Isterik (dissotsiativ) nevroz
«Isteriya» – yun. histeria – bachadon degani. Bu kasallik belgilari haqida qadimgi risolalarda ko‘p yozilgan va uni dastlab bachadon funktsiyasi bilan bog‘lashgan. Chunki isteriya, asosan, ayollarda kuzatilgan. Keyinchalik isterik buzilishlar erkaklarda ham aniqlangan bo‘lsa-da, uning avvalgi nomi saqlanib qolgan. Isterik nevroz, asosan, yoshlik davrida, ko‘proq ayollarda kuzatiladi. Ushbu kasallikning kelib chiqishida xulq-atvorning bolalikdan isterik tarzda shakllanishiga katta urg‘u beriladi.
Klinikasi. Ortiqcha ta’sirlanish, har narsaga haddan tashqari e’tibor berish, mustaqil fikrlay olmaslik, ortiqcha ishonuvchanlik, his-tuyg‘ularga berilish isteriya uchun juda xos. Ular ruhan va jismonan zaif kishilardir. Ko‘pchilik isterik bemorlar fe’l-atvori bolalar fe’l-atvoriga o‘xshab ketadi. Bunday bemorlar uchun atrofdagilar diqqatini o‘ziga jalb etish xos. Isterik buzilishlar faqat nevrozda emas, balki psixopatiyada ham kuzatiladi. Isterik nevroz simptomlari aksariyat hollarda xilma-xil kasalliklar alomatlarini eslatadi. Shu bois ham isteriyani «katta mug‘ombir» deb atashadi. Isteriya aniqlangan bemorda barcha somatik kasalliklarga xos belgilarni kuzatish mumkin, biroq aslida ular mavjud emas.
KXT-10 da isterik nevroz F44 kodi ostida “Dissotsiativ (konversion) buzilishlar” nomi bilan keltirilgan. Uning bir nechta turlari mavjud. Isterik simptomlar negizida ichki nizoni tashqariga yo‘naltirish yotadi. Sonverto – lotinchadan boshqa tomonga yo‘naltirish degan ma’noni anglatadi. Isterik (konversion) buzilishlar doimo boshqalar oldida kuzatiladi va yolg‘iz qolganda hech qachon ro‘y bermaydi.
Endi isterik buzilishlar turlari bilan tanishib chiqamiz.
Puerilizm – katta yoshdagilarda uchraydigan bolalar xatti-harakatini eslatuvchi holat. Bolalarga xos bo‘lgan qiliqlar, boladek ingichka tovush chiqarib gapirish, ko‘zlarni katta-katta qilib ochish, kipriklarni pirpiratish, birov gapirganda, og‘zini ochib turish puerilizm uchun juda xos. Bemor shu qilig‘i bilan boshqalarning diqqatini o‘ziga jalb etadi.
Isterik buzilishlarning yana bir turi – bu isterik depressiya. Bunda bemor o‘ta tushkun kayfiyatda bo‘ladi va bu qilig‘i bilan atrofdagilar diqqatini o‘ziga jalb etishga intiladi, ularni o‘ziga rahmdil bo‘lishini xohlaydi. U naqadar og‘ir ahvolda ekanligini, boshqalar unga achinishini istaydi.
Isterik algiyalar (ya’ni og‘riqlar) eng ko‘p tarqalgan buzilishlardan bo‘lib, deyarli barcha isterik sindromlarda turli ko‘rinishlarda namoyon bo‘ladi. Bemor tanasining turli joylari, ya’ni orqa, qorin, yurak va bosh sohalarida har doim og‘riq bo‘lib turishidan shikoyat qiladi. Og‘riq, shuningdek, bo‘g‘imlarda, qo‘l yoki oyoqda, tilda, xullas, tananing barcha joyida paydo bo‘ladi. Ayni paytda, bunday og‘riqdan shikoyat qiluvchi bemor turli xil doktorlarga murojaat qilib yurishadi. Ba’zan bemor o‘zida jarrohlik operatsiyasini o‘tkazishni talab qiladi.
Isteriyada yuqorida aytib o‘tganimizdek, turli xil sezgi buzilishlari ham kuzatiladi. Organik va funktsional sezgi buzilishlari orasidagi farqni faqat maxsus nevrologik tekshiruvlardan so‘ng aniqlash mumkin. Har bir nerv tanadagi muayyan sohaning sezgisi va harakati uchun javob beradi. Isterik anesteziyada bu qoida saqlanmaydi, ya’ni pay reflekslari patologik tarzda o‘zgarmaydi va sezgi buzilishini izohlab beradigan hech qanday organik kasallik topilmaydi.
Es-hushning kirdi-chiqdi bo‘lib qolishi. Birdan boshlanadigan va aksariyat hollarda tez tugallanadigan holat bo‘lib, bunda bemor atrofdagilarga befarq bo‘ladi, qaerda ekanligini fahmlay olmaydi, hozir soat nechaligi, o‘zi nima qilayotganini bilmaydi. Bu holat bir necha daqiqadan bir necha soatgacha davom etadi. Bemor atrofda sodir bo‘layotgan voqealardan qisman voqif bo‘lsa-da, hozir bo‘lib o‘tgan voqealarni eslab qola olmaydi.
Isterik amneziya. Haqiqiy amneziyadan farqli o‘laroq, isterik amneziyada xotira bemorning o‘ziga taalluqli voqea va hodisalarga nisbatan yo‘qoladi, boshqa narsalarga esa saqlanib qoladi.
Isterik fuga (lot. fuga – qochish). Bunda bemor janjal yoki boshqa bir ruhiy jarohatdan so‘ng to‘satdan uy, ishxona yoki boshqa joydan qochib chiqib ketadi, uning xatti-harakatlari maqsadsiz bo‘ladi, vaziyatni tushunmaydi va atrofda nimalar sodir bo‘layotganini fahmlamaydi. Ammo, chetdan qaraganda, boshqa birovlarga uning yurish-turishi maqsadga muvofiqdek tuyuladi. Arzimagan urush-janjaldan so‘ng bunday shaxslar hatto boshqa shaharga ham ancha vaqtga ketib qolishadi. Keyinchalik bemor o‘zi bilan nimalar sodir bo‘lganini eslay olmaydi yoki qisman eslaydi. Ammo gipnoz holatida sodir bo‘lgan voqealarning barchasini eslatish mumkin.
Ganzer sindromi – aql bovar qilmaydigan tuturuqsiz harakatlar bilan namoyon bo‘ladigan belgilar majmuasi. Ruhiy jarohatdan so‘ng to‘satdan paydo bo‘ladi. Bemor eng oddiy savolga ham tuturuqsiz javob beradi. Masalan, “Ikki karra ikki necha bo‘ladi”, deb so‘ralsa, bemor oliy ma’lumotli bo‘lsa-da, “5” deb javob beradi yoki qo‘lda nechta barmoq bor desa, xohlagan sonni aytadi. Uning belgilari dementsiyani eslatadi. Biroq bu holat psevdodementsiya bo‘lib, bir-ikki kun ichida o‘tib ketadi.
Isterik stupor – ruhiy siqilishdan so‘ng turgan joyda qotib qolish sindromi. Bunday paytda bemor tamomila harakatsiz bo‘lib qoladi, indamaydi, bir nuqtaga tikilib turaveradi, yuz-ko‘zida aziyat chekkan ifoda paydo bo‘ladi. Bu holat bir necha soat ichida o‘tib ketadi, ba’zan bir-ikki kun saqlanib turadi. Davolash muolajalari o‘tkazilmasa, tuzalib ketishi qiyinlashadi.
Tutqanoq xurujlari keng tarqalgan isterik simptomlar sirasiga kiradi. Isterik tutqanoqlar turli-tuman bo‘lib, ularning epileptik xurujlardan farq qiladigan tomonlari ko‘p. Isterik tutqanoq hech qachon bemor yolg‘iz qolganda ro‘y bermaydi, chunki unga har doim tomoshabin kerak. Isterik xuruj tutganda, bemor birdan erga yiqiladi, mushaklari tortishadi va talpina boshlaydi, lekin boshi bilan qattiq narsalarga urilmaydi. Bemor isterik xuruj paytida o‘ziga qulay joy topib, biror joyiga qattiq shikast etkazmasdan yiqilishga harakat qiladi. Xuruj paytida uning gavdasi yoy singari egiladi. Bu holat isterik yoy deb ataladi. Bunday fe’l-atvor ko‘pgina injiq va erka bolalarga xos. Masalan, onasi yangi o‘yinchoq olib bermaganda, bola do‘konda uning oyog‘i tagiga yiqilib, qo‘l-oyoqlarini tapillataveradi, goho boshini erga urib qattiq chinqirab yig‘laydi. Agar qo‘rqib ketgan ona bolasi so‘ragan o‘yinchoqni olib bersa, u shu zahoti tinchlanadi. Bu odat keyinchalik voyaga etgan yoshda ham namoyon bo‘lishi mumkin.
Isterik xurujda mushaklar tortishishi (buni xalq orasida tomir tortishishi deb atashadi) har doim ham kuzatilavermaydi va xilma-xil bo‘ladi. Ularda soxtalik va atayinlik seziladi. Masalan, bemor go‘yo uni kimdir urmoqchi bo‘lgandek yuzini qo‘li bilan berkitadi, qichqirib yuboradi, xo‘rsinib yig‘laydi va hokazo. Isterik tutqanoqda bemorning es-hushi joyida va tevarak-atrofga idroki saqlangan bo‘ladi. Masalan, xuruj tutganini birov mazax yoki kalaka qilgudek bo‘lsa, bemor darhol xurujni to‘xtatib, o‘rnidan turib ketadi. Xuruj paytida bemor epilepsiyada bo‘lgani kabi tilini tishlab olmaydi va bexosdan siyib yubormaydi.
Xafaqon kasalligi xuruji yoki yurak xurujini eslatuvchi isterik tutqanoqlar ham ko‘p kuzatiladi. Yurakning tez-tez urishi, bosh aylanishi, ko‘ngil aynishi va hushni yo‘qotish bilan kechadigan vegetativ xurujlar ana shular jumlasidan. Xuruj paytida bemor boshdan-oyoq titraydi va «hamma erim qaqshab og‘riyapti», deb noliydi. Me’da spazmi bilan kechuvchi xurujlarda qorinda kuchli og‘riq paydo bo‘ladi, bemor to‘lg‘anib yotib oladi va qayt qiladi.
Isterik falajliklar – oyoq qo‘llarning ishlamay qolishi. Bunday falajliklar monoparez, paraparez yoki gemiparez shaklida namoyon bo‘lishi mumkin. Miya insultidan keyingi holatni eslatadigan ushbu falajliklar mutaxassis bo‘lmagan kishini chalg‘itishi mumkin. Isterik falajliklarda reflekslar va mushaklar tonusi o‘zgarmaydi, patologik reflekslar kuzatilmaydi. Tananing qoq o‘rta chizig‘i bo‘ylab falajlangan tomonda sezgi buziladi. Mushaklar atrofiyasi bo‘lmaydi, mushaklar kuchi pasaymaydi yoki yolg‘ondan pasayadi.
Isterik giperkinezlar – ruhiy siqilishdan paydo bo‘ladigan tartibsiz harakatlar. Isterik giperkinezlar gavda silkinishi, yuz, ko‘z, bosh va oyoqlar titrashi, ayrim mushaklar uchishi, qo‘llar bilan g‘ayritabiiy harakat qilish bilan kechadi. Haqiqiy giperkinezlardan farqli o‘laroq, ular bemorning hissiy holatiga ko‘p jihatdan bog‘liq. Bu simptomlar bir yo‘qolib, bir paydo bo‘lishi va oilaviy arazlashlar sababli kuchayib ketishi mumkin.
Isterik astaziya-abaziya – tik tura olmaslik va yura olmaslik. Bosh miyaning peshona bo‘lagi zararlanishlarida kuzatiladigan astaziya-abaziyadan farqli o‘laroq, isteriyada kuzatiladigan bu sindromda bemor erga emas, balki uni ushlab turgan odam ustiga ag‘anaydi. Ularda ham mushaklar gipotoniyasi kuzatiladi, lekin boshqa organik nevrologik simptomlar aniqlanmaydi.
Klassik adabiyotlarda «sehrli shifolar» haqida turli ma’lumotlarni uchratish mumkin: bemor sehrli tumorgacha emaklab borib, unga qo‘l tekkizgan zahoti birdan shifo topgan, o‘rnidan turib yurib ketgan. Isteriyada «soxta o‘lim» haqida ham ma’lumotlar bor. Bunday bemorga tabib «sehrli» qo‘lini tegizsa yoki og‘ziga sehrli giyoh eritmasini tomizsa, u «tirilgan».
Aksariyat hollarda isterik nevroz simptomlari xilma-xil bo‘lib, uning kechishi ko‘p tarqalgan kasalliklarni eslatadi: insult, meningit, entsefalit, tarqoq skleroz, o‘sma kasalliklari va hokazo. Ba’zi hollarda isterik bemordagi kasallik belgilari uning boshqa kishilarda kuzatgan yoki tibbiy adabiyotlarda o‘qib olgan kasalliklariga o‘xshab ketadi.
Isteriya haqida nafaqat nevropatolog va tibbiy psixologlar, balki tibbiyotning turli sohasida faoliyat ko‘rsatuvchi vrachlar, hatto hamshiralar ham voqif bo‘lishlari kerak. Umumiy amaliyot vrachlari isterik buzilishlarni chin kasalliklardan ajrata olishlari maqsadga muvofiqdir. Aytib o‘tilganidek, isterik nevrozning barcha alomatlari soxtadir. Bemor atrofdagilarga: “Menga e’tibor bermaganingizdan ana shu ahvolga tushib qoldim. Meni hech kim davolay olmayapti. Dardim juda og‘ir, vrachlar aybi bilan bedavo dardga chalindim», deb zorlanadi.
Davosi. Agar bemorning iltimosi bajarilsa yoki uning niyati amalga oshsa, u albatta tuzalib ketadi. Biroq bu uslub keyinchalik unda isterik xarakter yanada kuchliroq namoyon bo‘lishiga va xudbinlik shakllanishiga olib kelishi mumkin. Chunki isterik buzilishlar negizida o‘z maqsadiga erishish yotadi. Isterik belgilarni bartaraf etishni o‘ta qisqa muddat ichida olib borish kerak. Davolash muolajalari qancha cho‘zilsa, ijobiy natijaga erishish shuncha qiyinlashadi. Bemor to‘la tuzalgandan so‘ng ham oilaviy va boshqa mojarolarga duch kelganida kasallik belgilari yana paydo bo‘laveradi. Isterik bemor vrach va tabibga eng ko‘p qatnaydiganlar sirasiga kiradi. Tuzalib ketgandan so‘ng ham biroz vaqt o‘tgach, unda «Vrach yo‘qligi sindromi» qo‘zg‘ab, yana o‘zi davolagan vrach qabuliga tashrif buyuradi. Bu sindrom haqida “Asab va ruhiyat” kitobida batafsil ma’lumot berilgan. Bunday hollarda bemorga qo‘llanilgan avvalgi davolash usulini o‘zgartirishga to‘g‘ri keladi.
Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.
©Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. Darslik., 2-nashr., T.; 2021., 960b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y;
©asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha