INTRAKRANIAL GEMATOMALAR
Intrakranial gematomalar bosh miya bosilishiga olib keluvchi sabablar ichida etakchi o‘rinni egallaydi. Intrakranial gematomalar klinikasi uchun «yorug‘lik davri» juda xos. Bu davrda nevrologik belgilar bo‘lmaydi yoki engil ifodalangan bo‘ladi. Bu esa diagnostik xatoliklar sababchisi hamdir. Shu bois KTsJ ga uchragan har qanday bemor vrach nazoratiga olinadi.
Intrakranial gematoma zarba paytida arteriya yoki venalar yorilishi natijasida ro‘y beradi. Gematoma hajmi zarba kuchi va qaysi tomir yorilishiga ko‘p jihatdan bog‘liq. Yorilgan qon tomir teshigida tromb hosil bo‘lib yopilmaguncha gematoma kattalashaveradi. Gematoma shakllanishida qon ivishini ta’minlovchi sistema holati ham ahamiyatlidir. Agar kattaroq tomir yorilsa, oqayotgan qon to‘xtamasdan bosh miyaning katta qismini bosib qo‘yib, o‘lim bilan tugashi mumkin.
Intrakranial gematoma turlari. Lokalizatsiyasi bo‘yicha 3 xil gematoma farqlanadi:
- epidural – kalla suyagi bilan qattiq parda orasida joylashgan;
- subdural – qattiq va araxnoidal pardalar orasida joylashgan;
- intratserebral – miya parenximasi ichida joylashgan.
Epidural gematomada “yorug‘lik davri”, odatda, bir necha soat davom etadi. Bunday gematomalar klinik simptomlarsiz kechishi va faqat KT da aniqlanishi ham mumkin. Ayniqsa, hajmi 50 ml dan kam bo‘lgan gematoma miya ezilishi belgilarisiz namoyon bo‘ladi. Gematoma kattalashgan sayin bosh miyani bosa boshlaydi va nevrologik simptomlar paydo bo‘ladi. Qanday nevrologik simptomlar yuzaga kelishi bosh miyaning qaysi sohasi ezilishiga bog‘liq. Ba’zida epidural gematoma boshning bir tomonida, miya ezilishi esa ikkinchi tomonda ro‘y beradi. Shuning uchun aniqlangan nevrologik simptomlar gematoma hisobiga emas, balki miya ezilishi sababli kuzatilayotgan bo‘lishi ham mumkin.
Subdural gematoma. Subdural gematoma qattiq parda tagida joylashadi va miya pardalarini qon bilan ta’minlovchi arteriyalar, ushbu sohadan o‘tuvchi venalar va qattiq pardaning venoz sinuslari yorilganida ro‘y beradi. Epidural gematomadan farqli o‘laroq subdural gematoma kengroq joyni egallaydi. Chunki subdural bo‘shliqda to‘siqlar kam bo‘ladi. Shuning uchun ham subdural gematoma birato‘la boshning peshona, tepa va ensa bo‘laklarini egallashi mumkin.
Subdural gematoma, ko‘pincha, og‘ir KTsJ da rivojlanadi va deyarli har doim bosh miyaning ezilishi bilan birgalikda namoyon bo‘ladi. Demak, dastlab paydo bo‘lgan nevrologik simptomlar subdural gematoma sababli emas, balki miya ezilishi natijasida yuzaga keladi. Keyinchalik gematoma ham miyani bosa boshlashi oqibatida qo‘shimcha nevrologik simptomlar paydo bo‘ladi yoki mavjud simptomlar og‘irlashadi.
Kechishiga qarab o‘tkir va surunkali subdural gematomalar farqlanadi. O‘tkir gematoma, ko‘pincha, arteriyalar yorilganda rivojlanadi va bir necha soat ichida shakllanadi. Qisqa muddatda katta hajmga etgan gematoma miyani bosa boshlaydi va nevrologik simptomlar tez rivojlanadi. Chakka sohasida joylashgan subdural gematoma xavflidir. Agar zudlik bilan neyroxirurgik yordam ko‘rsatilmasa, temporal siljish rivojlanadi va miya ustuni bosilib, bemorning hayoti xavf ostida qoladi.
Surunkali subdural gematoma, odatda, uncha kuchli bo‘lmagan shikastlanishlarda rivojlanadi va ko‘pincha, qariyalarda kuzatiladi. E’tiborsiz qolgan kalla suyagi jarohatlari (ayniqsa, engil zarbalar) surunkali subdural gematomalar shakllanishiga olib keladi. Engil jarohatlarda bemor hushini yo‘qotmaganligi uchun vrachga murojaat qilmaydi. Oradan 3–4 hafta o‘tgach, gematoma o‘rniga qon tomirlarga boy kapsula shakllanadi. Kapsulaning qon tomirlari mo‘rt bo‘ladi va ular tez-tez yorilib turadi. Buning natijasida kapsula kattalashib, miyani bosa boshlaydi.
Nevrologik simptomlar uzoq vaqtgacha paydo bo‘lmay turadi. Ular, odatda, 2–3 oy davom etgan “yorug‘lik davri” dan so‘ng yuzaga keladi. Dastlab meningeal simptomlar, keyinchalik esa o‘choqli nevrologik simptomlar vujudga keladi. Nevrologik simptomlarning asta-sekin rivojlana boshlashi xuddi sekin o‘suvchi o‘smalarni eslatadi. Bemorning doimo boshi og‘rib yuradi, analgetiklar kam foyda beradi. Ba’zida subdural gematoma KT qilinganda tasodifan aniqlanib qoladi. Bosh miya bosilib borgan sayin bemor hushini yo‘qota boradi va sopor holatiga tushadi.
Surunkali subdural gematomalardan so‘ng subdural gigromalar shakllanadi. Subdural gigroma ichiga suyuqlik yig‘ilgan va kapsula bilan o‘ralgan bo‘ladi. Surunkali shakllangan kapsula ichidagi qon so‘rilgach, uning o‘rniga likvor sizib kira boshlaydi va uning oqsili denaturatsiyaga uchraydi. Natijada kapsula ichida quyuq suyuqlik paydo bo‘ladi. Uning jigarrang tusda bo‘lishi suyuqlik tarkibiga qon elementlari tushishi bilan bog‘liq. Unda turli xil pigmentlar va fibrin tolalari ham mavjud. Gigroma asta-sekin kattalashib, miyaning bosilishi va siljishiga sababchi bo‘ladi. Subdural gigroma, ko‘pincha, boshning tepa va chekka bo‘laklarida joylashadi.
Manba: ©Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b.
©Z. Ibodullayev. Nevrologiya. Qo`llanma., Toshkent, 2017., 404 b.
©Z. Ibodullayev. Insult va koma, Toshkent, 2013., 193 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi
©asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha