Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi IXLOS ILMIY TOMONDAN ISBOTLANGANMI?

IXLOS ILMIY TOMONDAN ISBOTLANGANMI?


Savol: Zarifboy Rajabovich! Vrachlar har doim bemorlarga “Doktorga ixlos qilsangiz tuzalasiz” deyishni xush ko‘rishadi.
 Javob: Albatta! Biroq ixlos ikki tomonlama bo‘lishi kerak. Ixlos bir tomonlama bo‘lsa, bemorning tuzalib ketishi dargumon. 
Savol: Shu fenomen isbotlanganmi?! 
Javob: Ha, isbotlangan. Biofiziklar onkologik kasalliklar bilan og‘rigan bemorlarda juda qiziq bir holatni kuzatishgan. Bu voqea Rossiyada ro‘y bergan. Saraton kasalligi aniqlangan bemorni uzoq vaqt samarasiz davolashadi. Vrachlar uning yaqinlariga “Biz qo‘limizdan kelganini qildik, bu kasallikning davosi yo‘q”, deyishadi. Ko‘chada o‘ta tushkun holatda kelayotgan bu bemorni ko‘rgan bir monax bu xomushlikning sababini so‘raydi. Bemor unga dardini to‘kib-sochadi va “Mening yashashdan umidim juda katta” deb yig‘lab yuboradi. Monax uni tinchlantirib, bir cherkov haqida gapirib, o‘sha cherkovda qandaydir ilohiy kuch borligini, borib Xudoga iltijo qilishini, dardiga shifo so‘rashini aytadi. Bemor haligi monaxning so‘zlariga va o‘sha cherkovga juda qattiq ixlos qo‘yadi. Bemor har gal u erga borganida darddan engillashib boraveradi va tuzalib ketadi. Bundan hayratga tushgan bemor (u o‘qigan ilmli odam edi) qaytadan o‘sha shifoxonaga boradi. Doktorlar barcha tekshiruvlarni o‘tkazib, unda saratonning hech qanday belgilarini topishmaydi. Bemor butunlay tuzalgan edi. Doktorlar bu fenomenga javob topolmay qolishadi. Chunki rak tashxisi gistologik va laborator tekshiruvlar asosida aniq qo‘yilgan edi. Bu vaziyatni yashashga bo‘lgan katta umid va kuchli ixlos bilan izohlash mumkin. 
Savol: Balki bu cherkovda rostdan ham qandaydir ilohiy kuch bordir. O‘sha joyni olimlar tekshirishganmi?
Javob: Aynan biofiziklar bu joyni borib tekshirishgan va juda qiziq faktga guvoh bo‘lishgan. Haligi bemorning tuzalganini ko‘rgan ba’zi bemorlar “Men ham shu cherkovga borsam tuzalarkanman” deb, bu erga qatnayverishgan. Ularning ba’zilari tuzalgan, ba’zilarida hech qanday natija bo‘lmagan. 
Biofiziklar o‘zlarining sezgir apparatlarida o‘sha cherkovda va uning atrofida ba’zan kuchli biomaydon aniqlashgan, ba’zida hech qanday biomaydon bo‘lmagan. Bu erda biomaydonning bir kuni kuchli, bir kuni kuchsiz bo‘lib turishi sababini aniq isbotlab berisha olmagan.
Savol: Nima uchun biomaydon o‘zgarib turgan? Nega ba’zilar tuzalgan-u, boshqa birovlar tuzalmagan?
Javob: Bu maqola o‘n yillar oldin ilmiy jurnallardan birida bosilib chiquvdi. Olimlar ushbu fenomenni kuzatishda davom etmoqda deb, so‘ngra bu haqda hech qanday xabar bermay qo‘yishdi. Menimcha, tuzalishga qattiq ixlos qo‘ygan bemorlar borgan kuni o‘sha cherkovda kuchli biomaydon yuzaga kelgan, “Qani men ham borib ko‘ray-chi, zora tuzalsam” deguvchilar borganda biomaydon o‘ta sust bo‘lgan. 
Savol: Balkim biomaydon paydo bo‘lgan kuni borish kerakdir?!
Javob: Men jiddiy gapirayapman. Nomi bilan “biomaydon”. “Bio” – tirik mavjudotlarga nisbatan ishlatiladigan ibora. Tirik mavjudot bo‘lmagan joyda biomaydon ham yuzaga kelmaydi. Ijobiy va salbiy biomaydonlar bo‘ladi. 
Mening fikrimcha, ixlos qo‘ygan odamlar borgan kuni haligi cherkovda kuchli ijobiy biomaydon paydo bo‘lgan va rak hujayralarini yo‘q qilib, sog‘lom hujayralar rivojlanishiga yo‘l ochib bergan. Ixlosi yo‘qlar borgan kuni salbiy xususiyatga ega bo‘lgan biomaydon yuzaga kelgan va hech qanday natija bo‘lmagan. 
Men bu fenomenni boshqacha tushuntirib bera olmayman. Siz “Zumrad va Qimmat” multfilmini eslang. Zumrad o‘rmondagi o‘sha yaxshi kampirning yoniga ixlos bilan bordi va ko‘p narsaga ega bo‘ldi, Qimmat ham yaxshi kampirning oldiga boshqa niyat bilan bordi-yu, u bilan yomon voqealar ro‘y berdi.
Savol. Fikringizni tushundim. Siz ixlos ikki tomonlama bo‘lishi kerak deganda nimani nazarda tutdingiz?
Javob: Men o‘zim bilan bog‘liq voqealarni aytib bera qolay. Juda charchagan paytlarda bemor bilan yurakdan gaplashishga vaqt bo‘lmaydi, unga e’tiborim pasayib qoladi, shogirdlarga ham oddiy ko‘rsatmalar beraman. Shunday paytlarda natija juda sust bo‘lgan. Bo‘lmasa, tashxis to‘g‘ri qo‘yilgan va zarur dorilar to‘g‘ri yozilgan. Shu holatni bemorga bo‘lgan ixlosning kamayganidan deb bilavering. Demak, bemorda ham, vrachda ham ixlos bo‘lgandagina kasallikni enguvchi kuchli biomaydon yuzaga keladi. Vrach o‘ta kuchli bo‘lsa-yu, unda bemorni tuzatishga nisbatan ixlos bo‘lmasa, samarasiz holatni kutavering.

Manba: © Z. Ibodullayev. Asab va ruhiyat., 4-nashr. Ilmiy-ommabop risola. T, 311 b. 
             © Ibodullayev ensiklopediyasi
                 © asab.cc

Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив