib ketuvchi nutq buzilishlari, bir qo‘l yoki oyoqning holsizlanishi kabi “xabarchi belgilar” kuzatiladi. Bu belgilar insult rivojlanishidan bir necha soatlar yoki kunlar oldin paydo bo‘ladi. Aterotrombotik insult, ko‘pincha tez-tez kuzatilib turadigan TIA dan so‘ng rivojlanadi. Odatda, TIA qaysi tserebral arteriya sohasida ko‘p kuzatilsa, insult o‘sha joyda rivojlanadi.
Aterotrombotik insultda yuzaga kelgan nevrologik simptomlar sekin-asta kuchayib boradi, ya’ni bir necha soat mobaynida to‘la gemiplegiya yoki gemiparez rivojlanadi. Chunki yirik tomirlar trombozi sababli intratserebral arteriyalarda qon aylanishi sekin-asta to‘xtaydi. Ba’zan yirik tomirlarning o‘tkir trombozida nevrologik simptomlar tezda paydo bo‘ladi, epileptik xurujlar kuzatiladi, koma tez rivojlanadi va kasallik gemorragik insultga o‘xshab og‘ir kechadi. Ultratovush tekshiruv usullari (dopplerografiya, dupleksli skanirlash) ekstrakranial tomirlarda stenoz va okklyuziya belgilarini ko‘rsatadi. Aterosklerotik o‘zgarishlar, ayniqsa, umumiy uyqu arteriyasi bifurkatsiyasida ko‘p aniqlanadi. Agar bemorning anamneziga e’tibor qilinsa, insult rivojlanishidan bir necha yil oldin quloqda g‘uvillagan shovqin paydo bo‘lgan bo‘ladi. Bu shovqinni fonendoskop yordamida ham eshitish mumkin.
Kardioembolik insult belgilari. Ishemik insultning bu turi, asosan, yurak aritmiyasida ko‘p kuzatiladi. Kasallik kunduz kuni to‘satdan, jismoniy yoki hissiy zo‘riqishdan so‘ng boshlanadi. Bemor qisqa vaqtga hushini yo‘qotadi, rangi oqarib ketadi. AQB, odatda, pasaygan va kam hollarda oshgan bo‘ladi. Puls urishlari yumshoq, yurak urishi bo‘g‘iq bo‘ladi. Ko‘pincha aritmiya, ayniqsa, hilpillovchi aritmiya aniqlanadi. Aterotrombotik insultdan farqli o‘laroq, kardioembolik insultda o‘choqli nevrologik simptomlar bir necha daqiqa ichida tez shakllanadi. Kardioembolik infarkt, odatda, bosh miyaning mayda arteriyalari sohasida kuzatiladi. Bunday holatlarda miyada ko‘pincha lakunar ishemik o‘choqlar paydo bo‘ladi. Shuningdek, fokal epileptik xurujlar ham ko‘p uchraydi. Bemorlarda hilpillovchi aritmiya, yurak klapanlari etishmovchiligi kabi kasalliklar aniqlanadi.
Gemodinamik insult belgilari. Bu insult ko‘pincha intratserebral arteriyalar bir-biri bilan tutashadigan sohalarda ro‘y beradi. Shuning uchun ham gemodinamik insultda po‘stloq va subkortikal sohalar ko‘p zararlanadi. Ishemik infarkt miyaning oldingi va o‘rta arteriyalari hamkorlikda qon bilan ta’minlaydigan peshona bo‘lagining parasagital hamda orqa markaziy pushtaning yuqori qismida kuzatiladi. Bu soha insulti qarama-qarshi tomondagi oyoqda monoparez va monogipesteziya bilan namoyon bo‘ladi. Shuningdek, miyaning o‘rta va orqa arteriyalari hamkorlikda qon bilan ta’minlaydigan parieto-oksipital sohalarda ham ishemik infarkt ko‘p kuzatiladi. Bu sohalarda joylashgan infarkt anozognoziya, autotopognoziya va ko‘ruv agnoziyasi kabi neyropsixologik simptomlar bilan namoyon bo‘ladi. AQB keskin tushib ketgan holatlarda gemodinamik insult ikkala yarim sharda ham birato‘la rivojlanishi mumkin. Buning asosiy sababi – miya arteriyalarining terminal qismida intravaskulyar bosimning pasayib ketishidir. Tez-tez kuzatilib turadigan gemodinamik buzilishlar ham lakunar insultlar sababchisidir.
Lakunar insult belgilari. Kichik o‘choqli, ya’ni hajmi 1-1,5 sm atrofida bo‘lgan ishemik insultlarga lakunar insult deb aytiladi. Lakunar insult har doim ham nevrologik simptomlar bilan namoyon bo‘lavermaydi va ko‘p hollarda MRT tekshiruvida aniqlanib qoladi. Lakunar o‘choqlar, asosan, miya arteriyalarining terminal qismida, miya to‘qimasining hamkorlikda qon bilan ta’minlaydigan sohalarida kuzatiladi. Demak, lakunar insult kardioembolik va gemodinamik insultlarga o‘xshab rivojlanadi. Lakunar infarktlar vaqt o‘tib kistalar, ya’ni bo‘shliqlarga aylanadi. Frantsuzcha “laku­narie” – kista, bo‘shliq degani.
Lakunar insultning 5 ta klinik turi farqlanadi.
  1. Motor lakunar insult lakunar insultning eng ko‘p uchraydigan turi bo‘lib, asosan, harakat buzilishlari bilan namoyon bo‘ladi. O‘choqlar oldingi markaziy pushta, ichki kapsulaning orqa soni va miya ustunining piramidal yo‘llar o‘tadigan qismida (bazal qismi) aniqlanadi. Motor lakunar insultning klinik simptomlari faqat qarama-qarshi tomonda kuzatiladigan markaziy falajliklardan iborat. Bu falajliklar, asosan, oyoq yoki qo‘lda monoparezlar bilan namoyon bo‘ladi. Kam hollarda faqat VII va XII nervlarning markaziy falajligi aniqlanadi. Barcha lakunar insultlarning yarmidan oshig‘i – motor lakunar insultlar.
  2. Sensor lakunar insult, asosan, sezgi buzilishlari bilan namoyon bo‘luvchi lakunar insultlar. O‘choq talamus va orqa markaziy pushtada aniqlanadi.
  3. Sensomotor insult gemitip ko‘rinishida harakat va sezgi buzilishlari bilan namoyon bo‘ladi. Lakunar infarktlar harakat (piramidal) va sezgi yo‘llari bir-biriga yaqin joylashib o‘tadigan sohalar, ayniqsa, ichki kapsulaning orqa soni va shu’lasimon tojda aniqlanadi.
  4. «Dizartriya va beso‘naqay qo‘l» sindromi dizartriya, qo‘l apraksiyasi va engil falajligi hamda mimik muskullarning markaziy tipdagi falajligi bilan namoyon bo‘ladi. O‘choq Varoliy ko‘prigi yoki ichki kapsulaning oldingi sonida joylashadi.
  5. «Ataktik gemiparez» sindromi markaziy gemiparez ataksiya bilan birgalikda namoyon bo‘ladi. Ataksiya falajlangan qo‘l va oyoqda, ya’ni gemiparez tomonda kuzatiladi. O‘choq ichki kapsulaning orqa soni, Varoliy ko‘prigining bazal qismi va shu’lasimon tojda (corona radiata) joylashadi.
Shuni esda tutish lozimki, tserebral insult har doim ham nevrologik simptomlar bilan namoyon bo‘lavermaydi. Agar bosh miyaning assotsiativ markazlari zararlansa, faqat neyropsixologik simptomlar paydo bo‘ladi va bu buzilishlarni nevrologik tekshiruvlar yordamida aniqlab bo‘lmaydi. Ularni aniqlash uchun neyropsixologik tekshiruvlar o‘tkazish zarur. Agar vrach bu tekshiruvlarni o‘tkaza olmasa, unda KT/MRT, dopplerografiya yoki dupleksli skanirlash tekshiruvlari orqali tashxisni aniqlab oladi.
Insult tipini aniqlashda ishemik va gemorragik insult uchun xos bo‘lgan belgilarni bilish zarur (1-jadval).
1-jadval 
Ishemik va gemorragik insultning qiyosiy belgilari

Asosiy belgilari
Ishemik insult
             Gemorragik insult
Miya tomirlari trombozi
Miya tomirlari emboliyasi
Subaroxnoidal gemorragik insult
Parenximatoz gemorragik insult

Yoshi
60 dan oshganlarda
Har qanday yoshda
Asosan, 35-55 yoshlarda
Asosan, 35-55 yoshlarda
Etiologiyasi    
Ateroskleroz,revmatizm
tromboangiit,endarteriit, vaskulitlar
Endokardit, tromboflebit
aritmiyalar,qon tomirlarda
operatsiyalar
Gipertoniya kasalligi anevrizmalar, infektsiyalar
Gipertoniya kasalligi anevrizmalar, infektsiyalar
Kasallik boshlanishi
Tunda yoki erta saharda
Kunduzi
To‘satdan kunduzi, miyaga qattiq zarba bilan urilgandek
To‘satdan kunduzi, odatda, jismoniy va emotsional zo‘riqishdan so‘ng

Xabarchilar
Juda xos
Odatda, bo‘lmaydi
    Ba’zida xurujsimon bosh og‘riqlar
Ba’zida xurujsimon bosh og‘riqlar

Insultning rivojlanish tezligi
Sekin-asta, bir necha soat ichida
Tez, bir necha daqiqalar ichida
Tez, bir necha daqiqalar ichida
Tez, bir necha daqiqalar ichida
Xushi
Odatda, buzilmaydi
Qisqa vaqt yo‘qoladi
Qisqa vaqt yo‘qoladi
yo‘qoladi
Yuz-ko‘zi
Teri rangi oqargan
Teri rangi oppoq
Yuz giperemiyasi, blefarospazm
Yuz giperemiyasi, skleralar in’ektsiyasi

Nafas olishi
Sekinlashgan, sustlashgan
Odatda, tezlashgan
Cheyn-Stoks tipida
Chuqur aritmik nafas
Puls
    Yumshoq
Aritmiya, taxikardiya
taxikardiya
bradiaritmiya, taxiaritmiya
Yurak holati
Ko‘pincha postinfarkt kardioskleroz, qorinchalar gipertrofiyasi
Aritmiya, mitral klapan stenozi yoki etishmovchiligi
Miokard gipertrofiyasi
Miokard gipertrofiyasi
Arterial qon bosim    
Odatda, pasaygan    
Normal yoki pasaygan
O‘ta oshgan

O‘ta oshgan

Tana harorati
Odatda, pasaygan
Normal yoki pasaygan
Oshgan

Oshgan

Tutqanoq xurujlari
Kam kuzatiladi
Odatda, kasallik boshida ko‘p kuzatiladi
Ko‘p kuzatiladi
Nisbatan kam kuzatiladi
Meningeal simptomlar
Xos emas
Xos emas
 Juda Xos 
Xos 
Falajliklar
Sekin rivojlanuvchi notekis gemiparez
Notekis gemiparez, gemiplegiya
Xos emas, biroq qon tomirlarning
reflektor spazmi sababli paydo
bo‘lishi mumkin
Chuqur falajliklar, gemiplegiya

Ko‘z tubi
Tomirlar sklerozi
Tomirlar sklerozi, vaskulit
Nuqtali qon quyilishlar
Nuqtali qon quyilishlar
Qon tahlili
Engil leykotsitoz
Engil leykotsitoz
Leykotsitoz, EChR oshgan
Leykotsitoz, EChR oshgan
Likvor
Tiniq, bosimi oshmagan
Tiniq, bosimi oshmagan
Qonga bo‘yalgan, bosim oshgan bo‘ladi
Qonga bo‘yalgan, bosim oshgan bo‘ladi

    
     
KT va MRT: kasallikning dastlabki soatlarida bosh miyada ishemik o‘choq KT yordamida har doim ham aniqlanavermaydi, 24 soat o‘tgach esa ishemik o‘choqni to‘g‘ri aniqlash darajasi deyarli 100% ga teng. Gemorragik insultni esa kasallikning dastlabki soatlaridayoq aniqlash mumkin. KT dan farqli o‘laroq, MRT tekshiruvlari yordamida har qanday hajmdagi ishemik va gemorragik o‘choqlarni kasallikning dastlabki soatlaridayoq to‘g‘ri aniqlash mumkin. MRT kasallik dinamikasini o‘rganish uchun ham juda qulay tekshiruv usulidir.

Tashxis qo‘yishning uchinchi bosqichi. Bu bosqichda zararlangan tomir va insult lokalizatsiyasi aniqlanadi. Tashxis qo‘yishning 2- va 3-bosqichlari bir-biri bilan uzviy bog‘liqdir. Topik tashxisni aniq qo‘yish uchun zararlangan tomirlarning klinik simptomlarini bilish zarur (2-jadval).

                                                                                                                     2-jadval
Arteriyalar zararlanishining klinik simptomlari

Ichki uyqu arteriyasi
Total gemiplegiya, gemianesteziya, gemiataksiya.
Total afaziya, aleksiya, agrafiya – dominant yarim shar zararlanganda, total aprakto-agnostik sindrom – subdominant yarim shar zararlanganda. Optik-gemiplegik sindrom (o‘choq tomonda amavroz, qarama-qarshi tomonda gemiplegiya).
Ba’zida klinik simptomlarsiz kechadi.

Miyaning o‘rta arteriyasi
Qarama-qarshi tomonda notekis gemiparez va gemigipesteziya, yuz va qo‘lda kuchliroq ifodalangan.
Nigoh falaji (bemor o‘choq tomonga qarab yotadi).
Afaziya, aleksiya, akalkuliya, apraksiya – chap yarim shar (dominant) zararlansa, anozognoziya, autotopognoziya va apraktoagnoziya – o‘ng yarim shar (subdominant) zararlansa kuzatiladi. Gomonim gemianopsiya
Miyaning oldingi arteriyasi
Qarama-qarshi tomonda notekis gemiparez, ya’ni falajlik qo‘lning proksimal qismida va oyoqning distal qismida rivojlangan bo‘ladi. Ko‘p hollarda faqat oyoqda monoparez kuzatiladi.
Sezgi buzilishlari (gemigipesteziya) falajlangan tomonda engilroq ifodalangan bo‘ladi.
Nigoh falaji (bemor o‘choq tomonga qarab yotadi). Qarama-qarshi tomonda ushlab olish refleksi. Yuz va qo‘l giperkinezi.
Qarama-qarshi tomonda peshona ataksiyasi va apraksiyasi. Peshona psixikasi (xulq-atvor buzilishlari). Dinamik afaziya.

Umurtqa arteriyasi
Bosh aylanishi, ko‘ngil aynish va qusish
Nistagm
Miyacha ataksiyasi
Alternirlashgan Vallenberg sindromi
Bulbar sindrom
Gorner sindromi
Ba’zida klinik simptomlarsiz kechadi


Bazilyar arteriya
Alternirlashgan Veber, Benedikt, Miyyar-Gubler, Fovil sindromlari
Klod va Parino sindromi
Tetraplegiya
Vital funktsiyalar buzilishi
Sopor, koma
Korsakov amneziyasi
Gallyutsinatsiyalar
Giperkinezlar
Po‘stloq amavrozi

Miyaning orqa
arteriyasi
Ko‘ruv agnoziyasi
Talamik sindrom
Amnestik afaziya va aleksiya (dominant yarim shar)
Gomonim yoki kvadrant gemianopsiya
Xoreik giperkinezlar
Optik-fazoviy agnoziyalar (subdominant yarim shar)



Gemorragik insultning sopor va koma bilan namoyon bo‘lishi to‘g‘ri tashxis qo‘yishni ancha qiyinlashtiradi. Sopor va komada kuzatiladigan nevrologik simptomlar «Koma» bobida batafsil yoritilgan.

LABORATOR VA INSTRUMENTAL TEKShIRUVLAR
Insult tashxisini qo‘yish va uning tiplarini aniqlash uchun tez fursatda o‘tkaziladigan laborator va instrumental tekshirish usullari haqida to‘xtalib o‘tamiz.
Kompyuter tomografiya. Bosh miyaning kompyuter tomografiyasi insultni boshqa kasalliklar bilan qiyoslash va uning tipini (gemorragik yoki ishemik) aniqlash uchun o‘tkaziladi. Vaqtdan yutish uchun KT iloji boricha tez o‘tkazilishi kerak. KT tekshiruviga MRT tekshiruvini o‘tkazishga qaraganda kam vaqt ketadi. Endi ro‘y bergan intrakranial gemorragiyani aniqlashda KT juda sezgir hisoblanadi. Ayniqsa, “terapevtik darcha” dav­rida trombolitik terapiyani boshlash zarurati tug‘ilsa, KT tekshiruvi o‘tkazilishi ayni muddao.
Xaunsfild indeksi bo‘yicha bosh miya oq moddasining normal zichligi – 25­30 birlik, kulrang moddasining normal zichligi – 35-40 birlikka teng. Shuning uchun KT da bosh miyaning kulrang moddasi uning oq moddasiga qaraganda yorug‘roq bo‘lib ko‘rinadi. Suyakning zichligi 100 birlikka teng bo‘lgani bois, u KT da juda yorug‘, likvor zichligi 0 ga teng bo‘lgani uchun tim qora bo‘lib ko‘rinadi. Miyaga endi quyilgan qon zichligi miya parenximasi zichligidan ancha yuqori va 80-85 birlikni tashkil qiladi. Shu bois KT da endi quyilgan qon juda yorug‘ bo‘lib ko‘rinadi.
KT yordamida intrakranial gemorragiyani aniqlash darajasi 90-100% ga teng. Shuning uchun ham parenximatoz va subaraxnoidal qon quyilishlarda KT juda katta informativ tekshirish usuli hisoblanadi. Biroq miya infarktini erta aniqlashda KT ning sezgirlik darajasi ancha past. Ishemik insult rivojlangach, dastlabki 24 soat ichida infarkt sohasini KT yordamida aniqlash 50% ga teng, xolos. Vaqt o‘tgan sayin KT ning sezgirlik darajasi osha boradi va 90-100% ga etadi.
MRT tekshiruvi KT tekshiruviga qaraganda ishemik o‘choqlarni aniqlashda juda katta diagnostik ahamiyatga ega. Biroq endi ro‘y bergan gemorragiyani aniqlashda MRT ning sezgirlik darajasi KT ga qaraganda juda past.
Elektrokardiografiya. EKG avvalambor, miokard infarkti va aritmiyalarni zudlik bilan aniqlash maqsadida o‘tkaziladi. Tez fursatda o‘tkazilishi zarur bo‘lgan terapevtik va xirurgik davolash usullarini boshlashdan oldin EKG tekshiruvini o‘tkazish muhimdir.
Qon va siydikning umumiy analizi. Bunda qonning umumiy ko‘rsatkichlari bilan birgalikda, gematokrit ko‘rsatkichi va trombotsitlar soniga, siydikda esa eritrotsitlar (gematuriya belgisi) bor-yo‘qligiga alohida e’tibor qaratiladi. Agar gematokrit ko‘rsatkichi 40% dan yuqori bo‘lsa, gipervolemik gemodilyutsiya o‘tkaziladi. Agar 1 mkl qonda trombotsitlar soni 100 000 dan kam bo‘lsa va siydikda eritrotsitlar aniqlansa, trombolitik terapiyani o‘tkazish gumon ostiga olinadi.
Qonda glyukoza miqdorini aniqlash. O‘ta muhim tekshirishlardan biridir. Agar qonda glyukoza miqdori 10 mmol/l bo‘lsa, bemorga insulin qilinadi, agar 3,58 mmol/l dan past bo‘lsa, 20 yoki 40% li glyukoza qilinishi talab etiladi. Shuningdek, qondagi glyukoza miqdori 22 mmol/l dan yuqori yoki 2,75 mmol/l dan past bo‘lsa, trombolitik terapiya o‘tkazish gumon ostiga olinadi.
Koagulogramma. Qonning ivitish sistemasi, PTI, fibrinogen miqdori, fibrinolitik faollik, trombotsitlarning agregatsiyaga qobiliyati, qonning ivish tezligi, qon oqish vaqti tekshiriladi. Koagulogramma ko‘rsatkichlari insultning etiopatogenetik tiplarini aniqlashda yordam beradi. Gemoreologik insult etiologiyasini aniqlashda koagulogramma asosiy tekshiruv usulidir.
Qonda elektrolitlar, mochevina, kreatinin va lipidlar miqdorini aniqlash. Bu tekshiruvlar bemorda yurak-qon tomir, jigar va buyrak etishmovchiliklari hamda metabolik buzilishlarni izlash uchun zarur.
Ultratovush tekshiruv usullari va MRA. Bu tekshiruvlar ekstra- va intrakranial tomirlar patologiyasini aniqlash uchun o‘ta zarur. Ultratovush tekshiruv usullari orqali deyarli 90% holatlarda arteriyalar stenozini aniqlash mumkin. Bu tekshiruvlardan so‘ng yoki ular bilan birgalikda MRA tekshiruvini o‘tkazish mumkin. Ular karotid endarterektomiya va shu kabi xirurgik muolajalarni o‘tkazishda o‘ta zarur diagnostika usullari hisoblanadi.
Lyumbal punktsiya. LP ishemik va gemorragik insultlarni qiyoslash maqsadida qilinadi. Bu muolajani o‘tkazish, ayniqsa, neyrovizualizatsiya tekshiruvlarini amalga oshirish imkoni bo‘lmagan vaziyatlarda o‘ta muhimdir. Likvor tahliliga qarab MNS ning nafaqat qon tomir, balki infektsion, onkologik, toksik va spetsifik kasalliklarini ham aniqlash mumkin (3-jadval).

                                                                                                                             3-jadval
Sog‘lom odamda va turli kasalliklarda likvor ko‘rsatkichlari

Likvor
Sog‘lom odamda    
Bosim mm.suv.ust
Rangi
Rangi Hujayralar soni
Oqsil miqdori
Qand miqdori

Gorizontal holatda – 150-200, o‘tirgan holatda –200-400
Tiniq, rangsiz
0-5 shaklli elementlar (limfotsitlar)
0,15 - 0,33 
2,5 - 3,5 mmol/l


Noto‘g‘ri punktsiya (yo‘lakay tushgan qon)
Norma
Qizg‘ish
O‘zgarmagan eritrotsitlar
Norma
Norma

Punktsiya paytida likvorni olgan sayin undagi eritrotsitlar soni kamayib, likvorning rangi tiniqlashib boradi.

Subaraxnoidal qon quyilish
400-600 gacha oshgan
Dastlab qonli, keyinchalik ksantoxromiya aniqlanadi
Eritrotsitlar soni 300 000 ga etadi, leykotsitlar soni biroz oshadi
Oshadi
Norma
Yiringli meningit
Juda oshgan (800-1000)
Yiringli, loyqali
Juda oshgan (10 000­-50 000)
Bir necha barobarga oshadi
Deyarli 2 barobarga kamayadi
Sil
meningiti
Biroz oshadi
Tiniq rangdan och sariq ranggacha
    Uncha yuqori bo‘lmagan pleotsitoz
6000-10000
Kamayadi

Seroz meningit
Doimo oshgan
Tiniq, ba’zida loyqali
Limfotsitlar hisobiga
oshgan
Doimo oshgan (4000-8000)
Normada yoki biroz kamaygan

Bosh miya o‘smasi
Oshadi
Tiniq yoki ksantoxrom
O‘zgarmagan yoki pleotsitoz
Normada yoki oshgan
Normada
Miya
abstsessi
Oshadi
Tiniq rangdan loyqa ranggacha
Neytrofillar hisobiga pleotsitoz    
Normada yoki oshgan
Normada
Orqa miya o‘smasi
Normada yoki pasaygan
    Ksantoxrom    
Normada yoki biroz oshgan
Engil darajadan yuqori darajagacha oshgan
Normada
Meningizm    
Oshadi
Tiniq 
Normada
Normada
Normada



Boshqa tekshiruv usullari. Bemorda boshqa kasalliklar (infektsion, somatik, toksik) borligiga gumon paydo bo‘lsa, qo‘shimcha tekshiruvlar ham o‘tkaziladi. Bular ichida ko‘krak qafasi rentgenografiyasi, jigar va buyrakni UT tekshiruvlari va h.k. Agar ichkilikbozlikka gumon qilinsa, qonda alkogol miqdori, gipergomosistinemiyaga gumon paydo bo‘lsa, gomosistein miqdori, bod kasalliklariga gumon qilinsa, yallig‘lanish reaktsiyalari tekshiriladi.


Manba:  ©Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b.
              ©Z. Ibodullayev. Nevrologiya. Qo`llanma., Toshkent, 2017., 404 b.
              ©Z. Ibodullayev. Insult va koma, Toshkent, 2013., 193 b.
              © Ibodullayev ensiklopediyasi
              ©asab.cc













Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив